date

“Inter” darvozaboni qatnashgan avtohalokat fojiali yakun topdi

“Inter” darvozaboni qatnashgan avtohalokat fojiali yakun topdi

Italiya chempionatida ishtirok etuvchi “Inter” klubining 27 yoshli ikkinchi darvozaboni Xosep Martines bilan bog‘liq noxush xabar Yevropada katta muhokamaga sabab bo‘ldi.

La Gazzetta dello Sport nashri ma’lum qilishicha, hozirgi paytda Martines juda og‘ir ruhiy holatda, chunki u ishtirok etgan avtohalokat fojiali yakun bilan tugagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa Italiyaning Komo viloyatidagi aholi yashaydigan hududda sodir bo‘lgan. Futbolchi boshqaruvidagi avtomashina nogironlar aravasida harakatlanayotgan 81 yoshli erkak bilan to‘qnashgan.

Tez yordam xizmati va o‘zi birinchi bo‘lib yordamga shoshilganiga qaramay, fuqaro voqea joyida vafot etgan.

Politsiyaning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, qariya nogironlar aravasida harakatlanayotgan vaqtda salomatligi keskin yomonlashgan va shu sababli yo‘nalishini birdan o‘zgartirib, avtomobil yo‘liga chiqib ketgan. Hozirda voqea sabablari va aniq aybdorlik darajasi bo‘yicha surishtiruv olib borilmoqda.

Hodisa ortidan “Inter” klubi rasmiy ravishda hozircha izoh bermagan bo‘lsa-da, jamoa rahbariyati Martinesga psixologik yordam ko‘rsatishni boshlagani xabar qilindi.

Xosep Martines Ispaniyaning “Barselona” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. U professional faoliyatini “Las-Palmas”da boshlagan, keyinchalik Germaniyaning “RB Leypsig” va Italiyaning “Jenoa” klublarida o‘ynagan.

2024-yili “Inter” mahoratli darvozabonni asosiy posbon Yan Zommerning yordamchisi sifatida 14 million yevro evaziga o‘z safiga qo‘shib olgan edi.

Hozirda klub va uning murabbiylar shtabi futbolchi holatini diqqat bilan kuzatmoqda. “Inter” muxlislari esa ijtimoiy tarmoqlarda Martinesga ma’naviy qo‘llab-quvvatlov bildirib, u bunday fojiadan keyin ham ruhan tiklanishiga umid bildirishmoqda.

Shunday qilib, Italyan futbolida so‘nggi kunlardagi eng ko‘p muhokama qilingan voqealardan biri aynan Xosep Martines bilan bog‘liq bo‘lib turibdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » “Inter” darvozaboni qatnashgan avtohalokat fojiali yakun topdi