Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz kibermakon” tezkor-profilaktika oyligi doirasida internet orqali amalga oshirilgan navbatdagi firibgarlik ishi fosh etildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, to‘rt nafar shaxs oson yo‘l bilan daromad topish maqsadida Instagram va Telegram ijtimoiy tarmoqlarida soxta sahifalar ochib, o‘zlarini erkaklar kiyimlari do‘koni sifatida tanishtirgan. Ular arzon narxlarda mahsulot taklif qilib, mijozlarni oldindan pul o‘tkazishga undashgan. Pul esa begona shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalariga yo‘naltirilgan va shaxsiy ehtiyojlar uchun ishlatilgan.
Tafsilotlarga ko‘ra, joriy yilning 11 iyun kuni Toshkent tumanida yashovchi bir fuqaro reklama qilingan kiyimni xarid qilish uchun 1 million so‘mni firibgarlar ko‘rsatgan karta raqamiga o‘tkazgan. Biroq mablag‘ o‘tkazilgandan so‘ng barcha yozishmalar o‘chirilgan va muloqot uzilgan.
Dastlabki tergov jarayonlari shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi bir oy ichida ular turli shaxslarning 279 ta bank kartasidan turli usullarda 101 million so‘mdan ortiq mablag‘ni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritishgan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda va ular qonun oldida javob berishlari ta’kidlanmoqda.
Toshkent viloyati IIBB barcha fuqarolarni yana bir bor ehtiyotkorlikka chorladi: onlayn xaridda shoshilmaslik, oldindan pul o‘tkazmaslik, arzon e’lonlarga ishonmaslik va faqat ishonchli sahifalar orqali buyurtma berish kerakligi eslatildi. Shuningdek, shubhali holatlarda tezkor ravishda ichki ishlar organlariga xabar berish zarurligi ta’kidlandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!