
Turkiyadagi prezidentlik saylovlarining birinchi turida uchinchi o‘rinni egallagan Sinan O‘g‘an hafta avvalida o‘z tarafdorlarini ikkinchi turda Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga ovoz berishga chaqirdi. ATA Alliance («OTA ittifoqi») partiyalar blokidan nomzod sifatida ko‘rsatilgan O‘g‘an birinchi turda 5 foizdan ko‘proq ovoz to‘pladi. Amaldagi prezident bu ovozlarga ega chiqa oladimi? Ikkinchi tur arafasida kuchlar nisbatida qanday o‘zgarish yuzaga kelgan? «Vot Tak» nashri sharqshunoslar Ruslan Suleymanov va Yuriy Mavashev, shuningdek, siyosiy fanlar nomzodi Aleksandr Tevdoy-Burmuli bilan shu haqda gaplashdi.
Ruslan Suleymanov, sharqshunos, SULEYMANOV telegram-kanali muallifi
— Sinan O‘g‘an — yosh va yetarlicha istiqbolli siyosatchi. Etnik ozarboyjon, u MGIMO (Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti)da o‘qigan, rus tilida yomon gapirmaydi. Avval mamlakatdagi eng yirik millatchilar partiyasi (hozirda bu partiya Erdo‘g‘an bilan koalitsiya tuzgan) safida bo‘lgan.
Bu yil uning nomzodi o‘ng va ultrao‘nglarning mutlaqo yangi koalitsiyasi, «OTA ittifoqi»dan ilgari surildi. Avvaliga u Erdo‘g‘anning odami va bo‘lajak spoyler (saylovda ovozlarning bir qismini o‘ziniki qilib, qaysidir tomonga zarar keltiradigan nomzod) ekani taxmin qilinayotgandi. Ammo birinchi tur davomida u bu saylovlar kashfiyotiga aylandi.
Sotsiologik kompaniyalar O‘g‘anga 2 foizdan ko‘p [birinchi turda] ovoz bermagandi, ammo u yakunda besh foizdan ko‘proq oldi — shuning uchun uni «kingmeyker» (asosiy nomzodlardan birini tanlab, ikkinchi tur g‘olibi kim bo‘lishiga ko‘rsatuvchi shaxs) deb atay boshlashdi.
O‘g‘anning muammosi — uning barqaror bo‘lmagan, norozi kishilardan iborat elektoratidir. Bular Erdo‘g‘anning Adolat va taraqqiyot partiyasining ko‘p yillik boshqaruvidan charchagan va ko‘p yillardan buyon g‘alabaga erisha olmay kelayotgan Kamol Qilichdoro‘g‘lining Jumhuriyat xalq partiyasidan hafsalasi pir bo‘lgan kishilardir. Bu umuman Turkiyadagi uzoq yillardan buyon o‘zgarishsiz qolayotgan siyosiy tizimdan va muxolifatning na parlament va na prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozona olmasligidan charchashdir.
Birinchi turda O‘g‘anga 3 milliondan ortiq kishi ovoz berdi.
O‘ylaymanki, unga ovoz berganlarning faqat 50 foizi unga quloq soladi va 28 may kuni Erdo‘g‘anga ovoz beradi — men xulosa qilishga shoshilmagan bo‘lardim. Bu elektoratga yosh yetakchi kerak. [O‘g‘anning elektoratini] safarbar qilish mumkinligiga shubha qilaman.
Barchasi Erdo‘g‘an va Qilichdoro‘g‘li O‘g‘anning tarafdorlarini o‘ziga og‘dirish uchun qanchalik harakat qilganiga bog‘liq. Bular asosan millatchilardir va biz ko‘rdikki, Qilichdoro‘g‘li ularga yoqish uchun noz-karashmalar qildi, ritorikasini o‘zgartirdi va Turkiyadagi migrantlar haqida ko‘p gapirdi. U 10 million suriyalik va afg‘onistonlik qochqinlarni darhol mamlakatdan chiqarib yuborishini va’da qilgan. Agar u bu odamlarni o‘z tomoniga og‘dira olsa, birinchi turda O‘g‘anga ovoz berganlarning katta qismi ikkinchi turda saylov uchastkalariga Qilichdoro‘g‘lini saylash uchun keladi.
Ammo takrorlayman, bu elektoratni safarbar qilish juda qiyin. Shu o‘rinda, saylov arafasida nomzodini qaytarib olgan Muharram Injening tarafdorlari Qilichdoro‘g‘liga ovoz berishi kutilganini eslash mumkin, ammo bu ro‘y bermadi: ularning bir qismi O‘g‘anga ovoz berdi, boshqalari — shunchaki saylovlarga kelishmadi.
O‘ylaymanki, [O‘g‘anning bayonoti] hal qiluvchi burilish nuqtasi emas, balki Erdo‘g‘an va uning tarafdorlari uchun qo‘shimcha ruhiy ustunlik beradi: bu Turkiya siyosatini ag‘dar-to‘ntar qilib yubormaydi.
Turkiya siyosatining bir o‘ziga xosligi bor — barchasi 24 soat ichida o‘zgarib ketishi mumkin.
- So‘nggi so‘rovlar turlicha yakunlarni ko‘rsatgan. Özdemir kompaniyasi tomonidan 25-26 may kunlari o‘tkazilgan jamoatchilik so‘rovida Erdo‘g‘an (53,94 foiz) Qilichdoro‘g‘li (46,06 foiz)ni ancha ortda qoldirgan. Ammo Area, ORC va ALF kompaniyalari so‘rovlarida Qilichdoro‘g‘li ustunlik qilgan.
- Saylovlarning birinchi turida O‘g‘an nomzodini ko‘rsatgan «OTA ittifoqi» blokidagi asosiy kuch sanalgan Zafer partisi («G‘alaba» partiyasi) O‘g‘anga qo‘shilmadi va Qilichdoro‘g‘lini qo‘lladi. Bu partiya parlament saylovlarida 2 foizdan ortiq (bir million ikki yuz ming kishi) ovoz oldi.
Aleksandr Tevdoy-Burmuli, MGIMO integratsya jarayonlari kafedrasi dots.nti, siyosiy fanlar nomzodi
— [O‘g‘anning Erdo‘g‘anni qo‘llashi haqidagi bayonoti] — bu oddiy taktik va vaziyatga bog‘liq masala. [Ikkinchi turga o‘ta olmagan nomzodlar] hech narsaga majbur emas, ammo birdaniga muhim o‘yinchiga aylanganidan kelib chiqib, ular bundan foyda chiqarib olishi kerak. Uchinchi o‘rinni shunchaki tashlab yuborish aqlli qaror bo‘lmaydi. Shuning uchun uni qimmatrog‘ga sotish, masalan, 1996 yilda Rossiyadagi prezidentlik saylovlarining ikkinchi turi arafasida Aleksandr Lebed qilganidek kimningdir jamoasiga kirish (u Boris Yelsin jamosiga qo‘shilgandi) maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Shunchaki o‘z ovozlaringni berishing mumkin — bu hech narsani kafolatlamaydi, ammo agar odam nimanidir sotar ekan, bu shuni anglatadiki, evaziga nimadir oladi.
Bunday vaziyatda saylovchilar o‘z nomzodiga quloq solishadimi? Ma’lum darajada ha. Bu nomzodning qanchalik xarizmatik ekaniga bog‘liq. U ikkinchi turda qo‘llayotgan nomzodning dasturi uning saylovchilari ovoz bergan o‘z dasturi bilan qay darajada mos kelishiga. Bu borada O‘g‘anda muammo chiqishi mumkin: u migrantlarga qarshi pozitsiyani ifodalardi va bu bilan Qilichdoro‘g‘liga yaqinroq edi.

Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning prezidentlik saylovlari ikkinchi turi arafasidagi saylovoldi kampaniyasi mashinasi. Istanbul, Turkiya. 2023 yil 22 may. Foto: UMIT BEKTAS / Reuters / Forum
Erdo‘g‘an esa, aksincha, migrantlarni chiqarib yubormasligini aytgan. O‘g‘anning elektorati unga migrantlarni haydab chiqarish va’dalari uchun ergashgan. Bu holatda ular Erdo‘g‘anga ovoz berishidan ma’no yo‘q. Yaxshisi, Qilichdoro‘g‘lini qo‘llab-quvvatlay qolishadi.
Qilichdoro‘g‘li nega so‘nggi haftalarda o‘ng qanot ritorikasini kuchaytirdi? U ikkilanayotgan auditoriya uchun kurashishi kerak edi. Bu o‘z zarariga ham ishlashi mumkin bo‘lgan strategiyadir, chunki sen o‘z elektoratingdan o‘ngrog‘ga o‘tar ekansan — uni yo‘qotishing ham mumkin.
O‘g‘anning elektorati — ikki nomzod o‘rtasidagi masofadir. Agar u Erdo‘g‘an foydasiga tanlov qilmaganida, uning elektorati inersiya bilan 70 foizga Qilichdoro‘g‘li tomoniga o‘tgan bo‘lardi — u mafkuraviy jihatdan O‘g‘anga yaqinroq. Ammo hozirgi vaziyatda nisbatlar o‘zgargan bo‘lishi mumkn. Erdo‘g‘anda shusiz ham ustunlik bo‘lgani hisobga olinsa, u shunchaki buni amalga oshiradi.
Yuriy Mavashev, sharqshunos, maVASHev yutub-kanali muallifi
— Sinan O‘g‘an — ekspertlar muhitidan chiqqan, yaxshi ta’lim ko‘rgan, yaxshi notiq bo‘lgan shaxs. U Rossiya masalalarini yaxshi tushunadi va Rossiya hamda Xitoy bilan aloqalarni rivojlantirish tarafdori.
Katta savol: O‘g‘anning saylovchilari uning chaqirig‘iga quloq tutishadimi. Menimcha, intriga saqlanib qolmoqda. O‘g‘anning elektoratini Erdo‘g‘an mamlakatni qochqinlar uchun boshpanaga aylantirib qo‘ygani fakti umuman qoniqtirmaydi.
Suriyaliklarning o‘zi millionlab chiqadi — ular ish o‘rinlarini tortib olishgan, jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yomonlashtirmoqda, maoshlar tushishiga sababchi bo‘lishmoqda. Bu birinchi turda O‘g‘anga ovoz berganlarning pozitsiyasidir. Shuni tushunish kerakki, rasmiylar bu liniyani [migratsiya masalasida] o‘zgartirishga hech qanday kafolat bermagan. Shuning uchun, O‘g‘anning tarafdorlari Erdo‘g‘anga ovoz berishiga ishonch yo‘q.
Qilichdoro‘g‘lining pozitsiyalari radikallashuvi tushunarli: Turkiyada katta iqtisodiy muammolar mavjud, shu fonda — rossiyaliklar, ukrainlar, suriyaliklar, Sharqdan — Pokiston va Afg‘onistondan kelganlar muhojirlarning muammosi hamon o‘tkirligicha qolmoqda.
O‘ylaymanki, O‘g‘anning bayonoti saylovoldi poygasiga ta’sir ko‘rsatgan, ammo unga ortiqcha baho bermaslik kerak. Menimcha, intriga 50/50 foizligicha qolmoqda.
O‘zbekiston RespublikasiTurkiya saylovlariSinan O‘g‘anRajab Toyyib Erdo‘g‘ansiyosiy muammolarmigrantlar masalasi O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar