Foto: Getty Images
Ukrainada hamma saylov haqida gapira boshladi. Garchi urush davom etayotgan, har qanday saylov qonunan taqiqlangan, jamiyat ham urush vaqtidagi saylov kampaniyasini qo‘llamayotgan bo‘lsa-da. Ba’zi siyosatchilarning so‘zlari saylov shiorlarini eslatmoqda. Boshqalar esa saylovda qatnashish yoki qatnashmasligi haqida ochiq gapirmoqda.
Va bularning barchasi qanday saylov haqida gap ketayotgani tushunarsiz bo‘lgan, saylov qachon bo‘lishi, umuman o‘tkazilish yoki o‘tkazilmasligi ham aniq bo‘lmagan bir zamonda sodir bo‘lmoqda.
Bu nimaga kerak o‘zi?
Bu borada tug‘iladigan birinchi savol shunday bo‘ladi: urushayotgan mamlakatda saylov haqida qanday gap bo‘lishi mumkin? Ularni o‘tkazish nimaga kerak? To‘g‘ri, 31 oktyabrda Oliy Rada uchun parlament saylovi o‘tkazilishi kerak edi. To‘g‘ri, 2024 yil mart oyida prezidentlik saylovi bo‘lishi kerak. Lekin Ukraina urushayotgan bir vaqtda qanday saylov haqida gap bo‘lishi mumkin?
BBC ushbu savollarga javob izladi.
Birinchidan, G‘arbdagilar saylov o‘tishi kerak degan g‘oyani qo‘llaydi. Chunki ularning fikricha, Ukraina o‘zini demokratik davlat deb hisoblasa, demokratiyaning ajralmas qismi bo‘lmish saylovlarni o‘tkazishi kerak. Ya’ni ular Ukraina demokratik qadriyatlarga sodiq ekanini isbotlash uchun saylovni o‘tkazishga imkon topishi kerak deb hisoblashadi. Garchi urush vaqtida risoladagidek saylov o‘tkazish imkonsiz bo‘lsa ham.
Shuningdek, Volodimir Zelenskiy saylov o‘tkazilmasa, rus propagandasi uni «nolegitim» va «lavozimga yopishib olgan» deb atay boshlashidan qo‘rqadi degan yarimkonspirologik qarash ham mavjud. Bu vaqtda Vladimir Putin 2024 yilgi Rossiya prezidentligi uchun saylovda g‘olib bo‘lishi deyarli aniq.
Ikkinchidan, Ukrainadagi amaldagi hukumatda ham saylovni kechiktirmay o‘tkazish uchun asoslar yetarli. Masalan, Zelenskiyning reytingi hamon mamlakatdagi siyosatchilar orasida eng yuqori – 70 foizdan balandroq.
«Bu raqamlar saylov reytingida ham shu ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Vaziyatga qo‘yilgan maqsadlar va siyosiy texnologiyalar tomonidan qarash kerak. Ishonch reytingi yuqori bo‘lib turgan vaqtda avval prezidentlik, keyin parlament saylovini, balki ikkalasini bir vaqtda o‘tkazib olish hukumat manfaatlariga to‘liq mos keladi», deydi BBC bilan suhbatda Ukraina Saylovchilar qo‘mitasi rahbari Oleksiy Komesh.
Bu boradagi uchinchi variantni esa Ukraina prezidentligi uchun saylovda qatnashishi haqida ochiq gapirayotgan mamlakatdagi yagona mashhur siyosatchi Oleksiy Arestovich faol targ‘ib qilmoqda. Uning fikricha, Zelenskiy boshchiligidagi amaldagi Ukraina hukumati «oxirgi manziliga yetib keldi». Ularning qabul qilayotgan tashqi va ichki siyosatdagi, shuningdek, harbiy qarorlar Ukrainani «o‘ldirmoqda». Shunday ekan, Arestovich Ukrainadagi boshqaruv tizimi saylov orqali yangilanishi kerak deb hisoblamoqda.
Hamma saylov haqida gapirmoqda
Ukrainadagi saylov haqida gapirayotganda avvalo mamlakat qonunlarida bu haqda nima deyilganiga e’tibor berish kerak. Mamlakat qonunchiligida urush ketayotgan va harbiy holat e’lon qilingan vaqtda prezidentlik, parlament va mahalliy saylovlar o‘tkazilishi taqiqlanishi qayd etilgan. Ukrainada 2022 yil 24 fevral kuni harbiy holat e’lon qilingan va hozirda uni bekor qilishga asos ko‘rinmayapti.
Boshqa tomondan, Yevropa kengashi parlamentlar assotsiatsiyasi prezidenti Tini Koks shu yil may oyida Ukraina risoladagidek bo‘lmasa ham haqqoniy saylovlar o‘tkazishi kerakligini aytgandi. Avgust oyi oxirida Ukrainaga kelgan amerikalik respublikachi senator Lindsi Grem kelasi yil Ukrianada saylov o‘tkazilishi kerakligini ta’kidlagan.
Bu bayonotlardan keyin Zelenskiy bir necha marta bu haqda gapirishga majbur bo‘ldi. Avvaliga u G‘arb saylovlarni o‘tkazishni moliyalashtirib, uni kuzatish uchun nazoratchilar yuboradigan bo‘lsa, saylovlarni o‘tkazishga tayyor ekanini aytdi. «Hukumatga «yopishib olishibdi» degan qarash bo‘lishini istamayman», degandi Zelenskiy.
Keyinroq Ukraina prezidenti rumin nashri bilan suhbatda urush davrida saylov o‘tkazilsa, nomzodini qo‘yishi, tinchlik davrida esa va’da berganidek ikkinchi muddatga nomzod bo‘lmasligini aytdi.
3 noyabr kuni Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba bu borada aniq gap aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy 2024 yil bahor oyida prezidentlik saylovini o‘tkazish variantini o‘rganib chiqmoqda.
BBC'ning Ukraina hukumatidagi manbalari urush vaqtida saylov o‘tkazish variantlarini o‘rganadigan rasmiy va norasmiy guruhlar tuzilganini aytgan. Yaqinda Oliy Rada spikeri Ruslan Stefanchuk boshqa mamlakatlar parlamentidagi hamkasblaridan urush vaqtida qanday saylov o‘tkazishgani bo‘yicha tajribalarini bo‘lishishni so‘radi. «Menimcha, tez orada biz bu borada qaror qabul qilishimiz kerak», bo‘ladi degan u hamkasblariga yuzlanar ekan.
Nihoyat, shu kunlarda Kiyevda Ukrainaning alohida hududlarida saylov bo‘lmasligini kim va qanday belgilashi bo‘yicha qonun loyihasining yopiq taqdimoti o‘tkazilgan. Bularning barchasi eski latifani eslatib yuboradi: ikki yosh restoranda yuz kishilik joy band qiladi, yakshanba kuniga ruhoniyni ham chaqirtirib qo‘yishadi, yetmaganiga qiz kelinlik libosini ham sotib oladi. Odamlar esa «Albatta, hamma narsa bo‘lishi mumkin, lekin ular katta ehtimol to‘yga tayyorlanmoqda», deyishadi. Ukrainadagi siyosiy vaziyat ham shunaqa: hukumat har qanaqasiga talqin qilish mumkin bo‘lgan biror bayonot beradi, lekin ular katta ehtimol bilan saylovga tayyorlanmoqda.
Volodimir Zelenskiy 6 noyabrdagi har kunlik chiqishida jamoatchilik e’tiborini saylovga qaratishga intilayotganlarni mas’uliyatsiz deb atagandi. «Hozir saylov vaqti deb o‘ylamayman. Agar qandaydir siyosiy tortishuvga nuqta qo‘yib, birgalikda ishlashda davom etish kerak bo‘lsa, Ukrainaga qarshi o‘yinlarga imkon qoldirmaslik uchun davlatda istalgan masalaga nuqta qo‘yadigan, odamlarga kerakli javobni bera oladigan tuzilmalar bor», dedi Zelenskiy.
Prezidentning bu so‘zlari uning harbiy holat yakuniga qadar saylov o‘tkazish mumkinligi haqida aytgan avvalgi bayonotlariga mos kelmaydi.
Qonun imkon bermaydi, lekin...
Urush holatida saylov o‘tkazishni taqiqlovchi qonundagi cheklov-chi, deysizmi? Ukraina siyosatidagi eng asosiy qoida quyidagicha: «Agar mumkin bo‘lmasa-yu, xohish juda baland bo‘lsa, amallasa bo‘ladi». Bu holatda mana shu «qoida» to‘liq ishlashi mumkin.
Ukrainada urush vaqtida saylov o‘tkazish nafaqat «Harbiy holat to‘g‘risidagi» qonunda, balki Saylov kodeksida ham taqiqlangan. Konstitutsiyada esa bu haqda hech gap yo‘q. Agar saylov o‘tkazish kerak bo‘lsa, siyosatchilar sizga konstitutsiya eng oliy qonun ekanini eslatishadi.
Saylov bo‘yicha ekspertlar yuqoridagi tartibni rad etishadi, chunki Ukraina konstitutsiyasida parlament a’zolarining muddati harbiy holatda yakunlanadigan bo‘lsa, Oliy Rada eski tarkib bilan harbiy holat e’lon qilingandan keyin saylangan yangi parlamentning birinchi majlisigacha ishlashda davom etadi. Ammo boshqa jihatdan, konstitutsiyada harbiy holatda Oliy Radaga saylov o‘tkazib bo‘lmasligi haqida hech nima deyilmagan. Urush vaqtidagi prezidentlik saylovi haqida ham Ukraina konstitutsiyasida hech qanday gap yo‘q.
BBC bilan suhbatlashgan hukmron «Sluga naroda» partiyasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, saylov o‘tkazish uchun shunchaki saylov kodeksi va «Harbiy holat to‘g‘risida» qonunni o‘zgartirib qo‘yishning o‘zi kifoya. Bu o‘zgarishlarni qo‘llab parlamentda ko‘pchilik ovoz berishi kerakligi esa alohida masala.
«Hozirgi Rada deputatlari bu chaqiruv ular uchun oxirgisi ekanini tushunib turibdi. Shu sabab, agar Zelenskiy xohlasa, prezident saylovi uchun parlamentda kerakli ovozni yig‘a oladi. Lekin parlament saylovi borasida bunday ko‘pchilik o‘rinni olish imkonsiz», deydi «Golos» muxolif fraksiyasi deputati Yaroslav Jyeleznyak.
Zelenskiy asos solgan «Sluga naroda» partiyasi vakili BBC bilan suhbatda aytishicha, yangi parlament saylovi ayni damda parlamentda hukmron bo‘lib turgan partiya tugashiga olib keladi. Chunki Zelenskiy partiyasining reytingi tushib ketgan.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirishidan avval ham bu partiya reytingi turli mojarolar, xususan, kadrlar tanlash siyosati tanqidga uchrashi fonida tushib ketgandi. Masalan, prezidentni qo‘llovchi otryadlar tashkil qilingani saylovchilarga umuman yoqmagan. Urush muammolarni faqat keskinlashtirdi.
Xavfsizlik, harbiylar, qochoqlar
Saylovni o‘tkazish oson bo‘lmasligi aniq. Ukraina hukumati kampaniya tashkil qilish jarayonidayoq juda ko‘p javoblari haqida hatto bosh qotirilmagan savollarga javob berishi kerak bo‘ladi. Birinchi va asosiy masala – xavfsizlik. Har kuni hatto front chizig‘idan yuzlab kilometr uzoqda bo‘lgan shaharlarda havo hujumidan ogohlantiruvchi trevoga sirenalari chalinadi. Har kuni fuqarolik obektlari raketa zarbalariga uchramoqda.
«Barcha saylov kampaniyalari manzillari e’lon qilinadi. Shuning uchun agar Rossiya saylov jarayonini qonga botirmoqchi bo‘lsa, Grozadagi dahshatni osongina takrorlashi mumkin», deydi siyosatshunos Oleksiy Koshel. U Grozadagi marhumni xotirlash marosimida tinch aholi vakillari bo‘lgan 56 kishi o‘ldirilgan raketa zarbasini nazarda tutgan.
Urush holatida saylov o‘tkazilganda saylovchilar ham, saylov komissiyasi a’zolari ham xavf ostida bo‘ladi. Bundan tashqari, havo hujumidan trevoga sirenalari chalinganda byulleten solingan qutilarga nima bo‘ladi?
Urush holatidagi Ukrainaga qaysi davlat va xalqaro tashkilot o‘z tekshiruvchilarini yuborishi ham muammolardan biri. Axir xalqaro kuzatuvchi hech qanday xavfsizlik protokoliga to‘g‘ri kelmaydigan xavfli sharoitda ishlashiga to‘g‘ri keladi.
Yana bir muammo – saylovda harbiylar qanday ishtirok etishi bilan bog‘liq. O‘qlar yomg‘iri va tinimsiz portlash bo‘layotgan sharoitda qanday qilib saylov o‘tkazish mumkin? Bu yerda boshqa bir muammo ham kelib chiqadi: ukrainalik harbiylar saylovda o‘z nomzodini ko‘rsatish imkonidan ham mahrum bo‘ladi. Bu fakt saylov tashkilotchilarini qiyin ahvolga tushirib qo‘yadi. Axir hozir Ukrainada harbiylarning reytingi hammanikidan baland-ku.
«Ukraina parlamentida o‘tirishi kerak bo‘lgan odamlar hozir jang maydonida. Ularsiz saylov o‘tkazish adolatdan emas», deydi muxolif deputat Yaroslav Jyeleznyak.
O‘z nomini oshkor qilishni istmagan boshqa bir muxolif deputat esa hukumat aynan harbiylar saylovda qatnasha olmasligi sabab uni tezroq o‘tkazishni istaydi. Axir chindan Zelenskiyga raqobat qila oladigan mamlakatdagi yagona nomzod bosh qo‘mondon Valeriy Zalujniy-ku. General saylov vaqtida armiyani tashlab ketmaydi va nomzodini qo‘ymaydi. Bunday holatda Zelenskiy muammosiz g‘olib bo‘ladi.
Yana bir muammo qochoqlar. Ukraina urush boshlanganidan buyon qancha fuqarosi mamlakatdan chiqib ketganini aniq bilmaydi ham. Bu raqamlar 3 milliondan 7 milliongacha bo‘lishi mumkin. Lekin ular aynan qayerda joylashgan, saylovda qatnasha oladigan holatdami – noma’lum. Shuningdek, Ukraina mamlakatdan tashqarida bo‘lgan odamlarning saylovda xavfsiz ishtirokini ta’minlay olishi ham so‘roq ostida.
Masalan, hozir Polshada 1 milliondan ortiq ukrainalik bo‘lib turibdi. Saylov qonunchiligiga ko‘ra, ovoz berish jarayoni o‘sha mamlakatdagi elchixonada o‘tkazilishi kerak. Polshada Ukrainaning to‘rtta elchixona binosi borligi hisobga olinsa, ular bu qochoqlarning faqat bir qisminigina qabul qila oladi.
Albatta, bu muammoni hal qilish mumkin: ukrainaliklar bo‘lib turgan mamlakatlarda vaqtinchalik saylov uchastkasi tashkil qilinsa, Yevropa davlatlari bu borada Ukrainaga yordam berishga tayyorligini ham aytib bo‘lgan, lekin bunday saylov o‘tkazish uchun qonunchilikni o‘zgartirish, qo‘shimchasiga saylov o‘tkaziladigan davlatlar bilan tashqi ishlar vazirlari darajasida uchrashuvlar o‘tkazish kerak.
BBC ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha Kiyev tashabbusi bilan bunday uchrashuvlar o‘tkazilmagan. Yana bir savol: ukrainalik qochoqlar bo‘lib turgan davlatlarda tashkil qilinadigan saylov uchastkalari, saylovlarni o‘tkazish uchun kim pul beradi? Masalan, bu borada Germaniya bilan muzokaralarda so‘z borgan va nemislar o‘z hududlaridagi ukrain saylovlarini moliyalashtirish uchun «o‘lib-tirilmayotgani» aniq sezilgan. Kiyev katta ehtimol boshqa davlatlarda ham shunday muammoga duch keladi.
Ukraina saylovlari haqidagi muhokamalarda ovoz berishni «Dia» davlat xizmatlari ilovasi orqali o‘tkazish fikriga tez-tez duch kelish mumkin. Bu ilova mamlakat ichkarisi va tashqarisidagi millionlab ukrainaliklar telefonida o‘rnatilgan.
Kiyevning G‘arbdagi ittifoqchilari esa urush vaqtidagi elektron saylovlarga sovuqqonlik bilan qaramoqda. Aniqrog‘i, ular Ukraina ilova orqali ovoz berilsa, saylovchilarning ma’lumotlarini maxfiy saqlab qolishiga unchalik ishonishmayapti. «Dia» asoschilaridan bo‘lgan Ukraina raqamli transformatsiya vaziri Mixaylo Fedorov hozircha saylovni ilova orqali o‘tkazish muhokama qilinmaganini aytgan.
Xalq saylovga qarshi
Tashkilotchilar uchun eng jiddiy muammo odamlarning kayfiyatidir. Shunchaki saylovni o‘tkazish va jarayon ukrainaliklar tomonidan qo‘llanishiga erishishning o‘zi qiyin masala.
Ukrainada urush boshlanishi bilan e’lon qilingan harbiy holat faqat har kuni chalinadigan trevoga sirenalaridan iborat emas. Bu ommaviy tadbirlar bekor qilingani, axborot maydoni hukumat tomonidan monopollashtirilgani, eng mashhur telekanallar «yagona marafon» propagandachi loyihalariga aylantirilgani va urushgacha juda mashhur bo‘lgan siyosiy shoularning bekor qilingani degani hamdir.
To‘laqonli saylov kampaniyasi o‘tkazish esa hukumatdan «murvatlarni bo‘shatish»ni talab etadi. Natijada to‘rt tomondan hukumat pozitsiyasiga to‘g‘ri kelmaydigan bayonotlar aytila boshlanadi. Bunday muhitda Zelenskiy va Ukraina hukumati ular uchun yoqimsiz bo‘lgan savollarga javob berishiga to‘g‘ri keladi. Hukumat hozircha bunday qadamlarga yo‘l ochishi aniq emas.
«Agar saylov kampaniyasi o‘tkazilsa, barcha nomzodlarning obro‘siga putur yetadi. Jamoatchilik saylovdan keyin chuqur tushkunlik holatida bo‘lmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Hozir saylov o‘tkazilishi kerak deb aytayotganlar mamlakatni qanday olovga itarayotganidan xabari yo‘q», deydi BBC bilan suhbatda prezident Zelenskiy jamoasi a’zosi.
Ukraina saylov o‘tkazish uchun pulni qayerdan olishi ham aniq emas. Axir umummilliy saylov o‘tkazish arzon ish emas. Intervyularidan birida Zelenskiy saylov o‘tkazish uchun 5 milliard griven (140 million dollar) kerak bo‘lishini aytgandi. Odamlar zo‘rg‘a kun ko‘rayotgan va armiya ehtiyojlari uchun grivnalab pul yig‘ilayotgan bir mahalda bunchalik katta pul shunchaki saylov o‘tkazish uchun sarflab yuborilishi odamlar kayfiyatiga salbiy ta’sir qiladi.
BBC bilan suhbatlashgan Zelenskiy jamoasi vakilining aytishicha, saylov uchun pul topish muammo bo‘lmaydi, G‘arb kerakli pulni berishi mumkin. Ammo oxirgi vaqtlarda Ukrainaga yordam keng muhokama qilinayotgan bir vaqtda bunday yordam puli berish masalasida tortishuvlar bo‘lishi aniq.
Yuqoridagi omillardan kelib chiqib, hozir Ukraina jamoatchiligi saylovga salbiy qaramoqda deyish mumkin. Razumkov markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, ukrainaliklarning ba’zan 64 foizi, ba’zan 81 foizi saylov urushdan keyin o‘tishi kerak deb hisoblashini ma’lum qilgan.
Kutilmaganda «uchinchi sektor» ham saylov o‘tkazishga qarshi chiqdi. Yuzdan ortiq jamoatchilik tashkilotlari saylov o‘tkazish fikridan qaytish va bu mavzuga yopishib olishni bas qilishga chaqirdi.
«Urush va saylov birga bo‘lishi mumkin emas. Bu xavfli jarayon saylovning ham, saylov organlarining ham legitimligi yo‘qotilishiga olib keladi. Oqibatda vaziyat yanada izdan chiqadi», deyiladi xususan bunday bayonotlarda.
«Saylovlar mustaqil tarzda demokratiyani aks ettira olmaydi. Shunchaki ovoz berish jarayonini o‘tkazib qo‘yish demokratiya degani emas. Rossiya va Belarusda qog‘ozda ovoz berish o‘tkaziladi, ba’zi xalqaro tekshiruvchilar bu jarayonni «saylov» deb ataydi, lekin ularning ikkisida ham demokratiya yo‘q», deyiladi yuqoridagi bayonotlarda saylov tarafdorlariga qarata.
BBC'ning muxolif fraksiyadagi suhbatdoshi g‘arblik diplomatlar bilan suhbatiga tayanib aytishicha, bu bayonotlar Ukrainaning G‘arbdagi ittifoqchilari tomonidan iliq kutib olingan.
«Amerika isteblishmentining bir qismi amalda urush yakuniga qadar saylov o‘tkazilishiga qarshi emas. Faqat saylovlar soxtalashtirilmasligi sharti bilan. Agar ovozlar soxtalashtirilsa, Putin buni dunyoga demokratiyaning halokati deb namoyish qiladi», degan Vashingtondagi Ukraina bo‘yicha yopiq ekspertlar muhokamasida ishtirok etgan manba.
Hammasini prezident hal qiladi
BBC bilan suhbatlashgan barcha manbalar saylov borasida qarashidan qat’i nazar bir fikrni takrorlagan: salov o‘tish yoki o‘tmasligini Zelenskiy hal qiladi. Uning jamoasidagi suhbatdosh prezident bu borada aniq qarorga kelmagani, Zelenskiy o‘z fikrini dekabrda bildirishi kutilayotganini aytgan. Ba’zi nashrlar Zelenskiy ofisiga tayanib saylovlar 2024 yil martda emas, may oyida o‘tkazilishi mumkinligi haqida yozmoqda.
Zelenskiyning ikkilanayotganini tushunish mumkin. Bir tomondan, hukumat shundog‘am to‘laligicha uning qo‘lida. Ikkinchi tomondan, ijtimoiy so‘rovlar hukumatga ishonch pasayib borayotganini ko‘rsatmoqda. Shu sabab hali hammasi o‘z nazoratingda bo‘lgan vaqtda muddatni yangilab olish ham yomon variant emas. Chunki urushdan keyin saylovni yutish oson bo‘lmaydi.
Shuningdek, odamlar saylovni talab qilmayotgani ham Zelenskiyni o‘ylantirayotgan bo‘lishi mumkin.
«Ukraina urushmoqda. Prezident esa Oliy bosh qo‘mondon. Men, oddiy ukrainalik sifatida qo‘mondon bunday vaqtda xayolini urushga emas, Ukrainaga xalqaro yordamga emas, saylovda qanday g‘alaba qozonishga qaratishini istamayman», degan BBC bilan suhbatda deputat Yaroslav Jyeleznyak.
Nihoyat, «qora oqqush» omillarini hisobdan chiqarib bo‘lmaydi.
Urush boshlanganidan buyon Ukraina siyosiy sahnasi keskin o‘zgarib ketdi. Urushgacha uning asosiy aktyorlaridan bo‘lgan va siyosat yulduzlari deb qaralgan Yuliya Timoshenko va parlamentning sobiq spikeri Dmitriy Razumkov so‘nib qoldi. Keyin Oleksiy Arestovich, Mikolayiv gubernatori Vitaliy Kim, kriminal o‘tmishli agrar tadbirkor Oleksandr Povoroznyuk kabilar urush boshida yaqqol porladi. Endi ularning mashhurligi ham tushib bormoqda.
Hech kim titrab turgan ukrain jamiyatida ertagayoq boshqa qahramon topilmasligiga kafolat bera olmaydi. «Saylovda ham kutilmagan narsalar bo‘lib ketishi mumkin. Bizning holatimizda, shartli ravishda aytadigan bo‘lsak, Patron ismli it ham saylovda g‘olib bo‘lishi mumkin», deydi siyosatshunos Oleksiy Koshel.
Balki shuning uchundir, Ukrainadagi yirik siyosiy partiyalar hali ijtimoiy shirkatlarga saylov bo‘yicha so‘rovnoma buyurtma qilgani yo‘q. Ular bundan mantiq yo‘q deb o‘ylashgan.
Ammo yuqorida aytilganidek, bir kishining irodasi bilan barchasi o‘zgarib ketishi hech gap emas. Ukraina siyosatida bunaqasi bo‘lib turadi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring