Yaqin Sharqda Saudiya Arabistoni, Misr yoki Eron an’anaviy yetakchilar deb qabul qilinsa-da, hududi kichik, lekin ovozi ancha baland Qatar mafkuraviy va geosiyosiy pozitsiyasi jihatdan mintaqada unikal davlat hisoblanadi. Rasmiy Doha bu safar G‘azoda 4 kunlik otashkesimga erishishda markaziy o‘rin tutdi.
Xo‘sh, Qatarning Isroil–Falastin inqirozida ta’sir etish o‘rni qanday? Umuman, Qatar tashqi siyosatining arab-musulmon olamidagi o‘rni va vektorlari-chi?
Kun.uz'ning “Geosiyosat” rukni mavzuni tahlil qilish uchun siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Shavkat Ikromovni taklif etdi.
— HAMAS va Isroil Qatar vositachiligida 4 kunlik o‘t ochmaslik sulhiga erishdi. Qatarning HAMASga ta’siri mavzusiga o‘tishdan avval, Qatar tashqi siyosatining arab-musulmon olamidagi o‘rni va vektorlari qanday?
Shavkat Ikromov: — Qatar kichik davlat sifatida ko‘riladi, ammo bu faqat geografik va aholi soni nuqtayi nazaridan. Siyosiy, geosiyosiy maydondagi ishtirokiga ko‘ra, Qatar kichik davlat hisoblanmaydi. Qatar – mintaqaviy yirik o‘yinchi.
Qatar 1972-1996 yillar oralig‘ida Saudiyaning xavfsizlik kafolatlari ostida yashab kelgan. 1996 yildagi tinch davlat to‘ntarishidan so‘ng uning siyosati va tashqi siyosiy doiralari ham o‘zgardi. Demografik va geografik kichikligini Qatar faol tashqi siyosati, geosiyosiy vositachiligi bilan yopishga urinadi. 1996 yildan Arab bahorigacha Qatar o‘zini faol mintaqaviy o‘yinchi sifatida namoyon etishga harakat qildi. Arab bahori va 2013 yildagi hokimiyat o‘zgarishidan so‘ng mintaqadagi bo‘shliqlardan foydalanib, mintaqaviy o‘yinchi sifatida o‘zini yaxshi ko‘rsata boshladi. Bugungi kunda xalqaro miqyosda asosiy vositachi davlat hisoblanadi. G‘azo bo‘yicha ikkinchi muvaffaqiyatli yurishni amalga oshirdi. Birinchisi AQSh fuqarolarini ozod qilish bo‘yicha kelishuv bo‘lsa, ikkinchisi urush harakatlarini 4 kunga to‘xtatishga erishdi.
Qatar ichki siyosatidan xavotir olmaydi. Aholisi 2,7 mln, yetarlicha boy, odamlarning xohish-istaklari oldindan ko‘rilgan. Shuning uchun ham vositachilikda butun xalq istagi bo‘lib turadi, bu ham bir muvaffaqiyatga yo‘l. Bundan tashqari, Qatar atrofida etnik nizolar, katta davlatlar o‘yinlari bo‘lib turadi, shuning uchun bu nizolar o‘ziga yetib kelmasdan, hal qilish yo‘llarini izlaydi va vositachilik taklif etib keladi.
Kamoliddin Rabbimov: — Qatarning global brendi bu “Al-Jazira” telekanali hisoblanadi, u 300 mlndan ortiq arab hamjamiyatining siyosiy tafakkuri va axborot qarashlarini shakllantirib berayotgan global resurs. Boshqa arab davlatlarining axborot resurslari unga raqobatchi bo‘lolmaydi. Qatar o‘zi kichik davlat bo‘lsa-da, juda katta geosiyosiy resurs va mavqe shakllantirdi.
Qatarning geosiyosiy qarashlari boshqa arab davlatlarinikidan farq qiladi, avvalambor Saudiyadan. Qatarni shartli ravishda ihvonchilar deyish mumkin. Bilamizki, bir paytlar Misrda Ihvon al-muslimun siyosiy tashkiloti shakllangan edi. Bugungi kunda shu brend ostida bir qancha liderlar bor, jumladan, Erdo‘g‘an ham. Bugungi ihvonchilarni islom qadriyatlarini siyosiy faollikka va ba’zan demokratik institutlarga qorishtirgan siyosiy guruh, deyish mumkin.
Saudiya xalq faolligi, demokratik institutlar bilan u yoki bu ko‘rinishda kurashayotgan bo‘lishi mumkin, lekin Qatar bunday emas. Arab bahorining me’mori “Al-Jazira” deyish mumkin, lekin bu loyiha kutilganidek muvaffaqiyatga erishmagan.
Qatarning qarashi bo‘yicha dunyo globallashdi, bunday vaziyatda inson tafakkurini axborot bilan to‘yintirish va ular siyosiy faol bo‘lishi kerak. Natijada arab va musulmon dunyosi faolligi dunyo arxitekturasini transformatsiya qilishi kerak. Qatarning ambitsiyalari, loyihalari ana shunday juda katta.
— Nega Qatarning atrofdagi Saudiya Arabistoni, BAA va Bahrayn kabi davlatlarga nisbatan Eron bilan aloqalari mustahkam?
Shavkat Ikromov: — 1996 yilda “Al-Jazira” telekanali tashkil etilib, katta mablag‘ ajratiladi. Shu bilan birga, liberalizm, demokratiya kabi g‘oyalar keng yoyila boshlaydi. Deylik, “Al-Jazira” telekanali Saudiyadagi siyosiy vaziyatni yoritsa, inson huquqlari haqida gapirmoqchi bo‘lsa, tanqid qilsa, bu narsa ularga tabiiyki yoqmaydi. Misr bilan ham shunday, Arab bahori davrida Misr uchun “Al-Jazira” tarkibida alohida kanal ham ochilgan. Husni Muborak tizimini fosh qilishga harakat qilgan, albatta, buni Misr xohlamagan. Shu nuqtayi nazardan Qatarga salbiy qarashadi.
Saudiyaga Qatarning Eron bilan munosabatlari ham yoqmaydi. Lekin Qatar va Eron munosabatlari uzluksiz yaxshi bo‘lmagan, doimiy o‘zgarishlar, uzoq-yaqin bo‘lishlar bor.
Kamoliddin Rabbimov: — Eron – respublika, Saudiya – monarxiya, shu jihatdan bu ikki davlat yaqinlasholmaydi bir-biriga. Erondagi monarxiya yiqitilishi mintaqadagi boshqa monarxiyalarni qo‘rqitib qo‘ygan edi o‘z vaqtida. Ikkinchidan, bu ikki davlat musulmonlarining mazhabi boshqa-boshqa.
Bu o‘rinda Qatar liberalizm va demokratik institutlarga ijobiy qaraydi, mazhablar bo‘yicha bo‘ladigan konfliktlarga ham aralashmaydi. Eron bilan ziddiyatga borgan paytlari ham sabab boshqa bo‘lgan, diniy emas.
Qatar boshqa arab davlatlaridan farqli ravishda uyg‘urlar masalasini, Falastin masalasini ko‘taradi, qo‘lidan kelgancha yordam beradi. Qatarning bu siyosati uni haqiqiy geosiyosiy sub’yektga aylantiradi.
— 2017 yildagi diplomatik inqirozning asl sabablari ham Arab bahori davomiyligi bilan bog‘liqmi?
Shavkat Ikromov: — Qatar 2017 yilda Saudiya, BAA, Bahrayn va Misr tomonidan blokada qilingan, Turkiya va Eron Qatar tarafida bo‘lgan, Eron yordam ham kiritgan edi.
Arab davlatlari nega Qatarni blokada qildi? Arab bahori davrida Misrda Ihvon al-muslimun vakili hokimiyatga keldi, bu Qatarga ma’qul kelar edi, Saudiya esa bundan manfaatdor emasdi. Bundan tashqari, Qatar Suriyadagi islomiy guruhlarni ham qo‘llagandi. Saudiya ma’lum vaqt bu bo‘yicha Qatar bilan kelishuvlarga erishdi, ammo keyinchalik terroristik guruhlarni qo‘llashda aybladi. 13 bandli talabnoma kiritdi, unda birinchi band Eron bilan aloqalarni uzish haqida edi. O‘sha paytda Suriyadagi Bashar Asadni Eron qo‘llardi, bu esa Saudiyaga yoqmasdi. Ammo Qatar shartlarni bajargani yo‘q va 2021 yilga kelib blokada olib tashlandi.
Bu blokada davrida AQSh qaysi tarafda bo‘lgani aniq emas. Chunki blokada qilgan davlatlar AQShning yaqin ittifoqchilari, Qatarda esa AQShning mintaqadagi ikkita asosiy va markaziy harbiy bazasi joylashgan. Tahlilchilar fikriga ko‘ra, AQSh kongressida Qatar lobbisi ham bor, xuddi yahudiy lobbisi kabi. Bundan tashqari, 1996 yilda Qatarda Tel-Aviv savdo uyi ochilgan va elchixona darajasida ishlagan. To 2007 yilgacha bo‘lgan davrda Fors ko‘rfazi arab davlatlari ichida faqat Qatarning Isroil bilan aloqalari bo‘lgan va Isroil orqali AQSh bilan muloqotda bo‘lgan. Keyinchalik esa Qatar lobbisini shakllantirgan. Blokadadan chiqish shunchaki tasodif emas.
Kamoliddin Rabbimov: — 2017 yilda AQShning yangi prezidenti Tramp birinchi bo‘lib Saudiyaga davlat tashrifini amalga oshiradi. Odatda AQShning yangi prezidentlari birinchi bo‘lib Kanada, Meksika, Yaponiya yoki YeI davlatlariga tashrif buyuradi. Trampning tashrifi Saudiyani ruhlantirgan. Shu davrdan Saudiyaning mintaqa siyosatidagi faolligi ancha oshadi. O‘sha davrda Saudiya AQShga qiymati 400 mlrd dollarlik qurol-yarog‘ buyurtma qiladi. Tarixdagi eng katta buyurtma bu.
AQSh uchun qiyin vaziyat edi, chunki Qatar ham, Saudiya ham uning ittifoqchisi edi. Tramp yengil tarzda Qatarni tanqid qilgan holatlar ham bo‘ldi, ammo uning maslahatchilari muvozanat saqlashni maslahat bergan va Tramp shu yo‘lga o‘tgan. Blokada orqali esa boshqa arab davlatlari Qatarga deyarli zarar yetkaza olishmadi.
— Qatarning Isroil-Falastin inqirozida ta’sir etish o‘rni qanday va ta’sir qila oluvchi vositalari qanchalik potensialga ega?
Shavkat Ikromov: — Yuqorida aytilgandek, Dohada Tel-Aviv savdo uyi ochilgan, vakolatxona sifatida xizmat qilgan. Ya’ni Qatarda bu bo‘yicha tajriba mavjud. Isroil Tashqi ishlar vazirligida ham Qatar stoli bor. Ikki davlat o‘rtasida e’lon qilinmagan ma’lum bir munosabatlar mavjud. Qatar avvaliga HAMASning tinch aholiga hujumini qoralab chiqqan edi, keyin Isroilning G‘azoga hujumini ham qoraladi.
Qatar Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilmagan. U doim Isroil 1967 yilgacha bo‘lgan chegaralarga qaytishi kerakligini ta’kidlaydi va shundan so‘ng Isroilni davlat sifatida tan olishini aytadi. Bu bo‘yicha Qatar pozitsiyasi qat’iy va boshqa arab davlatlaridan farq qiladi.
Nega aynan Qatar vositachi? HAMASni qo‘llovchi asosiy arab davlatlaridan biri – Qatar. “Al-Jazira” telekanalini ham HAMASga minbar sifatida bergan. Ko‘p arab davlatlari hukumatida HAMASga nisbatan xayrixohlik past, arab xalqlari esa qo‘llaydi, shuning uchun xalq va hukumatlar o‘rtasida tafovut paydo bo‘lgan.
Qatar o‘z vaqtida HAMAS va Fath o‘rtasida ham vositachilik qilgan. HAMASning yuqori namoyandalari Dohada joylashgan. Misr tomoni faolligini bildiruvchi turli bayonotlar berdi, lekin amalda natijani Qatar ko‘rsatyapti, shuning uchun ham aynan Qatar vositachi. Bundan tashqari, yuqorida aytganimizdek, Qatarning HAMAS bilan ham, Isroil bilan ham aloqalari yaxshi.
— Rasmiy Doha yaqinda Falastinning harbiy qanoti bilan hamkorlik qilmaganini, balki siyosiy qanoti bilan aloqalari borligini aytdi. Shu nuqtayi nazardan, Qatarning HAMASga ta’sir etishi qanchalik real?
Shavkat Ikromov: — Bunday bayonotlar Qatar tomonidan doimiy beriladi. Lekin bilamizki, Qatar hokimiyati vakillari G‘azoga ham borgan edi, Isroil hukumati norozi ham bo‘lgan bundan. HAMASning yuqori doiralari ham Dohada o‘z ishini olib boryapti.
Kamoliddin Rabbimov: — Qatar shunday davlatki, u kelajakda istiqboli bor bo‘lgan va salohiyati katta guruhlar, siyosiy tashkilotlarga siyosiy boshpana beradi. “Tolibon”, HAMAS kabilar misol. Menimcha, Qatar pozitsiyasi aniq, ya’ni Falastin 1967 yil chegaralari bo‘yicha tashkil etilishi kerak. Qatar Isroil bilan aloqalari bo‘lsa-da, uni juda ko‘p tanqid qiladi. Umuman, ko‘pgina arab davlatlari Isroil bilan shunday aloqalarga ega. Qatar Falastinni ochiqcha qo‘llagan, buni yashirib o‘tirmaydi. Qatar amiri BMT assambleyasidagi chiqishlarida doim Falastin masalasini tilga oladi.
Hozirgi muzokaralarda Qatar Isroil bilan muloqotda AQSh va Misr bilan ham hamkorlik qilyapti. Chunki Isroil bilan asosiy muloqotchi AQSh va Misr hisoblanadi. Qatarning Isroil bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri diplomatik aloqalari ham yo‘q, shuning uchun ham Misr kerak bu o‘rinda.
Shavkat Ikromov: — AQSh kongressida Qatar lobbisi borligini aytdik. Isroil parlamenti – Knessetda ham Qatar bilan muloqotga kirishadigan, uning qiziqishlari, istaklarini yetkazib turuvchi guruhlar mavjud, degan taxminlar bor.
— Qatarning diplomatik vakillari hozir Isroilda muzokaralar olib borishyapti. Doha bu konfliktda tashabbusni Ar-Riyoddan tortib olgandek. Qatarning Isroil bilan muzokaralari ma’lum muddat o‘t ochishni to‘xtatishdan ustunroq natijalarga erishishi mumkinmi?
Kamoliddin Rabbimov: — Erishishi mumkin. Menimcha, Saudiya Qatarning vositachiligiga hasad bilan qaramasligi, o‘ziga Isroil bilan vositachi bo‘lishni ep ko‘rmaydigan davlat bo‘lishi ham mumkin. Ibrohim kelishuvlariga ko‘ra, Saudiya va Isroil munosabatlari iliqlasha boshlagandi, ammo bu konflikt sababli Saudiya ortga chekindi. Konflikt endi boshlangan paytda Saudiya Tashqi ishlar vazirligi urush tugagach, yana muzokaralarni davom ettirishini bildirgan edi. Ammo voqealar davomiyligida Saudiya kayfiyati o‘zgaryapti va endi yana iliqlashuvda davom etish pozitsiyasida emas.
Qolaversa, ko‘plab kuzatuvchilar fikricha, Saudiya yashirin frontda Falastin manfaatlari uchun katta ishlar qilyapti, Qatar kabi ochiq frontda emas.
Shavkat Ikromov: — Saudiya Yaman, Misr, Suriya, Afg‘oniston voqealarida Qatarning harakatlarini qo‘llamagan edi. Ammo bu vaziyatda, Kamoliddin aka aytganidek, Isroil va HAMAS o‘rtasida vositachilik Saudiyaga ep bo‘ladigan ish emas. Shuning uchun Saudiya Qatarning o‘rtaga chiqishiga qarshi emas.
Kamoliddin Rabbimov: — Bu holatda vositachilik qilishga Saudiyada sharoit ham yo‘q. Chunki HAMAS bilan munosabatlari tarang, Isroil bilan ham diplomatik aloqalar yo‘q. O‘zini musulmon dunyosi lideri sifatida ko‘radigan Saudiya hozirgi vaziyatda Isroil bilan gaplashishni ep ham ko‘rmaydi.
Qolaversa, Saudiya Ihvon al-muslimun tashkilotini terrorchi tashkilot deb e’tirof etadi, shu ma’noda HAMASni ham uning bir bo‘g‘ini sifatida ko‘radi, garchi rasman terrorchi demasa-da.
Shavkat Ikromov: — O‘t ochishni yana 4 kunga to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar bo‘lyapti. Shu narsa ham bir umid beradiki, balki bu jarayonlar cho‘zilib, tinchlikka olib kelar. Ammo vaziyat juda o‘zgaruvchan, HAMAS ham, Isroildagi millatchi o‘ng hukumat ham keskin qarorlar qabul qilish xarakteriga ega. Lekin Qatar ishlar olib boradi, undan umid qilib qolamiz.
Kamoliddin Rabbimov: — Nima uchun Isroildek harbiy qudratga ega davlat HAMAS bilan muzokaraga majbur bo‘ldi? Harbiy harakatlarga 1 oydan oshgan bo‘lsa ham, Isroil o‘z maqsadlariga erisha olmadi, ya’ni asirlarni qutqara olgani yo‘q. Ko‘rinadiki, HAMAS bu urushga puxta tayyorlangan. Bu o‘rinda barcha jihatdan yutqazib turibdi: tinch aholini o‘ldiryapti, asirlarini qutqara olmayapti va HAMASga real bir zarba berolmadi.
Shavkat Ikromov: — Isroil hujum boshida asirlarni ozod qilish va HAMASni butunlay yo‘q qilish haqida gapirayotgandi. Bugunga kelib esa faqat asirlarni ozod qilish qismi yangrayapti. O‘zi tarixan HAMAS Isroil uchun juda noqulay harakat hisoblanadi. HAMAS o‘z yerlarini qaytarish, vatanni ozod qilish yo‘lida kurashar ekan, ularni to‘xtatish qiyin.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring