AQSh Prezidenti Donald Tramp Rossiya xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedevning "jangovar ritorikasi"ga javoban ikkita AQSh yadro suvosti kemasini “tegishli hududlarga” harbiy ehtiyot chorasi sifatida joylashtirishni buyurdi.
Tramp bu qarorni ijtimoiy tarmoqlardagi bayonoti orqali ma’lum qilib, Medvedevning AQShga nisbatan bildirgan “provokatsion” tahdidlarini jiddiy qabul qilganini aytdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, Medvedev tomonidan sovet davriga oid “oxirgi chora sifatida qo‘llaniladigan yadroviy zarba salohiyati” eslatilishi bexavotir qarshi olinmaydi.
"So‘zlar muhim ahamiyatga ega. Ular ko‘pincha kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin. Umid qilamanki, bu holat ulardan biri bo‘lib chiqmaydi," — dedi Tramp o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi xabarida.
AQSh Mudofaa vazirligi va Harbiy-dengiz kuchlari Trampning bayonotlariga izoh bermay, suvosti kemalarining harakati bo‘yicha ma’lumot berishdan bosh tortdi. Harbiy ekspertlarning fikricha, bu kabi suvosti kemalarning joylashuvi va harakatlanishi har doim maxfiy hisoblanadi, ularning strategik roli esa yadro tiyib turish salohiyatiga tayanadi.
Federatsiyadagi Amerika Olimlari Jamiyati vakili Hans Kristensen Trampning bayonotiga izoh berar ekan, shunday dedi:
"AQSh yadro triadasining bir bo‘lagi bo‘lgan yadro suvosti kemalari doimiy ravishda jangovar tayyorgarlikda bo‘ladi. Ularni alohida harakatlantirish shart emas."
Yadro qurollarini tilga olish va ularni siyosiy bayonotlarga aralashtirish ko‘plab xavfsizlik mutaxassislarini xavotirga soldi. Qurollarni nazorat qilish bilan shug‘ullanuvchi Daryl Kimball bu holatni “mas’uliyatsiz va nojoiz” deb baholadi:
“Hech bir rahbar, xususan, ijtimoiy tarmoq orqali, yadro urushi bilan bog‘liq tahdidlarni qilmasligi kerak.”
Sobiq Pentagon rasmiysi va hozirgi McCain Instituti direktori Evelin Farkas esa Trampning bu qarorini jiddiy harbiy eskalatsiya emas, balki “siyosiy signal” sifatida baholadi:
“Bu bayonotlar Rossiyani Ukrainadagi pozitsiyasidan qaytarishga xizmat qilmaydi. Aksincha, ularning ichki ritorikasini kuchaytirishi mumkin.”
Tramp va Medvedev o‘rtasidagi so‘nggi kunlardagi ijtimoiy tarmoqlardagi so‘z almashuvi Rossiya–Ukraina urushi fonida sodir bo‘ldi. Tramp Moskva tomoniga 10 kun ichida (8-avgustgacha) sulh bitimiga erishish haqida chaqiriq yo‘lladi, aks holda iqtisodiy bosim va tariflar oshirilishini aytdi.
Kreml esa bunga hozircha javob bermadi. Prezident Vladimir Putin esa 1-avgust kuni bergan bayonotida Rossiya “tinchlik muzokaralarini istashi”ni bildirgan bo‘lsa-da, frontdagi harbiy holat Rossiya foydasiga bo‘lib turganini ta’kidladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!