Bu tadbirkorlarning ismlari va ularning kompaniyalari haqida yaxshi bilasiz, lekin ular dunyodagi eng boy odamlar boʻlishdan oldin koʻp xatolarga yoʻl qoʻygan va muvaffaqiyatsizlikka uchragan.
Jeff Bezos

Elektron tijorat bozoridagi gigant — Amazon asoschisi Bezosning fikricha, biznesmen omadsizliklardan eng muhim saboqlarni oladi. Kompaniya tarixida ikkita katta muvaffaqiyatsizlik boʻlgan.
Milliardlab dollar daromad keltirgan muvaffaqiyatsizlik
1990 yillarning oxirida Amazon kimoshdi savdosi kabi xaridor oʻz narxini taklif qilishi mumkin boʻlgan platforma yaratib, aBay bilan raqobatlashishga urinib koʻradi. Bezos tan olganidek, Amazon Auctions “yaxshi natija bermaydi”. Bu yangilik Amazon’ning asosiy afzalligi — mijozning kerakli mahsulotni topish va uning uchun belgilangan past narxni toʻlash qobiliyatiga zid edi. Biroq bu omadsizlik uchinchi tomon sotuvchilarga saytda savdo qilishiga ruxsat berish haqidagi gʻoyaga turtki boʻladi. Shu tariqa hozirda kompaniyaga milliardlab dollar olib keladigan muvaffaqiyatli Amazon Marketplace elektron tijorat platformasi yaratiladi.

Kelajakda xatolarni hisobga olishga yordam bergan omadsiz mahsulot
Amazon’ning ikkinchi muvaffaqiyatsizligi 2014 yilda Bezos tomonidan taqdim etilgan Fire Phone smartfoni boʻladi. Fire Phone Amazon’ning omadsizlikka uchragan eng katta mahsulotlaridan biri boʻlsa-da, bu kabi muvaffaqiyatsizliklar biznesning bir qismi hisoblanadi. Natijada Alexa virtual yordamchisini ishlab chiqishda ushbu loyihada qilingan xatolar hisobga olinadi.
Larri Ellison

Ellison — biznes uchun dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchi dunyodagi eng yirik Oracle kompaniyasi asoschisi. Boʻlajak tadbirkor uchun bolalik va oʻsmirlik davri oson kechmaydi: Larri goʻdakligida ogʻir kasal boʻlib, qarindoshlari tomonidan tarbiyalangan, universitetga ikki marta kirib, ikki marta tashlab ketgan. U oʻqish oʻrniga xususiy kompaniyalarda ishlab chiqaruvchi mutaxassis sifatida ishlaydi va oʻshanda ham u birovning qoʻlida ishlashdan koʻra koʻproq narsaga qodir ekanligini tushunadi. 70 yillarning oxirida u bir nechta hamfikrlar bilan birgalikda hozirgi kunda Oracle nomi bilan dunyoga mashhur kompaniyaga asos soladi.
Buxgalteriya hisobiga beparvolik va yoʻqotishlar
Oracle dastlabki yillarda yuqori tijoriy natijalarni koʻrsatadi, masalan, 1986 yildan 1990 yilgacha uning tovar aylanmasi 10 barobarga oshadi. Biroq 1990 yilda kompaniya oʻz tarixidagi birinchi yillik zararni qayd etadi. Inqiroz moliyaviy masalalarni yaxshi bilmaslik va beparvolik tufayli yuzaga kelgan. Keyinchalik Ellison buxgalteriya hisobiga beparvolik qilib, dahshatli biznes xatoga yoʻl qoʻyganini tan oladi.

Xatolar ustida ishlash
Ushbu xatolardan muhim saboqlar olinadi, Ellison yosh menejerlarni tajribaliroqlari bilan almashtiradi, mijozlarga nisbatan haddan tashqari saxiylikni toʻxtatadi, shuningdek, qarzdorlardan qarzlarini undirishni buyuradi. Bir necha yil oʻtgach, Oracle oʻsishda davom etadi. Hozirgi vaqtda Oracle dunyodagi ikkinchi yirik dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi (Microsoft’dan keyin).
Bill Geyts

Bu biznesmen oʻzining muvaffaqiyatli Microsoft kompaniyasi bilan mashhur, ammo bu uning birinchi loyihasi emas.
Talabalikdagi birinchi tajriba
Garvard talabasi sifatida Bill Geyts hamfikrlari bilan birgalikda Traf-o-data IT-kompaniyasini yaratadi, u magistrallarda harakatlanishni hisobga olish va muhandislarga ma'lumot uzatish uchun moʻljallangan. Dasturning maqsadi tirbandlikni kamaytirishga yordam berish edi, ammo doimiy nosozliklar uni muvaffaqiyatli amalga oshirishga toʻsqinlik qiladi.
Global korporatsiyaga aylangan muvaffaqiyatsiz loyiha
Keyinchalik Geytsning oʻzi bu biznes bir oz foyda keltirgan boʻlsa-da, umuman olganda omadsiz boʻlganini va dastur yomon ishlanganini tan oladi. Hatto boshqalarni sindirishi mumkin boʻlgan narsa Geyts uchun unga ancha kuchli tashkilot — Microsoft’ni yaratishda yordam bergan qimmatli tajriba edi.

Shuni ta'kidlash kerakki, Geyts tomonidan yaratilgan Microsoft loyihalarining hammasi ham muvaffaqiyatli boʻlmagan. Ammo biznesdagi xatolar tufayli Bill Geyts muvaffaqiyatga erishdi — endi u dunyodagi eng boy odamlardan biri.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring