00:44 / 12.07.2022
2 996

«Frontda operativ tanaffus». Buyog‘iga nima bo‘ladi?

«Frontda operativ tanaffus». Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Foto: Reuters
Ukraina tomoni mamlakat harbiylari qurshovga tushib qolmaslik uchun Lisichanskni tashlab chiqqani va bu yo‘qotishlarsiz amalga oshirilgani, endi bu qo‘shinlar Donetsk oblastida jangni davom ettirishga tayyorgarlik ko‘rayotganini ma’lum qilgan. Lisichanskning boy berilishi/egallanishi voqealarning keyingi rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

4 iyul kuni Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu prezident Putinga Lisichansk ustidan to‘liq nazorat o‘rnatilgani va «LXR» hududlarini «ozod etish bo‘yicha amaliyot muvaffaqiyatli» o‘tkazilgani to‘g‘risida hisobot berdi.

Shoyguning hisobotini tinglab bo‘lgach, Putin oldingi chiziqda jang qilgan bo‘linmalarga tanaffus berishni taklif qildi.

«Faol jangovar harakatlarda ishtirok etgan va Luhansk yo‘nalishida g‘alabaga, muvaffaqiyatga erishgan bo‘linmalar dam olishi, o‘z harbiy imkoniyatlarini oshirishi kerak», degan Rossiya prezidenti va shunday qo‘shimcha qilgan: - boshqa harbiy birlashmalar, jumladan «Sharq», «G‘arb» ham oldindan tasdiqlangan yagona reja bo‘yicha o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishi kerak».

Lisichansk - Luhansk oblastining Kiyev nazoratidagi so‘nggi shahri bo‘lib qolayotgandi.

TASS RF mudofaa vazirligiga asoslangan holda Donbassdagi janglarda qatnashgan rossiyalik harbiylarga «dam olish, uydan xat va jo‘natmalar olish imkonii taqdim etilgani» haqida xabar qilgan. «Jangovar imkoniyatlarni to‘ldirish choralari ko‘rilmoqda», deya ma’lum qiladi vazirlik.

3 iyuldan keyin ham Rossiya Ukrainada frontning turli uchastkalarida cheklangan kuchlar bilan hujumlarni davom ettirmoqda. Lekin bu operativ tanaffus haqidagi xulosaga zid emas, bunday tanaffus harbiy harakatlar butunlay to‘xtatilishini anglatmaydi.

Frontdagi vaziyat bundan buyog‘iga qanday rivojlanishi mumkin va boshqa masalalar - BBC obzorida.

Lisichansk nega bunchalik tez tashlab ketildi?
Ukraina qo‘shini Severodonetskni bir necha oy davomida mudofaa qildi, strategik muhim hisoblangan qo‘shni Lisichansk esa Severodonetsk boy berilishidan bir necha kun o‘tiboq tashlab chiqildi. Nima uchun?

Chindan ham, ukrain qismlari aholi punktlarini kultepaga aylanguniga qadar himoya qilmoqd. Mariupol, Izyum, Volnovahi, Popasnaya va boshqa ko‘plab joylarda shunday bo‘ldi.

Ukraina armiyasi qo‘mondonligi dushman kuchlarini bo‘lib tashlash strategiyasiga amal qilishda davom etmoqda, bunda ma’lum hududlar topshirilishi harbiy falokatga olib kelmaydi.

Rossiyaliklarning asosiy zarbalari yo‘nalishida chuqur, egiluvchan, ammo harakatchan mudofaa tashkil etilgan. Mag‘lubiyat yoki qurshovga tushib qolish tahdidi yuzaga kelgan taqdirda, chekinish muammo bo‘lmaydi.

Ustuvorlik eng jangovar bo‘linmalar, saviyali harbiy mutaxassislar va zamonaviy texnikalarni (ham ukrainlarning o‘zi tomonidan ishlab chiqarilgan, ham G‘arbdagi ittifoqchilar tomonidan yetkazib berilgan) saqlab qolishga qaratilgan.

Severodonetsk-Lisichansk aglomeratsiyasi - Ukraina qurolli kuchlari uzoq vaqt mobaynida mudofaalanishni ko‘zlagan asosiy tayanch punktlaridan biri edi, ammo istehkom hududining o‘zi hujum ostida qoldi.

Ammo Rossiya armiyasi Severodonetsk va Lisichanskka ro‘paradan hujum qilishni istamadi - yonma-yon joylashgan shaharlarni shturm qilish uchun armiyaning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Urg‘u shaharlarning ta’minot yo‘lini to‘sib qo‘yish va Lisichanskdan janubdagi ukrain harbiylarini qurshovga olishga harakat qilishga qaratildi.

Lisichansk otishmalar natijasida vayron bo‘lgan. Foto: EPA-EFE/REX/SHUTTERSTOCK
Rossiya qo‘shinlari hujumi janub va g‘arbdan bir-biri tomon harakatlangan ikkita guruh tomonidan amalga oshirildi. O‘t ochish vositalaridagi katta ustunlik evaziga rus bo‘linmalari asta-sekinlik bilan ukrainlar mudofaa chizig‘iga yaqinlashib kelib, ukrainlarning Severodonetsk va Lisichanskdan chekinish yo‘llarini to‘sib qo‘yish bilan tahdid qila boshladi.

Qurshovga tushish xavfi reallashganida Severodonetskdagi ukrain qo‘shini chekinish bo‘yicha buyruq oldi. O‘shanda Lisichanskni ham tashlab ketishga to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘lib ulgurdi - ammo avvaliga Severodonetskdagi barcha qo‘shinlarni olib ketish talab etilardi.

#LuganskNash? Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Luhansk oblasti - Ukrainaning Rossiya nazoratiga (vaqtincha) o‘tgan ikkinchi regioni bo‘ldi (2014 yilda Qrim anneksiya qilingan). Rossiya, Ukraina va G‘arbda buni urush istiqbollari nuqtayi nazaridan qanday baholashmoqda?

Rossiyada buni katta harbiy g‘alaba sifatida baholashdi, mamlakatdagi ko‘plab nashrlar buni g‘alaba sifatida tantana qilishdi. «LXR uchun yangi G‘alaba Kuni. Kiyev respublika hududi ustidan nazoratni to‘liq boy berdi», - TASS agentligi Lisichansk egallangani haqida shunday sarlavha ostida xabar berdi.

«LXR» rahbari Leonid Pasechnik Lisichanskni egallash amaliyoti «chaqmoq tezligida» bo‘lib o‘tganini aytdi.

Vladimir Putin mudofaa vaziri Shoygu bilan uchrashuvda ushbu amaliyotda qatnashgan ikki generalga Rossiya Qahramoni unvonini berdi.

Rossiya Luhansk oblastida Rossiya pasportlarini tarqatish punktlarini ocha boshlagan. Foto: ALEXANDER REKA/TASS
Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Aleksey Arestovichning hisoblashicha, Lisichansk-Severodonetsk aglomeratsiyasi mudofaasi - muvaffaqiyatli harbiy operatsiya bo‘ldi: vaqtdan yutildi, G‘arbdan qurol yetkazib berilishi davom etmoqda.

«Operatsiyaning barcha vazifalari - bajarildi: «Himarslar» shu yerda, rossiyaliklarning yo‘qotishlari qo‘rqinchli darajada, mudofaaning ikkinchi chizig‘i shay holatda, Ukraina qurolli kuchlari frontning uch yo‘nalishida: Ugledar yaqinida, Zaporijjya va Xerson yo‘nalishlarida», degan u.

Arestovich Ukrainaning Rossiya bilan harbiy qarama-qarshiligi istiqbollari bo‘yicha optimistik prognozlari bilan mashhur.

G‘arblik harbiy ekspertlar hisoblashicha, Lisichansk va Severodonetskning egallanishi - shubhasiz Rossiya armiyasi muvaffaqiyati, ammo bu ulkan sa’y-harakatlar va yo‘qotishlar evaziga qo‘lga kiritilgan, qolaversa bu yutuq Kremlning Ukrainaga qarshi urushdagi yakuniy g‘alabasini kafolatlamaydi - asosiy janglar hali oldinda.

«Garchi [RF armiyasi] muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa-da, qurshov hosil qila olmadi va ukrainlarga qaraganda ko‘proq holdan toydi. Ularga bu muvaffaqiyat juda qimmatga tushdi», degan RUSI tahlil markazi sobiq direktori, professor Maykl Klark Times gazetasiga bergan intervyusida.

Harbiy mutaxassislar fikricha, Rossiya qo‘shinlarining Aleksandr Lapin va Sergey Surovikin qo‘mondonligidagi markaziy va janubiy guruhlarining asosiy xizmati shunda bo‘ldiki, urushning avvalgi bosqichlaridan farqli ravishda, rossiyalik harbiylar ikki yo‘nalishdagi harbiy harakatlarni yaxshi muvofiqlashtira oldi va oldinga qo‘yilgan maqsadga erishdi.

Ammo ukrainlar ham katta kuchlar bilan oldindan tayyorlangan pozitsiyalarga uyushgan holda chekinishga muvaffaq bo‘ldi, deya qayd etadi ekspertlar.

Frontda o‘zgarish yo‘qmi?
Ukraina mudofaalanadi va chekinadi, Rossiya u qadar tezlik bilan bo‘lmasa-da, oldinga yuradi. G‘arb yetkazib bergan qurollar nega frontdagi vaziyatni o‘zgartirmayapti?

G‘arb mamlakatlari Ukrainaga katta miqdorda arsenal yetkazib berishdi va harbiy yordam hajmini oshirib borishni mo‘ljallamoqda. Ammo eng zamonaviy «mo‘’jizaviy» qurollarni yetkazib berish ham harbiy harakatlar borishini o‘zgartirishga qodir emas.

Birinchidan, bu qurollarni o‘zlashtirish va moslashish, turli jangovar bo‘linmalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni qaytadan tashkillashtirish kerak bo‘ladi.

Ikkinchidan, bu qurollar qayerda va qanday sharoitda samaraliroq ekanini (ko‘pincha tajriba yo‘li bilan) tushunib olish kerak.

Uchinchidan, o‘q-dorilar uzluksiz yetkazib berilishini va yangi texnikalarga xizmat ko‘rsatish doimiyligini ta’minlash kerak.

Bularning bari vaqt talab etadi. Ammo agar NATOning harbiy yordami bo‘lmaganida, ukrain armiyasi hozirda ancha og‘ir ahvolda qolgan bo‘lardi.

Ukraina armiyasi urush davomida G‘arb harbiy texnikasini o‘zlashtirishiga to‘g‘ri kelmoqda. Foto: Getty Images
Ukrainaga sovetlardan qurollar meros qolgan - bular eng yangi tanklar, BMP va BTRlar emas, Ukraina armiyasining o‘zida bo‘lgan turli kalibrdagi artilleriya tizimlari va aviatsiya Rossiyaning zamonaviy tizimlari va qiruvchi samolyotlari bilan tengma-teng jang qila olmaydi, havo hujumidan mudofaa tizimlari ham eskirgan.

Ukrainlarning o‘zi ishlab chiqargan va ancha muvaffaqiyatli chiqqan ishlanmalar ham bo‘ldi - tankka qarshi «Stugna» raketa majmuasi (ko‘plab ko‘rsatkichlariga ko‘ra Javelin va NLAW tizimlaridan kuchliroq), kemalarga qarshi «Neptun» raketalari (sovetlarning X-35 raketasining takomillashtirilgan varianti), 155-millimetr kalibr qo‘llanadigan «Bogdan» o‘ziyurar gaubitsasi. Armiya ixtiyorida G‘arbda ishlab chiqarilgan tankka qarshi boshqariluvchi raketalar va qo‘lda olib yuriluvchi zenit-raketa majmualari bor edi.

Lekin Ukraina mudofaa sanoati va uning zaxiralari uzoq muddatga cho‘ziluvchi keng ko‘lamli urush olib borish uchun mo‘ljallanmagan - bunday urushga bir yil ichida tayyorlanib bo‘lmaydi. Rossiya bosqinining birinchi bosqichida Ukraina qurolli kuchlarida o‘q-dorilar yetarli bo‘lgandi, harbiy mojaro uzoq davom etuvchi bosqichga o‘tgach o‘q-dori tez tugab qola boshladi.

Ularni to‘ldirish uchun esa manba yo‘q edi - NATO mamlakatlari boshqa kalibrdagi o‘q-dorilardan foydalanadi. Zaxiradan yana nimalardir topildi, ammo bu ko‘p vaqtga yetmasligi tayin.

Bunday vaziyatda G‘arbdan yetkazib berilayotgan qurollar Ukraina qurolli kuchlarining o‘t ochish kuchini oshirish uchun emas, urush jarayonida qayta qurollantirish uchun kerak bo‘ladi. Bu Ukraina armiyasi NATO standartlariga o‘tish uchun «o‘lib-tirilayotgani» tufayli emas - vaziyat shuni taqozo etmoqda.

Onlayn rejimda kimning qo‘li baland kelmoqda?
Taqqoslanadigan kuchga ega bo‘lgan raqiblar ishtirokidagi zamonaviy harbiy mojaroning o‘ziga xosligi nimada?

Hozirgi harbiy qarama-qarshilikning o‘ziga xosliklaridan biri - raqibdan yashiringan holda yirik qo‘shinlar orqali manyovrlar amalga oshirish imkoni yo‘qligidadir.

Ikki tomon ham nazorat vositalari bo‘yicha ulkan salohiyatga ega - bu aerokosmik razvedka, uchuvchisiz uchish qurilmalari, katta qo‘shinlar, josuslik tarmoqlari, kiberrazvedka. AQSH va NATOning harbiy sun’iy yo‘ldoshlari, uzoq masofali radiokuzatuv va aniqlash aviatsiya majmualari Ukraina uchun ishlaydi. Rossiyaning ham o‘z aerokosmik vositalari bor.

Dushman guruhlarining barcha joy o‘zgartirishlari, ba’zida alohida harbiy texnikalar harakati ham onlayn rejimda kuzatib boriladi.

Qolaversa, ikki tomon ham zenit-raketa majmualari bilan yaxshi qurollangani tufayli aviatsiyadan kerakli darajada foydalana olmaydi. Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimining nazorat hududiga kirmay turib raketa zarbalari yo‘llashi mumkin, ammo bu zarbalar aniqligi savol ostida bo‘ladi. Ikki tomon ham vaqti-vaqti bilan front aviatsiyasini qo‘llab turadi, ammo juda ehtiyotkorlik bilan.

Shu sababli frontdagi vaziyat keskin o‘zgarishini kutish qiyin. Garnizoni qamal holatida mudofaalanish uchun ongli ravishda qoldirilgan Mariupol hisobga olinmasa, to‘rt oydan oshiq vaqt mobaynida tomonlarning hech biri raqibning ulkan guruhi qurshovga tushishi yoki butkul yakson etilishi bilan yakunlangan muvaffaqiyatli strategik amaliyot o‘tkazmadi.

Bunday sharoitda urush raqibni holdan toydirish uchun olib boriladi. Rossiya va Ukraina raqibga maksimal darajada zarar yetkazishni ko‘zlagan. O‘q-dori omborlari va mudofaa ichkarisida joylashgan boshqa harbiy ob’ektlarga zarbalar berishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ukraina armiyasi so‘nggi vaqtlarda bu borada faollashdi - bu G‘arbdan uzoq masofaga otuvchi qurollar yetkazib berilgani samarasini ko‘rsatayotgani bilan izohlanishi mumkin.

3 iyul kuni Ukraina qurolli kuchlari front liniyasidan 70 kilometr ichkarida joylashgan Melitopoldagi aerodromga raketa zarbalari yo‘lladi.

Keyingi kuni «DXR»ning Snejnoye shahrida, Rossiya qo‘shinlarining front orti hududida joylashgan o‘q-dori ombori artilleriyadan o‘qqa tutildi.

OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga ko‘ra, ukrain artilleriyasi shu kunlarda Donbassda va Mikolayiv oblastida rossiyalik harbiylarning o‘ndan ortiq omborlarini yakson etgan.

Rossiya ham Ukrainaning front ortidagi ob’ektlariga va ta’minot liniyalariga kuchli zarbalar bermoqda.

Bundan buyog‘iga Rossiya armiyasidan nima kutish mumkin?
Severodonetsk va Lisichansk asosiy jang maydonlari edi, ammo front chizig‘i juda katta - u Xarkiv, Donetsk, Zaporijjya va Xerson oblastlari bo‘ylab uzangan. Rossiya endi qayerda hujumga o‘tishi mumkin?

Askarlarni Luhanskdan boshqa frontga ko‘chirish nafaqat qiyin, balki bu askarlarga Luhansk va Donetskdagi «xalq respublikalari»ni «ozod qilish» maqsad qilib qo‘yilgan bo‘lsa, mantiqsiz hamdir.

Rossiya qo‘shinlari yangilarini shturm qilishdan oldin ukrainlarning mustahkam himoyalangan hududlarini egallash chog‘ida berilgan yo‘qotishlari o‘rnini qanday qilib bo‘lsa ham to‘ldirishi kerak.

Vladimir Putinning Luhansk oblastidagi rossiyalik harbiylar «dam olishi va o‘z harbiy imkoniyatlarini oshirishi kerakligi» haqidagi so‘zlari rossiyaliklar prezidenti bu bo‘linmalarga operativ tanaffus qilish haqida buyruq berganini ko‘rsatadi.

Amerikadagi Urushlarni tadqiq qilish instituti (ISW) ekspertlari baholashicha, «Putinning ommaviy bayonotlari, katta ehtimol bilan, Rossiyada [harbiy xizmatchilarga] qanday munosabatda bo‘linayotgani haqida shikoyatlar fonida uning qo‘shin holati to‘g‘risida qayg‘urishini ko‘rsatish uchun berilmoqda».

Qayd etilishicha, Severodonetsk va Lisichansk uchun jang qilgan bo‘linmalar chindan ham yangi hujum harakatlariga kirishishdan oldin ma’lum vaqt davomida ta’til olish va qayta qurollanishga o‘ta muhtojdir.

Ammo bu ikki uchga ega qilichdir - raqib ham dam olib, kuch to‘playdi, o‘z pozitsiyalarini mustahkamlaydi va yangi qurollarni joylashtiradi.

«Ammo Rossiya armiyasi bunday tavakkalchilikka qo‘l urib, o‘zining holdan toygan harbiylariga kuchlarni tiklash uchun yetarli bo‘lgan operativ tanaffus beradimi, yo‘qmi, bunisi noma’lum», deya qayd etishgan ISW ekspertlari. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Frontda operativ tanaffus». Buyog‘iga nima bo‘ladi?