14:47 / 14.02.2023
609

Turkiyadagi zilzila: oshib borayotgan qurbonlar va yangi muammolar

Turkiyadagi zilzila: oshib borayotgan qurbonlar va yangi muammolar
Suriyaning Harim shahrida bolalar ham xarobalarni tozalashga jalb etilgan
Turkiya va Suriyani larzaga solgan zilzilalardan keyin bir hafta o‘tdi. Qutqaruvchilar vayronalar ostidan odamlarni qidirish ishlarini to‘xtata boshlagan.

Dushanba kuni kechqurun berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ikki mamlakatda zilzila qurbonlari soni 37 ming kishidan oshgan, ammo bu raqamlar yakuniy emasligi aniq.

Turkiya Tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf etish boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 31 643 kishi o‘limi tasdiqlangan, qo‘shni Suriyaning shimoli-g‘arbida esa qurbonlar soni 5714 nafarga yetgan.

BMT falokat hududida 800 mingdan ortiq kishi to‘yib ovqatlanmayotganini ma’lum qildi, tashkilotning joylarda yordam ko‘rsatish agentligi esa zilzila qurbonlarining yakuniy soni katta ehtimol bilan hozirgidan ikki barobar ko‘p bo‘lishidan ogohlantirmoqda.

Ikki mamlakatda ham oziq-ovqat zaxiralari tugamoqda. Hozirgi vaqtda Turkiya janubidagi Adana shahrida bo‘lib turgan humanitar tashkilotlar xodimlaridan birining BBC nashriga aytishicha, zarur buyumlar ro‘yxati ulkan, hududlarga ichki kiyimlar, palatkalar va adyollar yetkazish juda qiyin bo‘lmoqda.

Bu hafta Turkiya va Suriyada harorat pasayishi kutilmoqda, bu esa qutqaruvchilar uchun ham, zilziladan keyin omon qolgan bo‘lsa-da, boshpanasini yo‘qotganlar uchun ham qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘diradi.

Shanba kuni, qurbonlar soni 28 ming kishiga yetganida, BMT bosh kotibining humanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari hamda favqulodda yordam bo‘yicha koordinator bo‘lgan Martin Griffits bu raqam ikki va hatto uch baravar ko‘proqqa oshishi kutilayotganini aytgandi.

Suriyadagi vaziyat

Dushanba kuni Suriya shimolidagi Halab shahriga tashrifi chog‘ida Griffits qutqaruv amaliyoti bosqichi yakunlanayotgani va hukumat o‘z e’tiborini tirik qolganlarga boshpana, oziq-ovqat, maktab ta’limi va tibbiy yordam bilan ta’minlashga qaratishini aytdi.

«Biz gaplashgan odamlarning jarohati ko‘rinib turibdi va bu butun dunyo davolashi kerak bo‘lgan jarohatdir», dedi u jurnalistlarga Halabga tashrifi vaqtida.

Griffits xonim shuningdek BMT tez orada hukumat nazoratidagi hududlardan mamlakat shimoli-g‘arbidagi isyonchilar nazoratidagi hududlarga yordam olib kirishni boshlashi haqida aytib o‘tdi.

«Biz odamlarga shu yerning o‘zida g‘amxo‘rlik qilishimiz muhim», degan u va hozirgi holat ko‘plab suriyaliklar o‘z hayotida boshdan kechirayotgan eng yomon davr ekanini qo‘shimcha qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat hamon Suriya shimoli-g‘arbidagi jabrlanganlarga yordam bera olmayapti.

Amalda hech qanday yordam yetib kelmagan bu hududlarda yashovchilar esa BMT va boshqa agentliklarni ularni taqdir izmiga tashlab qo‘yganlikda ayblashadi.

Suriya shimoli-g‘arbidagi vayron bo‘lgan bino xarobalari oldida yaradorlar olib chiqilishini kutib turgan tez yordam mashinasi
Foto: DEC

Idlib viloyatini isyonchi kuchlar nazorat qiladi va BMT hozircha Asad rejimi nazorat qiladigan hududdan bu yerga insonparvarlik yordami yetkazib berishni tashkillashtira olmayapti. Bir necha nafar ispaniyalik shifokorlardan tashqari Suriyaning bu qismiga boshqa xalqaro yordam guruhi yetib kelmagan.

Idlib muqaddam «Al-Qoida» bilan aloqador bo‘lgan «Hayyat Tahrir ash-Shom» guruhi tomonidan nazorat qilinadi. Bu guruh keyinroq terrorchi tashkilot bilan aloqalarini uzgan, ammo jahondagi deyarli hech bir davlat hukumati bu guruhni qo‘llamaydi.

Reuters agentligi guruh a’zolari orasidagi o‘z manbasiga tayanib, ular Asad fojiadan o‘z obro‘sini ko‘tarib olishda foydalanmasligi uchun Suriyaning yuk mashinalarini o‘tkazmoqchi emasligini xabar qilgan.

Turkiya Suriyaning Asad rejimi nazoratida bo‘lmagan hududiga yordam yetkazish uchun Kilis viloyatidan yana ikkita yo‘nalish ochishga tayyorligini xabar qilgan. Ayni vaqtda Suriya shimoliga chegaradagi Bob al-Hava nazorat-o‘tkazish punkti orqali insonparvarlik yordami yetkazilmoqda.

Qochqinlar

Shu bilan birga, mamlakat tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li Turkiya zilziladan keyin Suriyadan qochqinlarning yangi oqimi kirib kelishiga yo‘l qo‘ymasligini aytib o‘tdi.

Xorijlik askarlar Turkiyaning Iskandarun shahrida ko‘chirilgan odamlarni oziq-ovqat va boshpana bilan ta’minlashga yordam bermoqda
«[Zilziladan keyin] Suriyadan Turkiyaga qochqinlarning yangi oqimi kirib kelgani haqidagi gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Biz bunga yo‘l qo‘ymaymiz, bu haqda gap ham bo‘lishi mumkin emas. Biz suriyaliklarga insonparvarlik yordami yetkazilishini osonlashtiryapmiz, ammo suriyalik qochqinlarning yangi oqimiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Bular turli masalalar», deya uning so‘zlarini keltirgan Reuters.

Germaniya tashqi ishlar vazirligi zilziladan jabrlanganlar uchun Turkiya va Suriyaning yirik diasporalari istiqomat qiluvchi Germaniyada boshpana taqdim etilishi mumkinligini, ammo buning uchun ular mavjud viza talablariga javob bera olishi talab etilishini bildirdi.

«Boridan ayrilganlarning pasporti bo‘lishi dargumon, ammo biz Turkiya hukumatining pasport suverenitetiga putur yetkaza olmaymiz va xorijliklarga shunchaki kirish hujjatlarini taqdim eta olmaymiz», degan TIV vakili.

Pasportlarini xarobalar ostida yo‘qotgan Turkiya fuqarolariga Germaniyadagi qarindoshlarining oldiga ko‘chib o‘tishni istasa, mamlakatning Anqaradagi elchixonasiga murojaat qilish tavsiya etilgan.

Ammo suriyaliklar ishi murakkabroq, chunki Suriya Germaniya bilan diplomatik aloqalarga ega emas va ular viza masalasida qo‘shni mamlakatlardagi Germaniya vakolatxonalariga murojaat etishiga to‘g‘ri keladi.

Mo‘jiza tufayli omon qolganlar

Vayronalar ostida omon qolish imkoniyati kun sayin kamayib borayotganiga qaramay qutqaruvchilar dam olish kunlarida ham tirik qolganlarni qidirish ishlarini davom ettirishdi.

Saodat Sendag bir haftadan ortiq vaqt davomida qulab tushgan bino vayronalari ostida qolgan
Foto: REUTERS

Yakshanba kuni Turkiya janubidagi Hatay viloyatidagi uy xarobalari ostida 139 soat qolib ketgan yetti oylik chaqaloq chiqarib olindi.

Dushanba kuni bir haftadan oshiq vaqt davomida qulagan bino ostida bo‘lgan Saodat Sendagni chiqarib olishdi.

Shu viloyatda qutqaruvchilar qulagan bino ostidan 13 yoshli o‘smirni qutqarishdi – u ham vayronalar ostida bir haftadan oshiq vaqt o‘tkazgan.

Seshanba kuni esa Qahramonmarash va Adiyaman shaharlarida zilziladan 198 soat o‘tib omon qolganlar qutqarib olindi.

Qutqaruvchilar og‘ir sharoitlarda ishlashiga to‘g‘ri kelmoqda. Shanba kuni avstriyalik harbiylar va germaniyalik qutqaruvchilar Suriya bilan chegaradagi Hatay viloyatida qutqaruv ishlarini to‘xtatishga majbur bo‘ldi, bunga mahalliy qurolli guruhlar va talonchilar o‘rtasidagi otishmalar sabab sifatida ko‘rsatildi.

Keyingi kuni omon qolganlarni qidirish ishlari Turkiya armiyasi himoyasi ostida qisman tiklandi.

Qatar tomonidan taqdim etilgan insonparvarlik yordamlari olib kelayotgan avtokolonna Turkiya bilan chegaradagi Bob al-Hava nazorat-o‘tkazish punktidan isyonchilar nazoratidagi Idlib viloyati hududiga o‘tmoqda
Foto: GETTY IMAGES

Pudratchilarning hibsga olinishi

Turkiya hukumati seysmik faol hududda qurilish qoidalari buzilishi bilan bog‘liq 130 gumonlanuvchi haqida e’lon qildi, ularning faoliyati tufayli yer silkinishi chog‘ida ko‘p qavatli uylar qartadan qurilgan uylar kabi qulab tushgan.

Hukumat zilziladan jabrlangan 10 viloyatda 170 ming binoni tekshirgach, shundan 25 ming uy butkul vayron bo‘lgani yoki jiddiy shikastlanganini aniqladi. Prokurorlar hibsga olish uchun 113 ta order bergan.

Turkiya politsiyasi allaqachon kamida 12 kishini, jumladan qurilish pudratchilarini hibsga olgan.

Qo‘lga olinganlar orasida – G‘oziantep va Adana shaharlarida, shuningdek Hatay viloyatida qurgan ko‘p qavatli binolari vayron bo‘lgan taniqli quruvchilar ham bor.

Adiyamanda qurgan binolari qulab tushgan yana ikki pudratchi yakshanba kuni Istanbul aeroportida qo‘lga olindi. Times nashri xabar berishicha, ular yonida naqd shakldagi 17 ming dollar bilan Gruziyaga uchib ketishga harakat qilishgan.

Biroq muxolifatchilar bu hibsga olishlarni hukumatning aybni quruvchilar va developerlar zimmasiga yuklashga urinishi va g‘azablangan aholi e’tiborini fojiaga sabab bo‘lgan va uning oqibatlarini bartaraf etishga to‘sqinlik qilgan davlat boshqaruvidagi muvaffaqiyatsizliklardan chalg‘itish deb hisoblamoqda.

«Pudratchilarning qo‘lga olinishi – jamoatchilik g‘azabiga reaksiyadir. Haqiqiy aybdorlar – bular tizimni shunday holatda saqlab qolgan hozirgi va oldingi hukumatlar», degan Times nashriga bergan intervyusida Muhandis-quruvchilar palatasining sobiq prezidenti Taner Yuzgek.

Qurilish amnistiyalari

1999 yilda Izmitda sodir bo‘lgan va 17 mingdan ortiq kishini hayotdan olib ketgan zilziladan keyin Turkiyada yangi binolarning zilzilalarga chidamli bo‘lishini talab qiluvchi yangi qurilish me’yorlari joriy etilgandi, ammo bu normalarga doim ham rioya qilinmadi.

Oldin va keyin: Iskandarunda 2019 yilda qurilgan va zilziladan vayron bo‘lgan uy
2011 yilda yuzlab kishilar halok bo‘lgan navbatdagi zilziladan keyin o‘sha vaqtda bosh vazir bo‘lgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ko‘p sonli qurbonlar uchun aybni sifatsiz qurilishlar bilan bog‘lagandi. «Munitsipalitetlar, quruvchilar va nazorat organlari ularning e’tiborsizligi qotillik bilan barobar ekanini tushunishlari kerak», degandi o‘shanda u.

Ammo 2018 yilda, prezidentlik va parlament saylovlari arafasida hukumat qurilish amnistiyalari e’lon qildi. Bu qurilishlarni, jumladan zilzila xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda ham rag‘batlantirish maqsadida amalga oshirildi, bu esa yakunda Turkiya xazinasiga 3 mlrd dollar atrofida mablag‘ olib keldi.

Reuters agentligi xabar berishicha, 10 millionga yaqin kishi amnistiya uchun murojaat qilgan va 1,8 mln ariza qabul qilingan.

Ko‘chmas mulk egalari binolarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun pul to‘lashdi, bu binolar keyinchalik turli soliq va yig‘imlarga tortiladi. Shu tariqa, Turkiya urbanizatsiya vaziri 2019 yil dekabrda e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra, amnistiya davlat xazinasiga ko‘chmas mulk uchun soliqlar va ro‘yxatdan o‘tkazish yig‘imlari ko‘rinishida jami 16,5 mlrd lira (taxminan 3,1 mlrd dollar) keltiradi.

Qurilish sohasidagi turkiyalik ekspertlar esa zudlik bilan binolar uchun to‘lov evaziga eski sana bilan litsenziyalash halokatli oqibatlarga ega bo‘lishidan ogohlantirib bong urishadi.

«Bu bizning shaharlarimiz, xususan Istanbul qabristonga, uylarimiz tobutga aylanishini anglatadi. Mutlaqo litsenziyasi yo‘q bo‘lgan binolar yoki dastlabki rejaga zid o‘laroq ko‘proq qavatli qilib qurilgan binolar - ularning barchasiga amnistiya berilmoqda. Bu juda xavfli», degandi 2019 yilda Qurilish muhandislari milliy palatasining o‘sha paytdagi rahbari Jemal Go‘kche.

London Universitet kollejining favqulodda vaziyatlarni rejalashtirish va boshqarish bo‘yicha mutaxassisi, professor Devid Aleksander BBC uchun intervyusida zilzila kuchli bo‘lsa ham, sifatli qurilgan binolar qulab tushmasligi kerakligini aytgandi.

«Ko‘p joylarda silkinish kuchi maksimal darajadagidan kamroq bo‘lgan, shuning uchun biz xulosa chiqarishimiz mumkinki, qulagan minglab binolarning deyarli barchasi zilzila ro‘y bergan taqdirda dosh berish uchun zarur bo‘lgan qurilish me’yorlari bo‘yicha qurilmagan», deydi u.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo