Foto: AP
«C5 + Germaniya» muloqoti tashabbusi mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikka kuchli turtki berishi mumkin. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Germaniya prezidenti bilan uchrashuvida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda Qozog‘iston rahbari matbuot xizmati.
To‘qayev hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini taqdim etdi, ularga mintaqa rahbarlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari yo‘naltirilishi mumkin. U birinchi navbatda savdo-iqtisodiy hamkorlik, yangi tranzit va transport yo‘laklarini rivojlantirish, energetika sohasidagi masalalarga e’tibor qaratdi.
Uchrashuvda iqlim o‘zgarishi va suv muammolariga katta e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar muzliklarning erishi va Markaziy Osiyodagi ekologik vaziyatning o‘zgarishi bilan bog‘liq kun tartibini muhokama qildi. Qozog‘iston prezidenti so‘zlariga ko‘ra, Germaniyaning ushbu muammolarni hal qilish tajribasi mintaqa uchun juda muhim.
To‘qayev Markaziy Osiyo mintaqasi va Yevropa Ittifoqi atrofidagi geosiyosiy vaziyat bilan bog‘liq masalalarga ham to‘xtaldi. Afg‘onistondagi hozirgi holat ko‘rib chiqildi.
Ayni paytda, Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer o‘z nutqida Ukraina atrofidagi inqiroz Yevropa xavfsizligi bilan bir qatorda Markaziy Osiyo mamlakatlari xavfsizligiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani haqida fikr bildirdi.
Bunga javoban To‘qayev o‘zaro maqbul tinch yechimlarni topishga qaratilgan diplomatiya zarurligini yana bir bor ta’kidladi. Uning bildirishicha, tomonlar haqiqiy muzokaralarni boshlashi kerak.
Qozog‘iston prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari va Germaniya o‘rtasidagi madaniy-humanitar aloqalarni kengaytirish tarafdori ekanligini bildirdi.
Xususan, nemis tilini o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ilmiy-ma’rifiy loyiha va dasturlarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatladi.
Uchrashuvda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham so‘zga chiqdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!