17:07 / 31.05.2023
369

Xitoyning Markaziy Osiyoga ta’siri: Rossiya yangi raqobatchi soyasida

Xitoyning Markaziy Osiyoga ta’siri: Rossiya yangi raqobatchi soyasida
Tadqiqotchi Niva Yau Atlantika Kengashi veb-saytidagi maqolasida Markaziy Osiyo yetakchilari Xitoyning ularga yaqinlashish bo‘yicha doimiy sa’y-harakatlari fonida “tuzog‘ga tushib qolishlari mumkin”, deb fikr bildirgan. Muallifning fikricha, o‘nlab yillar davomida hech qanday kuchga ustunlik bermay, muvozanatni saqlab kelgan mintaqa Xitoyga qaram bo‘lib qolishi mumkin.
 
O‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo-Xitoy” sammitida Xitoy yetakchisi Si Szinpin mintaqa yetakchilarini qutblashgan dunyoda Pekinga ishonish mumkinligiga ishontirishga urindi, deydi Atlantic Council'ning Global Xitoy markazi xodimi Niva Yau.
 
Muallif fikricha, Markaziy Osiyoning boshqa tashqi o‘yinchilar bilan hamkorlik qilish qobiliyati pasaygan vaziyatda Xitoy o‘zining ekspansionistik kampaniyasini kuchaytirmoqda. Rossiya Ukrainadagi urush botqog‘iga tushib qoldi, Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketganidan keyin mintaqaga e’tiborini kamaytirdi. Turkiya, Hindiston, Yevropa Ittifoqi va AQSHning mintaqa bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan dasturlarini Xitoy tashabbuslari bilan solishtirib bo‘lmaydi.
 
Tadqiqotchining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy “mintaqaga o‘zining avtoritar amaliyotlarga oson moslashadigan boshqaruv uslubini eksport qiladi”. Fuqarolik jamiyatini bostirish, jurnalistlarni hibsga olish va faollarni ta’qib qilish, bu usullar Xitoyda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan.
 
“Markaziy Osiyoning har qanday yirik davlat hukmronligiga yo‘l qo‘ymaslik istagiga qaramay, “ko‘p vektorli” yondashuvni amalda qo‘llash qiyin bo‘ldi, chunki Xitoyning mintaqadagi ambitsiyalari va faolligi tez sur’atlar bilan o‘sdi”, - deydi Niva Yau.
 
Mintaqa yetakchilari ichki auditoriyaga Pekin bilan yaqinlashish zarurligini dengizga chiqish imkoniyati yo‘qligi va umumiy chegara mavjudligi bilan izohlamoqda. Pekinning Shinjondagi turkiy xalqlarni ta’qib qilishi mintaqa rahbarlarini Xitoydan qaytara olmadi. Ekspertlar fikricha, Markaziy Osiyoning yirik qo‘shnisi bilan yaqin aloqada bo‘lishdan boshqa iloji yo‘q, deb yozadi ekspert.
 
Niva Yauning fikricha, Pekin ertami-kechmi mintaqadagi haddan tashqari faol diplomatiyadan voz kechadi. Buning sabablaridan biri Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin mintaqada kuchaygan dekolonizatsiya jarayoni va milliy o‘zlikni izlashdir. Tadqiqotchi Turkiya tarixiy rishtalar, umumiy til va madaniyat nuqtai nazaridan Markaziy Osiyoga yaqinroq o‘yinchi, deb hisoblaydi. Turkiya boshchiligidagi turkiy davlatlarning tashkiloti turkiy o‘zlikni tiklash, Rossiya va Xitoy ta’sirini kamaytirishni istagan Markaziy Osiyo uchun muhim vektorga aylanishi mumkin, deya xulosa qiladi muallif.
 
Pekin Markaziy Osiyo xavfsizligining kafiliga aylanishga harakat qilyaptimi?
 
Xitoy Rossiyani Markaziy Osiyodan siqib chiqarmoqda, deydi Jamestown Foundation veb-saytida maqolasi chop etilgan Amerika tashqi siyosat tadqiqotlari instituti tadqiqotchisi Stiven Blank. Moskvaning Ukrainaga bostirib kirishi tufayli mintaqadagi ta’siri zaiflashdi, deb yozadi muallif. Rossiya Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlariga ta’sir o‘tkazish qobiliyatini yo‘qotmagan bo‘lsa-da, uning imkoniyatlari sezilarli darajada toraygan, deb hisoblaydi Blank. Uning fikricha, Sian shahrida bo‘lib o‘tgan “Xitoy-Markaziy Osiyo” sammitida Pekin bo‘shliqni to‘ldirayotganini ko‘rsatdi.
 
Sammit Pekinga mintaqa bilan iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash imkonini berdi, Xitoy “Bir kamar, bir yo‘l” loyihasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlariga 3,68 milliard dollar sarmoya kiritish, portlar, temir yo‘llar va quvurlar infratuzilmasini rivojlantirishga va’da berdi.
 
Blankning fikricha, buning ortida Pekinning Moskvani mintaqadagi “xavfsizlikning asosiy kafolati” sifatida almashtirish istagi turibdi. Si Szinpin o‘z nutqida “Markaziy Osiyo davlatlarining suvereniteti, mustaqilligi, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish zarur”, dedi. Muallifning so‘zlariga ko‘ra, bu Qozog‘istonning hududiy yaxlitligi haqida munozarali bayonotlar berib, respublikaning shimoliy viloyatlarini anneksiya qilish ehtimoli haqida gapirayotgan rossiyalik siyosatchilar va ommaviy axborot vositalari xodimlariga “pardalangan, ammo ochiq-oydin” zarba bo‘ldi.
 
Si Szinpin, shuningdek, Xitoy Markaziy Osiyoga huquq-tartibot idoralari salohiyatini mustahkamlashga yordam berishga tayyorligini aytdi. Blankning yozishicha, bu Pekinning Moskvani siqib chiqarish niyatini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
 
Ammo Xitoy o‘z maqsadlariga erishishiga kafolat yo‘q, deya davom etadi ekspert. Mintaqada “Bir kamar, bir yo‘l” tashabbusiga asosan salbiy munosabat shakllangan. Qolaversa, beshta “ston” Xitoy puliga qaram bo‘lishdan ko‘ra, o‘z suvereniteti va mustaqilligini saqlab qolishdan ko‘proq manfaatdor.
 
Agar G‘arb Rossiyaning zaiflashuvi natijasida yuzaga kelgan bo‘shliqqa e’tibor bermasa, Xitoy raqiblarini siqib chiqarib, mintaqadagi yagona o‘yinchiga aylanishi mumkin. Pekin imkoniyatdan foydalanib, raqobatchilarni orqaga surmoqchi. “Albatta, bu musobaqadagi so‘nggi harakat bo‘lmaydi. Va, albatta, G‘arb Xitoy imperiyasining Rossiya imperiyasi vayronalari ustida paydo bo‘lishini istamaydi”, deb yozadi Blank.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoyning Markaziy Osiyoga ta’siri: Rossiya yangi raqobatchi soyasida
ePN