15:30 / 27.08.2022
3 792

Yasama daholar: Gitler

Yasama daholar: Gitler
Fashistona mayllar, ishtahalar hamisha bosh ko‘tarib turadi va fashistona saltanatlar barpo etishga urinishlar ham tinmaydi. Shuning uchun ham buning oldini olishga hamisha tayyor turish lozim. Ma’rifat esa elning aql ko‘zini tiniqlantiruvchi hodisadir. Fashistona tuzumlarning shamoyillari va tamoyillarini bilish shuning uchun juda zarurdir.

Fashistona davlat tizimi haddan ziyod ma’muriylashgan, markazlashgan bo‘lib, avtoritar dohiyning shubhasiz haq ekaniga ishonch uning oliy tamoyili sifatida namoyon bo‘ladi. Dohiy haqlikning mezoniga aylanadi. U haq bo‘lgani uchun yuqorida emas, u yuqorida va shuning uchun «haq»dir. Rahbar bu tizimda qanchalar balandda bo‘lsa, shunchalar kam xato qiladi, shunchalar haq hisoblanadi. «Boshliq - hamisha haq», «rahbar kechikmaydi, ushlanib qoladi», - kabi iboralar ham shundan tug‘ilgan.

Eng yuqorida dohiy turadi va u… umuman xato qilmaydi. Dohiy mutloq haqiqatga da’vogardir, shubha va munozaradan yiroqdir, qonundan-da yuksakdir. 1944 yilning 20 iyulida Olmoniya «Xalq sudi»ning raisi Fraysler fyurerning xaqligiga va uning muzaffarligiga shubha qiluvchi har qanday shaxsni jazolash lozimligini yuridik akt bilan qonuniylashtirishni taklif qilgan edi.

Fashizmning monarxiyadan ham o‘tib tushadigan joyi shundaki, u avtoritar tafakkurni nafaqat davlat tizimiga, balkim jamiyatga ham tatbiq etadi. Totalitar tizimda haqiqiy siyosiy mavqega erishib bo‘lmaydi. Demokratik jamiyatda alohida shaxslar teng shart-sharoitlarda raqobatlashadilar va, oqibatda, iste’dodli, qobiliyatli shaxslar zafar qozonadilar, boshqaruvga ko‘tarila boradilar, ochiq jamiyatda oqil kishilar hamisha kaltafahmlardan ustun keladilar, iste’dodsizlar fuqarolik jamiyatida yuqoriga timirskilanib chiqib bora olmaydilar, yuqoriga chinakamiga faollar yuksaladilar – jamiyat farovonlashadi, barqarorlashadi.

Fashistona davlatda «obro‘» shaxsning zakovatiga, ishbilarmonligiga emas, uning hokimiyatdagi mavqeiga bog‘liq bo‘ladi. Tizimning tafsiricha, yuqori instansiya pastdagisidan aqlliroq va odilroqdir. Sho‘ro tuzumida ko‘rsatkich barmoqni yuqoriga nuqib, qo‘rqa-pisa: «Partiya hammasini ko‘radi, biladi», - deyishardi, axir. Bu xususiyat, bir tomondan, totalitar davlatning tanazzulini tushuntirsa, ikkinchi tomondan, nega bu tuzumda buyuk shaxslar yetishib chiqmasligini ham ayonlashtiradi.

An’anaviy liberal demokratik jamiyatlarda fuqarolik jamiyatini tashkil etuvchi shaxslar kamolga yetardi va ular, kerak bo‘lganda, davlatning oldida xalq nomidan gapira olar, el manfaatlarining himoyachisi sifatida namoyon bo‘lardilar. Bular – mamlakatdagi buyuk shoirlar, yozuvchilar, din arboblari, olimlar, siyosiy arboblar edilar.

Masalan, Xo‘ja Ahror Vali hazratlari shohlar oldidagi yuksak martabalaridan foydalanib ulkan qurilishlarga bosh bo‘lganlari, ariqlar qazdirib suv chiqarganlari ma’lumdir, Alisher Navoiy hazratlarining shohlar va shahzodalarni yarashtirib, urushlar va nizolarni to‘xtatib yurganlari tariximizning faktlaridir. Asrimizda davlatning oldida mamlakatning vijdoni, xalqning himoyachisi bo‘lib chiqqanlar orasida AQSHda – Eynshteynni, Angliyada – Bertran Rasselni, Farangistonda – Jan Pol Sartrni ko‘rsatish mumkin edi. Ular mamlakatlarining haqiqiy fuqarolari edi.

Fashistona davlatda fuqarolar bo‘lmaydi, ularda dohiyning buyrug‘ini bajaruvchi aholi, olomon bo‘ladi. Totalitar davlatda ham buyuk yozuvchilar, olimlar, shoirlar bo‘lishi mumkin, ammo ular mamlakat uchun fuqaro emasdir, ular ham davlatning zulmi qoshida bargday qaltirab turadilar.

Fashistona tuzumda faqat rahbarlarni fuqaro desa bo‘ladi, chunki faqat ular jamiyat nomidan gapiradilar. Ular aqlli bo‘lganlari uchun hokimiyat olmaydilar, hokimiyatda bo‘lganlari uchun «aqlli» hisoblanadilar. Qanchalar gung (rost so‘zni gapirmaydigan) va ko‘r (haqqoniy ahvoldan ko‘zini yumadigan) bo‘lsalar, shunchalar ko‘tariladilar.

Fashistona davlat befahmlarni yaratadi, haqiqiy siyosiy arboblar yetishtirolmaydi – bu shubhasizdir. Natijada «dohiy» orttirolmagan obro‘ni yasashga harakat qila boshlaydi. Shuning uchun fashistona tizimlar o‘z dohiysining suratlarini ko‘paytirib - har idoraga osishga, haykalini - har maydonga qo‘yishga, kitoblarini millionlab nusxada tarqatishga ishqiboz bo‘ladi. Fashistona tuzumda iqtisod dala va korxonalarda ravnaq topmaydi, uning eng katta ishlab chiqarishi – tashviqot mashinasidir, eng katta zavodi - haykal quyuvchi zavoddir, eng katta fabrikasi – kitob chop etuvchi fabrikadir.

«Dohiy» yasash faoliyati bora-bora yovvoyi tus olib, ilohiylashtirish va sig‘inishga evrilib ketadi. Unga jismonan bir odam eplashi mumkin bo‘lmagan sifatlar nisbat beriladi, davlatning shavkati ham qolib ketib, yo‘lboshchining shaxsini puflab shishirish avjiga chiqadi. Gitler nemislar tomonidan «tabiatning do‘sti», «san’atning bilimdoni», «qadrdon do‘st», «mehnatkashlar g‘amxo‘ri», «dehqonlarning qadrdoni», «yoshlarning homiysi», «ish odami», «sportchilarning mehriboni»… kabi tasavvur qilinardi».

Gitlerning o‘zi ham bor-bora o‘zining «betakrorligi»ga ishona boshladi. Uning nutqlari stenogrammasini o‘qigan kishi uning turli-tuman sohalardagi «bilim»laridan bir qarashda hayratlanadi. Gitler har qanday shubhadan xoli bo‘lgan qat’iyat bilan din va fan haqida o‘z g‘oyalarini targ‘ib qiladi, temir yo‘l transportining kelajagi haqida so‘zlaydi, renesans va barokko san’ati borasida gapira turib, zum o‘tmay kelgusida energiya tashuvchi manbalari qanday bo‘lishidan bashorat qila ketadi, so‘ng opera va simfoniyaning dirijorlari hamda o‘rta asrlar Venetsiyasining konstitutsiyasi borasida mulohaza yuritadi.

Nasroniylikning umumjahoniy zararlari borasida gapirib bo‘lgach, Olmoniyaning iqlimini o‘zgartirish uchun Italiyani o‘rmonlashtirilishi zarurligi va bu yangi urushga sabab bo‘lishini so‘zlaydi, arxeologiyadan so‘zlab tingach, antropologiyaga o‘tadi hamda chexlarning mo‘ylovlari pastga qarab o‘sadi, bu ularning mo‘g‘ullardan kelib chiqqanini ko‘rsatadi, deb xulosa beradi, to‘qimachilikning kelajagi uchun Ukrainaning yerlariga krapiva ekishni taklif qilayotib, kemalarning konstruksiyasini o‘zgartirish zarurati yetganini ta’kidlaydi, shaharlarning me’morchiligi, xoreografiya, ilmi nujum va munajjimlar taqvimlari, shevalar va adabiy til, kosmogoniya va panslavizm, sharq dinlari ham uning nazaridan chetda qolmaydi.

U goh Dante va Buyuk Karl haqida, goh Pyotr Birinchi va Jana d’Ark haqida, goh Shiller va Shopengauer haqida so‘z yuritadi… Gitler hamma narsani oz-ozdan bilar, ammo hech narsani jo‘yali bilmasdi.

Gitler nutqlari stenogrammasining ikkinchi nashrini tayyorlagan professor Ernst Shramm uni «Sharmsizning monologlari» («Monologe der Hubris») deb atagandi.

(davomi bor)
Karim Bahriyev

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yasama daholar: Gitler