date

Qaysi xastalik dunyo bo‘ylab o‘lim sabablarida yetakchilik qilmoqda?

Qaysi xastalik dunyo bo‘ylab o‘lim sabablarida yetakchilik qilmoqda?

Sayyoramiz aholisi orasida eng ko‘p o‘limga olib kelayotgan kasallik sifatida yurak-qon tomir tizimi bilan bog‘liq xastaliklar yana birinchi o‘rinni egallab turibdi. Bu haqda 1990-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan 204 mamlakat ma’lumotlari asosida tayyorlangan yangi xalqaro hisobotda ma’lum qilindi.

Hisobotga ko‘ra, yurak va qon tomir kasalliklari har uchinchi o‘lim holatiga sabab bo‘lib kelmoqda. Agar 1990-yilda bu xastaliklardan 13,1 million kishi hayotdan ko‘z yumgan bo‘lsa, 2023-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 19,2 millionga yetdi. Yana bir xavotirli jihati shundaki, ko‘plab mintaqalarda erkaklar o‘lim darajasi ayollarnikidan yuqoriroq bo‘lib chiqdi.

Yurak-qon tomir kasalliklari shuningdek DALY indikatori – erta o‘lim yoki nogironlik sababli yo‘qotilgan sog‘lom hayot yillari ko‘rsatkichida ham asosiy omil sifatida qayd etildi. Bu esa muammoning ko‘lamini yanada ochiqroq namoyon etadi.

Mutasaddi ekspertlar ta’kidlaganidek, xavf omillarining 80 foizigacha oldindan barham berish mumkin. Ular qatorida semizlik, yuqori qon bosimi, qand miqdorining ko‘pligi va xolesterin darajasining yuqoriligi kabi salbiy holatlar bor.

Shu bois, ovqatlanish tartibini nazorat qilish, doimiy jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish, turmush tarzini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish va shifokor ko‘rigidan muntazam o‘tib turish yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qaysi xastalik dunyo bo‘ylab o‘lim sabablarida yetakchilik qilmoqda?