Foto: Yonhap news
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In rasmiy tashrif bilan Rossiyaga bordi. U Rossiya sharqiga doimgidek zirxli poyezdida bordi. Kimning Putin bilan muzokarasida Sergey Shoygu ham qatnashadi. Ikki davlat Rossiyaga qurol yetkazib berishni muhokama qiladimi?
4 yil deganda mamlakatdan chiqdi
Shimol yetakchisi 4 yildan buyon mamlakatdan chiqmayotgandi. 12 sentyabr kuni KXDR rahbarining zirhli poyezdi Rossiyaning Primorskiy o‘lkasiga kirib bordi. Ha, ikki davlat quruqlikda o‘zaro chegaraga ega va samolyotda uchishni xushlamaydigan (ba’zi manbalarga ko‘ra hayiqadigan) Kim asosiy ittifoqchisi Rossiyaga doim poyezdda tashrif buyuradi.
Rossiya 1 telekanalida aytilishicha, Kim Chen Inning poyezdi Xasan chegara punktini «o‘ta maxfiy tarzda kesib o‘tgan». 11 sentyabrda ham Shimol yetakchisining Rossiyaga tashrifini tasdiqlamagan Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov keyinroq «Interfaks» muxbiriga Kim Chen In chindan mamlakatda bo‘lib turganini ma’lum qilgan.
KXDR rahbari mamlakat poytaxti Pxenyandan poyezdda yo‘lga chiqdi. Uni kuzatib qo‘yish jarayonidan suratlar Telegraf agentligi (mamlakat bosh axborot agentligi) tomonidan e’lon qilindi. Kadrlardan davlat rahbarini kuzatish uchun juda ko‘plab harbiylar saf tortganini ko‘rish mumkin.
Ochiq manbalarga ko‘ra, Kim Chen In koronavirus pandemiyasida buyon ilk marta mamlakatdan tashqariga chiqmoqda. Shimolda kasallik aniqlangani ham uzoq vaqt rad etildi, xalqaro Covax dasturi doirasida bepul vaksina berish bo‘yicha takliflar ham mamlakat hukumati tomonidan rad etildi. Ular xorijiy mutaxassislar mamlakatga infeksiyani olib kirishidan hayiqqan.
2022 yil may oyigacha Shimoliy Koreyada koronavirus aniqlangani rasman rad etildi, ammo keyinchalik baribir kasallik tarqalganini tan olishga majbur bo‘lishdi. O‘tgan yil avgust oyida esa Kim Chen In Shimoliy Koreya koronavirusni yengganini e’lon qildi. Shunga qaramay, mamlakatga kirish va chiqish yaqin vaqtlargacha taqiqlab qo‘yilgandi. Aviaparvozlar ochilganidan keyin ilk samolyotlardan biri AP nashrining yozishicha, 12 sentyabr kuni Vladivostokka uchgan. Katta ehtimol, bu uchoq Rossiya va KXDR yetakchilari uchrashadigan Vladikostok shahriga shimolliklar delegatsiyasini olib uchgan.
Kim safarga chiqishi haqidagi xabarga aynan qayerga yo‘l olayotgani aytilmagan, ammo AQSHning New York Times nashri u Putin bilan Sharqiy iqtisodiy forum doirasida Vladivostokda uchrashishi haqida bir hafta avval yozib chiqqandi. Tashrif oldidan Rossiya tomoni ham, Shimoliy Koreya ham uning qachon bo‘lishi haqida xabar berishmagan.
Muzokaralarda Shoygu ham qatnashadi
Kreml rasmiy vakili Dmitriy Peskov 12 sentyabr kuni ham Kim Chen In va Putin qachon uchrashishi haqida ochiq gapirmay, «shu kunlarda» deb mujmal javob qaytardi. Peskov faqat ikki davlat yetakchisi yakkama-yakka muloqot o‘tkazishini aytdi. Ammo muloqot yakkama-yakka o‘tmaydigan ko‘rinadi. Chunki Kreml rasmiy vakili keyinroq muzokaralarda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu ham ishtirok etishini aytdi.
G‘arb maxsus xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya va Shimoliy Koreya qurol-yarog‘ savdosi bo‘yicha faol muloqot o‘tkazmoqda. Putin va Kimning uchrashuvida Shoygu ham qatnashishi, ikki oy avval Rossiya mudofaa vaziri Shimoldagi qurol ko‘rgazmasiga borib kelgani bu ma’lumotlarni qaysidir ma’noda tasdiqlaydi. AQSHda Shoyguning iyul oyidagi KXDRga tashrifini Rossiyaga qurol yetkazib berish bo‘yicha muzokaralarning boshlanishi deb baholashgandi.
Shimoliy Koreya Rossiyaga qurol sotish evaziga Rossiyadan energoresurslar va oziq-ovqat olishni rejalashtirayotgan bo‘lishi mumkin. AQSH agar KXDR Ukrainaga qarshi urushayotgan Rossiyaga qurol sotadigan bo‘lsa, mamlakatga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilishidan ogohlantirdi. Shuningdek, ba’zi manbalarga ko‘ra, Shimol qurol yetkazib berish evaziga Rossiyadan harbiy texnologiyalar oladi.
KXDR qanday qurollar berishi mumkin?
Bloomberg‘ning yozishicha, Shimoliy Koreyada hozir Rossiya armiyasi ehtiyoj sezayotgan millionlab o‘q-dori zaxirasi bo‘lishi mumkin. Xususan, 122 va 155 mm kalibrli artilleriya snaryadlari, 122 mmli raketalar. Bundan tashqari, Rossiya KXDRdan sovet davrida ishlab chiqarilgan T-54 va T-62 tanklari uchun ehtiyot qismlar sotib olishi ham mumkin.
Nashrning yozishicha, Shimoliy Koreya bu qurollarni berish evaziga pul o‘rniga oziq-ovqat va harbiy texnologiyalar, xususan, sun’iy yo‘ldoshli va atom suvosti kemalari bo‘yicha texnologiyalarni olishi mumkin. Shimolga hozir neft mahsulotlari ham juda muhim. «Kim fuqarolik iqtisodiyoti uchun oladigan har qanday yordam unga asosiy resurslarni yadro quroli yaratish dasturiga ishlatish imkonini yaratadi», deb yoziladi Bloomberg e’lon qilgan maqolada.
Ikki mamlakat o‘rtasida tovar ayirboshlash juda oson kechadi, chunki ular quruqlikdan chegaraga ega bo‘lib, mahsulotlarni temiryo‘lda tashish mumkin. Shuningdek, dengiz yo‘li orqali hech qanday xalqaro suvliklarni chiqmay mahsulot yetkazib berish mumkin. Bloomberg ekspertlari bu vaziyatga AQSH faqat Rossiyaga sanksiyalarni kuchaytirish yoki o‘rtaga vositachi sifatida Xitoyni aralashtirish orqali ta’sir qila olishi mumkin deb hisoblamoqda. Chunki aynan Xitoy har ikki davlat hisoblashadigan asosiy tomon sanaladi.
Manba: Kun.uz
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!