Aytib o‘tganimizday, savdo shartnomasi tuzish g‘oyasi nemislardan chiqqan bo‘lsa, siyosiy shartnoma tuzish g‘oyasini sovetlar oldinga surganlar. 1939 yilda – urush oldidan – nemislar bilan siyosiy bitim tuzishga erishish maqsadida Stalin hukumati SSSR uchun foydasiz bo‘lgan, aksincha, katta zarar keltiradigan, iqtisodiy-harbiy jihatdan mamlakatni kuchsizlantirgan savdo shartnomasini imzolashga rozi bo‘ldi, shuningdek, SSSRning mudofaa manfaatlariga zid ravishda, bo‘lg‘usi muqarrar harbiy g‘animlarni – nemis fashistlarini 1939-1941 yillar davomida strategik xomashyo bilan ta’minlash majburiyatini ham oldi.
Sovet Ittifoqi Olmoniyaga 1939 yildan boshlab don (ya’ni, non), neft, platina, fosfor va boshqa xomashyolarni jo‘nata boshladi. Mikoyan bilan savdo shartnomasini imzolagan doktor Shnurre Berlinga bu haqda xabar qilar ekan, bu xomashyo «biz uchun (urushga tayyorlanayotgan fashistlar uchun – K.B.) tillo bahosiga teng», - deb yozadi. O‘zining ushbu birinchi yutug‘idan ilhomlangan Ribbentrop Moskovga ikkinchi g‘alabaga erishish uchun – Kreml bilan kelishib, Ovro‘po kartasini Gitler xohlaganday xomtalash qilish ishonchi bilan keladi. U xato qilmagan edi.
1939 yil 23 avgust… Stalin rahbarligidagi Siyosiy Byuro ishtirokida Ribbentrop va Molotov «SSSR va Olmoniya o‘rtasida hujum qilmaslik haqidagi shartnoma»ni imzolaydilar.
Shartnomaga Kremlda tuzilgan, avvalroq Berlinga ham jo‘natilgan «Maxfiy qo‘shimcha protokol» ilova qilinadi. Uning mazmuniga ko‘ra Gitler va Stalin boshqa bir davlatni – Polshani bo‘lib oladilar. Etnografik Polshani Olmoniya protektorat sifatida egallaydi, uning g‘arbiya viloyatlari – o‘arbiy Ukraina va G‘arbiy Belorussiyani SSSR bosib oladi. Stalin Gitlerning G‘arbiy Ovro‘poda bemalol harakatlanishini tan oladi. Buning evaziga Sovet Ittifoqi Bessarabiyani, Shimoliy Bukovinani, Boltiqbo‘yi davlatlari va hatto Finlyandiyani SSSRga qo‘shib olish huquqini qo‘lga kiritadi. Imzolash marosimidan so‘ng Stalin va uning hamtovoqlari ishtirokida Molotov Ribbentrop sharafiga to‘kin-sochin ziyofat beradi.
Bu kimsalar - qandaydir to‘rt-besh daqiqa ichida qalamning bir tortilishi bilan beshta mustaqil davlatning taqdirini chizib tashlagan kaltafahmlar tarixda misli ko‘rilmagan dunyoviy fojeani boshlaganlarini yaxshi bilardilar, Urush aslida shu daqiqalardan boshlandi. Bu dunyoviy fojeaning izi jahonda «sotsializm» mag‘lub bo‘lgunga – XX asr oxirigacha yetdi. Shunga qaramay, ular mustaqil xalqlarning fojeasini o‘z g‘alabalari sifatida bayram qilib o‘tirardilar. Uvuldiriq yerdilar, shampan ichardilar, tabrik so‘zlarining keti uzilmasdi. Bir tabrik so‘zi hatto tarixga ham kirgan. Bu kelishib olinmagan tasodifiy tabrik so‘zi haqida Ribbentrop tezda fyurerga xabar qilgan. So‘zni Stalin gapirgan edi: «Men nemis xalqi o‘z dohiysini qanchalar kuchli sevishini bilaman. Shuning uchun men uning sog‘lig‘ini tilab ichaman».
Yahudiylarni konslagerlarda qirishga kirishgan natsist, antisemit Ribbentrop ziyofatda yahudiy Kaganovich bilan qadah cho‘qishtiradi. Tasavvur qiling! Insoniyat taqdirining savdogarlari – berlinlik va moskovlik qaroqchilar og‘iz-burun o‘pishmoqdalar.
Ribbentrop va Gitler bolshevizmni «qardosh» bilgan fashistlar sifatida yakka emasdilar. Fashizmning ruhiy dahosi Benito Mussolinining o‘zi ham stalinizmni fashizmning bir turi deb bilardi. U 1939 yil oktabrida salmoqli etib shunday degandi: «Rossiyada bolshevizm tugadi, uning o‘rniga slavyancha fashizm keldi». Kommunistlar ham fashistlarga xayrixoh edilar. Stalin dilidagini Molotovga tili bilan aytishni topshiradi: «Gitlerizm mafkurasini, har qanday boshqa mafkuraviy tizim kabi, e’tirof yoki inkor etish mumkin… Ammo gitlerizmni yo‘qotish uchun urushish – nafaqat be’manilik, hatto jinoyatdir». Stalin 1939 yilda Gitler bilan tuzgan bitimini oqlash uchun shunday ma’nisiz taxminni olg‘a suradi: go‘yo Sovet Ittifoqi bu bitim tufayli Olmoniya bilan urushga tayyorlanish uchun ikki yil (1939-1941) yutgan.
Axir sovet davlati ikki yil emas, yigirma ikki yil (1917-1939) urushib, urushga tayyorlanib keldi?! Xo‘sh, 1939-1941 yillar davomida urushga qanday tayyorgarlik ko‘rildi? Bir tomondan, Gitler bilan shartnomalar natijasida bo‘lusi g‘animlar – nemis fashistlari harbiy-strategik xomashyolar bilan ta’minlandi, ikkinchi tomondan, minglab harbiy kadrlar, sovet armiyasining qo‘mondonlari urush arafasida «xalq dushmanlari» sifatida qamaldi va otib tashlandi, armiya va xalq boshsizlandi, «o‘zboshimcha»lar yo‘qotildi. Stalinning boshidan boshqa bosh tikka qoldirilmadi. Tayyorgarlik shumi?
Gitlerning harbiy-strategik xomashyolarga ehtiyojini qondirish uchun nafaqat SSSRdan, balkim SSSR orqali, uning hududidan boshqa davlatlardan olingan xomashyolarni o‘tkazish maqsadida 1940 yil 10 fevralda yana bir SSSR manfaatlariga xilof sovet-olmon bitimi imzolandi. Tomonlarni mahsulotlarni yetkazib berish muhlatlari ham qiziqarlidir. Shartnomaga ko‘ra, nemislar mahsulotlarini (mashina va aslahalar) 27 oy davomida yetkazib berishlari zarur bo‘lgan bir paytda, Sovet Ittifoqi o‘z mahsulotlarini 18 oy (?!) ichida yetkazib berishi kerak edi. Nega?
Chunki sovetlar xomashyosini olib bo‘lgan zahoti (17-18 oy o‘tgach – 1941 yil 22 iyunda) nemislar urush boshlaydilar va sovetlarga shartnoma bo‘yicha narsa qaytarishlariga hojat qolmaydi. «Kommunizm» va «jahon inqilobi» g‘oyalari bilan band bo‘lgan «dono» Stalin va sovet rahbarlarining shartnoma muhlatlaridagi bu oddiy jumboqni yechishga ham aqllari yetmagan. Holbuki, boshqa ogohlantirishlarni qo‘yib turganda ham, shu muhlatlarning o‘ziyoq nemislar sovetlarga qarshi urushni 1941 yil yoziga mo‘ljallanayotganini aniq ko‘rsatib turardi.
Bundan tashqari, shartnoma bo‘yicha Moskov o‘z zimmasiga nemislar uchun uchinchi davlatlardan metall va boshqa xomashyolarni sotib olish majburiyatini ham qabul qiladi. Gap shundaki, nemis fashizmining harbiy qudrati oshayotganidan xavotirga tushgan Ovro‘po davlatlari Olmoniyani iqtisodiy qurshovga oladilar, uning kuchayib ketib, urush boshlamasligi uchun fashistlarga xomashyo sotmaydilar va o‘z hududlaridan nemislar yuk olib o‘tishiga ham ruxsat bermaydilar. Xususan, Angliya Olmoniyaga iqtisodiy qamal e’lon qilgan edi. Agar SSSR ham bularga qo‘shilganda edi, Olmoniya kuchga to‘lib, urushni boshlamasdi, jahon xalqlari, shu jumladan, sovet xalqi ham yigirma besh million qurbonni bermasdi.
Fashizmning bosqinchi, qonxo‘rligini bila turib, Stalin boshchiligidagi sovet rahbarlari Gitler bilan shartnomalar tuzdilar, xomashyo sotdilar, harbiy madad berdilar va buning oqibatida SSSR ko‘magi bilan harbiy jihatdan qudrati oshgan Gitler fashizmi Jahon urushini boshladi. Dunyoning boshiga tushgan, shu qatorda, xalqimizning ham yostig‘ini quritgan fashizm urushida Stalin va sovet tuzumining katta aybi bor. Urush oldidan tuzilgan Stalin-Gitler sherikchiligi bu ulkan xatolarning biridir.
Sovet Ittifoqi nemislar Manchjuriya, Afg‘oniston, Eron, Ruminiyadan sotib olgan mahsulot va xomashyolarni o‘z hududidan o‘tkazishga ruxsat beradi. Bu yangi 1940 yil 10 fevral bitimi haqida doktor Shnurre Berlinga g‘olibona xabar berib, shunday yozgan edi: «Shubhasiz, SSSR, bu iqtisodiy jihatdan unga maqbul bo‘lmasa-da, katta narsalar bermoqda, ushbu mahsulotlarni u qisman o‘z xalqi ta’minotini qisqartirish hisobiga bermoqda. Bu bitim biz uchun Sharq mamlakatlariga ochilgan darvozalar demakdir». Xulosa shuki, sovet kishilarining “og‘zidan yulib» fashistlarga berilgan mahsulotlar gitlerizmning harbiy qudratini oshirdi, ta’minoti qisqargan sovet xalqi urush boshida qarshi turolmadi, qurbonlar, asirlar son-sanoqsiz bo‘ldi, nemislar tez suratda harbiy jihatdan qoloq SSSR ichiga chuqur kirishga muvaffaq bo‘ldilar.
Eng hayratlanarlisi shundaki, Stalin shartnomaga ko‘ra beriladigan strategik xomashyo va mahsulotlarni Olmoniyaga yetkazishda saxiy va sodiq bo‘lgani sari Gitler SSSRga mahsulot qaytarishda xasis va tayinsiz bo‘lib bordi. Kreml bu haqda shartnomani imzolagan Shnurre janoblariga nolib ham ko‘rgan. Shnurre shartnomaga ko‘ra nemislar SSSRga yetkazishi lozim bo‘lgan mahsulotlarning to‘xtatilganini sababini bilardi. Ya’ni, Olmoniya SSSRga qarshi urush ochishi aniq edi. Nemis hukumati atayin shunday harakat qilayotgandi.
Shnurrening e’tirof etishicha, «reyxsmarshall Geringning SSSRga sovet harbiy qudratini bevosita yoki bilvosita oshiradigan mahsulotlarni bermaslik haqida ko‘rsatmasi mavjud edi». SSSRga hujum qilish «Barbarossa» rejasi sovetlar bilan «Ribbentrop-Molotov pakti» imzolanayotgan paytdayoq Gitlerning miyasida pishib yetgan edi. Demokratik davlatlarda bu haqda ochiq gapirayotgandilar, faqat «buyuk daho va xalqlar otasi» Stalin berlinlik siyosat yefreytori Gitlerning yovuz niyatini anglab yetolmadi.
Xuddi shu sababli ham 1941 yil 22 iyun tongida SSSRda tayyorlangan sovet benzinini yoqib, SSSRda ishlab chiqarilgan «Yunkers» samolyotlari SSSRda, Lipetskda o‘qigan nemis uchuvchilari boshqaruvida sovet shahar va qishloqlarini sovetlardan sotib olingan bombalar bilan vayron qila boshladilar. Ularning ortidan sovet yonilg‘isi bilan to‘la tanklarni sovetlarning Qozondagi «Kama» harbiy maktabida tahsil olgan nemis tankchilari boshqarib kelardilar. Ularning izidan sovet bug‘doyidan bo‘lgan nonni chaynab nemis piyoda askarlari yopirilib kirdilar.
Stalin va Gitlerning jinoyatkorona qonli bitimi Ikkinchi Jahon urushi boshlanishiga sabab bo‘ldi.
(davomi bor)
Karim Bahriyev
Manba: Azon.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Eron AQSHdan 1 trln dollar kompensatsiya talab qildi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Rashida Tolib Kongress a’zolariga «achchiq haqiqat»ning suratini ko‘rsatdi
Bayden va Jinping Peruda uchrashdi: «Agar bir-birimizni raqib deb bilsak, munosabatlarni buzamiz»
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin