
Ijtimoiy tarmoqlarda Moskva shahrining turli qismlari va shahar chekkalariga zenit-raketa tizimlari o‘rnatilgani haqida ko‘plab xabarlar paydo bo‘ldi. Internetda tarqalayotgan fotosuratlar va videolardan tizimlar hatto uylarning tomlariga ham joylashtirilganini ko‘rish mumkin. Agar bular rost bo‘lsa, urushning 11-oyi oxirida Rossiya poytaxti nimaga tayyorlanmoqda?
19 yanvar kunidan Rossiyadagi internet sahifalarida Kreml yaqinidagi ba’zi binolarning tomlariga havo hujumidan mudofaa tizimlari (HHM) o‘rnatilgani aks etgan surat va videolar joylashtirila boshlandi. Xususan, tasvirlarga qaraganda, «Pansir-S1» tizimi Rossiya mudofaa vazirligi binosi tomida ham paydo bo‘lgan.
Shu kuni Moskva shahrining Tagan rayonidagi ko‘p qavatli uylarning yuqori qavatidan olingan video ham tarqaldi. Unda «Pansir» tizimiga juda o‘xshash harbiy qurol va konteynerni bino tomiga ko‘tarayotgan kranni ko‘rish mumkin. Ofis qo‘riqchilari bo‘layotgan voqeani yo «rejalashtirilgan mashg‘ulotlar», yoki «tomni ta’mirlash» deya izohlagan.
Rublevo-Uspenskoye shossesi bo‘ylab Novo-Ogaryovodagi Putin qarorgohidan o‘n kilometr uzoqlikda havo hujumidan mudofaa tizimi (taxminan «Pansir-S1») o‘rnatilgani tasvirlangan yana bir video Sirena telegram-kanalida e’lon qilindi.
Yangi Moskvadagi harbiylar joylashgan Ostafevo biznes aerodromidan ikki kilometr uzoqlikda ham bir nechta havo hujumidan mudofaa tizimlari suratga olingan. Videoni Sirena tahririyatiga yuborgan foydalanuvchining so‘zlariga ko‘ra, harbiy texnika bu yerda taxminan bir oy oldin paydo bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari Moskvaning turli burchaklaridagi harbiy texnikalarning boshqa tasvirlarini ham tarmoqda tarqatmoqda. Foydalanuvchilar Timiryazev qishloq xo‘jaligi akademiyasi hududiga joylashtirilgan S-400 tizimi, shuningdek, Loslar oroli bog‘iga o‘rnatilgan havo hujumidan mudofaa batareyasi haqida xabar bergan.
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 18 yanvar kuni Dniproda ro‘y bergan fojiani (rus raketasining turar joy binosiga zarbasi oqibatida 40 dan ortiq tinch aholi halok bo‘ldi) izohlar ekan, hammasiga Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlarini aybdor qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «ukrainaliklar barcha urush qonunlari, xalqaro va gumanitar huquqlarga zid ravishda HHM tizimlarini turar joylar binosiga joylashtirgan».
20 yanvar kuni jurnalistlar Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovdan Moskvaga o‘rnatilayotgan HHM tizimlari haqida so‘radi, u esa odatdagidek barcha savollarni mudofaa vazirligidan so‘rash kerakligini aytdi.
RF mudofaa vazirligi va Moskva shahar hokimiyati shaharda bo‘layotgan voqealarga izoh bermagan.

Harbiy texnika tomga kran orqali ko‘tarilmoqda. Foto: HTTPS://T.ME/NEWS_SIRENA
BBC nashri Moskvaga HHM tizimlarini ommaviy ravishda joylashtirish aynan hozir boshlanganini tasdiqlay olmagan. Boshqa manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, «Pansir» HHM raketa tizimi kamida 2022 yil dekabr oyidan beri mudofaa vazirligi binosi tomida turibdi. Shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimining strategik ahamiyatga ega aerodromlar va Putinning qarorgohi atrofida bo‘lishi ham g‘ayrioddiy hodisa emas.
Rossiyaning topwar.ru militaristik resursi foydalanuvchilarining ta’kidlashicha, AQSHda ham havo hujumidan mudofaa tizimlari Oq uy ro‘parasida joylashgan binolarga o‘rnatilgan, Seulda esa Shimoliy Koreya bilan chegaradoshlik sabab binolar tomlaridagi zenit-raketa tizimlari majburiy atribut hisoblanadi.
Shunga qaramay, Moskva shahri va uning atrofida zenit-raketa tizimlari paydo bo‘lishi haqidagi xabarlarning asosiy qismi so‘nggi kunlarda paydo bo‘ldi. Ko‘pchilik foydalanuvchilar bu tizimlar «Pansir» ekanini ta’kidlagan. «Pansir» — birinchi navbatda nisbatan past tezlikka ega bo‘lgan dushman uchuvchi qurilmalarining hujumini qaytarish uchun mo‘ljallangan tizimdir.
«Pansir-C1» — afzalliklar va kamchiliklar
«Pansir-S1» zenit-raketa tizimi kichik fuqarolik va harbiy obyektlarni havo hujumlaridan mudofaa qilish uchun yaratilgan. U asosan yaqin masofadagi himoya uchun, shuningdek, ommaviy havo hujumlarini qaytarishda boshqa havo mudofaa tizimlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatiladi.
Ushbu nisbatan yangi tizim og‘ir yuk mashinasiga joylashtiriluvchi mobil versiyada ham, statsionar versiyada ham ishlatilishi mumkin. E’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, «Pansir» 20 kilometrgacha uzoqlik va 15 kilometr balandlikdagi to‘rtta havo nishoniga birdaniga o‘q uzishga qodir. Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, nishonni yo‘q qilishning maksimal tezligi 1000 m/s, ya’ni tovush tezligidan uch baravar tezroq.
Ammo, haqiqiy jangovar sharoitlardan ma’lum bo‘lishicha, «Pansir»ning bu xususiyatlari juda bo‘rttirilgan.
2012 yilda Rossiya mudofaa vazirligi va Rossiya Raketa va artilleriya fanlari akademiyasining ilmiy-texnik konferensiyasida «Pansir-S1» HHM raketa tizimining samaradorligi to‘g‘risidagi doklad mualliflari tizimning bir qator jiddiy kamchiliklarini qayd etishgan.
Jumladan, hisobotda shunday deyilgan:
- o‘q otish sinovlarining haqiqiy natijalari tizimning 2-3 kilometrdan ko‘proq kurs bilan manyovr qiladigan va uchadigan nishonlarga o‘q uzish qobiliyati pastligini ko‘rsatdi;
- tizimning taktik-texnik xususiyatlarida 1000 m/s tezlik yozilgan bo‘lsa-da, uning 400 m/s.dan yuqori tezlikda uchadigan nishonlarga o‘q uzish imkoniyati tasdiqlanmadi;
- tizimning maksimal otish masofasi 20 km. Biroq u 80 m/s.dan oshmaydigan tezlikda uchadigan havo nishonlarinigina ushbu masofada nishonga ola oladi.
Hisobotda tizimning faqat shu sohadagi mutaxassislar uchun tushunarli bo‘lgan boshqa kamchiliklari ham keltirilgan.
Rossiyaning Suriyadagi harbiy operatsiyasining faol bosqichida «Pansir-S1» tizimi ruslarning Xmeymimdagi havo bazasini havodan himoya qildi va noaniq taassurotlar qoldirdi.
Harbiy ekspert, «Arsenal Otchetsva» (Vatan qurol ombori) jurnali bosh muharriri Viktor Muraxovskiy o‘z manbalari — HHM zobitlariga tayanib tizim haqida muhim ma’lumotlar keltirgan. Uning aytishicha, «Suriyada “Pansir” tizimining kichik va past tezlikdagi nishonlarni, xususan harbiy dronlarni ko‘rmasligi ma’lum bo‘ldi». Muraxovskiyning so‘zlariga ko‘ra, «Pansir»ning samaradorligi 19 foizdan oshmaydi.
Ehtimol, shundan keyin majmua qayta ishlangan bo‘lishi mumkin. 2018 yil yanvar oyi boshida boshqa zenit-raketa majmuasi — Tor-M2 bilan birgalikda harakat qilgan «Pansir» dronlarning yirik hujumini qaytarishda yaxshi natija ko‘rsatdi. Rossiya mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘shanda «Pansir-S1» HHM tizimi dushmanning yettita dronini urib tushirgan, yana oltitasi radioelektron urush bo‘linmalari tomonidan tutib olingan.
«Pansir-S1» HHM raketa tizimlari zich shaharlarda ishlashda jiddiy muammolarga ega. Ko‘p qavatli binolar nishonni aniqlash samaradorligini sezilarli darajada pasaytiradi. Bundan tashqari, “Pansir-S1” raketalari, aytaylik, bu binolarni ajratish bilan bog‘liq muammoga ham ega. Belgorodda buni yaxshi bilishadi», deya yozadi ukrainalik harbiy-siyosiy kuzatuvchi Oleksandr Kovalenko.
Ochiq manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina bilan urush boshlanguniga qadar Rossiya armiyasida 116 ta «Pansir-S1» tizimi mavjud bo‘lgan. Jangovar harakatlar paytida ulardan kamida 12 tasi yo‘q qilingani hujjatlashtirilgan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra esa, aslida o‘ttiztadan ko‘proq tizim yo‘q qilingan.
Nega «Pansir»lar Moskvaga o‘rnatilmoqda?
Ukrainaga bostirib kirishning birinchi kunidan boshlab Rossiya armiyasi butun Ukraina hududiga, asosan, sovet va o‘zida ishlab chiqarilgan raketalardan, yaqinda esa Eron dronlaridan foydalangan holda zarbalar berib kelmoqda. Ularning qurbonlari esa ko‘pincha tinch aholi vakillari bo‘lyapti.
Rossiyaning o‘zida esa avvaliga faqat chegara hududlari aholisi vakillari urushni o‘z tanalarida his qilishdi. Bu yerda vaqti-vaqti bilan harbiy omborlar, elektr liniyalari, temiryo‘llar va yonilg‘i terminallari portlatildi, uylarga snaryadlar uchib keldi va havo hujumidan mudofaa tizimlarining shovqini eshitilib turdi. Ammo asta-sekin harbiy harakatlar geografiyasi kengaya bordi.

Havo hujumidan mudofaa tizimlarini Moskva oblasti hududida ham payqashgan. Foto: HTTPS://T.ME/NEWS_SIRENA
Oktabr oyida anneksiya qilingan Qrimni Krasnodar o‘lkasi bilan bog‘lovchi Qrim ko‘prigi portlatildi, dekabr oyi boshida esa Ryazan va Saratov oblastlaridagi harbiy aerodromlarga hujum uyushtirildi. Engels aerodromiga qilingan hujum alohida rezonansga sabab bo‘ldi, bu yerda Ukrainaga raketa zarbalarini beruvchi uzoq masofali samolyotlar joylashgan edi.
O‘shanda Rossiya mudofaa vazirligi aerodromga «sovet davrida ishlab chiqarilgan reaktiv dron bilan zarba berishga urinish bo‘lgani»ni ma’lum qildi. Harbiy sohaga ixtisoslashgan telegram-kanallar Rossiyaning chuqur ichki hududidagi aerodromlarga zarba berish uchun SSSRning Tu-141 «Strij» razvedkachi droni ishlatilgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Ukraina hukumati Engels va Dyagilevo aerodromlarida sodir bo‘lgan voqealar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Dekabr oyi oxirida Saratov oblastidagi Engels aerodromiga yana hujum uyushtirildi.
Moskvadagi binolarga «Pansir-S1» HHM tizimlari o‘rnatilishi Kremlning qo‘rquvi kuchayib borayotganidan dalolat beradimi?
«Endi yanada yomonroq bo‘ladi. Ular Ukrainani tark etishi kerak. Rossiya barcha bosib olingan hududlarni tark etmaguncha, Rossiya Federatsiyasi hududiga, jumladan, Moskvaga ham ba’zi jiddiy tahdidlar xavf soladi», degan Ukraina mudofaa vazirligi razvedka boshqarmasi matbuot kotibi Andrey Yusov.
Ukraina o‘zining rejalari va Rossiyaning chuqur ichki hududlarida ishlatayotgan xudkush dronlarini oshkor qilmayapti. Ammo Moskvaga qo‘shimcha HHM tizimlarining shoshilinch o‘rnatilishi Rossiyaning havo mudofaasi bilan bog‘liq jiddiy muammolari borligini ko‘rsatishi mumkin.
Ehtimol, Rossiya armiyasi Eronning xudkush dronlarini qabul qilib, ular bilan o‘zlarining havo mudofaa tizimini sinovdan o‘tkazgan va sinovlar natijasi ijobiy bo‘lmagan.
Agar Eron Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimini «aldab» o‘ta oladigan dronlarni yasashga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, SSSR parchalanganidan keyin uning harbiy konstruktiv bazasini meros qilib olgan Ukraina ham albatta buni amalga oshira oladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar