16:16 / 23.08.2022
2 063

Qabohat saltanati

Qabohat saltanati
Fashizm bilan urush sovet xalqi g‘alabasi bilan tugagan bo‘lsa-da, bu urushda xalqimiz bergan qurbonlar soni nemislarning qurbonlaridan besh barobar ko‘p bo‘ldi. Nega?

G‘alaba armiya va xalqning mislsiz qoni evaziga kelgan bo‘lsa-da, uni Stalin va sovet tuzumining xizmati sifatida ko‘rsatadilar. Holbuki, shoir: «Nima qilsa, boshim qildi – Jabrini tortar oyog‘im», - deganiday, aynan Stalin va sovet tuzumining mash’um xatolari tufayli qurbonlarning soni ko‘p bo‘ldi, hukumatning no‘noqligi, urusholdi beg‘amligi, harbiy tayyorgarlikning yo‘qligi, strategik rejalarning xomligi singari «bosh»ning – Stalinning xatolari «oyoq»qa - xalqqa qimmatga tushdi.

Stalinizmning yana bir jinoyatini aytmog‘imiz kerak. Uning oqibati, dahshati xalqning butun hayotida, shu jumladan, el boshiga tushgan urushda ham aks etdi. Gap Stalin tuzumining qatag‘onlari haqida bormoqda. Bu haqda «qayta qurish», «oshkoralik» bahonasida ayrim ma’lumotlar oshkor etildi. Ammo izchil, keng qamrovli tadqiqotlar bo‘lganicha yo‘q, bunday harakatlar hali oldinda. Urush to‘g‘risidagi bu mulohazalarimizda ushbu masalaga ham to‘xtalishimizning boisi shundaki, qatag‘onlar natijasida, bir tomondan, xalqning kuch-quvvati ado bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bevosita harbiy xodimlarning qatag‘on qilinishi oqibatida urush oldidan armiya «boshsiz»lantirildi.

Mana, bugun biz Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov kabi rahbarlar, Cho‘lpon, Usmon Nosir kabi shoirlar, Fitrat, Abdulla Qodiriy kabi yozuvchilar, Behbudiy singari ziyolilarning pok nomini tikladik va bu ishimizdan maqtanib ham ulgurdik. Hamma respublikalarda ham qatag‘on qurbonlariga nisbatan adolatni tiklash borasida harakatlar bormoqda. Ammo biz qatag‘onlarning butun ko‘lamini, sabab va oqibatlarini, ichki va tashqi tizimini o‘rganganimizcha yo‘q.

Nomi tilga tushgan, sanoqli, ardoqli, atoqli, buyuk zotlar qatorida minglab, millionlab dovrug‘ solmagan, oddiy mehnatkash, zahmatkash odamlar – «xalq dushmanlari», butun-butun surgun qilingan «dushman xalq»lar ham bor edi. Ko‘plarning eslaydiganlari, oqlaydiganlari, ehtimol, qolmagan. Qatag‘onlar tarixini jiddiy o‘rganish yuzlab tarixchi olimlarga yetarli yumushdir. Biz esa axborot vositalari ma’lumotlari, xorijiy mualliflarning tadqiqotlari, shu jumladan, A.Avtorxonovning «Texnologiya vlasti», S.Koen, Boymirza Hayit, D.Volkogonov asarlariga tayanib, mavzuimiz taqozo etganicha qatag‘on masalasiga to‘xtalamiz.

Bolshevizm – «monolog», u «dialog»ni bilmaydi, deydilar. Unda birovni tinglash, eshitish, tushunish yo‘q, so‘zlash, uqtirish, «yo‘lga solish» bor. Unda murosa, muzokara yo‘q, kurash bor. «Bilmasang – o‘rgatamiz, xohlamasang – majburlaymiz», - degan gap ham shularning shiori. «Sen mening fikrimga qo‘shilmaysanmi, demak sen hali meni eshitganing yo‘q», - deyishardi, «Sening ham fikring bordir, bir eshitaylik», - deyishmasdi. Sho‘ro davrida: «Govorit i pokazivayet Moskva!» – deganini tarjima qilib bering», - deyishsa: «Moskvadan gapiramiz va ko‘rsatib qo‘yamiz!» - deb tarjima qilardim. Do‘stlarim kulishardi. Ammo bu «tarjima» kommunistik tuzumning faoliyatini yaxshi tasvir etadi.

Qatag‘on sovet tuzumining doimiy usuli edi. U Lenindan boshlab Gorbachevgacha davom etdi. Stalin jismoniy qatag‘on qilsa, Brejnev ruhiy qatag‘on qilardi, ma’naviyatni yo‘q qilardi.Abu Ali ibn Sinoning «Tib qonunlari»da qon bosimi oshganda qon chiqarish, tomirlardan qon oqizish tavsiya etiladi. Bu usul tibbiyotda XX asrgacha qo‘llab kelingan. Hozir ham kuchli «gipertonik kriz» holatlarida qo‘llaniladi: badandan ma’lum miqdordagi qon oqizib yuborilgach, yurak faoliyati mo‘’tadillashib, bosim tushadi, qonning junbushi pasayadi. Men siyosiy qassob Iosif Stalinning kitobida «qon chiqarish usuli» haqidagi jumlani o‘qib juda dahshatga tushdim.

1924 yilda Zinovev va Kamenev Trotskiyni partiyadan o‘chirishni talab qilganda, Stalin o‘z kommunistik partiyasining XIV s’ezdida shunday deydi: «Biz Zinovev va Kamenev bilan murosa qilmadik, chunki bilardikki, kesib tashlash siyosati partiya uchun katta xavf tug‘diradi, kesib tashlash usuli, qon chiqarish usuli – ular qon talab qilardilar – xavfli, yuqumli: bugun birovni kesamiz, ertaga boshqasini, indinga uchinchisini (ta’kidlar bizniki – K.B.) – partiyadan nima qoladi?». Naqadar oshkora e’tirof!

Stalin Trotskiyni himoya qilayotganday ko‘rinsa-da, aslida bu yerda ikki maqsadni ko‘zda tutadi: birinchidan, Trotskiyni gij-gijlaydi, seni o‘ldirishni talab qildi bular, demoqchi bo‘ladi, ikkinchidan, o‘zining qon chiqarish yo‘lini sinab ko‘radi, odamlarning bu «usullar» haqidagi fikrini «razvedka» qiladi. Keyin bu usullarni aynan qo‘llaydi: yakkahokimlikka erishish uchun «bugun birovni (Trotskiyni), ertaga boshqasini (Zinovevni), indinga uchinchisini» (Buxarinni) kesib tashlaydi.

Sovet tuzumining «bosimi»ni tushirib turish uchun, xalq junbushga kelmasligi uchun Stalin «qon chiqarib», ya’ni vaqti-vaqti bilan odamlarni o‘ldirib turadi. Shu reja bilan u XIII s’ezdda Trotskiyni (1924 yil), XIV s’ezdda Zinovev va Kamenevni (1925 yil), XVI s’ez oldidan Buxarin, Rikov va Tomskiyni siyosiy jihatdan yo‘q qiladi. Stalinning‘ maqsadi siyosiy o‘ldirishgina emasdi, u g‘animlarini jismoniy yo‘q qilishga kirishadi, o‘ylaydigan kommunistlarni itoatkorlarga almashtirib, fikrlovchi Lenin partiyasi o‘rniga ijrochi Stalin partiyasini keltiradi. U o‘z qotillik usulini «tozalash» deb ham atardi. Yuqorini tozalash bilan qanoatlanmas, omma orasidagi aqlli odamlarni ham yo‘q qilardi. Stalin o‘zining mavjud dushmanlaridangina emas, «potensial» – kelgusida bo‘lishi mumkin bo‘lgan «dushmanlar»idan ham qo‘rqardi. Unga o‘ylovchi xalq kerak emasdi.

Birinchi qatag‘onni Lenin mensheviklarga qarshi 1921 yilda o‘tkazgandi. Ammo 1925 yildan boshlab Stalin to vafotigacha muntazam «tozalash»lar o‘tkazib turdi.

Ikkinchi Jahon urushiga qadar SSSRda olti marta rasmiy «tozalash» o‘tkazilgan:
1) partiyaning oliy o‘quv yurtlari va muassasalaridagi tashkilotlarini tozalash – 1925 yil;
2) qishloqdagi partiya tashkilotlarini tozalash – 1926 yil;
3) 1929-1930 yillardagi katta tozalash;
4) 1933 yilgi katta tozalash;
5) «partiya hujjatlarini almashtirish» mavsumidagi katta tozalash – 1935-1936 yillar;
6) partiya, armiya, ziyolilar va xalqni «buyuk tozalash» – 1936-1939 yillar.

Har bir yangi tozalash komfirqadan ko‘plab kommunistlarni «o‘chirish» bilan qo‘shib olib borilardi. «Partiyadan o‘chish» ayni paytda qatag‘on, qamalish, otilish demakdir. Keyin firqaga ommaviy yangi a’zolar qabul qilish boshlanardi. Partiya Markaziy Qo‘mitasining 1928 yil noyabr Plenumida ham ikki masala ketma-ket qo‘yilgandi: 1) partiyaga yangi a’zolar qabul qilish; 2) eski a’zolarni tozalash. Bu Plenum qarorida, jumladan, shunday deyiladi:

«1) 1930 yil oxiridan kechiktirmay partiya tarkibining yarmidan ko‘pi ishlab chiqarishdagi ishchilardan iborat bo‘lishiga erishilsin…

5. Tashkilotlarni tekshirish va yot unsurlardan tozalash yanada keskinroq va izchilroq olib borilishi kerak».

Ctalin uchun siyosiy partiyada “siyosatchilar” emas, “ishchilar” kerak, fikrlovchilar emas, saylovchilar lozim. Shunday qilib, «tozalash» yangicha – qullar partiyasini tuzishning doimiy usuliga aylandi. Milliy respublikalarda qatag‘on markazga nisbatan nafratni kuchaytirdi. Oqibatda Stalin bu nafratni bostirish uchun qatag‘onni zo‘raytiraverdi. O‘lim tegirmoni tinimsiz aylanaverdi. 1929-1930 yillardagi «tozalash» Stalin istagan natijaga olib kelmadi, partiya «monolit» ham, «intizomli» ham bo‘lmadi. Stalinning mirshablari bir «oppozitsiya»ni tugatib ulgurmay, ikkinchisi yuzaga kelaverdi. Stalin bilardiki, partiyani yengmay turib, xalqni yengib va davlatda yakkahokimlikni o‘rnatib bo‘lmaydi. Boshqacha aytganda, Stalin davlatidagi yagona siyosiy partiyani ham sovetlar, kasaba uyushmalari kabi soxta, ramziy tashkilotga aylantirishga kirishdi. «Dohiy» yangi keng ko‘lamli, keskin «tozalash»ga qaror qiladi.

Yangi «tozalash» Siyosiy byuroning qarori bilan 1932 yil 10 dekabrda belgilanadi. Endi «yot unsurlar» «sobiq oppozitsionerlar»gina emas, qatag‘on qilish uchun keng qamrovli, istalgan kishini ayblasa bo‘ladigan mavhum iboralar topiladi: «irodasizlar», «ishonib bo‘lmaydiganlar»… Fikrlovchi, o‘ylovchi odamlarni itoatsizlar sifatida yo‘q qilishadi. Itoatkorlikni stalinchilar «temir proletariat intizomi» deb atashadi. Markaziy qo‘mita Siyosiy byurosi va MK Rayosatining 1933 yil 28 apreldagi qarori bilan kommunistlarning «tozalash»ga mahkum toifalari belgilab chiqiladi. «Tozalash»ga proletarcha ko‘rinish berish uchun «sinfiy yot unsurlar» haqida ham aytib o‘tiladi, albatta. Ammo masalaning asosi yangi «kashf etilgan» toifalardadir. Qarorda «tozalanadiganlar», ya’ni yo‘qotiladiganlar shunday sanaladi:

«2) ikkiyuzlamachilar, partiyani aldab kun ko‘radiganlar, haqiqiy niyatlarini berkitib, partiyaga «sadoqat haqida soxta qasam ichish niqobi bilan partiya siyosatini barbod qiluvchilar»;

3) partiya va davlat temir intizomining ochiq va yashirin buzg‘unchilari, partiya va hukumat qarorlarini bajarmaydiganlar, partiya belgilagan qarorlarni va rejalarni shubha ostiga olib, ularning «hayotiy emasligi» va «amalga oshmasligi» haqidagi so‘zamollik bilan kamsituvchilar;

4) burjua unsurlari bilan birikkan yuzsizlar, sinfiy dushmanlar bilan kurashishni istamaydiganlar, quloq unsurlar, ochko‘zlar, dangasalar va jamoat mulkini talon-taroj qiluvchilar bilan kurashmayotganlar».

Bu toifalardan biriga yoki ularning barchasiga istalgan sovet kishisini kiritish qiyin emasdi. Buning ustiga, aybsiz ekaningni isbot qilishning deyarli mumkin emasligi, haqqoniy va erkin sudlovning yo‘qligini qo‘shsak, xalq boshiga tushayotgan fojeani to‘la his qilamiz. Qaror o‘ta itoatkorlikni talab qiladi, «partiya va hukumat qarorlarini bajarmaydiganlarni» ushbu ko‘rsatmaga ko‘ra «buzg‘unchilar» deb ataydilar, hukumat harakatlarini hatto «shubha ostiga olish» ham mumkin emas. Axir, shu kommunistlarning ustozi K.Marks: «Hamma narsani shubha ostiga ol», - deya aytgan edi. Ya’ni «ustoz» ko‘r-ko‘rona ish qilma, bilib qil, tekshirib, taroziga solib ko‘r, degandi. Kommunistlar ustozlarini ham tan olmaydilar.

Stalin hatto Leninni ham G.Uelss iborasi bilan «kremllik xayolparast» deb ustidan kulgandi. «Xalq ishonchiga tayanib bo‘lmaydi, ishonch – omonat narsa, xalq xohlasa – ishonadi, xohlamasa – yo‘q. Qo‘rquvga tayanish kerak, qo‘rquv xalqqa emas, senga bog‘liq, zulmni kamaytirsang, qo‘rquv yo‘qoladi…» Makiavellining o‘quvchisi Stalin shunday fikrlardi. 1933 yil qatag‘onlarini boshlab bergan bu qaror xalqdan nafaqat o‘zi «temir intizomli» bo‘lishni, balkim ayni paytda «sinfiy dushmanlar» bilan ham kurashishni talab qiladi, lo‘ndaroq aytganda, josuslikka, sotqinlikka undaydi.

Endi siyosiy iboralar yoniga «dangasalar», «ochko‘zlar» kabi ijtimoiy iboralar ham qo‘shiladi, qamalishi va otilishi kerak bo‘lganlar safi kengaytiriladi. Endi «boltunlar», ya’ni so‘zamollar ham kerak bo‘lmay qoldi. Shu paytgacha juda ko‘p amaldorlar Stalinni maqtab, ko‘kka ko‘tarib, mansabga chiqqandilar, Stalin ham bu «maqtov»larga xalqni ishotirguncha «maqtovchi»larni ko‘tarib, indamay keldi. Hokimiyatini mustahkamlab olgach, bu «so‘zamollar»ning keragi bo‘lmay qoldi. Endi maqtovni to‘xtatib, ishga o‘tish talab qilindi. Ish esa, shu – qatag‘on, qirg‘in, zulm demakdir.

(davomi bor)
Karim Bahriyev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qabohat saltanati