07:29 / 25.11.2022
1 095

Kanada bir yarim million muhojirga eshiklarini ochmoqda

Kanada bir yarim million muhojirga eshiklarini ochmoqda
Muhojirlar to‘lqini bilan Kanada hukumati aholining qarishi va bebi-bum (1946-1964 yillar oralig‘ida tug‘ilganlar) avlodining ommaviy nafaqaga chiqishi tufayli kuchaygan mamlakatda ishchi kuchi yetishmasligini qoplashga umid qilmoqda. Biroq barcha kanadaliklar bunday ko‘p sonli chet elliklarni ochiq qo‘l bilan kutib olishga tayyor emas.

Noyabr oyi boshida Kanada federal hukumati ulkan rejalarini e’lon qildi. Yanvar oyidan boshlab va 2025 yil oxirigacha mamlakat hukumati har yili 500 ming muhojirni qabul qilishni rejalashtirmoqda. Ya’ni, yaqin uch yil ichida Kanada aholisi jami 1,5 million kishiga ko‘payishi kerak.

Aholi jon boshiga hisoblanganda, bu Birlashgan Qirollik qabul qilishni rejalashtirganidan sakkiz baravar va AQSH ma’muriyati hal qilishni kutayotganidan to‘rt baravar ko‘p.

Biroq yaqinda o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov shuni ko‘rsatdiki, Kanada rasmiylarining rejalari mamlakat aholisining kayfiyatini to‘liq aks ettirmaydi. Kanadaliklarning aksariyati chet elliklarning bunday ommaviy oqimidan qo‘rqishadi.

Katta o‘yin

O‘nlab yillar davomida Kanada o‘z aholisi va iqtisodiyoti o‘sishini saqlab qolish uchun yangi rezidentlar oqimini ataylab rag‘batlantirmoqda. Muhojirlarga Kanadada doimiy yashash huquqi beriladi, ammo fuqarolik emas.

O‘tgan yili 405 ming kishi Kanadada yashash uchun ruxsatnoma oldi – bu mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich.

Sabablari oddiy arifmetika bilan izohlanadi. Boshqa ko‘plab rivojlangan mamlakatlarda bo‘lgani kabi, Kanadada ham tug‘ilish darajasi muttasil pasayib bormoqda. Bu aholi qariyotganini bildiradi. Kanada nafaqaxo‘rlar mamlakatiga aylanishdan xavotirga tushgan. Bu shuni anglatadiki, agar mamlakat o‘z iqtisodiyotini rivojlantirmoqchi bo‘lsa, buni muhojirlar hisobidan amalga oshirishi lozim.

Kanadada ishchi kuchining o‘sishi deyarli butunlay immigratsiya hisobiga sodir bo‘ldi. Hukumat 2032 yilga kelib ham bu holat o‘zgarmasligini taxmin qilmoqda.

Dunyoda alohida o‘ringa ega bo‘lish

Bugungi kunda Kanadadagi deyarli har to‘rt kishidan biri boshqa davlatdan kelgan. Boshqa barcha G7 davlatlarida (ya’ni, rivojlangan 7 mamlakatda) bu ko‘rsatkich pastroq. AQSHda muhojirlar aholining atigi 14 foizini tashkil qiladi. Britaniyada ham shunday ko‘rsatkich.

«Britaniya va Kanadadagi immigratsiya vaziyatini solishtirish qiyin. Chunki bu mamlakatlar aholisining zichligi juda farq qiladi. Buyuk Britaniya aholi zichligi yuqori bo‘lgan kichik orol davlat. Kanada esa kattaligi bo‘yicha Rossiyadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. U yerda 38 million kishi yashaydi. Ya’ni, o‘sish uchun joy bor. Buyuk Britaniyada aholini Kanada amalga oshirayotgan tezlikda va hajmda ko‘paytirish ehtiyoji yo‘q», — deb tushuntirdi Oksford universitetida migratsiya monitoringi loyihasi — “Migratsiya observatoriyasi” direktori Madlen Sampshn.

Torontodagi Makmaster universiteti siyosatshunosi Jeffri Kemeronning aytishicha, muhojirlarni jalb qilish uchun Kanadaning katta hududi va qulay demografiyaning o‘zi yetarli emas. Buning uchun zarur bo‘lgan asosiy narsa aholining qo‘llab-quvvatlashidir. Ko‘pchilik mamlakatlar uchun asosiy cheklovchi omil bu jamoatchilik fikridir.

Masalan, janubdan chegarani kesib o‘tayotgan muhojirlar soni rekord darajaga yetgan Qo‘shma Shtatlarda ko‘pchilik xorijdan ish o‘rinlaridan ko‘ra yangi kelganlar ko‘p bo‘lishi mumkinligidan xavotirlana boshladi.

Britaniyaliklarning referendumda Yevropa Ittifoqidan chiqishga qaror qilishining sabablaridan biri aynan mamlakat aholisining salmoqli qismi Yevropa Ittifoqiga qo‘shilgan Sharqiy Yevropa davlatlaridan arzon ishchi kuchining ommaviy oqimiga salbiy munosabatda bo‘lganligi edi.

Biroq Madlen Sampshn ta’kidlaganidek, so‘nggi bir necha yil ichida Britaniyada jamoatchilik fikri migratsiyaga nisbatan iliqroq bo‘ldi.

Kanadada jamiyatda immigratsiyani qo‘llab-quvvatlash har doim yuqori bo‘lgan. Ammo bu mamlakatda muhojirlar oqimidan xavotir yo‘q degani emas.

So‘nggi yillarda Kanada chegarasini Qo‘shma Shtatlardan noqonuniy kesib o‘tish holatlari ko‘paydi.

Kanada hududlarida immigratsiyaga munosabat farq qiladi

Mamlakat hukumati yiliga 500 minggacha muhojirni qabul qilish rejasini e’lon qilganida, muhojirlar oqimi uchun o‘z kvotalarini belgilashi mumkin bo‘lgan Kvebek avtonom provinsiyasi 50 mingdan ortiq odamni qabul qilishga roziligini aytdi. Ya’ni, Kanada aholisining deyarli to‘rtdan biri yashaydigan Kvebek rejalashtirilgan tashrif buyuruvchilarning atigi 10 foizini qabul qilishga rozi.

Mamlakatning boshqa joylarida yashovchilar, garchi Kanadada yashash uchun juda ko‘p joy bo‘lsada uy-joy sotib olish imkoniyatidan xavotirda. Mamlakat aholisining 10 foizini tashkil etuvchi Toronto va Vankuver kabi yirik shaharlarda uy-joy bilan ta’minlash masalasi juda qiyin bo‘lib qolgan.

Leger instituti va Kanadani o‘rganish assotsiatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlarning to‘rtdan uch qismi birinchi navbatda hukumatning immigratsiya rejasi uy-joy va ijtimoiy xizmatlarga qanday ta’sir qilishidan xavotirda. Respondentlarning deyarli yarmi (49%) yiliga 500 000 muhojir juda ko‘p, deb hisoblaydi. Respondentlarning uchdan bir qismidan kamrog‘i (31%) bu rejani ma’qullaydi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo