Madridning “Real” klubi hujumchisi Kilian Mbappe yaqinda bergan intervyusida o‘zini futbolchi sifatida shakllantirgan asosiy ilhom manbasini tilga oldi. Frantsiyalik yulduzning aytishicha, u uchun futboldagi eng katta namuna — portugal afsonasi Krishtianu Ronaldu.
«Krishtianu Ronaldu men uchun har doim ibrat bo‘lgan. U nafaqat maydondagi yutuqlari, balki intizomi va mehnatsevarligi bilan ham ajralib turadi. U bilan muloqot qilish, maslahat olish — men uchun katta sharaf. U menga doim qo‘llab-quvvatlov va ishonch bergan», — dedi Mbappe.
Frantsiyalik hujumchi Ronalduning “Real”da qoldirgan izini ham alohida e’tirof etdi:
«Ronaldu — “Real”ning yuzi, klub tarixidagi eng katta ramz. U ketganiga ancha bo‘lsa ham, Madridda hamon uning nomi bilan faxrlanishadi. Odamlar uni eslaydi, u haqida suhbatlar tinmaydi».
Ma’lumki, Krishtianu Ronaldu 2009 yildan 2018 yilgacha “Real” safida to‘p surgan va klub tarixidagi eng samarali futbolchiga aylangan — 438 ta uchrashuvda 450 gol. Shu davrda u “qirollik klubi” bilan 4 marta “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan.
Hozirda 40 yoshli Ronaldu Saudiya Arabistonining “An Nasr” jamoasi sharafini himoya qilmoqda va hanuz yuqori darajada o‘yin ko‘rsatmoqda. Mbappening so‘zlariga ko‘ra, u Ronalduning mehnatga bo‘lgan muhabbati va raqobatdagi irodasidan hamon ilhom oladi.
«Men uchun u doim eng yaxshi bo‘lib qoladi. Agar sen futbolchi bo‘lsang — Krishtianudan nimanidir o‘rganmasdan ilojing yo‘q», — deya xulosa qildi Mbappe.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!