
Saylovning ikkinchi turi natijalari e’lon qilinganidan keyin poytaxt Anqara ko‘chalari Turkiya bayroqlari, avtomobillarning tinimsiz signallari va Rajab Toyyib Erdo‘g‘anni olqishlayotgan tarafdorlaridan iborat kaleydoskopga aylandi.
Uning buyurtmasi bo‘yicha qurilgan va mingdan ortiq xonalardan iborat prezidentlik saroyi (Qilichdoro‘g‘li saylovda g‘olib bo‘lsa, bu saroyni jamoatchilik foydalanuvi uchun berishni va’da qilgandi) atrofida ko‘p sonli olomon yig‘ildi.
«Prezidentimiz bizni yana boshqara boshlashi - chinakam baxt. Bundan kuchliroq tuyg‘u yo‘q. Mayli, butun dunyo buni eshitsin. U - butun dunyoga chaqiriq tashlagan va butun dunyoga dars o‘tgan yetakchi», deydi 50 yoshli Hadicha Duran ro‘moli ostidan jilmayib.
«Bu uning maftun etadigan muhim qismi: Erdo‘g‘an - hech kimga bosh egmaydigan kuchli yetakchi, zamonamiz sultoni», deya qayd etadi BBC’ning Anqaradagi sharhlovchisi Orla Gerin.
Saylovlar ko‘rsatdiki, Turkiyadagi ko‘pchilik yaxshi rahbardan ko‘ra kuchli yetakchini afzal ko‘radi, deydi u.
Turkiyada prezidentlik kampaniyasi davrida g‘arb mamlakatlari poytaxtlaridagilar Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning 20 yillik boshqaruviga yakun yasalishini kutib jim turishdi. Ammo uning g‘alabasi g‘arb mamlakatlarini murakkab vaziyatda qoldirdi, deb hisoblaydi ekspertlar.
Muhim ittifoqchi
Ukrainadagi urush fonida Turkiyaning global miqyosdagi strategik ahamiyati keskin ko‘tarilganini yakshanba kuni kechqurun jahon yetakchilari Erdo‘g‘anni saylovdagi g‘alaba bilan tabriklashga shoshilganidan ham ko‘rish mumkin.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin birinchilardan bo‘ldi, holbuki u odatda natijalar rasman e’lon qilinishini kutardi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Erdo‘g‘anning g‘alabasiga - uning «mustaqil tashqi siyosat» yuritishi sabab bo‘lgan.

«Ishonch bilan taxmin qilish mumkinki, Rossiyaga Turkiya siyosati ma’qul kelishi Ukrainaga keng ko‘lamli bosqindan keyin, NATOdagi ittifoqchilar, o‘zlarining energetik qaramligiga qaramay sanksiyalar qo‘llaganidan keyin ham Erdo‘g‘an Kremlni tanqid qilishni istamagani bilan izohlanadi», deya qayd etadi BBC sharhlovchisi Katya Adler.
Ammo AQSh va Fransiya prezidentlari ham Erdo‘g‘anni zudlik bilan tabriklashdi. Anqaraning Moskva bilan yaqinlashuvi va mamlakatda demokratik erkinliklarga hujum ularga yoqmayotganiga qaramay, G‘arb mamlakatlari uchun Turkiya - muhim ittifoqchi, garchi u bilan munosabatlar murakkab va doim ham oldindan aytib bo‘lmaydigan darajada bo‘lsa-da.
Turkiya NATO harbiy alyansining muhim a’zosi hisoblanadi va uning barcha missiyalarida muntazam ishtirok etadi.
Erdo‘g‘an Rossiya bilan yaqin aloqalarni qo‘llab-quvvatlaydi, shu bilan birga Ukrainaga ham harbiy yordam ko‘rsatadi.
Uning vositachiligi urushayotgan tomonlar o‘rtasida g‘alla kelishuvi tuzilishiga yordam berdi, bu esa o‘sib borayotgan global oziq-ovqat inqirozini yengillashtirdi.
U Finlandiyaning NATOga qabul qilinishiga e’tiroz bildirmadi, tahlilchilar fikricha, keyinroq Shvetsiyaning alyansga kirishiga ham rozi bo‘ladi.
Turkiya - Yevropaga migratsiya muammolarini hal qilishda muhim mamlakat hisoblanadi: 2015 yilgi migratsiya inqirozidan keyin katta miqdordagi mablag‘lar va ma’lum darajadagi viza imtiyozlari evaziga Erdo‘g‘an Turkiya orqali o‘tayotgan migrantlarning katta oqimi Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lgan mamlakatlar chegaralariga yetib bormasligi uchun bor imkoniyatini ishga solgandi.
Guardian nashrining diplomatik korrespondenti Patrik Vintur ta’kidlaganidek, G‘arb Erdo‘g‘an Turkiyani liberal va dunyoviy qadriyatlardan yanada uzoqlashtirishidan xavfsiraydi, ammo yana nomzodini qo‘yish huquqiga ega bo‘lmasligi va shunga ko‘ra, millatchi elektoratga yoqishga urinishiga hojat bo‘lmasligidan kelib chiqqan holda, hech bo‘lmaganda boshqa fikrlarga ham quloq solishi va o‘z tashqi siyosatida o‘z jonini saqlashdan tashqari boshqa narsalarga ham asoslanishiga umid qiladi.
«Nima bo‘lganda ham, Erdo‘g‘an qiladigan tanlov nafaqat Turkiya uchun, balki NATO va Ukrainadagi urush tugaganidan keyin yuzaga keladigan har qanday dunyo tartiboti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi», deb yozadi Vintur.

G‘arblik diplomatlar va tahlilchilar kelgusida Erdo‘g‘anning Putin bilan yaqinlashuvi kuchayib ketishidan xavfsiraydi va ko‘pchilik optimistik kayfiyatda emas.
G‘arb nima taklif qilishi mumkin?
Aftidan, G‘arb yetakchilari Anqaraga ma’lum masalalarda yon berishga tayyor. Ammo buni amalga oshirish oson bo‘lmaydi.
Masalan, kurdlar soni sezilarli darajada ko‘p bo‘lgan Shvetsiya (Finlandiya bilan solishtirganda) Erdo‘g‘anning ba’zi talablarini, jumladan ro‘yxati Shvetsiya hukumatiga hali taqdim etilmagan 140 nafar kurdni ekstraditsiya qilish talabini ratsional asoslash qiyinligini bildirgan.
Stokholm Anqarani rozi qilish uchun aksilterror qonunlarni qat’iylashtirgan va Shvetsiyadagi kurdlar jamiyati YeI va Turkiya terrorchilik tashkilotlari deb biladigan Kurdiston ishchi partiyasini moliyalashtiruvchi yirik manba ekani haqidagi dalillarni o‘rganishga tayyor. Ammo shved hukumati sudyalarga kurdlarni topshirish haqida qaror chiqarishni buyura olmaydi.
Jo Bayden Erdo‘g‘anni avtokrat deb atagan bo‘lsa-da, 20 mlrd dollarlik F16 qiruvchi samolyotlarini sotishni ma’qullab, Turkiya bilan munosabatlarda yangi sahifa ochishga tayyorligini bildirdi. Ammo AQSh prezidenti buning uchun avvaliga Vakillar palatasi va Senatning xorijiy ishlar bo‘yicha qo‘mitalari rahbarlarini ham sotuvni ma’qullashga ko‘ndirishi kerak bo‘ladi.
Vakillar palatasining xorijiy ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi, respublikachi Maykl Makkol yaqinda sotuvni ma’qullashga tayyorligiga ishora qildi - lekin buning uchun Shvetsiyaning NATOga a’zoligi masalasi ijobiy hal etilishi kerak. Ammo Kongressdagi demokratlar hamon Turkiyadan Gretsiyaga tahdidlar bas qilinishi bo‘yicha ko‘proq kafolat olishni istashmoqda.
Yevropa komissiyasi Erdo‘g‘anning avtoritar hukmronligi kuchayib borayotganiga tanqidiy yondashadi. «Yevropa ittifoqining demokratiya, qonun ustuvorligi, asosiy huquqlar va sudlar mustaqilligining yomonlashuvi davom etayotgani borasidagi jiddiy xavotirlari inobatga olinmadi. Iqtisodiyotni boshqarish, bozor iqtisodiyotining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi borasidagi tashvishlar kuchaydi», deyilgan Yevropa tashqi aloqalar xizmatining 2022 yil uchun hisobotida.
2018 yilda Yevropa ittifoqi Turkiya bilan YeIga a’zo bo‘lish bo‘yicha 2005 yildan buyon olib borilayotgan muzokaralarni amalda to‘xtatib qo‘ygandi, ammo bunday muzokaralar butunlay to‘xtamagan. Erdo‘g‘anning g‘alabasidan keyin muzokaralar tiklanishi mumkin, ammo bundan avval Turkiya Kiprni hech bo‘lmaganda bilvosita YeI a’zosi sifatida tan olishi kerak bo‘ladi. Turkiya qo‘shini qariyb 50 yildirki orolning shimoliy qismini egallab turibdi.
Bryusseldagi European Policy Centre tahliliy markazi katta tahlilchisi Amanda Polning hisoblashicha, Erdo‘g‘anning g‘alabasi o‘zgarish uchun kam imkoniyat qoldirmoqda. «Garchi ko‘p narsa faqat Turkiyaga emas, Yevropa ittifoqiga bog‘liq», deya tan oladi u.
Polning so‘zlariga ko‘ra, YeIga a’zo davlatlar ayni vaqtda tobora millatchi bo‘lib borayotgan Turkiya bilan ishlashdan unchalik manfaatdor emas.
«Shu bilan birga, YeIga a’zolik g‘oyasi hamon turklar orasida ommabop. Aholining 70 foizi hamon YeIga a’zo bo‘lishni xohlaydi», - deya qo‘shimcha qilgan u.

Turkiyaning o‘zida suriyalik qochqinlar soni (hozirda mamlakatda 3,5 million atrofida) ortib borayotgani ham ma’qullanmaydi. Turkiyadagi parlament saylovlarida ishtirok etgan barcha siyosiy partiyalar «migrantlar muammosi»ni hal qilish uchun choralar qabul qilish va’dasini berishgan.
2020 yilda Erdo‘g‘an Gretsiya bilan chegarani ma’lum muddatga ochib yuborib, Yevropa Ittifoqi bilan siyosiy qarama-qarshilikda qochqinlardan foydalangandi.
Mintaqadagi kuchli davlat
Erdo‘g‘anning G‘arb bilan munosabatlaridagi muammolar kompleksli bo‘lib, ularni hal qilishda ham kompleks yondashuv kerak.
Turkiya G‘arb qiruvchi samolyotlarini sotib olishining o‘zi Anqara va Moskva munosabatlari yomonlashuvi uchun yetarli sabab bo‘lishi dargumon: saylovoldi kampaniyasi chog‘ida u Turkiya va Rossiya alohida aloqalarga egaligi haqida gapirib, o‘zining Putin bilan shaxsiy aloqalarini eslatgan va shuning evaziga g‘alla kelishuvini tuzishga muvaffaq bo‘linganini aytgan.
Amerikalik diplomatlar Erdo‘g‘anni G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini chetlab o‘tayotgan turk biznesini jilovlashga ko‘ndirish uchun bir necha bor Anqaraga safar qilishdi, ammo u qadar muvaffaqiyatga erisha olishmadi. Turkiya Rossiyaga qarshi sanksiya qo‘llamoqchi emas, o‘z navbatida, Vashington ham Turkiyaga qarshi ikkilamchi sanksiyalar kiritish bilan Erdo‘g‘anni uzil-kesil Putinning quchog‘iga itarishni istamaydi.
Erdo‘g‘anning qayta saylanishi bilan Turkiyaning YeIga ehtimoliy kirishi masalasi yana chuqur qutiga tashlab qo‘yildi, qolaversa, 20 yil oldingidan farqli o‘laroq, Yevroittifoqqa kirish masalasi turklar prezidenti kun tartibidagi so‘nggi masalalar qatoriga tushib qolgan.
Balki, asosan Erdo‘g‘anning o‘zining harakatlari sababli bu ahvolga tushib qolgan, fevral oyidagi halokatli zilzila ko‘rinishida qo‘shimcha zarba olgan Turkiya iqtisodiyotining qayg‘uli ahvoli G‘arbning Anqaraga bosim o‘tkaza oladigan dastagi bo‘lib chiqishi mumkin - shunda ham faqat ma’lum chegaralar doirasida.
Erdo‘g‘anning qo‘shnilar - Saudiya Arabistoni, Suriya, Misr va Armaniston bilan keskinlikni kamaytirish rejalari - umuman olganda, G‘arbda ma’qullanadi va shu ma’noda uning qayta saylanishi - qisqa muddat uchun bo‘lsa ham yaxshi xabardir. Uning suriyalik qochqinlarni zudlik bilan vataniga qaytarishni va’da qilgan raqibining (bu yerdan ular yana Yevropa tomon oqib kelgan bo‘lardi) yutqazishi - ham.
Ammo saylovlar yakuniga ko‘ra Erdo‘g‘an eski ittifoqchilar fikri bilan yanada kamroq hisoblashib, ko‘proq yangi ittifoqchilarga tayangan holda mintaqaviy superqudratli davlat tuzishda davom etish imkonini beradigan mandatga ega bo‘ldi.
Turkiyani o‘z orbitasida saqlab qolishga urinayotgan G‘arb davlatlari unga nima taklif qila oladi va u bu takliflarni ishonarli deb biladimi - bu katta savol.
Qolaversa, Erdo‘g‘anning uchinchi muddati chindan uning so‘nggi muddati bo‘lishiga kafolat ham yo‘q.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!