“Manchester Siti”ning asosiy hujumchisi Erling Xoland oxirgi ikki transfer oynasi davomida jamoada sodir bo‘lgan jiddiy o‘zgarishlarga o‘z munosabatini bildirdi.
Ma’lumki, manchesterliklar o‘tgan yilning yozidayoq 200 million yevroga yaqin mablag‘ sarflab, yangi futbolchilarni taklif qilishdi va chiqish transferlaridan taxminan 70 million yevro ishlab topishdi. Bu yilning qishki transferida esa Abduqodir Husanov, Umar Marmush, Niko Gonsales va Vitor Reys kabi nomdor o‘yinchilar uchun 200 million yevrodan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.
Norvegiyalik goleadorning so‘zlariga ko‘ra, jamoadan juda ko‘p muhim o‘yinchilar ketgani uchun endi yangi kelganlar o‘z so‘zini aytishi zarur. “Biz jamoada anchadan beri o‘ynab kelayotganlar mas’uliyatni zimmamizga olishimiz kerak. Shu bilan birga, yangi ijrochilarning jamoaga tezroq ko‘nikishi uchun yordam berishimiz katta ahamiyatga ega”, – dedi Xoland.
Shuningdek, u ayrim futbolchilarga yangi muhitga ko‘nikish uchun vaqt kerak bo‘lishini ham ta’kidladi. “Biz bir-birimizga yordam berishimiz shart. Endi ‘Siti’ avvalgidek emas, jamoada jiddiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Lekin buni ijobiy tomonga burish mumkin, chunki bizda mutlaqo boshqa sifatlar shakllandi”, – deya fikr bildirdi Erling Xoland.
Shu tariqa, hujumchi klubdagi o‘zgarishlar yangi bosqichga olib chiqishiga ishonchi komilligini bildirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!