21:17 / 04.11.2023
711

Rossiyaning Donetsk atrofidagi yirik yurishi nimani anglatadi?

Rossiyaning Donetsk atrofidagi yirik yurishi nimani anglatadi?

Foto: Getty Images

Rossiya armiyasi Avdiyivka yo‘nalishida misli ko‘rilmagan darajada yirik hujum boshlagan — bu Donetskdan bir necha kilometr shimolidagi shaharcha hisoblanadi. Avdiyivka uchun janglarning shiddati va tabiati shundayki, u yerdagi vaziyatni «Baxmutdagi qirpichoq» bilan taqqoslashmoqda. Ukraina Bosh shtabi Rossiya qo‘shini katta qurbonliklar berayotganini ma’lum qilgan, buni bevosita harbiy harakatlarda qatnashayotganlar ham tasdiqlaydi.

Ammo Rossiyaning yurishi faqat kuchayib bormoqda, yangidan yangi bo‘linmalar olib kelinib jangga tashlanmoqda, ko‘pincha artilleriya qo‘llovisiz. Ushbu aholi yashash manzili Rossiya uchun nega bunchalik muhim? BBC harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev shu savollarga javob izladi.

Avdiyivka istehkomi nimadan iborat?

Bu 2014 yilda Rossiyaning proksi-qo‘shinlari bilan janglardan keyin Ukraina o‘z nazoratida saqlab qolgan hududdir. U Rossiya mudofaasiga chuqur kirib borgan «xanjar»da joylashgan, platsdarm vazifasini o‘taydi, raqibning katta kuchlarini o‘zi bilan shug‘ullanishga majbur qiladi va Donetsk atrofidagi logistik yo‘nalishlarga tahdid soladi.

Ukraina qurolli kuchlari Avdiyivkaning o‘zida va uning atrofida kuchli beton istehkomlar va boshpanalar barpo etgan, o‘nlab kilometr uzunlikdagi xandaqlar qazilgan va bu hududda katta miqdordagi qo‘shinlar guruhi ushlab turiladi. Shahar atrofidagi kenglik minalashtirilgan va yaqinlashib keladigan nishonlar oson o‘qqa tutiladi.

Rossiyaliklarning 2022 yil fevraligacha ham mazkur xavfli «bo‘rtiq»ni olib tashlash uchun qilgan urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchragan.

«Bunday artilleriya tayyorgarligini butun urush davomida ko‘rmagandim»

Har qanday mustahkamlangan hududning zaif joylari ham bo‘ladi. Avdiyivka holatida bu bo‘rtiqning old (frontal) tomonidagiga nisbatan shimol va janubda nisbatan cho‘zilgan hamda kamroq mustahkamlangan qanotlardir. Rossiya qo‘mondonligi ham hozirgi yurish amaliyotiga tayyorlanish vaqtida aynan qanotlarni nishonga olgandi. Uning rejalari oldindan ma’lum — shimol va janubdan zarbalar berish orqali ukrain qo‘shinini qurshovga olishga harakat qilish va ularni chekinishga majbur qilish.

Rossiya qo‘shini Avdiyivkaga keng front bo‘ylab yurishni 10 oktyabr kuni boshlagandi. Shaharga hujumlar aviatsiya, artilleriya va zirhli texnikalarni yoppasiga qo‘llagan holda bir necha yo‘nalishlarda boshlandi.

«Butun urush davomida men hech qachon bunday artilleriya tayyorgarligiga guvoh bo‘lmaganman. Hamma narsadan otishdi: aviatsiya, gradlar, smerchlar, solnsepyoklar… Stvolli artilleriya haqida aytishga hojat yo‘q, o‘z-o‘zidan PTUR va minomyotlar ham, bir so‘z bilan aytganda jahannam boshlandi. Hatto meni ham hayratda qoldirishdi, — deya yozgan rossiyalik harbiy tomonidan yuritiladigan „Vojak Z“ telegram-kanali muallifi. — Biz barcha yo‘nalishlarda bosim uyushtirdi, juda kuchli bosim. Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ayrim uchastkalarda natijalar bor».

Keyingi bir necha kun davomida «Vojak Z» og‘ir janglar, yutuqlar va kichik ilgarilashlar haqida yozdi. Yettinchi kunga kelib ohang o‘zgardi.

«Bo‘ldi, biz tiqilib qoldik. Boshqa oldinga yura olmaymiz, yursak ular darhol hammayoqdan otishadi. Egallangan pozitsiyalarga kassetali o‘q-dorilar, minalar uchirilmoqda, dronlar bilan urishmoqda.

Hamon kontrbatareya kurashida muammolar bor. Oldindagi yigitlar tom ma’noda yoriqlarda o‘tirishibdi, u yerda bosh ko‘tarib bo‘lmaydi. Uraganlar, Solnsepyoklar… Qayerdasizlar?

Hozircha egallangan pozitsiyalarni ushlab turibmiz, ammo juda qiyin, juda ham. Agar birinchi kundagi kabi artilleriya tayyorgarligi bo‘lmasa, biz shu yerda qolib ketamiz. Bilaman, barcha g‘alaba haqidagi hisobotlarni kutmoqda, ammo kartina biroz boshqacha. Og‘ir artilleriyasiz olib chiqa olmaymiz», — deya yozgan u.

Ukraina IIV ma’lumotiga ko‘ra, Avdiyivkada 1400 nafar atrofida tinch aholi vakillari yashamoqda

Avvaliga Rossiya qo‘mondonligining Avdiyivka yo‘nalishidagi rejalari aniqdek tuyulgandi. Ukrainadagi qo‘shinlari yoz boshidan buyon asosan mudofaa janglarida o‘tirgan Moskvadagilar tashabbusni qo‘lga olishni istashi tabiiy. Bundan tashqari, boshqa sektorlarda faollashuv Rossiya armiyasiga janubiy frontda bosimni kamaytirish imkonini beradi, janubda esa vaziyat ruslar uchun xavotirli bo‘lib qolmoqda.

Ammo endilikda ma’lum bo‘ldiki, Rossiya Bosh shtabining rejalari bu bilan cheklanmagan. Qo‘mondonlik Avdiyivka atrofiga ulkan zaxira kuchlarni tashladi, bu kuchlar boshqa yo‘nalishlardan, birinchi navbatda nisbatan istiqbolli bo‘lib turgan Liman va Kreminna atrofidan olindi. Bundan tashqari, bu ishga oldindan tayyorgarlik ko‘rilmagan, balki amaliyot boshlanganidan keyin shunday qarorga kelingan va bu Ukraina razvedkasi uchun ham kutilmagan hol bo‘ldi.

Ochiq manbalarga ko‘ra, ayni vaqtda Avdiyivka atrofiga boshqa kichik bo‘linmalar hisobga olinmaganda Rossiyaning uchta armiyasi joylashtirilgan. Ukrainalik harbiy ekspert Aleksandr Kovalenkoning baholashicha, bu hududda to‘plangan qo‘shinlar miqdori Baxmut atrofida bo‘lganidan ko‘proq.

U Baxmut atrofida front chizig‘i uzunligi 50 km bo‘lgani, Avdiyivkada esa — 20 kilometrdan ortiqroq ekaniga e’tibor qaratgan. Shu bilan birga, Baxmut atrofidagi Rossiya qo‘shinlari soni yurishning turli davrlarida 20 mingdan 50 minggacha bo‘lgan.

«Avdiyivka atrofida to‘plangan qo‘shinlar soni bugungi kunda — 40 mingdan oshiq. Ya’ni frontning bir kilometriga taxminan 2 ming jangchi to‘g‘ri keladi, — deya yozadi Kovalenko. — Baxmutga yurish davomida 300 dan ortiq tanklardan foydalanilgan. Avdiyivkaga yurishning dastlabki uch haftasida rossiyaliklarning 100 dan ortiq tanki yo‘q qilindi».

Ta’minot bilan bog‘liq muammolar

Avdiyivka atrofida yurish qilayotgan Rossiya qo‘shinlarining ulkan yo‘qotishlari to‘g‘risida Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi ham, Rossiya tomonda turib harbiy harakatlarda ishtirok etayotganlar ham xabar bermoqda.

«Shtorm-Z shturm otryadlari Avdiyivka yo‘nalishida va Baxmutning janubiy qanotida (boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha xabardor emasman) bir necha kunlik harbiy harakatlarda tom ma’noda nolgacha qisqardi. O‘rtacha olganda, qaytarib bo‘lmas yo‘qotishlar darajasi mos ravishda shaxsiy tarkibning 40-70 foizi atrofida, sanitar yo‘qotishlar esa 60-30 foizini tashkil etadi», — deya yozgan «Filolog v seroy zone» telegram-kanali muallifi.

U bunday yuqori yo‘qotishlarga izoh sifatida shaxsiy tarkibning tayyorgarlik darajasi pastligi, artilleriya qo‘llovi yo‘qligi, shu tufayli hujumlar «go‘shtqiymalagich shturmlar»ga aylanayotgani, jang maydonidagi bo‘linmalar komandirlari jangovar topshiriqni bajarishda variantlarni tanlashda tashabbuskorlikdan mahrum etilgani, shturm otryadlari yopirilma rejimda jangga tashlanishi hamda yaradorlarni evakuatsiya qilishdagi qiyinchiliklarni keltirgan.

Ammo yo‘qotishlarga qaramay, Rossiya qismlari Avdiyivka atrofida yurish harakatlarini davom ettirmoqda, asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, ilgarilashga muvaffaq bo‘linmoqda. Xususan, ular koksximiya zavodidagi terrikonni (konlardan chiqqan jinslardan hosil bo‘lgan tog‘) egallashgan. Natijada mudofaalanayotganlarning vaziyati og‘irlashgan.

Ukraina qurolli kuchlari oxiriga qadar mudofaa qilgan Baxmutdan farqli o‘laroq (yakunda Rossiya qo‘shini uni to‘liq egallay olmadi ham), Avdiyivkadagi garnizonda logistika masalasi ham qiyin holatda — shaharga ta’minot o‘tadigan uchastka kun sayin torayib bormoqda va tez orada ta’minot yo‘llari osonlik bilan o‘qqa tutila boshlashi mumkin.

Kuz va qishdagi loygarchilik sharoitida esa bu omil mudofaalanayotgan tomonning vaziyatini yanada og‘irlashtirishi mumkin.

Foto: Getty Images

Agar Rossiya qo‘shini Avdiyivkani egallasa nima bo‘ladi?

Ukraina uchun Avdiyivka boy berilishi birinchi navbatda imijga putur yetkazadigan zarba bo‘ladi. Uning hududi Baxmut bilan taqqoslaganda ancha kichik bo‘lsa ham, Avdiyivka o‘tgan yillar mobaynida ramziy ahamiyatga ega bo‘lib, Donetskdagi Rossiya hukumatiga bevosita tahdid solib turgan hamda yirik kuchlarni o‘ziga jalb etgan.

Avdiyivka tashlab chiqilgan taqdirda Ukraina qurolli kuchlari frontning Toretsk va Mariyinka oralig‘idagi uchastkasida yangi istehkom barpo etishi talab etiladi. Keyinchalik shaharni qaytarib olish ham oson kechmaydi.

Rossiya esa, birinchidan, ramziy g‘alabani e’lon qilish imkoniga ega bo‘ladi, ikkinchidan, bungacha ko‘pchilik, xususan, yozda halok bo‘lgan Yevgeniy Prigojin va tergov izolyatoriga qamalgan Igor Strelkov, shuningdek Z-blogerlar va rossiyalik boshqa militaristlar tomonidan qattiq tanqidga uchragan harbiy rahbariyatning salohiyatini isbotlaydi.

Bu yerda muvaffaqiyatga erishilsa, Rossiya chindan ham frontdagi umumiy tashabbusni qo‘lga olishi mumkin, lekin Avdiyivka uchun janglar vaqtida yo‘qotiladigan jangovar tayyor bo‘linmalarni tiklash ham oson bo‘lmaydi.

Avdiyivkaning egallanishi hech bo‘lmaganda yaqin kelajakda ham strategik yutuqqa olib kelishi dargumon. Bu yerdan turib muvaffaqiyatni rivojlantirish qiyin — katta ehtimol bilan, faqat front chizig‘ini biroz nari surish va Donetskka to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdidni bartaraf etish haqida gapirish mumkin.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo