
Rossiya poytaxti Moskvada jamoat transportlaridan biri — metro stansiyasida juda dahshatli voqea sodir bo‘ldi. 64 yoshli ayol 13 yoshli qizchani relsga itarib yuborgani ma’lum qilindi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi rasman xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa 9-noyabr kuni “Taganskaya” stansiyasida poyezd kirib kelishidan bir necha soniya oldin sodir bo‘lgan. Qizaloq ota-onasi bilan birga bo‘lgan va ular qizchani o‘z vaqtida tortib chiqarib, hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, hodisani sodir etgan ayol Moskvaga Krasnodar shahridan kelgan. U o‘z qilmishini “qiz baland ovozda kulgani va unga qarab turgani uchun jahli chiqqan” deb izohlagan. Ammo rasmiylar bu tushuntirishni asosli deb hisoblamayapti.
Hozirda ayol hibsga olingan va unga “qotillikka suiqasd” moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergovchilar uni qamoqqa olishni so‘rab sudga taqdimnoma kiritgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ayol avval ham ommaviy joylarda turli mojarolar chiqargan bo‘lishi mumkin. Tergov ishlari hozirda davom etmoqda.
Shu kabi holat Rossiyada ilgari ham qayd etilgan. Iyul oyida Moskvadagi “Kunsevskaya” stansiyasida ayol janjal paytida mast tanishini ham relsga itarib yuborgan, lekin politsiyaning tezkor aralashuvi natijasida halokat oldi olingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!