
AQSHning Nevada shtatida juda tajribali tadqiqotchilarni ham larzaga solgan holat qayd etildi. “The Sun” nashrining yozishicha, Serchlayt shahri yaqinidagi cho‘l hududidan 300 dan ziyod inson qoldiqlari topilgan. Ular kimga tegishli ekani hozircha aniqlanmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, cho‘lda kuydirilgan holdagi inson qoldiqlari uyum-uyom ko‘rinishida yotgan. Tergovchilarning aytishicha, ularning hech birida shaxsni aniqlovchi hujjat yoki ma’lumot qolmagani sababli aniqlik kiritish juda qiyin bo‘lmoqda.
Yer resurslarini boshqarish byurosi topilgan suyaklar insonga tegishli ekanini tasdiqlab, maxsus tergov guruhi tashkil etgan. Voqea joyidan kul saqlangan xaltalar, ularni bog‘lash uchun ishlatilgan plastik bog‘ichlar hamda urna bo‘laklari topilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bu holatni jiddiy tekshirmoqda. Chunki Nevada qonunlariga ko‘ra, shaxsiy mulkda kulni sochish taqiqlanmagan bo‘lsa-da, inson qoldiqlarini hurmatsizlik bilan tashlab yuborish yoki tijoriy maqsadlarda ko‘mish federal qonun va kasbiy etikaga zid hisoblanadi.
Topilgan qoldiqlarni yig‘ish va vaqtincha saqlash ishlari Palm Mortuaries and Cemeteries kompaniyasi zimmasiga yuklatilgan. Kompaniya prezidenti Selena DiLullo bu haqda shunday dedi:
“Biz uchun bu insonlar unutilmasligi va tashlab qo‘yilmasligi juda muhim. Ular tinch joyda dafn etilishi uchun barcha sharoit yaratamiz”.
Ma’lum qilinishicha, yaqin kunlarda barcha qoldiqlar Nevada janubidagi qabristonlardan birida umumiy daxmaga joylashtiriladi.
Bu fojiali topilma nafaqat mahalliy aholini, balki butun mamlakatni o‘yga soldi — bu hodisa ortida qanday sir yotgani hali noma’lum. Tergov ishlari davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!