Foto: BBC / Sara Reynsford
Ukraina armiyasi Xerson oblastiga zarba ortidan zarba berib, qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rayotgan pallada, frontning narigi tomonida ularga yana bir ko‘rinmas kuch – partizanlar armiyasi, dushman ortida harakat qilayotgan agentlar va informatorlar tarmog‘i yordam bermoqda.
BBC muxbiri Ukraina qarshilik kuchlari jangchilari bilan uchrashish uchun Xersonga eng yaqin va Ukraina nazorati ostidagi yirik shahar Mikolayivga bordi. Bu shahar janubiy frontdagi qarshilik harakatining deyarli shtab-kvartirasiga aylandi.
Tekshiruv punktlaridan o‘tayotganda katta reklama billbordiga ko‘z tushadi. Unda yoping‘ich kiygan va yuzi yashiringan shaxs tasviri va: «Xerson. Rux oporu (Qarshilik kuchlari): partizanlar hamma narsani ko‘rib turibdi», yozuvi bor.
Plakat rus bosqinchilarini asabiylashtirish va ularning hukmronligi ostida qolganlarga ma’naviy yordam ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan.
«Rux oporu» shunchaki bitta guruh emas... Bu juda katta... Total qarshilik», deb ta’kidlaydi oldimdagi odam. Keling, uni Sasha deb ataymiz. U o‘zini tanitmaslik uchun qora niqob taqib olgan. U bilan suhbatlashayotgan xonani tasvirlab bera olmayman, chunki bu odamlar oshkor bo‘lmaslikni xohlaydi.
Urushdan biroz oldin Ukraina hukumati qarshilik harakatini tashkil etish va boshqarish uchun maxsus kuchlarni tayyorlagan edi. Rasmiylar hatto bo‘lajak partizanlar uchun yo‘riqnomalar ham chop etishdi. Unda bosqinchilarning mashinalari g‘ildiragini qanday kesish, benzin baklariga shakar sepish yoki ish paytida buyrug‘ini bajarmaslik yo‘llari ko‘rsatilgan. Masalan, ko‘rsatmalardan birida: «Mijg‘ov bo‘l», deyiladi.
Ammo Sashaning jamoasi boshqa ish bilan shug‘ullanmoqda: ular Xersondagi rus qo‘shinlarining harakatini kuzatib borishadi.
«Faraz qilaylik, kecha biz yangi nishonni payqadik va uni harbiylarga jo‘natdik. Bir-ikki kundan keyin bu nishon yo‘q bo‘ladi... Mana shunday yashayapmiz», deydi Sasha qo‘shni mintaqadan olingan turli videolarni ko‘rsatib.
«Kolonna kelyapti... Qarang... U yerda bosqinchilar bazasi bo‘lishi mumkin. Kimdir mashinada ketyapti va kolonnani videoga olyapti. Shu orqali u yerda qanday texnika borligini bilib olamiz», deya izoh beradi u.
Sasha o‘z agentlarini «g‘alabadan umidini yo‘qotmagan va mamlakat ozod bo‘lishini istaydigan» ukrainaliklar deb ta’riflaydi.
«Albatta, qo‘rquv bor, - deb tan oladi Sasha, - lekin vatanga xizmat burchi undan ustun».
Sasha bilan birga boshqa guruh ham ish olib bormoqda. Ular front chizig‘i bo‘ylab dronlar uchirishadi va harbiy nishonlarni kuzatishadi. Guruh ishtirokchilari oddiy ko‘ngillilar, harbiylar emas. Ular qimmat texnikalarni xarid qilish uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali pul yig‘ishadi. Guruh qo‘mondoni Sergey urushdan oldin manzarali o‘simliklarni yetishtirgan. Biroq rus istilosi davrida Buchada o‘ldirilgan tinch aholi jasadlarini ko‘rib, janubiy frontda jangga kirishga qaror qilgan.
«Ruhiy holatim uyda qolishimga imkon bermadi. Chunki urush davom etayotganda nima haqida o‘ylashim mumkinligi yoki nima qilishim mumkinligini tushunmay qoldim», deydi Sergey.
U tanlagan yo‘l nihoyatda xavfli. Uning to‘rt kishidan iborat guruhi har safar topshiriqqa yo‘l olganida rus qo‘shinlari tomonidan o‘qqa tutiladi, ammo hozircha qurbonlar yo‘q.
«Ba’zan topshiriqni bajarish paytida tinch bo‘ladi, ammo ortga qaytayotganimizda o‘qqa tutishadi, - deya Sergey yelkasini qisib, tabassum qiladi. - Tushunaman, bu ertami-kechmi sodir bo‘lishi mumkin, lekin bunga qarshi hech narsa qilolmayman. Yaxshisi bu haqda o‘ylamagan ma’qul. Agar halok bo‘lsam, bu bejiz emasligini, maqsadga erishish yo‘lida bo‘lganini tushunaman».
Sergey Buchadagi qotilliklardan keyin janubdagi qarshilik harakatiga qo‘shilgan. Foto: BBC / Sara Reynsford
Partizanlar Xersonning rus qo‘shinlari istilosi ostida doimiy qolmasligi va Moskva o‘tkazishga tayyorlanayotgan referendumga xalaqit berish uchun kurashmoqda.
Rossiya allaqachon bu hududda rublni joriy qildi va o‘zining mobil aloqasini yo‘lga qo‘ydi, shu bilan birga ukrainaliklarni Rossiya davlat telekanallari tashviqoti bilan «sug‘ormoqda». Mahalliy jurnalistlar yo qochib ketishgan yoki yashiringan.
Xerson oblasti ma’muriyati rahbari vazifasini bajaruvchi Dmitro Butriy hozir Mikolayivda, qum qoplari bilan o‘ralgan kichik ofisda ishlayapti.
«Bir narsani aniq ayta olaman: bu referendum baribir soxta bo‘ladi, hech kim Rossiyaga ovoz bermaydi, menga ishoning», - deydi Butriy.
«Ha, ular zo‘ravonlik, qiynoqlar, tahdidlar, rublni kiritish orqali referendum o‘tkazishga harakat qilmoqda. Nomigagina qandaydir bank ochib olishgan, u ham faqat bosib olingan hududlarda ishlaydi. Lekin bu sahnalashtirilgan. Menimcha, ular muvaffaqiyatga erisha olmaydi», deya qo‘shimcha qiladi u. Biroq, hozir bu Moskvani xavotirga solayotgani dargumon.
Mintaqa rahbari v.b hisoblangan Dmitro Butriy Mikolayivga ko‘chib o‘tgan, u Xersonning Rossiyaga qo‘shilishi bo‘yicha referendum soxtakorlikdan iborat bo‘lishini aytadi. Foto: BBC / Sara Reynsford
Rossiya uchun Xerson oblasti strategik mintaqa, 2014 yilda noqonuniy anneksiya qilingan Qrim uchun suv manbayi hisoblanadi. Bu hudud orqali Rossiyadan yarimorolga quruqlikdan yo‘lak o‘tadi.
Xersonliklarning ba’zilari Rossiya tomoniga o‘tib, unga yordam berishmoqda. Shu sababli, Sasha jamoasi insayder ma’lumotlariga asoslangan holda bunday «kollaborantlar» bazasini yurityapti.
«Keyinchalik ulardan hech biri «partizanlar bilan birga edik» demasligi uchun», deb tushuntiradi Sasha.
Ammo bu ma’lumotlardan qo‘rqitish maqsadida ham foydalaniladi. Dushman tomonga o‘tib olganlarning uylariga tahdidli varaqalar, masalan, tobut fonida odamning surati yoki boshi uchun mukofot va’da qilingani va «Qidirilmoqda» so‘zi yozilgan varaqalar yopishtiriladi. Faollar bu varaqalarni suratga olib, Sashaga yuborishadi.
«Devorlarga «Referendumga yo‘l yo‘q» kabi yoki shunga o‘xshash graffiti chizilmoqda, deydi Sasha unga kelgan xabarlar haqida. «Juda ko‘p varaqalar tarqatilmoqda. Bundan jasur odamlar qanchalik ko‘p ekanini anglash mumkin. Tushunyapsizmi? Shaharda, har qadamda kameralar, patrul... Odam printerni topib, varaqalarni chop etishi, ko‘chada yurib, yopishtirishi kerak. Patrul istalgan vaqtda to‘xtatib, tekshirishi, bu harakatlar inson uchun halokatli tugashi mumkin. Bu odamlar nafaqat varaqa yopishtirmoqda, balki, videolavha olib, bizga jo‘natmoqda».
Rossiya tarafga o‘tib ketganlarga bir qator suiqasdlar uyushtirildi – bir bloger otib tashlandi, Rossiya tomonidan tashkil etilgan ma’muriyat amaldorlari o‘ldirildi, boshqalari bomba o‘rnatilgan avtomobil portlashi oqibatida yaralandi. Eng yuqori martabali «kollaborantlar» esa jamoat joylarida zirhli jilet kiyib yura boshladilar.
Partizanlar bu suiqasdlarga hech qanday aloqasi yo‘qligini aytishdi, ammo ularga hech kim hamdard emas.
«Xoin va iflos so‘zlaridan boshqa hech narsa xayolimga kelmaydi. Biz uyimizni tashlab, urushga ketdik. Ular esa shunchaki boshqa tomonni tanlashdi. Ular bizning bugungi dushmanlarimiz», - deydi Sasha.
«Ular o‘z hayotini tanladilar. Suiqasd? Xo‘sh, unda nima qilish kerak?» - deydi ismi-sharifi sir qolishini istagan partizanlardan biri. «Demak ularning taqdiri shunday. Ular ongli ravishda qaror qabul qilishgan. Ularga qarshi qandaydir usullar bilan kurashish kerak-ku. Endi ular qo‘rqishsin. Kollaborantlar. Baribir biz g‘alaba qozonamiz va Ukraina o‘z chegaralariga qaytadi».
--------------
Vladimir Putinning aytishicha, Rossiya Ukrainani ozod qilish uchun bostirib kirgan. Ammo Xersonda ruslar zo‘ravonlik va tahdid bilan hukmronlik qilmoqda.
Mart oyida Rossiya mintaqani bosib olganidan beri, yuzlab odamlar hibsga olingan, ko‘plari qiynoqlarga uchragan, ba’zilari g‘oyib bo‘lgan va haftalar davomida aloqaga chiqmagan. Ba’zilari o‘lik holda topilgan yoki murdasi qopga solingan holda qarindoshlariga qaytarilgan.
Shahar ichidagi manbalarga ko‘ra, harbiylar avtobuslarni to‘xtatib, yo‘lovchilarni tintuv qilishmoqda. Messenjerdagi xabar yoki telefondagi surat kabi Ukraina kuchlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan oddiy ishora ham hibsga olib kelishi mumkin.
Oleg har gal ko‘zgu oldida jilmayib qo‘yganida, og‘zidagi chandiqlar rossiyalik tergovchilarning so‘roq paytidagi kaltaklarini eslatadi. Olegning so‘zlariga ko‘ra, ular nafaqat tishlarini, balki yettita qovurg‘asini ham sindirishgan, ulardan uchtasi hali bitmagan. Aslida uning ismi Oleg emas, lekin kimligini oshkor qilmaslikni so‘radi.
Oleg boshqa mahbus Denis Mironovning qiynoqqa solinishiga guvoh bo‘lgan. U hibsda vafot etgan.
Denis Mironov. Foto: Oilaviy arxiv
Oleg qiynoqlar haqida gapirar ekan, odamning yuragi ezilib ketadi. 27 mart kuni u bilan Denisni ko‘chada ushlashadi va bir necha soat davomida kaltaklashadi. Shuningdek, elektr toki bilan azoblashadi. Ularni bo‘g‘ib, o‘lim bilan tahdid qilishadi. Oleg so‘roqni FXX xodimlari o‘tkazganiga amin. U qiynoqlarga chidamasdan, qo‘riqchiga hujum qilishni rejalashtirganini, darhol otib o‘ldirishlarini ham o‘ylaganini tan oladi.
«Ular kal bo‘lganim uchun meni azoblashdi. Ularning nazdida kal – natsist ekan. Kiyimimda Simpsonlar rasmini ko‘rib, «Amerika agentimisan» deb kaltaklashdi», deydi Oleg.
Hibsga olinishidan bir oy oldin, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganida, Denis va Oleg hududiy mudofaaning ko‘ngillilar otryadiga qo‘shilishdi. Ammo birinchi portlashlardan keyin ko‘plab harbiylar qochib ketishdi. Xersonda qolganlar esa tezda mag‘lub bo‘lishdi. Shundan keyin, ikkalasi ham bosib olingan hudud ichidan rus qo‘shinlariga qarshi kurashuvchi partizan bo‘lishdi.
«Biz ularning pozitsiyasi, joylashuvi haqida ma’lumot to‘plar edik. Ular qayerda, soni qancha, qayerga harakat qilmoqda, shu haqdagi ma’lumotlarni uzatganmiz», deydi Oleg.
Partizanlardan biri qurshovga tushgan ukrainalik harbiylarga Dnepr bo‘ylab qayiqlarda qochib ketishga yordamlashganini va ruslardan qurol o‘g‘irlaganini aytib berdi. Ko‘proq ma’lumot so‘raganimda, u kuldi: «Qanday qilib yordam berganimni aytolmayman. Yaxshisi, keyinroq, g‘alaba qozonganimizda uchrashamiz!».
43 yoshli Denisning xotini beva, o‘g‘li yetim qoldi. Urushdan oldin u meva va sabzavotlar bilan savdo qilgan. Partizan bo‘lgach, «Xleb» yozuvli furgonda Xerson atrofida oziq-ovqat tarqatgan. Shu bilan birga istilochilar to‘g‘risida ma’lumot to‘plagan. Shuningdek, Oleg bilan birgalikda ular Ukraina armiyasi qaytishini, Xersonning ozod qilinishini kutib, qurol-yarog‘ yig‘ishgan. Biroq ular hibsga olinib, qiynoqqa solingan.
Men FXX bilan bog‘lanib, nima voqea yuz bergani to‘g‘risida ma’lumot so‘radim. Lekin ular javob berishmadi.
Oleg hibsga olingandan so‘ng, Denisni faqat yarim tunda ko‘rganini, bu vaqtga kelib u oyog‘ida zo‘rg‘a turganini, qiynalib nafas olayotganini aytdi. Shunga qaramay, tergovchilar uni kaltaklashda davom etgan.
«Uningi jag‘iga, yuziga bir necha marta urishdi. U yiqilib tushdi. Ikki kishi uni tayoq bilan kaltakladi. Buyraklari, beli, oyoqlariga urishdi. Unda katta gematomalar paydo bo‘ldi. Hammasi ko‘z o‘ngimda sodir bo‘ldi», deb eslaydi Oleg. «Ammo bu o‘limga olib keladigan jarohatlar emasdi, agar o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilsa, o‘limining oldini olish mumkin edi ... U yana bir oy azob chekdi».
18 aprel kuni erkaklar Qrimga olib ketildi va Denis harbiy gospitalga yotqizildi. Oleg uning tuzalib ketishiga amin edi. Ammo bir oy o‘tgach, Denis Mironovning oilasi uning o‘limi haqida xabar oldi. O‘liklarni almashtirish jarayonida uning jasadi Ukrainaga qaytarildi.
---------
Ruslar Xersonni egallab olgach, aholining ko‘pchiligi shaharni tark etdi. Yaqinda Ukraina rasmiylari qolganlarni ham evakuatsiya qilishga chaqirib, yaqinlashib kelayotgan qarshi hujumdan ogohlantirishdi. Ammo bu yerdan chiqib ketish unchalik oson emas.
Rossiya kuchlari front chizig‘ini kesib o‘tuvchi mashinalar sonini cheklab qo‘yishgan va Ukraina nazorati ostidagi Zaporijjyaga olib boruvchi bitta yo‘lni qoldirishgan. Yo‘ldagi ko‘plab nazorat punktlari harbiy chaqiruv yoshidagi ukrainalik erkaklarning hududni tark etishiga imkon bermaydi.
Hatto ayollar va bolalar evakuatsiya avtobuslaridan joy olish uchun haftalab kutishadi yoki shaxsiy avtomashinada ketish uchun katta pul to‘lashga majbur bo‘lishadi.
Biroq, har kuni yuzlab odamlar qochmoqda. Biz kechki payt avtobusda yetib kelgan qochqinlarni ko‘rdik. Taqsimlash punkti oldidagi turargohda qochqinlar politsiya tomonidan tekshirilgandan so‘ng, ko‘ngillilar ularga oziq-ovqat va kiyim-kechak taklif qiladilar, ba’zilari esa qarindoshlari tomonidan ko‘z yoshi bilan kutib olinadi.
Xersonliklar Zaporijjyaga yo‘l olmoqda. Foto: BBC / Sara Reynsford
Biz Xersonga bora olmaymiz, chunki u ishg‘ol qilingan. Ammo qochqinlarning kayfiyati u yerda hayot qanday kechayotganini aniq ko‘rsatib turibdi. Hatto Ukraina nazorati ostidagi hududga kelgan odamlar ham ortiqcha gapirib qo‘yishdan qo‘rqishadi.
Tasvirga olishimdan oldin ba’zilar: «Ruslar buni tomosha qiladimi?», deb hadiksirab so‘rashadi. Ba’zilar boshini sarak qilib, mikrofondan yuz o‘girishadi.
«Og‘ir. Ular [Rossiya qo‘shinlari] hamma joyni egallagan...», deydi Aleksandra mashining orqa o‘rindig‘ida kichkina Nastyani uxlatishga urinib.
Ikkita katta sumka bilan turgan keksa ayol ko‘z yoshlarini zo‘rg‘a tiyadi va asablari chidamasdan Xersondan qochib chiqqani, eri esa ketishdan bosh tortganini aytadi.
«U Ukraina qurolli kuchlari kelib, bizni ozod qilishini aytdi», - deydi Svetlana.
Tun yaqinlashmoqda, ammo mashinalar oqimi to‘xtamayapti. Erkaklardan biri oilasi bilan Xersondan faqat raketa zarbalaridan qo‘rqib, qochib chiqmagan.
«Odamlar yo‘qolib qolyapti... Bu haqiqat. Xersonda hech kim kechqurun ko‘chaga chiqmaydi».
Qarshilik harakati plakatida shunday yozuv bitilgan: «Zaporijjya - bosqinchilar uchun o‘lim maskani»
Foto: BBC / Sara Reynsford
So‘nggi kunlarda janubiy frontda har ikkala tomondan o‘qqa tutilish xavfi kuchaygan.
Mikolayivda soat 4 lardagi portlashlar bilan tong otadi: bu yerdan bosib olingan hududlar juda yaqin. Birinchi raketa zarbasidan keyin havo hujumi sirenalari yangraydi.
Bir kuni ertalab mehmonxona yerto‘lasida yashirinib o‘tirganimda, shaharda kamida 20 ta portlash sodir bo‘lganini sanadim. Ba’zilari shu qadar yaqin ediki, hatto bino larzaga keldi. Komendantlik soati tugagach, biz yaqin atrofdagi maktabni vayronaga aylangan holda topdik, o‘yin maydonchasidagi arg‘imchoqlar chang qatlami bilan qoplangan edi.
Mikolayiv oblast ma’muriyatining vayron bo‘lgan binosi. Foto: BBC / Sara Reynsford
Ukraina kuchlarining hujumlari ham ko‘paydi – ham son, ham qudrat jihatidan. G‘arbning mintaqaga yetkazib berayotgan qurollari vaziyatni o‘zgartirmoqda.
Xerson aholisi allaqachon Rossiyaning o‘q-dori omborlari bir necha marta zarbaga uchraganini sezishdi. Shuningdek, ta’minot kanallarini to‘sib qo‘yish uchun Dnepr bo‘yidagi ko‘priklarga, shu jumladan Antonovga ham zarba berilgan. Ehtimol, Xersonga qarshi hujum yaqinlashayotgan bo‘lishi mumkin.
Shaharda qolganlarning ko‘pchiligi jangga tayyor, deb hisoblamoqda Sasha. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharda rus harbiylarini juda kam odam qo‘llab-quvvatlayapti. So‘nggi oylardagi tintuvlar, hibslar va kaltaklardan so‘ng, ularning soni keskin kamaygan.
«Ukraina armiyasi qarshi hujumga o‘tganda, odamlar bunga tayyor bo‘ladi va yordam beradi», - deb xulosa qiladi u.
Oleg asirlikda boshidan kechirgan azoblardan so‘ng, o‘z shahri uchun jang qilish maqsadida janubiy frontga qaytib, partizanlarga qo‘shilgan.
«Hududni egallash mumkin, lekin xalqni qo‘lga kiritishning iloji yo‘q», deydi u. «Bu yerda ruslar o‘zini hech qachon xavfsiz his qilmaydi. Chunki xalq ularni kutmaydi, xalq ularni xohlamaydi. Xalq ularni yoqtirmaydi va ularga bosh egmaydi». Rossiya va Ukraina urushi “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Organizm o‘zini toksinlardan qanday tozalaydi?