date 18:38 / 13.08.2023
views 419

Havayi orolining sobiq poytaxti kultepaga aylandi (foto)

Laxaynada yongʻin oqibatlari. Foto: Patrick T. Fallon / AFP / Scanpix / LETA
Havayi orollarida oʻrmon yongʻinlari qurbonlari soni yuzga yaqinlashmoqda. Olov sobiq poytaxt — Laxayna shahrini er bilan yakson qilgan. Bu AQShda soʻnggi yuz yillikda eng koʻp odam halok boʻlgan oʻrmon yongʻinlari boʻlmoqda.

Havayi shtati hukumatining soʻnggi ma'lumotlariga koʻra, oʻrmon yongʻinlari oqibatida sayyohlar orasida mashhur boʻlgan Maui orolida halok boʻlganlar soni 99 kishiga etgan.

Qurbonlar soni ortishi mumkinligi istisno etilmaydi, chunki yuzlab odamlar hamon aloqaga chiqqani yoʻq.

Havayi orollari gubernatori Josh Grinning ma'lum qilishicha, bu AQShda 1918 yildan buyon eng koʻp odam oʻlimiga sabab boʻlgan oʻrmon yongʻinlari boʻlmoqda, 105 yil muqaddam Minnesota va Viskonsinda yongʻinlar 453 kishini hayotdan olib ketgandi. Shuningdek, bu Havayi orollari tarixida roʻy bergan eng dahshatli tabiiy ofatga aylandi, oxirgi marta 1960 yilda roʻy bergan tsunami tufayli 61 kishi halok boʻlgandi.

Mauida kamida 2,2 mingdan ortiq bino shikastlangan yoki butkul vayron boʻlgan, shundan 86 foizi — turar joylardir. Butun orolni tiklash uchun 6 mlrd dollar talab etilishi mumkin. Orollardan minglab sayyohlar va mahalliy aholi vakillari evakuatsiya qilingan, koʻplar elektr va mobil aloqasiz qolishgan.

Oʻt oʻchiruvchilar bir necha hududlarda, jumladan tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan Laxayna shahrida yongʻinga qarshi kurashmoqda, bu shahar amalda toʻliq yakson boʻlgan. Avvallari bu shaharga yiliga ikki millionga yaqin sayyoh tashrif buyurardi.

Laxayna shahri XIX asrda Havayi qirolligi poytaxti boʻlgan - bu orollar AQShga qoʻshilishidan oldin mavjud boʻlgan davlat edi.

Havayi orollaridagi yongʻinlar hafta oʻrtalarida boshlangandi.

Bu issiq havo va qurgʻoqchilik tufayli kelib chiqdi, orollardan yuzlab kilometr janubda Tinch okeani uzra koʻtarilgan «Dora» dovuli tufayli kuzatilayotgan kuchli shamollar esa olov tez tarqalishiga sabab boʻlmoqda.

Joriy yil yozida Amerikaning koʻplab shtatlarida, shuningdek Evropa va Osiyoda sayyoradagi iqlim oʻzgarishlari va boshqa omillar natijasida yuzaga kelayotgan issiq ob-havo qayd etilmoqda.

Havayidagi oʻrmon yongʻinlari Kaliforniya va AQShning materik qismidagi boshqa shtatlaridagi kabi katta koʻlamda emas, ammo mahalliy aholi vakillari bunaqasini hali koʻrishmaganini aytishmoqda.

Havayi shtati bosh prokurori rasmiylar oʻrmon yongʻinlariga kerakli darajada toʻgʻri reaktsiya koʻrsatganini sinchkovlik bilan oʻrganmoqchi. Qurbonlar soni koʻpligi tufayli amaldorlar mahalliy aholini xavf haqida qanchalik tez ogohlantirgani borasida savollarni tugʻdirmoqda.

Juma kuni Laxaynada yashovchilarning ayrimlari yongʻinlar tinganidan keyin shaharga qaytishga muvaffaq boʻlgan.

Laxaynaga olib boruvchi va hozirda ochiq boʻlgan kam sonli yoʻnalishlardan biri boʻlgan Xonoapilani shossesida toliqqan odamlar oʻtirgan avtomobillarning ulkan navbati yuzaga kelgan — mashinalar yukxonalarida oziq-ovqat, suv, yonilgʻidan tortib pampers va hojatxona qogʻozigacha gʻamlab olingan.

Ammo bir necha soat oʻtib yoʻl yana yopib qoʻyildi, unda faqat favqulodda xizmatlar mashinalari qatnashi mumkin.

Mahalliy aholi vakillaridan biri, 26 yoshli Brayan Agiran yongʻin avjiga chiqqan mahalda ham Laxaynada edi. U moʻ'jiza tufayli oʻz uyini saqlab qolgan, olovni katta chelakda suv tashib oʻchirishga muvaffaq boʻlgan. Ammo endi u erga qaytishni istamayapti.

«Men koʻzimni yumdim va Armageddonni koʻrdim, — deydi u va endi uxlay olmayotganini aytadi. — Endi Laxayna butkul oʻzgardi».

U Mauining boshqa aholisi kabi qurbonlar soni sezilarli darajada ortishi mumkinligidan xavfsiramoqda.

Maui orolining Laxayna shahri joylashgan gʻarbiy qismida hamon elektr va suv ta'minoti yoʻq. Bu hududda hamon qidiruv brigadalari ishlamoqda va jabrlanganlarni topishga harakat qilmoqda.

Qidiruv ishlari dengiz boʻylab ham olib borilmoqda. Sohil qoʻriqlash xizmati xodimlari shahar bandargohi yaqinida suvdan 17 kishi chiqarib olinganini ma'lum qilgan. Ayni vaqtda ularning barchasining holati qoniqarli.

Turistik kompaniya xoʻjayini Geyb Lyusi BBC bilan suhbatda olov juda tez tarqala boshlagan mahalda dahshatli voqea haqida eshitganini aytadi.

«Odamlar suvga sakrashgan. Menimcha ayrimlar shu qadar tez olov qurshovida qolishganki, faqat dengiz sohiliga tushib qutulishlari mumkin edi», — deydi oʻz qayiqlarini qutqaruv amaliyotlari uchun taqdim etgan Lyusi xonim.

Uning soʻzlariga koʻra, odamlar «toʻrt yoshli bolalarini olib, ularni syorfing taxtasiga oʻtirgʻizishgan va sohildan nariroqqa itarishgan». Lyusining aytishicha, ayrim xabarlarga koʻra, dengizdagi qoyalarda odamlarning jasadlari topilgan.

Hukumat Maui orolidagi shaharlarni tiklash uchun koʻp yillar ketishidan ogohlantirgan. Birgina Laxaynaning oʻzida mingdan ortiq binolar vayron boʻlgan.

 Front-strit — Laxaynaning okean sohili boʻylab oʻtgan asosiy koʻchasi, 10 avgust
Patrick T. Fallon / AFP / Scanpix / LETA
Shahar atrofida yonib ketgan qayiq
Marco Garcia / Reuters / Scanpix / LETA
Patrick T. Fallon / AFP / Scanpix / LETA
Laxaynadagi avtoturargohda yonib ketgan mashinalar
Patrick T. Fallon / AFP / Scanpix / LETA
Marco Garcia / Reuters / Scanpix / LETA
Laxayna aholisi shaharni mashinalarda yoppasiga tark etishi, 10 avgust
Marco Garcia / Reuters / Scanpix / LETA
Laxaynadagi oila yonib ketgan uyi oʻrnida, 11 avgust
Patrick T. Fallon / AFP / Scanpix / LETA
Laxaynada yongʻin vayron qilgan uylardan biridagi hovuz
Justin Sullivan / Getty Images / AFP / Scanpix / LETA
Laxaynadagi vayrongarchiliklar, 9 avgust
Jack Truesdale / Civil Beat / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA
Laxaynalik ayol yongʻindan keyin topilgan mushugi bilan
Moses Slovatizki / AFP / Scanpix / LETA
Laxaynaning koʻrinishi, 11 avgust
Etiene Laurent / EPA / Scanpix / LETA
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo