Foto: Vernon Yuen/NurPhoto/Getty Images
Hongkong ma’muriyati rahbari Jon Li 26 oktyabr kuni yillik siyosiy hisobotida 2026 yilgacha har bir tug‘ilgan farzand uchun ota-onalarga 2 ming 556 AQSH dollari miqdorida pul to‘lanishini ta’kidladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Hongkongda tug‘ilish ko‘rsatkichlari ancha pastga tushib ketgan. Aholi barqarorligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tug‘ilish koeffitsiyenti 2,1 nafardan to‘g‘ri kelsa, Hongkongda bu bilan bog‘liq raqamlar rekord darajaga tushib ketgan. Masalan, hududda har bir ayolga tug‘ilish 0,9 nafardan to‘g‘ri kelmoqda.
Jon Li uy sotib oluvchilar uchun davlat bojini 15% dan 7,5% gacha kamaytirish haqidagi bir qator moliyaviy choralarni e’lon qilgan. Bu choralar har bir farzandi va yangi chaqaloqlar uchun yillik soliq imtiyozlarini oladigan yosh ota-onalarga yanayam qulaylik bo‘lishi kutilmoqda. Bu yordamlar o‘ta saxiylik bo‘lib ko‘rinsa-da, tug‘ilish pasayib borishi bilan kurashayotgan Sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi imtiyozlardan farq qiladi.
Masalan, tug‘ilish koeffitsiyenti 1,05 bo‘lgan Singapurda birinchi va ikkinchi farzand uchun 8 ming 36 AQSH dollari, uchinchi farzand uchun 9 ming 497 AQSH dollari miqdorida nafaqa beriladi. Shuningdek, farzand dunyoga kelgach otalar uchun to‘rt haftalik, homilador ayollar uchun 16 haftagacha ta’til belgilangan. Qolaversa, ota-onalik uchun haq to‘lanmaydigan ta’til va ishlaydigan onalarga soliq imtiyozlari berilishi ham bor.
Tug‘ilish koeffitsiyenti 0,78 bo‘lgan Janubiy Koreya hozirda bola bir yoshga to‘lgunga qadar oyiga 518 dollar ajratadi, kelgusi yilda bu ko‘rsatkich 740 dollarga ko‘tarilishi kutilmoqda.
Yaponiyada tug‘ilish koeffitsiyenti 1,3. Shu sabab yapon ota-onalar har bir yangi tug‘ilgan chaqaloq uchun ikki yoshga to‘lgunga qadar oyiga 107 dollar miqdorida nafaqa oladi. Uch yoshdan o‘rta maktabgacha bo‘lgan har bir bola uchun oyiga 66,7 dollar beriladi.
Beriladigan bir martalik pul hech narsani qoplamaydi
CNN bilan suhbatlashgan aksariyat ota-onalarning aytishicha, farzand ko‘rishga undashga qaratilgan bu kabi choralar Osiyoning eng qimmat shaharlari ro‘yxatida turgan Hongkong uchun yetarli bo‘lmaydi. Boisi narxlar haqiqatan ham yuqori.
«Bu hatto bir oylik ipoteka, gaz va elektr to‘lovlarimizni ham qoplay olmaydi», – dedi ikkinchi farzandini kutayotgan ota Ken Lau chora e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay.
«Bir martalik to‘lov haqida nima deyish mumkin? Bu harakat ikkinchi farzand ko‘rish haqidagi fikrni o‘zgartirmaydi», – deydi bir farzandning onasi Kristi Chan.
Hongkong ko‘chmas mulk agentligi Midland Realty ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil shaharda 46 kvadrat metrlik ikki xonali xonadonning o‘rtacha oylik ijarasi taxminan 2 ming 253 dollarni tashkil etgan, bu – hukumat bermoqchi bo‘lgan pulning 90% dan ortig‘i shu ijara to‘loviga ketadi degani.
Dunyo bo‘yicha shaharda eng qimmat uylar joylashgani (xuddi shu o‘lchamdagi uyning narxi 1,3 million dollargacha bo‘lishi mumkin), yuqori foiz stavkalari, yashash narxining oshib borayotgani, misol uchun, bolalar ovqatlari, tagliklarining qimmatligi ko‘plab juftliklarning bola ko‘rish haqidagi fikrini o‘ylab ko‘rishga va hatto bu vaziyatda og‘ir holatga tushib qolishga xizmat qilmoqda. «Hisoblashni biladigan insonlar bu chora ish bermasligini ham biladi», – deydi Lau.
To‘liq stavkada ishlaydiga va ikkinchi marta farzandli bo‘lmaslikka qaror qilgan ona Kim Yenning aytishicha, nafaqa 2 yoshli o‘g‘lining taxminan 3 oylik parvarishiga ketadigan xarajatlarni qoplaydi, bu xarajatlar o‘rtacha 766 dollarni tashkil qiladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Hongkongda eng yaxshi bog‘chalarning to‘lovi ikki baravar qimmatlashishi ham mumkin.
Honkongda bolalar bog‘chasidan to o‘rta maktabgacha bo‘lgan ta’lim subsidiyalangan, ammo bog‘chadan oldingi bir yoki ikki yillik ta’lim buni qamrab olmaydi.
Hongkong va Xitoyning boshqa shaharlarida yangi tug‘ilgan chaqaloqqa qarash, unga ovqat tayyorlash, uy ishlarini bajarishi uchun enaga olishi odatiy holga aylangan, bu vaqt davomida tug‘uruqxonadan chiqqan onalar sog‘lig‘ini tiklab olishi maqsad qilingan. 2026 yilgacha yillik beriladigan yordam puli hatto bu to‘lovlarni ham qoplay olmasligi aytilmoqda.
«Enagani yollash 2 ming 556 dollarga tushadi», – dedi Kim Yen.
Bolalarni tarbiyalash uchun ularga qulay sharoit yaratilishi talab qilinmoqda
Hongkong universitetida aholi salomatligini o‘rganuvchi professor Pol Yip Siu-Fayning aytishicha, bir martalik pul yordami ota-onalarning uzoq muddatli moliyaviy muammolarini hal qilmaydi.
«Farzand dunyoga kelganda e’tiborga olinishi kerak bo‘lgan uchta jihat bor. Bular – tug‘ilishning o‘zi, bolani katta qilish va uni tarbiyalashdir», – deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi ikkinchi ikkita bosqichda ota-onalarga yordam berish uchun Hongkong ma’muriyati ko‘proq chora-tadbirlarni amalga oshirishi lozim. Masalan, ishlaydigan ota-onalar uchun ofisda moslashuvchan smenali ishlash tartiblarini joriy etish kerak.
«Tug‘ilish faqat ota-onaning ishi bo‘lib qolmasin, bu jamiyatga taqsimlangan mas’uliyatga ham aylanishi lozim», – deydi professor Yip.
Shaharning aholisining kambag‘al qatlamiga xizmat ko‘rsatuvchi jamoat tashkilotlari jamiyati direktori o‘rinbosari Sze Lay-Shanning aytishicha, ko‘plab daromadi past bo‘lgan odamlar ilojsizikda qolgan. Ular bolalarini parvarish qilish imkoniyati ega emas, ish joyidan mehnat ta’tili ham ololmaydi, shunga muvofiq farzandlariga g‘amxo‘rlik ham qilolmaydi. Hongkong ma’muriyati farzandli oilalar uchun davlat uy-joyidan foydalanish tezroq yo‘lga qo‘yilishini va’da qilgan, ammo bu ham yetarli bo‘lmasligi prognoz qilinmoqda.
Ota-onalar hukumatni uy-joy imtiyozlari, shuningdek, bolalar bog‘chalari uchun ko‘proq subsidiyalar berishga ota-ona va tug‘ish ta’tillarini ham uzaytirishga chaqiryapti. Oilalar 2,5 ming AQSH dollari farzandli bo‘lishga unday olmasligini, bolalarni tarbiyalash uchun ularga qulay sharoit yaratilishini talab qilishmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring