Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan yopiq muloqotda AQSH prezidenti Donald Trampdan Moskvadagi muhim nishonlarni urishi mumkin bo‘lgan Tomahawk qanotli raketalarini taqdim etishni so‘ragani haqida Britaniyaning The Telegraph nashri ma’lum qildi.
Gazeta yozganidek, Zelenskiy Oq uy rahbariga ushbu yuqori texnologiyali qurollar Rossiya prezidenti Vladimir Putinni tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralar stoliga majburiy ravishda o‘tqazishda qo‘shimcha vosita sifatida xizmat qilishi mumkinligini ta’kidlagan.
Bir necha manbalarning ma’lumot berishicha, Zelenskiyning bu iltimosi BMT Bosh Assambleyasi doirasida o‘tkazilgan ikki davlat rahbarlarining yopiq uchrashuvida tilga olingan va amerikaliklar tomonidan “ijobiy” deb baholangan.
Uchrashuvdan keyin Zelenskiy bergan intervyusida prezident Tramp uning iltimosini xayrixohlik bilan qabul qilganini aytdi:
«Men kecha prezident Trampga bizga kerak bo‘lgan narsani aytdim. Bu qurol bizga zarur, lekin bu biz uni darhol ishlatamiz degani emas. Agar bu qurol bizda bo‘lsa, menimcha, Putinni muzokaralar stoliga o‘tqazish uchun kuchli bosim bo‘ladi», — dedi Ukraina yetakchisi.
Tomahawk raketalari 1250 kilometrdan 2500 kilometrgacha masofani bosib o‘ta oladi va dushmanning chuqur hududlariga yuqori aniqlikda zarba berish imkoniyatini beradi. Ushbu qurol NATO arsenalida strategik ahamiyatga ega hisoblanadi.
Shu paytgacha AQSH Ukrainaga bunday turdagi raketalarni berishdan doim bosh tortgan edi. Zelenskiyning bu urinishlari muvaffaqiyatli bo‘ladimi yoki yo‘qmi, hozircha aniq emas, deyiladi maqolada.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!