O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeev Urugvayga qarshi bo‘lib o‘tadigan bahs oldidan jurnalistlar bilan fikr almashdi. U safar, iqlim va raqib haqidagi taassurotlarini bayon etdi.
«Yo‘l uzoq bo‘ldi, parvoz ham oson kechmadi, ammo eng muhimi — yetib keldik va joylashib oldik. Birinchi mashg‘ulotni ham o‘tkazdik. Endi butun e’tiborimizni Urugvayga qarshi bahsga qaratamiz», — dedi u.
Sergeevning so‘zlariga ko‘ra, raqib tarkibini “asosiy” yoki “ikkinchi” deb ajratish noto‘g‘ri:
«Urugvay yoshlari ham yuqori darajadagi futbolchilar. Ular ham o‘z joyini topish uchun harakat qiladi. Shuning uchun har bir o‘yinchida katta ishtiyoq va motivatsiya bo‘ladi. Biz esa birinchi navbatda o‘z tayyorgarligimizga e’tibor qaratishimiz lozim. Video tahlillar orqali raqibni o‘rganamiz va o‘yinga to‘g‘ri yondashamiz».
Hujumchi shuningdek iqlim haqida ham to‘xtalib o‘tdi:
«Bu yerdagi havo issiq va nam. Men Tailandda o‘ynaganman, bu iqlim menga tanish. Hozirgi ob-havo yaxshi, hatto bundan-da issiqroq sharoitda to‘p surganman. Menga qiyin emas, lekin boshqa yigitlarga qanday ta’sir qilishini bilmayman».
Sergeev so‘zlarini xulosa qilar ekan, jamoa tayyorgarligi yaxshi ketayotganini ta’kidladi va o‘yinda barcha kuchini maydonda sarflashga va’da berdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!