Foto: WHITE HELMETS
Turkiya va Suriyadagi vayronkor zilzilalardan keyingi uchinchi kunga kelib xarobalar ostida qolib ketgan odamlarni qutqarish imkoniyatlari kamayib bormoqda. Ayni vaqtga kelib ikki mamlakatda zilzila qurbonlari soni 11 mingdan oshib ketdi.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 8 fevral kuni zilziladan eng ko‘p jabrlangan hududlardan biri bo‘lmish Qahramonmarash viloyatiga keldi.
U tashrifi davomida mamlakatda 6 fevral kuni ro‘y bergan zilzila qurbonlari soni bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlarni ochiqladi. Unga ko‘ra, hozirgacha 8574 kishi halok bo‘lgani va 49 133 kishi jarohatlangani tasdiqlangan. 6444 ta bino qulagan.
Turkiya prezidenti tabiiy ofatdan jabrlangan 10 viloyatda bir yil ichida yangi uylar qurib berilishini va’da qildi. Erdo‘g‘an hukumat Antalya, Alanya va Mersindagi mehmonxonalar bilan boshpanasini yo‘qotgan fuqarolarni joylashtirish bo‘yicha kelishuvga erishganini qo‘shimcha qildi.
Prezident barcha jabrlanuvchilarga 10 ming lira (530 dollar) miqdorida yordam puli to‘lanishini ma’lum qilgan.
Suriya davlat nashrlarining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 2500 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, 5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.
Bu yakuniy raqamlar emas va o‘sishda davom etadi, chunki xarobalar ostida hali ham odamlar qolmoqda. Qishning sovuq kunlarida esa ularni yer ostidan tirik holda chiqarib olish imkoniyatlari yanada pasayadi.
Halokat o‘choqlarida qariyb 100 ming qutqaruvchi, jumladan ko‘ngillilar va boshqa mamlakatlardan kelgan minglab mutaxassislar ishlamoqda.
6 fevral kuni ertalab soat 4 dan oshganda 7,8 magnitudali birinchi zilzila Turkiya janubi-sharqidagi G‘oziantep shahriga yaqin hududda sodir bo‘ldi. Kunning ikkinchi yarmida esa 7,5 magnitudali ikkinchi zilzila ro‘y berdi. Birinchi zilzila vaqtida jiddiy shikastlangan minglab binolar, jumladan, shifoxonalar, maktablar va turar joylar ikkinchi yer silkinishi chog‘ida qulab tushdi, son-sanoqsiz odam boshpanasiz qoldi.
«Hozirda bu vaqt bilan poyga. Har daqiqa, har soat omon qolganlarni topish imkoniyati kamayib bormoqda», deya ma’lum qildi Jenevada Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus.
JSST vakili Adelxayd Marshangning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya va Suriyadagi zilzila oqibatida 23 million kishi jabr ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Birlashgan millatlar tashkilotining Bolalar jamg‘armasi (YUNISЕF) vakili Jeyms Elder vayronalar ostida minglab bolalar halok bo‘lgani borasida xavotir bildirdi.
Xorijiy davlat rahbarlari halokatli tabiiy ofat munosabati bilan hamdardlik bildirdi va har tomonlama yordam taklif etdi. BMT zilzila qurbonlariga yordam berish uchun 25 million dollar ajratilishini e’lon qildi.
Suriyadagi vaziyat ko‘p yillik fuqarolik urushi tufayli yanada og‘ir: ko‘plab binolar harbiy harakatlar chog‘ida shikastlangandi va zilzila tufayli qulab tushdi; ko‘plab hududlarga qutqaruvchilar va gumanitar yordam yetib borishi qiyin.
Turkiya janubida ham Suriyadan kelgan ko‘plab qochqinlar yashaydi, ularning aksari shoshilinch tarzda qurilgan yoki eskirib ketgan binolarda yashaydi. «Bir falokat ortidan boshqasi keldi. Turkiyaning bu qismida, G‘oziantep kabi joylarda millionlab suriyalik qochqinlar bor va ular ko‘pincha u qadar mustahkam bo‘lmagan uylarda istiqomat qilishadi. Bu esa halokat retsepti», deydi «Chegarasiz shifokorlar»ning britaniyalik ijrochi direktori Natali Roberts BBC uchun intervyusida.
Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish sohasida ekspert bo‘lgan professor Lyusi Isthoup esa jabrlanuvchilarga yordam berishni istaganlarga buyumlar emas, pul yuborishni maslahat bergan.
«Bunday vaziyatda eng muhimi va foydalisi – bu puldir. Qo‘lidan kelgancha yordam berishga harakat qilayotgan nohukumat tashkilotlari, xayriya tashkilotlari va davlat tashkilotlari bor. Ularga nafaqat hozir, balki kelgusi yillarda ham kerak bo‘ladigan narsa – bu puldir», deydi u. U Turkiya yoki Suriyadan uzoq hududlarda, masalan, issiq kiyimlar yig‘ish katta ehtimol bilan foydasiz ekanini ta’kidlagan.
BMTning gumanitar yordam bo‘yicha sobiq koordinatori Yan Egeland BBC bilan intervyuda Suriyadan vaziyatga kelib chiqqan holda pullarni mojaro taraflaridan biriga – Asad rejimiga ham, muxolifatga ham bermaslikni tavsiya qilgan.
«Barcha yordamlar nohukumat tashkilotlar orqali – BMT agentliklari, Qizil Xoch yoki Qizil yarimoy tizimlari orqali yuborilishi kerak», degan u.
Turkiya1, Gaziantep1, Suriya1, Zilzila1, Erdo‘g‘an1 “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Xonanda Ruxshona uylanmagan yigitga turmushga chiqqani haqida so‘zlab berdi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Italiyada ekofaollar norozilik ramzi sifatida IIV binosi qarshisiga go‘ng to‘kdi