date
views 1 669

Ulkan saltanat orzusida

Ulkan saltanat orzusida
O‘sha paytlarda abbosiylar xalifaligi bir necha mayda davlatlarga parchalanib ketgan, Misrni boshqarayotgan fotimiylar Bag‘doddagi xalifaga bo‘ysunmasdi. Salibchilar O‘rta yer dengizining Kichik Osiyodan Sinay yarim oroligacha bo‘lgan sohillarini egallab olishgandi. Nuriddin Zanjiy esa Shom va Bobilni nazorat qilardi.

Imodiddin Zanjiyning vafotidan so‘ng, 1146 yili Ayyub Damashqqa ko‘chib o‘tdi. Bu yerda uning ta’- siri kuchayib ketdi va shuning natijasida 1154 yili o‘g‘li Nuriddin hokimiyat tepasiga keldi. U Ayyubni musulmon madaniyati va islomiy ilmlarning mashhur markazi bo‘lgan Damashq voliyi etib tayinladi. Salohiddin bu yerda chuqur ta’lim oldi, uning katta olim bo‘lib yetishishi kutilayotgan edi. Ammo ulg‘aygach, Allohning irodasiga ko‘ra harbiy sohaga ko‘ngil qo‘ydi. U Nuriddin o‘rdusidagi eng yaxshi askarlardan edi.

1164 yili amakisi Shirkuh Misrga yuborilganida yosh zobit Salohiddin unga hamrohlik qildi. Shir- kuh va Salohiddinning harbiy va siyosiy harakatlari natijasida salibchilarning qo‘shinlari va ularning ittifoqchilari Misr ketishga majbur bo‘lishdi. Shirkuh fotimiy xalifa saroyida vazirlikka tayinlandi, ayni paytda u Nuriddinga ham sodiqligicha qoldi: qo‘lga kiritilgan yerlarda uning nomidan hukmdorlik qilar edi.

Hijriy 564 (milodiy 1169) yili Ayyubning akasi Asadiddin Shirkuh fotimiylar sulolasining oxirgi xalifasini taxtdan tushirib, Misrdagi hokimiyatni to‘la qo‘lga kiritdi. Shirkuh oradan ko‘p o‘tmay vafot etgach, qo‘shinlar uning jiyani Salohiddinni voris sifatida tan olishdi. Damashqning o‘sha vaqtdagi amiri Nuriddin Misrda hokimiyatni shia e’tiqodidagi Adidga topshirdi. Biroq kutilmaganda, Adid bu rutbadan Salohiddin foydasiga voz kechdi.

Shia mazhabidagi xalifa Adidning nega sunniy Salohiddinni hukmdorlikka tanlagani hanuzgacha mavhum qolib kelyapti. Ibn Asirning ta’kidlashicha, o‘z maslahatchilarining “Salohiddindan boshqa bo‘shroq va yoshroq kishi yo‘qligi” va “amirlardan birortasi unga xizmat qilmasligi” haqidagi hikoyalaridan so‘ng xalifa aynan uni tanlagan bo‘lishi mumkin. Shu bois bir necha muzokaralardan so‘ng amirlarning ko‘pchligi Salohiddinga ovoz berdi. Adidning maslahatchilari shu yo‘l bilan zanjiylar safini parokanda qilib yuborishni rejalashtirgan edi.

Ammo Vahroniyning yozishicha, Salohiddin nomzodi oilasining obro‘-e’tibori, ularning olijanobligi va harbiy shavkati sababli tanlangan edi. Imodiddin ta’kidlaydiki, Shirkuhning ta’ziyasidan keyin “fikrlar ikkiga bo‘linib qoldi: zanjiy xalifalar taxtga Salohiddinni o‘tqazish, xalifa Adidni “vazirlikka tushirish” taklifini qo‘llashdi”. Vaziyat ikki musulmon rahnamoning raqobati tufayli xiyla mushkullashgan esa-da, Shom hukmdorlarining asosiy qismi Salohiddinning Misr yurishlaridagi zafarlarini, bunda uning katta harbiy tajriba orttirganini qo‘llab-quvvatlashardi.

Ba’zi taxminlarga ko‘ra, Adidning bu qarorga keli- shiga uning Salohiddinni zaif va o‘ziga ishonchi bo‘lmagan sarkarda sifatida bilgani sabab bo‘lgan. Adid bu orqali keyinchalik yosh va tajribasiz Salohiddin ustidan hukmronlik qilishni, asta-sekin uning qo‘l ostidagi jangchilarni o‘ziga bo‘ysundirib olishni ko‘zlagan bo‘lishi mumkin. Darvoqe, Salohiddin oxirgi fotimiy xalifa Adidga olijanoblik bilan munosabatda bo‘lib, vafotigacha – ikki yil mobaynida unga ko‘p marhamatlar ko‘rsatib turdi.

Milodiy 1171 yili Adid vafot etgach, Salohiddin Misrda to‘liq hokimiyatni qo‘lga kiritib, yurtda ahli sunna e’tiqodini birlamchi o‘ringa ko‘tardi. Garchi hokimiyat to‘lig‘icha sultonning qo‘lida bo‘lsa-da, u rasman Nuriddinning mintaqadagi voliysi bo‘lib qolmoqda edi. Shunday bo‘lishiga qaramay, Salohiddin Quddus shahar qo‘rg‘oniga hujum qilishga qaror qildi. Bundan xabar topgan Nuriddin o‘z noroziligini bildiradi. Salohiddin esa o‘z qo‘shinini ortga qaytarishga majbur bo‘ladi. Shom amiri keyinchalik o‘tgan ish uchun uzr so‘ragan bo‘lsa-da, ikki sarkarda o‘rtasidagi munosabatga putur yetib bo‘lgandi.

1173 yili Salohiddinning otasi vafot etgach, Nuriddin Misr tomon harbiy yurishni boshlaydi. Misr qo‘mondoni esa zudlik bilan Qohirada askar to‘playdi. Biroq, Misrga yaqinlashib qolgan amir Nuriddinning yo‘lda vafot etishi Salohiddinga to‘liq mustaqillikni olib keladi. Endi uning oldida ikki yo‘l: Shomga yurish qilib, Suriya va uning atrofidagi yerlarni bo‘ysundirish yoki salibchilar qo‘l ostida qolgan Quddusga otlanib, uni dushmandan xalos qilish vazifasi turardi.

Nuriddin Zanjiy vafoti oldidan Damashqni o‘g‘li Solih Ismoilga topshirdi. Halab qal’asi Shamsuddin Ali ibn Daya va Shodbaxt Ali ibn Daya tomonidan bosib olindi. Solih Damashqdan chiqib, Halabga qarab yurdi va muharram oyining 2-kuni (1174 yil 3 avgustda) shahar devorlari ostiga yetib keldi. Uni amir Sa’duddin Gumushtekin kuzatib kelgandi. Halab amiri Badriddin Solihni qarshilash uchun tashqariga chiqdi va Sa’duddinni qo‘lga tushirdi. Solih esa qal’aga bosti- rib kirib, Shamsuddin ibn Daya va uning akasi Hasanni hibsga olib, Shodbaxt bilan uchovini qamoqqa tashladi. O‘sha kuni Ibn Xashab Abul Fazl Halabni qamragan tartibsizliklar chog‘ida halok bo‘ldi. Aytishlaricha, Dayaning ikki o‘g‘lining qamoqqa olinishi oldidan o‘ldirilgan ekan. Taxminlarga ko‘ra, ana shu ikki o‘g‘il Ibn Xashabning qotili.

Sulton Nuriddinning o‘limiga ishonch hosil qilganidan keyin hamda yosh amir Solihning davlat ishlari va muammolari bilan shug‘ullanishga yaramasligi, mamlakatdan Allohning dushmanlarini quvib chiqarishga umuman yaroqsizligini tushunib yetganidan so‘ng, Salohiddin butun musulmonlarning yuragi bo‘lgan Shom sari yurishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. U katta bir qo‘shin bilan Shomga otlandi. Ammo mamlakatini himoya qilish, unda tartib va hokimiyat obro‘sini saqlash maqsadida Misrda ham yetarli lashkar qoldirgan edi. Sulton bilan birga juda ko‘p qarindoshlari va xizmatkorlari ham yo‘lga chiqqandi.

Salohiddin yosh amir Solihga tarafdor bo‘lgan, tarqoq holdaliklari uchun aniq reja tuza olmagan Shom amirlari va aholisiga nomalar yubordi. Damashqda adolat izdan chiqqan, odamlar hatto qo‘shnisiga ham ishonmas, ayrimlar o‘rtoqlari tomonidan hibsga olingan edi. Bu holat boshqalarning ko‘ngliga qo‘rquv-xavotir solgan, odamlar qalbini yosh amirdan sovutib yuborgan edi. Holatning bunday tus olishi Solihning valiysi bo‘lgan Shamsuddin ibn Muqaddamni shiddat bilan kelayotgan Sultonga maktub yo‘llab, Solihni o‘ziga berishlarini talab qildi. Bu orqali u amir tarbiyasi bilan shug‘ullanish, mamlakatni boshqarish, tartib o‘rnatish bilan shaxsan o‘zi shug‘ullanishini ma’lum qilgandi.

Salohiddin Damashqqa yurish qilib, sobiq amirning vorislari o‘rtasida kechayotgan nizoga chek qo‘yishi va osonlik bilan hokimiyatni o‘z qo‘liga olishi mumkin edi. Biroq uning taqvosi, Islom tarixidan o‘qib bilganlari sabab musulmonlar ustiga yurish qilishga hayo qildi. Sarkarda shuni ham bilardiki, agar u Damashqqa yurish qilsa, haqiqiy dushmanlari bo‘lgan salibchilar nigohida sharafsizga aylanardi. Shunda u Nuriddinning merosxo‘ri bo‘lgan o‘n bir yoshli Solih ibn Nuriddinga maktub yo‘llaydi. Nomada Salohiddin yosh amirning “qilichi” bo‘lishga va’da berib, unga o‘z himoyasini taklif etadi.

Ayni vaqtda Halab shahriga dushmanlarning hujumi yuz beradi. Bu vaqtda Solih ibn Nuriddin Halabda bo‘lib turgandi. Salohiddin zudlik bilan o‘zining eng ishongan, xos 700 nafar otliq jangchisini Halabning asosiy qismiga boshlab bordi va g‘alabaga erishdi. U shaharni dushmanlardan ozod qilgach, avval Nuriddinning qo‘l ostida bo‘lgan Homs ahli ham Salohiddinga sodiqlik izhor qiladi. Uning bu muvaffaqiyatlariga qo‘shinidagi mamluklardan tashkil topgan otliq-kamonchi qismning hissasi katta edi. Shomda asta-sekinlik bilan Salohiddinning nufuzi orta boshladi. 1176 yil Damashqdan Qohiraga qaytar ekan, buyuk sarkarda o‘z qo‘l ostida mintaqadagi musulmon sulton, amir va boshqa katta-kichik qo‘mondonlarni jamlab bo‘lgandi. Endilikda u mavqei va nufuzi borasida Quddus qirolligi bilan teng holatga yetib kelgandi.

Shu tariqa Salohiddin musulmonlarni salibchilarga qarshi birlashtira oldi. Shom uzra hokimiyatini o‘rnatgach, u faqatgina Quddusni islom dushmanlaridan ozod qilish haqida fikr yurita boshladi. Bu boradagi harakatlarning tezlashib ketishiga qachonlardir Salohiddinning o‘zi asirlikdan ozod etib, qo‘yib yuborgan Arnaut shahzodasi Reno de Shatiliyonning qilmishi sabab bo‘ldi.

Salohiddin hokimiyatni o‘z qo‘liga olgach, o‘zini qat’iyatli sarkarda sifatida ko‘rsata oldi. Ilk kunlardanoq salibchilarga qarshi yurish boshladi va musulmon kemalari uchun xavf bo‘lib turgan Eylat qal’asini qo‘lga kiritdi. Katta hokimiyatni egallab olgan Salohiddin Nuriddin Zanjiy hokimiyatidan tamoman mustaqil bo‘lishga harakat qildi. Tanobini tortib qo‘yish uchun Nuriddin unga qarshi yurishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi, ammo 1174 yili tuyqusdan vafot etdi.

Shundan keyin Shom fathlari boshlanib ketdi. Salohiddin rahbarligidagi yaxshi ta’lim olgan muntazam o‘rdu Suriyaga kirib bordi. Nuriddin vorislikka tayinlagan yosh va iqtidorsiz voliy vazifasidan chetlatilib, Salohiddin sultonlik rutbasini oldi.

1174 yili bo‘lgan to‘ntarishdan so‘ng Salohiddin ayyubiylar sulolasini tuzdi. Eng muhim mansablarga u qarindoshlari yoki yaqin do‘stlarini tayinladi. U o‘rdusini kuchaytirib, kemalar flotini ham ancha yaxshiladi. Muntazam o‘rdu tarkibiga otliq kamonchilar va nayzakashlar kirtildiki, bu keyinchalik katta zafarlarni qo‘lga kiritishda muhim omil bo‘ldi.

So‘nggi o‘n yilliklar sulton saltanatiga yon-atrofdagi hududlarni qo‘shib olish uchun kurash bilan o‘tdi. 1174 yili Hims, Hom va Damashq qo‘lga kiritildi, oradan bir yil o‘tib Baalbek va Halab sultonlikka qo‘shib olindi. Yana bir yildan so‘ng Musullik Sayfiddin musullik qo‘shinlari Xolma yonida tor-mor qilinib, suriyalik assasinlar bilan sulh shartnomasi tuzildi. 1182 yildan boshlab uch sana mobaynida Musul qamali bo‘ldi. Buning natijasida Musul otabeki Iziddin Salohiddinning hukmdorligini tan olib, unga sodiqlik qasamyodini qildi.

Salohiddin o‘n ikki yil ichida Misr, Shom va uncha katta bo‘lmagan bir qator Bobil davlatlarini birlashtirgan butun bir saltanatni tuzdi. Endi Salohiddin oldida yana bir muhim vazifa: salibchilarni Falastindan haydab chiqarish qolgan edi.

Hijriy 583 (milodiy 1187) yili Salohiddin yigirma minglik qo‘shin bilan Falastinga qarab yurish boshladi. Shu yili yozda bo‘lgan Xittin yaqinidagi jangda Salohiddin qudduslik va tripolilik nasroniylar ustidan g‘alaba qozonib, Islom shavkatini dunyoga namoyish etdi. Buning natijasida u Falastinning kattagina qismini, Akra va Asqalon shaharlarini egallab oldi va 1187 yilning 2 oktabrida Quddusni qo‘lga kiritdi. U Quddusda salkam to‘qson yildan buyon yashab kelayotgan nasroniylarni shahardan quvib chiqardi va musulmonlar hukmronligini o‘rnatdi. Biroq sarkardaning Tir shahrini qo‘lga kirita olmagani uning eng katta strategik xatosi edi. Tir nasro- niylarning qudratli tayanchi edi va ular bu yerda Ovrupadan yangi kuchlarning yordamga kelishini kutishardi.

1189 yilning iyunida salibchilar Akra shahrini qamal qilishni boshladi. Keyinchalik Richard Sher-yurak deb atala boshlagan Angliya qiroli Richard Birinchining qo‘shinlari kelishi bilan uchinchi salib yurishi boshlanib ketdi. Bir haftadan so‘ng yetib kelgan ingliz qo‘shinlari Akra yaqiniga yetib kelishdi va ular qamaldagi shaharga yordamga kelgan Salohiddin qo‘shinlarini haydab yuborishdi.

Yozning jazirama kunlarida shahar nasroniylarga taslim bo‘ldi. Richardning qo‘shinlari Asqalonga hujumni davom ettirdi va Arsufda katta g‘alabani qo‘lga kiritdi. Jang shiddatli, musulmonlarga o‘ta noqulay holatda kechdi. Unda Richard qo‘shinlaridan bor-yo‘g‘i yetti yuz kishiga talafot berilgani holda Salohiddin lashkarlari o‘n baravar ko‘p, yetti ming askaridan ajradi.

Keyingi 1191 va 1192 yillarda Richard Birinchi Salohiddinni ta’qib qilishni davom ettirdi, biroq u ochiq to‘qnashuvlardan o‘zini olib qochar, ortga chekinayotganida esa ustalik bilan dushmanning oziq-ovqat zaxiralarini, otlarning yemini yo‘q qilar, quduqlar suvini zaharlab ketar edi. Shunda Richard Quddusni qamal qilish niyatidan voz kechdi, bu narsa butun lashkarning qirilib ketishiga sabab bo‘lishi mumkin edi. Shuni hisobga olib, Richard 1192 yilning 2 sentabrida Salohiddin bilan uch yil muddatga sulh tuzishga qaror qildi. Shartnomaga ko‘ra, Quddus Salohiddinning qo‘l ostida qoladigan bo‘ldi. Bu esa sarkardaning hech shubhasiz ulug‘ zafari edi. Shundan keyin Richard Ovrupaga Salohiddin esa Damashqqa qaytishga qaror qildi.

(davomi bor)
Ahmad Muhammad Tursunning "Dunyoni tebratgan yetti buyuk" kitobidan olindi

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ulkan saltanat orzusida