Foto: LEV BORODIN/TASS
BBC rus xizmati ismini Yevgeniy Prigojin deb o‘zgartirgan va endi qamoqxonada turib eski ismini qaytarish uchun sudlashayotgan Ruslan Yunusov hayotini hikoya qiladi.
Komi sudi sobiq maxsus xizmat zobiti Yevgeniy Viktorovich Prigojinning Pechora shahar FHDYO bo‘limiga nisbatan o‘z nomini o‘zgartirish bo‘yicha kiritgan da’vo arizasini qanoatlantirmadi. Ochiqda yurganida uni Ruslan Yusupov deb chaqirishgan, lekin 2018 yilda ismini Yevgeniy Prigojin deb o‘zgartirib «Vagner» asoschisining adashiga aylangan. Ko‘p o‘tmay o‘g‘rilik uchun qamalgan.
Endi sobiq zobit o‘z ismini faqat qamoqxonadan chiqqach almashtira oladi. U avvalroq sudga «Rossiya o‘tkazayotgan maxsus harbiy amaliyot munosabati bilan» o‘ziga tayinlangan jazoni yengillatishni so‘rab murojaat qilib ham rad javobini olgandi.
Rossiya ichki ishlar vazirligidan nafaqaga chiqqan Yevgeniy Prigojin sud va huquqni muhofaza qiluvchi organ sobiq xodimlari uchun ismini o‘zgartirish mumkinligidan foydalanib, Pechora shahar FHDYO bo‘limiga murojaat qilgan. Ammo bunday jarayonni amalga oshirish uchun arizachi FHDYOga borishi talab qilinadi. FHDYOdagilar esa bu jarayon uchun qamoqxonaga borishga majbur emas. Qonunchilikka ko‘ra, ular qamoqxonaga faqat nikohni rasmiylashtirish uchun borishi kerak.
Shu sabab Komi sudi FHDYO bo‘limining rad javobini 2016 yildagi Rossiya Konstitutsion sudi qaroriga asosan qonuniy deb topgan. 2016 yilda ham mahbuslardan biri ismini o‘zgartirish uchun FHDYO bo‘limiga borishi majburiy emasligi bo‘yicha sudlashgan va o‘sha voqeadan keyin Konstitutsion sud bu boradagi jarayonni huquqiylashtirib qo‘ygandi.
2016 yildagi KS qarorida mahbuslar o‘z fuqarolik huquqlaridan boshqa fuqarolar bilan umumiy sharoitda obyektiv tarzda foydalana olmasligi aytilgan. Bundan tashqari, fuqaroning ismini o‘zgartirish huquqi so‘zsiz amalga oshadigan narsa emas, unda ba’zi narsalarni aniqlashtirish kerak bo‘ladi. Masalan, ismini o‘zgartirmoqchi bo‘lgan arizachi buni qaysi fuqarolik huquqlaridan foydalanish uchun qilmoqchi ekanini tushuntirib berishi lozim.
2018 yildan Yevgeniy Prigojin degan nom olgan Ruslan Yunusov Yaroslav oblastining Kotochijovka qishlog‘ida tug‘ilgan. SOBRda xizmat qilgach, Peterburg yaqinidagi Vsevolojska shahri jinoyat qidiruv bo‘limida faoliyatini boshlagan. 2016 yilda politsiyadan haydalib, xususiy korxonada qo‘riqchilik bilan shug‘ullangan. «Fontanka» nashriga ko‘ra, ikki yil o‘tib ismini Yevgeniy Prigojin deb o‘zgartirgan.
Sudda Yunusov-Prigojin ismi, familiyasi va otasining ismini faoliyati sabab o‘zgartirganini aytgan, lekin aynan qanday maqsadda bu ishni qilganini ochiqlamagan.
Yevgeniy Prigojin qanday qamoqqa tushib qolgan?
2018 yil 3 iyun kuni Prigojinga aylangan Yunusov bir guruh sheriklari bilan Peterburgda qora niqob va uniformada kriptovalyuta olamidagilar taniydigan odamni kuzatishadi. U uyidan chiqqach Prigojin «FSB jinoyat qidiruv bo‘limi» deb baqiradi. Shundan keyin niqobdagi odamlar «obyekt»ni oynasi qoraytirilgan mikroavtobusga tiqib, undan kriptovalyuta operatori manzilini aytishini talab qilishadi.
Ma’lum bo‘lishicha, o‘sha iqtisodchini Petr Piron degan odam ta’qib qilgan va Prigojin unga «kuch bo‘yicha yordam bergan». Prigojin tergov davomida Peronning qo‘riqchisi bo‘lib ishlaganini aytgan.
Mikroavtobusdagi siquv natijasida Prigojin yuqoridagi operator manzilini oladi. Keyin uning uyiga Piron bilan birga go‘yoki FSB xodimlari ko‘rinishida bostirib borishadi. Ular iqtisodchini turli moliyaviy jinoyatlarda ayblab, FSB boshqarmasiga olib borib qiynash bilan tahdid qilishadi.
Keyin bu odamni ham o‘sha oynalari qoraytirilgan mikroavtobusga tiqib tahdid qilishda davom etishadi. Qo‘rqib qolgan operator 5 million rubl naqd pul beradi va aytilgan kriptomanzilga 55 million rubl o‘tkazadi.
Yarim yil o‘tib Prigojin va Piron qo‘lga olinadi. Prigojin 8 yilga, Piron 10 yilga qamaladi. Ularning ikkisi ham tovlamachilikda ayblanadi. Kriptovalyuta Rossiyada to‘lov vositasi hisoblanmasligi sabab zarar miqdori atigi 5 million rubl deb baholanadi. Keyinroq apellyatsiya sudidan keyin tovlamachilik ayblovi o‘g‘rilik bilan almashtirilib, har ikki mahbusning jazo muddati bir yilga qisqartiriladi.
Bu katta ehtimol bilan Prigojin. Foto: LEV BORODIN/TASS
Kassatsiya sudida esa kriptovalyuta moddiy boylik deb topilib, aybdorlardan 60 million rubl undirildi, lekin jazo muddati uzaytirilmadi. Hukmga ko‘ra, Pironga jazo muddatini kamaytirishda notijoriy tashkilot bo‘lmish «Vatan jangchilari» xayriya fondi tomonidan berilgan ijobiy xarakteristika yordam bergan. Adliya vazirligida bu nom bilan ro‘yxatdan o‘tgan yagona tashkilotni Rossiya Qahramoni sobiq maxsus xizmati xodimi Sergey Yushkov boshqaradi.
Prigojinning jazosini qisqartirish uchun esa yanada ko‘proq sabablar topiladi. Masalan, ichki ishlar vazirligi nafaqaxo‘ri ekani, harbiy harakatlarda qatnashgani (aynan qayerdaligi aytilmagan), mukofotlari, qo‘riqchilik bo‘yicha 6-razryadga egaligi, tergov izolatori rahbariyatidan olingan ijobiy xulosa, «Do‘stlar uchun» veteranlar birlashmasi va «Xalq SOBRi» jamoat tashkiloti a’zosi bo‘lgani.
Sud hukmi 2022 yil may oyida, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan uch oy o‘tib e’lon qilinadi. Prigojin urush jazoni yengillashtiradigan vaqt ekanini payqab tezda «Rossiya maxsus harbiy amaliyot o‘tkazayotgani munosabati bilan» jazosini yengillashtirishlarini so‘raydi. Sud uning bu so‘rovni rad etadi. U vaqtda mahbuslarni urushga yollash boshlanmagandi. Ko‘p o‘tmay esa Prigojinning adashi bo‘lmish «Vagner» asoschisi qamoqxonalardan mahbuslarni urushga jalb qila boshlaydi.
Qamoqdagi Prigojin esa urushga borishdan ko‘ra FHDYO bilan mojaroni hal qilib, notanishroq eski ism-familiyasini qaytarishga urinadi. Ammo qamoqxonadan turib buning imkoni yo‘qligi borasida javob oladi.
Prigojin va «qiyofadoshlari»
2018 yil «Vagner» asoschisining to‘liq adashiga aylangan faqat qo‘riqchi Yunusov emasdi. Peterburgdagi «Injiniring.ru» kompaniyasi bosh direktori Dmitriy Alekseyevich Alekseyev ham o‘z ismi-familiyasini Yevgeniy Viktorovich Prigojin deb o‘zgartiradi. Bunday o‘zgarish haqida Rossiya yuridik shaxslar yagona reyestrida ham o‘qish mumkin.
2020 yil «Elektrotexsnab» kompaniyasi bosh direktori Leonid Nikolayevich Krasavin ham o‘z ismini Yevgeniy Viktorovich Prigojin deb o‘zgartiradi. Rossiyalik jurnalistlar aniqlashicha, Krasavin o‘z vaqtida hujjatlarni soxtalashtirish uchun sudlangan va uning tug‘ilgan sanasi haqiqiy Prigojinniki bilan mos keladi.
Prigojin atrofidagi odamlarning ham adashlari yo‘q emas. Masalan, «Vagner» XHKga tegishli «Konkord Menejment va Konsalting» kompaniyasini 2017 yilda Dmitriy Valerevich Utkin boshqaradi. Ammo bu «Vagner» komandiri bo‘lmish Dmitriy Utkin emas, ularning boshqa-boshqa odam ekanini STIR raqamlaridan farqlash mumkin.
Utkin «Konkord»ni uch oy boshqaradi va uning o‘rnini Prigojinning o‘zi egallaydi. Keyin Utkin ismini Aleksey Anatoliyevich Karnauxov deb o‘zgartiradi. Ko‘p o‘tmay qo‘riqchi Yunusov ham ishlagan Vsevolojskda «Petropol-Soyuz» firmasini ochadi. Bu shirkat ko‘p tarmoqli bo‘lib farmatsevtika mahsulotlari, suyultirilgan gaz, oltin savdosi, shuningdek, konsultatsiya va axborot xizmatlarini ko‘rsatish bilan ham shug‘ullangan.
2021 yil Prigojin allaqachon G‘arb sanksiyalariga tushib ulgurgan bir vaqtda OAV uning «qiyofadoshlari» Yevropaga borib yurgani haqida xabarlar tarqatdi. Litva Davlat xavfsizligi departamenti rahbari Daryus Yaunishkisning «Ozodlik» radiosi bilan suhbatda aytilishicha, bu tashriflar Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan go‘yoki Yevropa ittifoqi va yevropalik chegarachilarning kuchsizligini isbotlash uchun tashkillashtirilgan.
2023 yil 24 iyun, Prigojin isyoni kuni uning uyida o‘tkazilgan tintuvda «Vagner» asoschisining boshqa ismdagi pasportlari ham topilgan. Masalan, Dmitriy Geyler nomiga olingan pasport bilan Prigojin SOGAZ tibbiy markazida VIP-mijoz sifatida davolangan. «Ozodlik»ning aniqlashicha, Dmitriy Geyler nomidagi odam aslida oddiy haydovchi bo‘lgan.
«Proyekt. Media» nashrining yozishicha, Prigojin Oleg Semyonov va Vladimir Bobrov nomidagi pasportlardan ham foydalangan. Nashr xuddi hujjatdagi parametrlarga mos keladigan Bobrov aslida hayotda mavjud odam ekanini aniqlagan.
Isyondan keyin Belarusga ketgani aytilgan Yevgeniy Prigojin Peterburg va Moskvada ham ko‘rinish berdi. U hatto o‘z armiyasi vakillari ishtirokida Putin bilan uchrashuv ham o‘tkazgan. Iyul oyida AQSHning New York Times nashri Pentagondagi manbalariga tayanib Prigojin o‘z harakatlanish yo‘nalishlarini maxfiy saqlash maqsadida «qiyofadoshlar»dan foydalanishi haqida yozgandi.