
Braziliyaning Vakariya munitsipalitetida yuz bergan fojiali hodisa butun mamlakat jamoatchiligini larzaga soldi. Asalarilar to‘dasining hujumi oqibatida ota va qiz halok bo‘ldi, deb xabar berdi Daily Mail.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Silvana da Fatima Bragansa da Lush avtomobilni boshqarib ketayotganda, tasodifan yo‘l chetidagi arilar uyasini bosib o‘tgan. Natijada to‘da hujumi boshlangan. Kutilmaganda yuz bergan bu voqea ayolni hushidan ketkazgan. Yordam chaqiriqlarini eshitgan mahalliy aholi zudlik bilan yordamga yetib kelgan.
Silvananing 79 yoshli otasi ham qizini qutqarish uchun hech narsadan qaytmagan — u ham hech ikkilanmasdan voqea joyiga borgan. Ammo afsuski, uni ham arilar chaqib, og‘ir ahvolga solgan. Erkak shifoxonaga yetkazilganiga qaramay, shifokorlar uning hayotini saqlab qololmagan — u ertasi kuni vafot etgan.
Shu bilan birga, qutqaruvchilarning aytiishiga ko‘ra, ular voqea joyiga yetib kelgungacha juda qimmatli vaqt yo‘qotilgan. Sababi, ularning stansiyasi hodisa joyidan 60 kilometr uzoqda joylashgan edi. Vaqtida yetib bormaslik, afsuski, ikki hayotni saqlab qolish imkonini yo‘qqa chiqargan.
Hodisani o‘rganayotgan mahalliy politsiya vakillari ma’lum qilishicha, ayolni yuzlab arilar chaqqan, qutqaruvchilar yetib kelganida u hali tirik bo‘lgan, ammo og‘ir holda bo‘lgan. Barcha harakatlarga qaramay, shifokorlar uning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishmagan.
Mahalliy fuqaro Juliano Gibbert bu holatni izohlar ekan, “Asalarilar hujumi kutilmaganda sodir bo‘ladi. Yo‘l yonida ularning uyasi bo‘lmasligi kerak edi. Agar tez yordam vaqtida yetib kelganda, ehtimol, ularni saqlab qolish mumkin bo‘lardi”, degan.
Hozirda politsiya hodisaning barcha tafsilotlarini o‘rganmoqda. Aytish kerakki, bu birinchi marta bo‘lgan holat emas — sentyabr oyida ham Xitoyning Yunnan provinsiyasida ikki bola yuzlab ari chaqishi oqibatida halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Muttaxassislar fuqarolarni asalarilar uyalariga yaqinlashmaslikka, ayniqsa, transport vositalari bilan harakatlanish paytida tabiiy muhitdagi ehtimolli xavf manbalariga e’tiborli bo‘lishga chaqirayotganini ta’kidlamoqda.
Bu voqea yana bir bor tabiat kuchlariga nisbatan ehtiyotkorlik va ehtirom qanchalik muhim ekanini eslatdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!