Rossiya armiyasining Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq voqea-hodisalarga oid kechagi kun rasmiy xabarlari va yangiliklarning qisqacha sharhi bilan tanishing.
Ukraina tomonining bayonotlari
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining odatiy tungi murojaatida Ukraina uchun ijobiy yechimlarni ko‘paytirish uchun yanada ko‘proq ishlashini ma’lum qildi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy. Foto: president.gov.ua
«Qarama-qarshilikning yana bir haftasi yakunlanmoqda. Ukraina uchun kuchli qarorlar bor. Yevrokomissiya YEIga nomzodlikni qo‘llab-quvvatladi. Kiyevda Yevropa yetakchilari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Bugun Boris Jonson tashrif buyurdi. Va albatta, mamnuniyat bilan xabar beramanki, «Tayra» — ukrainalik vrach va volontyor Yuliya Payevskaya ozod qilindi, u allaqachon uyida. Barcha insonlarimizni qaytarish va Ukraina uchun yanada ko‘proq ijobiy yechimlarga ega bo‘lish uchun ishlashda davom etamiz», — degan Zelenskiy.
Ukraina Rossiya bilan viza rejimini rasman joriy etdi. Mamlakat bosh vaziri Denis Shmigal vazirlar mahkamasi prezidentning bu boradagi topshirig‘ini bajarganini e’lon qildi.
001-2. Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal. Foto: DomTV
«Rossiya bilan aloqalarni uzil-kesil uzmoqdamiz. Davlatimizning milliy xavfsizligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligi uchun hukumat prezident topshirig‘ini bajarish maqsadida Rossiya bilan viza rejimi to‘g‘risidagi bitimni bekor qilish haqida qaror qabul qildi», — degan Shmigal. Qaror 1 iyuldan kuchga kiradi.
Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Volodimir Karpenkoga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari urush boshlanganidan buyon o‘z harbiy texnikasining qariyb yarmisidan ajralgan.
«Biz 50 foizga yaqin yo‘qotishga duchor bo‘ldik. Bu 1300 BMP, 400 tank va 700 ta artilleriya tizimi», — degan Karpenko «National Defence» nashriga bergan intervyusida. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro ko‘mak Ukraina armiyasi ehtiyojlarining 10-15 foizini qoplamoqda.
Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi avvalgi sutka ichida erishilgan natijalar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):
- Shaxsiy tarkib — 200 nafar (24 fevraldan buyon — 33150), tanklar — 7 ta (1456), zirhlangan jangovar texnika — 18 ta (3563), artilleriya/birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimlari — 5/0 ta (734/233), havo hujumidan mudofaa tizimlari — (97), samolyotlar/vertolyotlar — 2/1 (215/180), operativ-taktiv pilotsiz uchar qurilmalar — 2 ta (593), qanotli raketalar — (129), avtomobil texnikasi va yonilg‘i sisternalari — 2 ta (2496), kemalar/katerlar — (13), maxsus texnika — (55).
Rossiya tomonining bayonotlari
Rossiyaning AQSHdagi elchisi Anatoliy Antonov «Newsweek» jurnalida yozgan maqolasida ayni paytda yuz berayotgan krizisning ildizlari Ukrainada emasligi, gap dunyo qurilmasining markazi Amerikada bo‘lgan modeli tanazzulga uchrayotgani haqida borayotganini ta’kidlagan.
Rossiyaning AQSHdagi elchisi Anatoliy Antonov. Foto: u-f.ru
Amerikaning hukmron sinfi Rossiyani dunyo qurilmasining tizim yaratuvchi omili sifatida nazar-pisand qilmay, katta xatoga yo‘l qo‘ydi, deya ta’kidlagan Antonov o‘z maqolasida.
Xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuvlarga doir Rossiya loyihalari Ukrainadagi maxsus harbiy amaliyotdan so‘ng moslashtiriladi.
Vashingtonning Rossiyani sanksiyalar bilan bo‘g‘ib qo‘yishga urinishlari ish bermayapti va AQSH iqtisodiyotidagi vaziyatni og‘irlashtirmoqda.
Yevropada xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlar Ukrainadagi krizisni hal qilish yakunlariga bog‘liq, deb hisoblaydi Antonov.
Dunyo ko‘p qutbli bo‘lish tomon o‘zgarmoqda, BMT Xavfsizlik kengashining roli har qachongidan ham muhimroq. Rossiya va AQSH esa o‘zaro hamjihatlikka mahkum, deb yozgan Anatoliy Antonov.
Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):
- Havoda bazalashgan yuqori aniqlikdagi raketalar bilan tirik kuch va texnikalarning 18 ta nuqtasi, 10 ta artilleriya o‘t ochish nuqtasi, 6 ta birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimi yo‘q qilingan.
- Tezkor-taktik aviatsiya tomonidan Ukraina QK tirik kuch va texnikalarning 58 ta nuqtasi, 3 ta boshqaruv punkti, 200 dan ortiq askari, 2 ta «Buk-M1» ZRKning o‘t ochish qurilmasi, 10 ta tank, 4 ta birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimi, 6 ta dala artilleriyasi uskunalari, 9 ta maxsus avtomobil yo‘q qilingan.
- Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi Ukrainaning Su-25 samolyoti, 15 ta pilotsiz uchar qurilmasi, jumladan 1 ta «Bayraktar TB-2» droni, «Uragan» birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimining 8 ta snaryadi urib tushirilgan.
- Raketa qo‘shinlari va artilleriya tomonidan tirik kuchlar va harbiy texnikasi jamlangan 203 ta nuqtasi, artilleriya bo‘linmalarining 38 ta o‘t ochish pozitsiyalariga zarba berilgan. 350 askar, 8 ta tank, 3 ta «Grad» birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimi mashinalari, uchta dala artilleriyasi uskunalari, 11 ta maxsus avtomobil yo‘q qilingan.
- Maxsus operatsiya boshlanganidan buyon Ukraina harbiy texnikalari yo‘qotishlari: 205 ta samolyot, 131 ta vertolyot, 1233 ta pilotsiz uchar qurilma, 342 ta zenit raketa majmualari, 3587 ta tank va boshqa jangovar zirhli mashinalar, 539 ta birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimi qurilmalari, 2013 ta dala artilleriyasi va minomyot qurollari, shuningdek, 3658 birlikda maxsus harbiy avtomobil texnikasi.
Ukrainaga ko‘mak
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Ukraina harbiylarini tayyorlashga doir keng miqyosli dasturni boshlashni taklif qildi. Unga ko‘ra, har 120 kunda mashg‘ulotlar o‘tash uchun 10 ming askar jo‘natiladi.
Boris Jonson Kiyevda. Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati
GFR kansleri Olaf Shols Ukrainaga atalgan nemis qurol-yarog‘lari partiyasi o‘z vaqtida yetkaziladi, degan DPA agentligiga bergan intervyusida. Sholsga ko‘ra, Germaniya Ukrainaga birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimlari, «Odessa yoki Kiyevni himoya qilishi mumkin bo‘lgan» aksilraketa tizimlarini yetkazib beradi. Ukraina armiyasi ushbu qurol-yarog‘larni uning shaxsiy tarkibi zarur tayyorgarlikdan o‘tgach oladi.
Sloveniya Ukraina berishi mumkin bo‘lgan harbiy zaxiralarini berib tugatdi, degan mamlakat mudofaa vaziri Maryan Shares RTV Slovenia telekanaliga.
Pentagon Oq uyning MQ-1C Grey Eagle jangovar dronlarini Ukrainaga yetkazib berish rejasini to‘xtatdi. Jo Bayden ma’muriyatining Ukrainaga to‘rtta yirik jangovar uchuvchisiz uchoqlarni sotish rejasi uning murakkab kuzatuv uskunalari ruslar qo‘liga tushishi mumkinligi sababli to‘xtatib qo‘yildi, deya xabar bermoqda Reuters o‘z manbalariga tayanib.
Sanksiyalar, oqibatlar va ularga qarshi choralar
Norvegiya Rossiya va Putin rejimi tarafdorlariga yangi sanksiyalar joriy etdi. Choralar RFning Ukrainaga qarshi urushini moliyalashtirish qobiliyatini cheklashga qaratilgan. Jumladan, gap Rossiyadan xom neft va neft mahsulotlari importini taqiqlash haqida bormoqda.
Norvegiya tashqi ishlar vaziri Anniken Hyuitfeldt. Foto: sb.by
«Biz RF hukumati va elitasiga bosimni oshirish uchun YEIning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz endi Norvegiyaga dengiz yo‘li bilan Rossiyadan neft importini taqiqlaymiz», — degan Norvegiya TIV rahbari Anniken Hyuitfeldt.
«Gazprom» Yevropaga tabiiy gaz yetkazib berishni keskin kamaytirgan. Jumladan, Fransiyaga «Shimoliy oqim» bo‘yicha gaz berish butunlay to‘xtatilgan. Italiyaga esa gaz uzatish teng yarmiga qisqargan. Bu ishlar Kiyevga Germaniya, Fransiya va Italiya yetakchilari safar qilishganidan so‘ng sodir bo‘lgan.
Rossiyada Samsung smartfonlarini faollashtirish imkonsiz bo‘lib qoldi. Kompaniyaning mintaqaviy cheklovlari bois Rossiya sim-kartalari bilan telefonni faollashtirib bo‘lmay qoldi. Buning uchun xorij sim kartasi kerak bo‘ladi. Yoki servis markaziga murojaat qilib, kompaniya uni o‘rganib chiqishi uchun ikki hafta kutish zarur bo‘ladi.
«Gazprombank»ning mobil ilovasi App Store’dan yo‘qolib qoldi. Google Play va Huawei AppGallery’da hozircha o‘zgarish yo‘q, deyiladi bank xabarida.
Xalqaro hamjamiyatning munosabati
Ukrainaga milliardlab dollar va qurol-yarog‘lar berayotgan AQSHning xatti-harakatlari tufayli Ukrainadagi mojaro Uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkin, degan AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp.
AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp. Foto: hindustantimes.com
«Ehtimol, biz qilayotgan ishlar Uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkin. Biz hozirgina Ukrainaga avval berilgan 16 mlrdga qo‘shimcha yana 40 mlrd berdik, jami 56 mlrd», — degan Tramp. Uning qayd etishicha, AQSH ittifoqchilari Ukrainaga ancha kam yordam ko‘rsatishgan.
Ukrainada urush boshlanganidan buyon 4481 nafar tinch aholi vakillari halok bo‘lgan, 5565 kishi yaralangan, deya ma’lumot bergan BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi. O‘ldirilganlarning 284 nafari bolalar.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bacheletga ko‘ra, Mariupol shahridagi jangovar harakatlar natijasida 1348 nafar tinch aholi vakillari, jumladan 70 nafar bola halok bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning haqiqiy soni karrasiga ko‘proq bo‘lishi mumkin. Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?
Buyrak salomatligi uchun eng foydali sabzavot...
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar