31 iyul kuni Ukraina poytaxti Kiyev shahrida Rossiya tomonidan amalga oshirilgan raketali hujum oqibatida halok bo‘lgan fuqarolar xotirasiga bag‘ishlab rasmiy motam kuni deb e’lon qilindi. Bu haqda Ukraina rasmiy manbalari orqali ma’lum qilindi.
Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati ma’lumotiga ko‘ra, zarba natijasida jami 31 kishi, shu jumladan 5 nafar bola hayotdan ko‘z yumgan. Shu bilan birga, 159 nafar fuqaro tan jarohati olgan.
Kiyevda amalga oshirilgan bu hujum 2022 yildan buyongi eng qonli zarbalardan biri sifatida qayd etildi. Ukraina hukumati BMT Xavfsizlik Kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi.
Prezident Vladimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqda quyidagicha izoh qoldirdi:
«Rossiya tomonidan amalga oshirilayotgan harbiy jinoyatlarni oqlash mumkin emas. Bizning fuqarolarni o‘ldirish, shafqatsiz zarbalarni biz hech qachon unutish yoki kechirish niyatimiz yo‘q. Bu zarba 31 insonning hayotini olib ketdi, 159 kishi esa jabrlandi. Barcha jabrdiydalarning yaqinlariga chuqur ta’ziya bildiramiz.»
Ayni paytda, Rossiya prezidenti Vladimir Putin Valaam orolida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mazkur hodisa haqida izoh bermagan bo‘lsa-da, u Ukrainadagi harbiy harakatlarni tugatish imkoniyatlarini muhokama qilar ekan, “doimiy va muddatsiz tinchlikni ta’minlash zarur”ligini ta’kidladi.
Putin shuningdek, “Rossiya va Ukraina xavfsizligini kafolatlaydigan, har ikki davlat uchun maqbul tartiblar” kerakligini ham qayd etdi.
O‘z navbatida, Zelenskiy xalqaro hamjamiyatga murojaat qilib, Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni yanada kuchaytirishga chaqirdi. Uning ma’lumoticha, Rossiya faqat iyul oyida Ukraina hududiga 5100 dan ziyod havo bombalarini, 3800 tadan ortiq “Shaheed” dronlarini hamda 260 ga yaqin raketa, jumladan 128 ballistik raketani yo‘llagan.
“Agar Rossiya tomonidan yangrayotgan bayonotlar vaqtni cho‘zish yoki sanksiyalarni kechiktirishga urinmagan, balki haqiqiy va mustahkam tinchlikka erishishga bo‘lgan jiddiy tayyorgarlik belgisi bo‘lsa, u holda Ukraina yetakchilar darajasida uchrashuvga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqlaydi”, — deb yozdi Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, joriy oyda Istanbul shahrida Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarning uch bosqichi faqat harbiy asirlarni almashish masalasida bir qarorga kela oldi, boshqa masalalarda esa aniq kelishuvga erishilmadi.
Zelenskiy tinchlik o‘rnatish uchun Putin bilan uchrashmoqchi ekanini aytdi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar