1939 yil 15 iyunda Berlindagi sovet muxtor vakili Astaxov bulg‘or elchisi Draganov huzuriga tashrif buyuradi. Ma’lumki, Olmoniya bilan Bulg‘oriya o‘rtasida ishonchli aloqalar mavjud edi. Kremldagilar shuni yaxshi bilardiki, Astaxov bilan Draganov o‘rtasidagi suhbatlar mazmuni tezda Ribbentropga ham ma’lum bo‘ladi. Astaxovning Draganovga aytishicha, yuzaga kelgan xalqaro vaziyatda Sovet Ittifoqi yo Fransiya va Angliya bilan bitim tuzadi, yo Olmoniya bilan do‘stona munosabatlarini tiklash uchun g‘arb bilan muzokaralarni orqaga surib turadi. Kremlning maqsadini Astaxov juda aniq ifoda etadi: «Agar Olmoniya SSSRga hujum qilmasligini e’lon qilsa yoki SSSR bilan hujum qilmaslik haqida bitim tuzsa, SSSR, ehtimol, Angliya bilan bitim tuzishdan tiyilib turardi».
Molotov bilan navbatdagi uchrashuv paytida – 29 iyunda graf Shulenburg Molotov SSSR bilan «munosabatlarning yangi bazasini yaratish» deganda nimani nazarda tutganini so‘raydi. Elchi o‘sha kuniyoq Berlinga xabar qilib, Moskov uchrashuvlarga juda qiziqayotganini bildiradi, ammo Ribbentropdan Moskov bilan siyosiy muzokaralarni tezlashtirmaslikka ko‘rsatma oladi. Biroq iqtisodiy muzokaralar shunchalik oldinga ketdiki, 22 iyuldayoq sovet gazetalari Berlinda savdo va moliya bo‘yicha sovet-olmon muzokaralari muvaffaqiyatli yakunlanginini xabar qildilar.
Besh kun o‘tgach, Astaxov tashqi ishlar vazirligiga chaqirildi va doktor Shnurre unga, Berlinning fikricha, sovet-olmon munosabatlari uch bosqichdan o‘tishini aytdi: birinchi bosqich – savdo shartnomasi tuzilishi, ikkinchi bosqich – siyosiy munosabatlarning barqarorlashuvi, uchinchi bosqich – SSSR va Olmoniya o‘rtasida do‘stlik va betaraflik haqidagi 1926 yil 24 apreldagi shartnomaga qaytish yoki yangi shartnoma tuzish.
Suhbat intihosida Ribbentropning yaqin hamfikri bo‘lgan doktor Shnurre «ajoyib» bir e’tirofini bayon qiladi. Uning fikricha, bolshevizm, fashizm va natsional-sotsializmning mafkurasi mushtarak, yagonadir. Mana, aynan uning so‘zlari: «Olmoniya, Italiya va SSSR mafkuralarida umumiy bo‘lgan bir narsa bor – bu kapitalistlarning demokratiyasiga qarshilik… Shuning uchun, agar SSSR sotsialistik davlat sifatida g‘arb demokratiyasi tomonida bo‘lsa, bu bizga butkul g‘ayritabiiy tuyular edi». Shnurre sotsializm bilan fashizmning tabiati birligini ilg‘agan. Ko‘rinib turibdiki, Gitler bilan Stalinning Ikkinchi Jahon urushini boshlash oldidan bitim tuzishi bejiz emas, majburiy ham emas, ikkita totalitar tuzumning maqsadlari mos kelib qolgani tufaylidir.
Doktor Shnurrening g‘oyaviy dalili shubhasizdir. Natsional-sotsialist fashistlar va bolsheviklar o‘z totalitar tuzumiga va bosqinchilik amaliyotiga ega bo‘lgan, g‘arb demokratiyalariga yot avtokratik davlatlarni barpo etdilar. Shuning uchun Stalin va Gitler o‘rtasida g‘oyaviy qarama-qarshiliklarga asos yo‘q edi, faqat hududiy-strategik kelishmovchiliklar mavjud edi, ya’ni – kim, qanaqa va qancha begona davlatlarni bosib olishi kerak?! Hozir gap aynan masalaning ana shu amaliy tomoni haqida borardi. Shu o‘rinda bir narsani izohlash kerak: xo‘sh fashizm va bolshevizmning mafkurasi mushtarak ekan, nega Gitler kommunistlarga qarshi kurashib keladi?
Chuqurroq o‘ylab qaraganda, mafkuraviy tashviqot totalitar davlat uchun strategik ahamiyatga ega emas, taktika masalasidir. Gitler hokimiyatga intilar ekan, nemislarning tor hududda siqilganini, millat o‘z egallab turgan hududidan ko‘ngli to‘lmayotganini, xalq orasida yahudiylar, lo‘lilar, kommunistlarga nisbatan nafrat borligini, nemislar o‘zining og‘ir iqtisodiy-ma’naviy ahvolini mavjud siyosiy tuzumdan emas, aynan boshqa millatlar va ellatlardan ko‘rishlarini sezdi va aynan shu istaklarning to‘lqinida hokimiyatni qo‘lga kiritish mumkinligini anglab yetdi, oqibatda, nemislarning «oliy irq» ekani, «kuch yordamida yovvoyi xalqlarning yerlarini tortib olib, munosib xalqqa berish lozim»ligini targ‘ib qildi.
Xalq esa, qarabsizki, unga demokratik saylovlarda hokimiyatni berdi.Bolsheviklar ham kambag‘al xalq boylardan nafratlanayotganini, norozilik avjiga chiqa boshlaganini, olomon kayfiyati bosqinchilikka, otish-yoqishga moyil bo‘la boshlaganini, mustamlaka xalqlar chorizmdan ezilib, ozodlik istayotganlarini sezdilar va «ekspluatator sinflardan mehnatkash xalq yaratgan boyliklarni tortib olish»ga, buning uchun inqilob qilishga chaqirdilar, inqilobdan so‘ng «xalqlarga ozodlik berish», «millatlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini tan olish», ularga «baxtiyor, erkin va farovon hayot yaratish»ga va’da berdilar.
Kommunistlar hokimiyatni olgach, hech kimga erk bermadilar. Chorizmdan ozod bo‘lish istagida Oktabr to‘ntarishini qo‘llab-quvvatlagan milliy ziyolilar ham qatag‘on qilindi, o‘z mustaqilligini, muxtoriyatini e’lon qilganlar qizil askarlarning tig‘i bilan imperiyaga qaytarildi. Gitler ham hokimiyatga kelgach, nemis xalqini baxtli qilmadi, qulga aylantirdi. Gitler minglab kommunistlarni qirgan bo‘lsa, Stalin millionlab kommunistlarni «xalq dushmani» sifatida o‘ldirdi.
Shunday qilib, odamlarni «kommunistlar, «yot unsurlar», «gomoseksualistlar», «xalq dushmanlari», «baxtimizni ko‘rolmaslar» va hokazo tariqada bo‘lish – totalitar tuzumlarning hokimiyatni egallash va ushlab turish vositasi, xolos. Shuning uchun hokimiyat «xalq uchun qayg‘urayotginini», «ammo ayrim bizni ko‘rolmaydiganlar bunga xalaqit berayotgani»ni ta’kidlay boshlasa, demak, u qallob tuzumining mohiyatini yashirayotgan, o‘z noqobilligini birovga to‘nkayotgandir.
Mavzuga qaytsak. Ayon bo‘ladiki, Moskovdagi elchisiga Molotov bilan uchrashuvlardan tiyilib turishni taklif etgan Ribbentrop haq ekan, sabrsiz Moskov uzoq chiday olmadi, «o‘z qartasini ochib qo‘ydi». Doktor Shnurre bilan suhbatdan bor-yo‘g‘i ikki kun o‘tgach, 1939 yil 29 iyulda Astaxov Berlinga tomonlarni qiziqtirgan muammolarni yuksak darajada muhokama etish uchun olmon hukumati tayyor yoki tayyor emasligi haqida so‘rov bilan murojaat qildi. 4 avgustda Ribbentrop Astaxovga Berlin Moskov bilan munosabatlarni yaxshilashga rozi ekanini bildiradi, 14 avgustda esa Molotov Ribbentropga siyosiy muzokaralarni Moskovda o‘tkazishni taklif qiladi.
Ribbentrop, uning aytishiga qaraganda, Gitlerning nuqtai nazarini Stalinga yetkazish uchun Moskovga tashrif buyurish taklifini qabul qiladi. Ammo Kreml nuqtai nazarlarni eshitib o‘tirishni istamas edi, Kremlning o‘z nuqtai nazari o‘ziga yetardi, Moskov aniq bitimga kelishni istardi. Shuning uchun Molotov Berlinga Moskov siyosiy muzokaralarni boshlashni xohlashini, ammo muzokaralar Moskovda o‘tishini va «bosqichma-bosqich» bo‘lishini xabar qildi.
Shunday qilib, Gitler siyosiy bitim tuzishni rostdan xohlayotganiga ishonch hosil qilgach, endi Kreml «arqonni uzun tashlay boshladi». Yo‘q, Moskov muzokaralarni to‘xtatmoqchi yoki ularni boshi berk ko‘chaga kiritmoqchi emas. Stalin bitim tuzishga qat’iy qaror qilgan edi, chunki fashistlar bilan bitim tuzish g‘oyasining o‘zi unga tegishli edi. Ayni paytda boshlanib ketgan siyosiy o‘yinda Stalinning qo‘lida Gitlerda bo‘lmagan «ko‘zir qarta» bor edi. Gap shundaki, Angliya va Fransiya harbiy qudrati tinimsiz oshayotgan Olmoniya tomonidan Ovro‘po va dunyoga yuzaga kelayotgan xavfga qarshi mudofaa ittifoqi tuzishni Sovet Ittifoqiga taklif etayotgan edilar. Bunday ittifoq asr boshidagi Angliya, Fransiya va Rossiya o‘rtasida kayzer Olmoniyasi va uning ittifoqchilariga qarshi tuzilgan «uchavora murosa» – «Antanta»ning o‘xshashi bo‘lishi lozim edi.
Qisqasi, Stalin Gitlerga qarshi ingliz-fransuz «qartasi»ni ushlab, odatiy ikkiyuzlamachilik o‘yinini boshladi. Avval aytganimizday, Stalin 1939 yil 10 martda KPSSning XVIII s’ezdida Angliya, Fransiya va AQSHni va ularning matbuotini SSSR bilan Olmoniyani urushtirib qo‘yishda ayblagan edi. Biroq bir hafta o‘tar-o‘tmas, 1939 yil 18 martda Olmoniya Chexoslovakiyaga bosib kirgani tufayli Ovro‘poda yuzaga kelgan vaziyatni muhokama qilish uchun SSSR, Buyuk Britaniya, Fransiya, Turkiya, Ruminiya va Polsha vakillari majlisini chaqirishni taklif qiladi.
Sovet Ittifoqi Chexoslovakiya bilan 1935 yilda tuzilgan o‘zaro harbiy yordam haqidagi shartnomaga ko‘ra bu mamlakatga yordam berishi kerak edi. Biroq Stalin chexlarga yordam berishdan bosh tortdi, ya’ni Gitlerga qarshi bormadi, shartnomani buzdi. Qolaversa, SSSRning «yordami» qanday bo‘lishini o‘sha paytdayoq hamma bilardi. SSSR «yordam berish» uchun borgan mamlakatini egallab olar va «sotsializm» qurardi. Hatto SSSRning so‘nggi yillarida bunday «internatsional yordam»ni Afg‘oniston ham totib ko‘rdi.
G‘arbiy mamlakatlarning 1938 yildagi Myunxendagi Gitlerga taslimi qandaydir darajada ularning Stalin oldidagi qo‘rquvi bilan izohlanardi, chunki sovet sinfiy fashizmi o‘sha paytdayoq qo‘shni mamlakatlarga «harbiy yordam» deganda ularning Qizil Armiya tomonidan butkul bosib olinishini nazarda tutishini ko‘rsatib qo‘ygan edi. Bu davlatlar Gitler armiyasi bosqinidan ko‘ra Qizil Armiyaning «do‘stona harbiy yordami»dan ko‘proq qo‘rqardilar. Ular uchun kommunistlar fashistlardan ham ko‘ra dahshatliroq edilar.
Shunday qilib, Stalin ikkiyoqlama o‘yinini davom ettirib, 2 iyulda – Berlin va Moskovda sovet-olmon muzokaralari avj olib turgan bir paytda – Angliya va Fransiyaga Olmoniyaga qarshi ittifoqchilik shartnomasini taklif qiladi. Ammo Sovet Ittifoqi rahbariyati bu uchyoqlama ittifoqni tuzishning sharti sifatida Qizil Armiyani… mustaqil davlatlar bo‘lgan Polsha, Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Finlyandiyaga kiritish huquqini berishni talab qiladi. Ularning ham SSSR kabi davlatlar ekaniga Stalin parvo ham qilmaydi. 1939 yil 11 avgustda Kreml o‘z «harbiy konvensiyasi» loyihasini, ya’ni tinch qo‘shni davlatlarni bosib olish rejasini muhokama qilish uchun Angliya va Fransiya harbiy missiyalarini Moskovga taklif qiladi.
Sovet harbiy delegatsiyasini marshallar Voroshilov va Shaposhnikov boshqaradilar. Aynan ana shu muzokaralarni Kreml atayin boshi berk ko‘chaga kiritib turadi, chunki Stalinning Qizil Armiya tomonidan Polsha, Boltiqbo‘yi davlatlari va Finlyandiyani bosib olishga so‘ragan «ruxsati» Angliya va Fransiya kabi dunyoviy demokratik davlatlar uchun qabul qilib bo‘lmaydigan shart edi. Ingliz-fransuz harbiy missiyalari mustaqil davlatlar va suveren xalqlarning taqdirini hal qilish vakolatiga ega emas edilar. Bunday bo‘lishi mumkin ham emas. Bunday bosqinchilik «shartlari»ni Gitlerga o‘xshagan siyosiy qaroqchilar qabul qilishi mumkin. Tabiiyki, bu muzokaralar natijasiz tugadi, biroq ular Stalin uchun muhim o‘rin tutdilar.
Hali sovet-ingliz-fransuz muzokaralari tugab ulgurmay, ularni olisdan hadik bilan kuzatib turgan nemislar o‘yinga shoshilinch kirdilar. Stalinning muddaosi shu edi. 14 avgustda Ribbentrop graf Shulenburgga uning telegrammasini Molotovga o‘qib berishni, ammo telegrammaning o‘zini uning qo‘liga bermaslikni topshiradi. Telegrammada Rossiyani Olmoniyaga qarshi urushga gij-gijlamoqdalar, bu urushdan esa «faqat g‘arb demokratiyalari» yutishi mumkin. Ribbentrop Moskovga uchib kelib, fyurerning bu masaladagi nuqtai nazarini shaxsan Stalinga yetkazishi mumkinligi haqidagi taklifini takrorladi. Moskov Ribbentrop kelishidan oldin ma’lum tayyorgarlik ishlari olib borilishi kerakligini ta’kidladi.
Ayon bo‘ldiki, endi Ribbentropning ishtahasi ochildi, sovet ayg‘oqchilari uni turli yo‘llar orqali, shu jumladan, bulg‘or elchisi Draganov orqali ingliz-fransuz-o‘ris muzokaralaridagi «olg‘a siljish»lar haqidagi soxta ma’lumotlar bilan qitiqlab turgani ayon. 16 avgustda yana Ribbentrop Moskovdagi elchisiga telegramma yuboradi. Graf Shulenburg bu gal Molotovga shuni uqtirishi lozimki, Olmoniya SSSR bilan siyosiy bitim tuzish g‘oyasiga rozi, ammo shoshilish kerak, zero istalgan kuni Polsha bilan Olmoniya o‘rtasida janjal chiqishi mumkin. Molotov o‘sha kuniyoq nemis elchisiga Moskov bitim tuzishga tayyor ekanini aytadi. Ammo, Kremlning fikricha, bitimga «qo‘shimcha maxfiy protokol» ilova etilishi kerak, unda bitimni imzolagan davlatlarning Sharqiy Ovro‘podagi ta’sir doirasi belgilanishi lozim. Oddiyroq qilib aytganda, Ovro‘po davlatlarini bo‘lib olganda, kimning «nasibasi» qancha bo‘lishini aniqlashtirish kerak.
Sovet-olmon munosabatlari yuksak darajaga chiqa boshladi. 1939 yil 19 avgustda SSSR va Olmoniya o‘rtasida savdo shartnomasi imzolandi. 22 avgustda esa siyosiy bitim tuzish uchun Gitlerning tashqi ishlar ministri Ribbentrop Moskovga keladi. Ikkinchi Jahon urushi boshlanishiga bir necha kunlar qolgan, xolos.
(davomi bor)
Karim Bahriyev
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?