HAMAS harakatining 7 oktyabr kuni Isroilga qilgan va yuzlab kishilar vafotiga sabab bo‘lgan hujumi tashkilotchisi va ilhomchisi — tashkilotning jangovar qanoti qo‘mondoni Muhammad Deyf ekani aytilmoqda. Isroil bu odam uchun 1990-yillar o‘rtalaridayoq ov boshlagan; unga bir necha bor suiqasd uyushtirilgani ma’lum, so‘nggisi 2021 yildagi 11 kunlik urush vaqtida amalga oshirilgan. «Meduza» Muhammad Deyf haqida ma’lumotlar to‘pladi.
Muhammad Deyf HAMAS tuzilgan ilk yillardan (1987 yil) beri uning safida bo‘lgani aytiladi. O‘shanda u 20 yoshdan endi o‘tgandi — Deyf 1965 yilda Xan-Yunis shahridagi qochqinlar lagerida tug‘ilgan. Uning haqiqiy ismi — Muhammad Diab Ibrohim al-Masriy. Financial Times nashri yozishicha, Deyfning otasi va amakisi o‘z vaqtida aynan 7 oktyabr kuni hujum amalga oshirilgan hududlarda isroilliklarga qarshi o‘tkazilgan reydlarda qatnashgan.
Deyfning laqabi arab tilida «mehmon» ma’nosini beradi — u bu laqabni Isroil maxsus xizmatlaridan yashirinish uchun muntazam ravishda tunash joyini o‘zgartirib borishi tufayli olgan.
The Washington Post nashri 2014 yilda bergan ma’lumotga ko‘ra, Deyf o‘smirlik chog‘idayoq «Musulmon birodarlar» harakati (HAMAS ushbu tashkilotning Falastindagi qanoti sifatida tashkil topgan) a’zolari bilan tanishgan. 1980-yillarda u G‘azo Islom universitetida o‘qigan; o‘shanda u, gazetaning yozishicha, «Qaytish» teatr truppasiga (uning nomi — falastinlik qochqinlarning o‘zlari tark etgan yerlarga qaytish istagiga ishoradir) asos solgan. Birinchi intifada vaqtida HAMASga qo‘shilganidan so‘ng u aktyorlik mahoratidan foydalanib, propaganda roliklarida kichik rollar ijro etgani aytiladi. 1990 yilda u Isroil hukumati tomonidan qo‘lga olinadi, ammo keyinroq qo‘yib yuboriladi.
The Washington Post nashri yozishicha, u «o‘z sabr-toqati va qurolni yaxshi tushunishi tufayli HAMAS a’zolari orasida tezda tanilib ketadi». U portlovchi qurilmalar tayyorlashga ixtisoslashgan va 1990-yillar o‘rtalarida isroilliklar ketayotgan avtobuslarga xudkush terrorchilarning davomli hujumlari uchun mas’ul bo‘lgan «Injener» laqabli terrorchi Yahyo Ayyashga shogird bo‘ladi. 1996 yilda Ayyash o‘ldiriladi; shundan keyin terrorchilik kampaniyalariga aynan Deyf boshchilik qiladi.
Financial Times suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Muhammad Deyf «doimo harbiy [karera] yo‘liga e’tibor qaratib», Falastinning turli fraksiyalari o‘rtasidagi kurashlarga qiziqmagan va faqat «kuch ishlatish orqali arab-isroil mojarosining tabiatini qanday o‘zgartirish» haqida o‘ylagan. 2000-yillar boshidagi bayonotlaridan birida u tarafdorlarini «Isroilliklarga qarshi Isroilning o‘zida kurashish» va «ularning okkupatsiya qilingan yerlarda xavfsiz yashash to‘g‘risidagi fantaziyalarini yo‘qqa chiqarish»ga chaqirgan.
«Mehmon» HAMAS Isroil tomonga «Temir gumbaz» havo hujumidan mudofaa tizimini haddan tashqari yuklama ostida qoldirish uchun minglab miqdorda otadigan qo‘lbola «Qassam» raketalarining ham ijodkori sanaladi. U shuningdek harakat a’zolari Isroil maxsus xizmatlaridan yashirinish uchun foydalanadigan yerosti tunnellari tizimini qurdirgan.
- Isroil Muhammad Deyfni 1990-yillaridayoq qidiruvga bergan;
- OAVda uning faqat bir necha fotosurati mavjud va ular ham bir necha o‘n yil oldin olingan. 2001 yildan buyon kamida yetti bor uni o‘ldirish uchun urinish amalga oshirilgan. Bu suiqasdlar tafsilotlari turli nashrlarda turlicha keltirilgan;
- The Times of Israel nashriga ko‘ra, 2002 yilda u suiqasd oqibatida ko‘zidan ayrilgan;
- 2006 yilda — ikki oyog‘i va qo‘lidan.
2014 yilda Deyfga qarshi qaratilgan aviazarba oqibatida rafiqasi, uch yoshli qizi va chaqaloq o‘g‘li halok bo‘lgan. HAMAS jangovar qanoti yetakchisini o‘ldirishga bo‘lgan so‘nggi ikki urinish 2021 yilgi 11 kunlik urush vaqtida amalga oshirilgan: kampaniya oxirida Isroil mudofaa armiyasi bu suiqasdlar haqidagi ma’lumotni «O‘ylaymanki, u allaqachon xabardor» degan so‘zlar bilan tasdiqlashga majbur bo‘lgandi.
Kamdan kam hollarda omma oldida chiqish qiladigan Muhammad Deyf 7 oktyabr kuni kuni 10-daqiqalik murojaatida isroilliklar Quddusning Ma’bad tog‘idagi Al-Aqso masjidini tahqirlashiga ham javoban «Al-Aqso to‘foni» amaliyoti boshlanayotganini e’lon qildi. U falastinliklarni, Isroildagi arablarni va qo‘shni mamlakatlardagi boshqa arablarni Isroilning harakatlariga qarshi birlashib, «okkupantlarni quvib yuborish va devorlarni buzish»ga chaqirgandi.
Financial Times nashri yozishicha, Deyf HAMAS «Isroilning falastinliklarga qarshi jinoyatlariga barham berishga qaror qilgani» va «dushmanga u o‘z hujumlari javobsiz qolmasligini ko‘rsatib qo‘yishi»ni aytgan. Gazetaning Isroil hukumatidagi manbasiga ko‘ra, Deyf HAMAS G‘azo sektori qamali tugatilishi va mintaqa aholisiga ishlash uchun ruxsat berilishi evaziga Isroil bilan tinchlik sulhi tuzishiga keskin qarshi hisoblanadi. Nashr manbasiga ko‘ra, 7 oktyabr kuni boshlangan hujumdan bunday kelishuvlar haqida gapirishdan mantiq qolmadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!