07:00 / 21.01.2023
686

Buyuk g‘alaba yoki parokanda sultonliklarning mo‘g‘ullarga qarshi birlashgani haqida

Buyuk g‘alaba yoki parokanda sultonliklarning mo‘g‘ullarga qarshi birlashgani haqida
Ayn Jolutda mo‘g‘ullar ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng Mamluklar davlatining yulduzi porladi. Musulmon dunyosi uchun mo‘g‘ullar bosqini to‘xtatilgani uchun ham bu g‘alaba o‘zgacha ahamiyatga ega edi.

Mamluklar davlatida birin-ketin Qutuz, Beybars kabi buyuk sarkardalar va qahramonlar paydo bo‘la boshladi. Biroq, bu davlatning yulduzi mamluk amirlari o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘lgunga qadar o‘zining eng yuqori cho‘qqisida qolishda davom etdi.

Beybars vafotidan so‘ng uning o‘g‘li Sa’id Mamluklar davlatiga hukmdor bo‘ladi, lekin u mamlakatni boshqara olmadi. Shuning uchun mamluk amirlari uni taxtdan ag‘darib, 7 yoshga endigina to‘lgan ukasi Salamishni hukmdor qilib ko‘tardilar.

Salamishning yoshligi tufayli Qalavun As-Solihiy uning vasiysi etib tayinlandi, u tez orada Salamishni ag‘darib, o‘zini sulton deb e’lon qildi va Malikul-Mansur (g‘olib hukmdor) unvonini oldi.

Voqealarning bunday rivoji Shom hokimi bo‘lgan mamluk amiri Sunqur al-Ashkarga yoqmadi. U Sulton Beybarsning yaqin odamlaridan edi. Sunqur Qalavunning hokimiyatini tan olmadi va o‘zini Shom sultoni deb e’lon qildi.

Bu bo‘linish natijasida ko‘plab ofatlar yuz berdi va eng yomoni musulmonlar o‘rtasida uzoq davom etgan urush boshlandi. O‘zaro to‘qnashuvlarga botgan musulmon hukmdorlar o‘zlarining asosiy dushmani – Furot daryosining narigi qirg‘og‘ida turgan mo‘g‘ullarni unutdilar.

1280 (hijriy 679) yil boshida musulmon hukmdorlari o‘rtasidagi qarama-qarshilik avjiga chiqdi. Bu vaqtda Qalavun As-Solihiy Misr va Shomdagi ayrim hududlarni, Sunqur al-Ashkar Damashq va uning atrofidagi joylarni, Mas’ud ibn Zohir - Qaroq, Nosiriddin Muhammad ibn Taqiyuddin - Xama, Yusuf ibn Umar – Yamanda hukmronlik qilgan. Makka Najmuddin ibn Abu Namo al-Hasaniy va Madina Izzuddin Jamoz al-Husayniyning qo‘li ostida edi.

Mo‘g‘ullarga kelsak, Iroq, Jazira, Xuroson, Ozarbayjon, Mosul, Erbil, Diyorbakir mo‘g‘ullarning oliy xoni Abaqa ibn Hulagu va uning ukasi, mo‘g‘ul qo‘shini boshlig‘i Mengu-Temur ibn Hulagu hukmronligi ostida edi.

Musulmon hukmdorlari o‘rtasidagi bo‘linish va qarama-qarshiliklarning natijasida mo‘g‘ullar Shom, Misrni zabt etishga va Ayn Jolut jangida ko‘rgan mag‘lubiyatlari uchun qasos olishga tayyorlana boshladi.

Mo‘g‘ul xoni Abaqa ibn Xulagu bu urushga kirishni istamadi, lekin musulmonlarni yomon ko‘radigan Mengu-Temur yurishni talab qilib, xonni bu jangga rozi qildi. Buning ajablanarli joyi yo‘q, chunki Mengu-Temur ko‘plab musulmon shaharlarini, jumladan Abbosiylar xalifaligi poytaxti Bag‘dodni vayron qilgan qonxo‘r Hulagu xonning o‘g‘li edi-da.

Ko‘p sonli mo‘g‘ul qo‘shini Shomga qarshi hujum boshladi va shundan keyingina musulmon hukmdorlar o‘zlariga kelib, agar ular o‘zaro urushlarni davom ettirsalar, qanday og‘ir ahvolga tushib qolishlarini angladilar.

Qalavun As-Solihiy bularning barchasini o‘ylab, Sunqur Al-Ashkarga: “Mo‘g‘ullar musulmonlar ustiga yurish qilmoqda, musulmonlarni o‘limdan himoya qilish uchun ularga qarshi birlashsak yaxshi bo‘lardi”, degan mazmunda xabar yubordi.

Sunqur Qalavunning so‘zlariga qo‘shildi va mo‘minning samimiy qalbi bilan unga javob berdi: “Eshitaman va itoat qilaman. Musulmonlar dushmanlariga qarshi bir mushtdek bo‘lamiz”. Xuddi shunday, barcha musulmonlar hushlarini yig‘ib, dushman bilan jangga hozirlik ko‘ra boshladi.

Mo‘g‘ullar musulmonlar ularni kutib olishga tayyor ekanliklarini bilib, hujumni to‘xtatdilar va Iroqqa qaytishga qaror qilishdi. Ammo bu chekinish taktik harakat, ular imkoniyat paydo bo‘lishi bilanoq qaytishni rejalashtirishgan edi.

Darhaqiqat, bir necha oydan so‘ng mo‘g‘ullar Shomda hamma narsa tinchlanganini sezgach, Mengu-Temur boshchiligida yuz minglik ulkan qo‘shin tayyorladilar. Bu qo‘shin Furot daryosidan o‘tib, Shom tomon yo‘l oldi.

Mo‘g‘ullarning yangi hujumi haqidagi xabar tezda Al-Mansur Qalavunga yetib bordi va u barcha musulmon hukmdorlariga umumiy dushmanga qarshi chiqishga da’vatlar bilan xatlar yozdi.

Masjidlarda imomlar musulmonlarga jangga da’vatlar bilan va’zlar o‘qib, namoz paytida g‘alaba duolari qilishdi. Bu orada mo‘g‘ul qo‘shini asta-sekin, qadamba-qadam Shom bo‘ylab olg‘a bordi va Hama shahrigacha yetib bordi. Mo‘g‘ullar o‘z odatlariga ko‘ra shaharni qamal qilib, uni vayron qilishdi va aholini qirg‘in qilishdi.

Sulton Qalavun al-Mansur ellik minglik qo‘shin yig‘ib, mo‘g‘ullar yo‘lini to‘sish uchun Hums shahrida qarorgoh tuzdi. Ular hijriy 680 yil (1281 milodiy) rajab oyining 14-kunida tongda ko‘p sonli mo‘g‘ul qo‘shinlari bilan uchrashdi.

Adadi ko‘proq mo‘g‘ullar avval hujumga o‘tishdi. Shuning uchun musulmonlar birinchi zarbadan dastavval sarosimaga tushishdi va jang tashabbusi mo‘g‘ullarga o‘tdi. Bu Mengu-Temur qo‘shinlariga musulmon qo‘shinining chap qanotini tor-mor etishga imkon yaratdi. Musulmon qo‘shinining bir qismi jang maydonidan chekinishga majbur bo‘ldi.

Bularning hammasini ko‘rgan Sulton Qalavunning o‘zi oldinga chiqib, askarlarining ruhini ko‘tara boshladi. U jabhaning bir tomonida kichik guruh bilan dushmanni to‘xtatib, dushmanga qattiq qarshilik ko‘rsatishga muvaffaq bo‘ldi. Ularning harakatlari natijasida mo‘g‘ullar to‘xtashga majbur bo‘ldi. Sultonning bu jasorati qolgan jangchilarni ham ruhlantirdi va ular ham qahramonlarcha dushman bilan jang qilishdi.

Arab amiri Iso ibn Muhanna otliqlar otryadi bilan musulmonlarga yordamga yetib kelib, mo‘g‘ullarga qanotdan zarba berganida jang maydonidagi vaziyat keskin o‘zgardi. Bu zarbadan keyin mo‘g‘ullar safida tartibsizliklar boshlanib, jangda tashabbus musulmonlar qo‘liga o‘tadi. Dushman qo‘shinlari orasida vahima boshlandi. Son jihatidan sezilarli darajada ustunlikka qaramay, mo‘g‘ul qo‘shini qocha boshladi va katta yo‘qotishlarga duch keldi. Buning ortidan Mengu-Temur qo‘shini to‘liq mag‘lubiyatga uchradi.

Mo‘g‘ullar musulmonlardan Furot qirg‘oqlarigacha qochib ketishdi va daryoga yetib borganlarning ko‘pchiligi unda g‘arq bo‘ldi. Bundan tashqari, Al-Bira shahri aholisi ularga hujum qilib, tirik qolganlarni o‘ldirdi va musulmon qo‘shinlari ularni musulmon yurtlarini tark etgunlaricha ta’qib qildilar.

Mo‘g‘ullar boshlig‘i Mengu-Temur jangda og‘ir yaralandi. Mo‘g‘ullarning oliy xoni bo‘lgan uning akasi tez orada bu mag‘lubiyat qayg‘usidan vafot etdi.

Mazkur jang mo‘g‘ullarning qaqshatqich mag‘lubiyati bo‘lib, ularning yodiga Ayn Jolut jangi haqidagi xotiralarini qaytardi. Musulmonlar uchun esa bu yorqin g‘alaba o‘z yerlarini mo‘g‘ul bosqinchilaridan ozod qilish uchun ilhom manbai bo‘ldi.

Yoqub Umar tayyorladi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo