date

Yaponiyada yuz yoshdan oshganlar soni yangi rekord o‘rnatdi

Yaponiyada yuz yoshdan oshganlar soni yangi rekord o‘rnatdi

Yaponiya uzoq umr ko‘ruvchi insonlari bilan yana bir bor dunyo e’tiboriga tushdi. Joriy yilning 1 sentyabr holatiga ko‘ra, mamlakatda yuz yoshga kirganlar soni 99 ming 763 nafarga yetdi va tarixiy rekord qayd etildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga tayanib, NHK telekanali xabar tarqatdi.

Ma’lumotlarda ta’kidlanishicha, 2024 yilga nisbatan qariyalar soni 4 644 kishiga ko‘paygan. Demak, mamlakatda so‘nggi 55 yildan beri uzluksiz o‘sish kuzatilmoqda.

Eng qizig‘i, uzoq umr ko‘ruvchilar orasida ayollar katta ustunlikka ega — ularning soni 87 ming 784 nafarni tashkil etadi. Bu esa umumiy miqdorning qariyb 88 foizini tashkil qiladi.

Ro‘yxatda eng keksa inson sifatida 114 yoshli Shigeko Kagava qayd etilgan. U Nara prefekturasining Yamatokoriyama shahrida istiqomat qiladi. Eng keksa erkak esa — 111 yoshli Mizuno Kiyosi bo‘lib, u Sidzuoka prefekturasida yashaydi.

Statistikaga ko‘ra, yuz yoshdan oshganlar eng ko‘p yashaydigan hududlar qatorida Simane, Kochi va Tottori prefekturalari birinchi o‘rinda turadi.

Yaponiya aholisining uzoq umr ko‘rish sirlariga qiziqish yil sayin ortayapti. Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, yapon ayollarining o‘rtacha umr davomiyligi 87,13 yilni tashkil etadi va bu ko‘rsatkich orqali ular 40-marta jahon rekordini yangilashgan. Erkaklarda esa bu raqam 81,09 yilni tashkil qilib, 2023 yildan beri o‘zgarishsiz qolmoqda.

Mutaxassislar bu holatni sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish va samarali tibbiy xizmat bilan bog‘lashmoqda. Demak, Yaponiya nafaqat texnologiyalar, balki uzoq umr ko‘ruvchilar yurti sifatida ham butun dunyoda tanilib bormoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaponiyada yuz yoshdan oshganlar soni yangi rekord o‘rnatdi