15:00 / 17.06.2023
282

Haaga orderi to‘xtatilishi evaziga qo‘shinlarni olib chiqish: Afrikaning tinchlik rejasiga yana nimalar kiradi?

Haaga orderi to‘xtatilishi evaziga qo‘shinlarni olib chiqish: Afrikaning tinchlik rejasiga yana nimalar kiradi?

Siril Ramafosa rahbarligidagi JAR delegatsiyasi Kiyevdagi Mixaylovskiy maydonida yo‘q qilingan Rossiya harbiy texnikalarini tomosha qilmoqda. 2023 yil 16 iyun. Foto: Yan Dobronosov / UNIAN

Rossiya-Ukraina urushida Xitoy va Indoneziya tomonidan taklif etilgan tinchlik rejalari qatoriga afrikaliklarniki ham qo‘shildi. Albatta, bu bejiz emas. Qora qit’a davlatlari bu urush tezroq tugashidan ma’lum bir iqtisodiy manfaatni ko‘zlaydi.

Afrikaning bir qator davlatlari yetakchilari Kiyevga yangi «ishonchni mustahkamlash bo‘yicha choralar» ko‘tarib kelishdi. Ularni «tinchlik rejasi», yo‘l xaritasi va h.k. deb atashmoqda. Xo‘sh, ularning Ukraina va Rossiya rahbariyatiga yetkazmoqchi bo‘layotgan tinchlik rejasi nimalardan iborat?

Eslatib o‘tmoq joiz, bu afrikaliklarning ikkinchi yildirki davom etayotgan urushda tinchlikparvar missiyasi bilan chiqish qilishga ikkinchi urinishi. Hozir ko‘pchilik ularning ilk missiyasi 2022 yil oktyabrida kutilmaganda o‘rtaga chiqqanini unutib yuborgan. O‘shanda mittigina, doim harbiy davlat to‘ntarishlari bilan chayqalib turadigan Gvineya-Bisau davlati prezidenti Umaru Sissoku Embalo Kiyev va Moskva o‘rtasida qatnagandi. Bu haqdagi yangiliklar avvaliga kimlargadir irqchilikka yo‘g‘rilgan latifadek yoki Kremlning navbatdagi nayrangidek ko‘ringan bo‘lishi mumkin, nima bo‘lganda ham, o‘sha vaqtda (Ukrainaning ilk muvaffaqiyatli qarshi hujumidan so‘ng) bu missiya muvaffaqiyatsizlikka uchrashi tayin edi va shunday bo‘ldi ham.

Biroq bugunga kelib, Afrika nomidan vazmin harakatlar amalga oshirilmoqda.

Birinchidan, ularning yangi tinchlikparvar missiyasini Janubiy Afrika Respublikasi prezidenti Siril Ramafosa boshqarmoqda. JAR — bu Gvineya-Bisau emas, u sanoati rivojlangan, jahonning top-20 iqtisodiyotlariga qatoriga kiruvchi, qora qit’aning birinchi iqtisodiyoti.

Boz ustiga, JAR Niderlandiya, Yaponiya, Braziliya, Argentina kabi zarurat tug‘ilganda bir necha oy ichida o‘z yadro qurolini yaratish imkoniyatiga ega davlatlar sirasiga kiradi.

Sanalgan davlatlar hozircha yadroviy qurollarni tarqatmaslik doktrinisaga sodiq qolmoqda va o‘z vaqtida yadroviy dasturlarini to‘xtatib qo‘yishgan (xususan, JAR o‘zida mavjud atom bombalarni ham yo‘q qilgan). Lekin yaratish imkoniyatini saqlab qolishgan.

Ikkinchidan, bunday missiyaga kirishish uchun afrikaliklar BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning shaxsan o‘zidan «oq fotiha» olishgan. U bilan suhbatda Ramafosa Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va RF prezidenti Vladimir Putin bilan bu borada suhbatlashishga ulgurganini aytgan. JAR prezidentiga ko‘ra, ularning har ikkisi Afrika davlatlari missiyasini qabul qilishga rozi bo‘lishgan.

Uchinchidan, JAR BRICS (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika Respublikasi) blokiga a’zo.

To‘rtinchidan, Kiyev va Moskvaga tashrif buyurishi kutilayotgan delagatsiyaga JAR prezidenti Siril Ramafosa va Senegal prezidenti Maki Salladan tashqari Zambiya, Komor orollari yetakchilari, Uganda va Misr bosh vazirlari ham kirgan.

Yana bir muhim jihat: ukrainlar yaqindagina Xitoyning tinchlik tashabbuslarini va o‘zini tinchlikparvar rutbasida sinab ko‘rgan Indoneziya prezidenti takliflarini rad etishgan edi. Hozir rasmiy Kiyev Afrikaning yangi missiyasiga jiddiy e’tibor bermoqda. Bu afrikaliklarning tashabbusiga nafaqat Ukraina hukumati, Ukraina OAV ham ijobiy reaksiya bildirayotganida ko‘rinadi. Hech kim mayna yoki kalaka qilmayapti, faqat masalaning mohiyati haqida gap bormoqda.

Bunga sabab Afrika davlatlari tinchlik rejasining asosiy punktlaridan biri – Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadan olib chiqib ketilishini nazarda tutayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Chunki avvalgi tashabbuslarda Xitoy ham, Indoneziya ham urushni tomonlar ayni damda o‘zlari egallab turgan pozitsiyalarda muzlatishni taklif qilishgan va buni ukrainlar keskin rad etgandi. Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning qaysi qismidan olib chiqib ketilishi lozimligi, tabiiyki, hozircha oshkor qilinmayapti. Biroq Kiyev va Moskvani muzokara stoliga o‘tqazish uddalansa, bu asosiy savollardan biriga aylanadi.

Bu borada qayd etib o‘tish joizki, Rossiya qo‘shinlarini Ukraina hududlaridan olib chiqish Ukraina rahbariyati tomonidan agressor bilan muzokaraga kirishining dastlabki sharti sifatida anchadan buyon ilgari surib kelinadi.

Afrikaliklarning ushbu tinchlik rejasidagi yana bir punkt — Belarusdan yadroviy qurollarni o‘z iziga qaytarib yuborish. Buning evaziga Haagadagi xalqaro jinoyat sudining orderi amalga oshirilishi to‘xtatilishi va Rossiyaga qarshi sanksiyalar yumshatilishi taklif etilmoqda.

Bularning barchasi ehtiyotkorona nekbinlik uyg‘otadi, chunki afrikaliklarning tinchlik rejasi ukrainaliklarning frontda qarshi hujumga o‘tayotgani fonida ilgari surilmoqda.

Tabiiyki, Afrika davlatlarining Rossiya-Ukraina urushini imkon qadar tezroq tugatish istagida o‘zining iqtisodiy manfaatlari yotadi. Ular Ukraina g‘allasining Afrikaga eksport qilinishi Rossiya tomonidan to‘silishi, Rossiya mineral o‘g‘itlarining eksportiga Ukraina to‘sqinlik qilishidan xavotirda.

Bu holatda Rossiya rahbariyati Qora qat’ada ocharchilik vujudga kelishi tahdidiga Kreml minorasidan turib tupurib qo‘yganiga aslo shubha qilmaslik kerak. Lekin Kreml shaxsiy xavfsizlik masalasiga tupurib qo‘ya olmaydi. Bu shunday yoki yo‘qligi yaqinda ma’lum bo‘ladi. Savdoning eng ko‘rinib turgan ehtimolli varianti — Rossiya qo‘shinlarini 2022 yilning 24 fevral holatidagi chegaralarga qaytarish bo‘lsa kerak.

«Tabiiyki, urush qanchalik cho‘zilaversa, uni o‘z hokimiyatini mustahkamlash uchun boshlagan Putinning hukmronlik jilovini o‘z qo‘lida saqlab qolish imkoniyatlari pasayib boraveradi. U o‘zi o‘ylab topgan bu boshog‘riqdan qanday qutilishi o‘ninchi darajali ish», — deb yozadi jurnalist Aleksandr Jyelenin.

Biroq, JAR rahbari boshchilik delegatsiya 16 iyun kuni Kiyevga kelganida Rossiya Kiyev oblastiga raketa zarbalari berdi. Garchi Putin JARni dunyoning G‘arbga muqobil bir qismi sifatida ko‘rsa ham, BRICS’da bir stol atrofida o‘tirsa ham, ularni ayab o‘tirmadi.

«Kiyev oblastiga yog‘dirilgan raketa hujumi chog‘ida Afrika oliy delegatsiyasi bombapanagohga tushishga majbur bo‘ldi. Chindan ham Putin Afrikaga tupurib qo‘yganga o‘xshaydi. Chunki ushbu tashrif u bilan avvaldan kelishilgandi... Boz ustiga, Kiyev oblastiga raketa zarbasi afrikalik yetakchilarga nafaqat bepisand munosabatni, irqchilikka yo‘g‘rilgan, yashirib bo‘lmas chuqur nafratni ham ko‘rsatib qo‘ydi.

Putin Afrikaga Lavrovni yana bir marta aylanishga jo‘natganida, uning qora qit’a uchun mo‘ljallangan «aksilmustamlakachilik» ritorikasi, Rossiyaning sovet davridagi «do‘stona munosabatlar»ga ishora qilishi demagogiyadan boshqa narsa emasligini Afrika yetakchilari nihoyat anglab yetishi mumkin.

Bu raketa zarbasining asosiy mazmuni esa shunday. Putinga Ukrainani urushda yengish mumkindek tuyulgani hamono (Ukrainaning yozgi qarshi hujumining dastlabki bosqichi uni bunga ishontirdi) u hech qanday real tinchlik muzokaralariga rozi bo‘lmaydi, kim bilan erishilgan bo‘lishidan qat’i nazar, avvalgi kelishuvlarning barchasini o‘z odatiga ko‘ra, axlat chelagiga uloqtiradi. Shu munosabat bilan avval ham ko‘p aytilgan, ta’kidlangan, isbotlangan narsani yana qaytarishga majburmiz: Putin faqat kuchni tan oladi», — deb yozadi Jyelenin.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Haaga orderi to‘xtatilishi evaziga qo‘shinlarni olib chiqish: Afrikaning tinchlik rejasiga yana nimalar kiradi?
ePN