Foto: Eurorean Union/Sorernisus Sentinel-3/Handout/Reuters
37 yil davomida Antarktida qirg‘oqlari yaqinida dengiz tubiga yopishib qolgan dunyodagi eng katta aysberg faol harakatlana boshladi. Bu haqda 24 noyabr kuni Britaniya Antarktika tadqiqoti olimlari Ella Gilbert va Oliver Marsh ma’lum qildi, deb yozdi SNN.
A23a deb nomlangan aysberg 1986 yilda Filxner muzligidan ajralib ketgan katta muz bo‘lagidan hosil bo‘lgan. Shundan so‘ng, u deyarli darhol G‘arbiy Antarktida qirg‘og‘idagi Ueddel dengizining tubiga cho‘kdi. Ammo hozir, olimlarning ta’kidlashicha, u tabiiy jarayonlar ta’sirida dengiz tubidan ajralib chiqdi.
Olimlar A23a qalinligini taxminan 400 metr, maydoni esa deyarli to‘rt ming kvadrat kilometrni tashkil etishini taxmin qilmoqda. Bu Nyu-Yorkning maydonidan uch baravar (taxminan 780 kvadrat kilometr) va Moskva maydonidan 1,6 baravar (taxminan 2500 kvadrat kilometr) ko‘proq.
Olimlarning taxminiga ko‘ra, okean oqimlari ta’sirida aysberg katta ehtimol bilan sharqqa qarab suzadi va kuniga taxminan besh kilometr yo‘l bosadi. Ular bunday o‘lchamdagi aysberg hatto Janubiy Atlantikaning iliq suvlarida ham ancha vaqt qolishi va Janubiy Afrikaga qarab harakatlanishidan xavotirga tushgan.
2020 yilda olimlar A68 deb nomlangan yana bir yirik aysberg Janubiy Jorjiya oroli bilan to‘qnashib, qirg‘oqda qolib, tyulen va pingvinlar uchun oziq-ovqat yo‘lini to‘sib qo‘yishidan, dengiz tubi jonzotlarining halokatidan xavotirlangan edi. Biroq, aysberg oxir-oqibat kichikroq bo‘laklarga bo‘linib ketdi va oqim ularni Atlantika okeaniga olib ketdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring