07:37 / 30.11.2023
576

Ukrainaning taqdiri nima bo‘ladi? Kiyevdagi tushkun kayfiyat sabablari

Ukrainaning taqdiri nima bo‘ladi? Kiyevdagi tushkun kayfiyat sabablari

7 oktyabrda Isroil-Falastin urushining yangilanishi oqibatida dunyo hamjamiyatining e’tibori Ukrainadan Yaqin Sharqqa ko‘chdi.

Aslida, Ukrainada bo‘layotgan urush – dunyo geosiyosiy tartibotini o‘zgartirishga qaratilgan eng yirik xodisadir. Isroil-Falastin urushining esa 75 yillik tarixi bor, u sivilizatsion xarakterga ega, surunkali mojaro.

Lekin aynan Ukraina urushi orqali Rossiya dunyo tartibotini, global status-kvoni o‘zgartirish niyatida. Postsovet hududi uchun esa, bu davlatlarning hududiy yaxlitligi, suvereniteti masalasi hamdir. Chunki agar Ukrainada Rossiya tezda va oson g‘alaba qozonganida edi, uning imperiyachilik kayfiyatlari yanada oshardi.

Garchi Ukrainadagi urush o‘tgan 2022 yiling fevralida boshlangan bo‘lsa-da, shu paytga qadar, tashabbus goh u tomonda, goh bu tomonda bo‘ldi. Bugun, Kiyevda ancha tushkun kayfiyat. Buning bir qancha sabablar bor.

Birinchidan, Isroil-Falastin mojarosining yangilanishi kollektiv g‘arbning diqqat-e’tiborini Ukrainadan olib, Yaqin Sharqqa qaratdi. Unga qadar ham, g‘arb davlatlarining Ukrainaga berayotgan moliyaviy, harbiy-texnologik yordami keskin pasayib borayotgan edi. Yaqin Sharqdagi mojaro g‘arbdagi “Ukraina urushidan toliqish” holatini rasmiylashtirib berdi.

E’tibor qilinsa, 2023 yilning birinchi oylarida kollektiv g‘arbdan Ukrainaga berilayotgan moliyaviy yordam ba’zi oylarda 5 milliardga yetdi, lekin bir milliarddan tushmagan edi. Keyingi oylarda esa g‘arb davlatlarining oylik yordami 350-250 million dollar darajasiga tushib qoldi.

Ikkinchidan, AQSHning o‘zida kelasi yil – prezidentlik saylovlari yili. Sotsiologik so‘rovnomalarga ko‘ra, amerikaliklar Ukrainani qo‘llashdan ancha toliqqan. Respublikachilarning Oq uyga qaytish ehtimoli oshib bormoqda. Tramp – yana asosiy nomzod. Yaqinda bo‘lib o‘tgan Kongressga saylovlarda respublikachilar tashabbusga erishib, Vakillar palatasi raisligiga erishdi. Trampchilar Ukrainaga ishonishmaydi, uni moliyalashda katta shartlar qo‘yishadi. Shu paytga qadar, respublikachilar ikki marta Ukrainaga berilishi kerak bo‘lgan moliyaviy yordamlarni to‘xtatib qo‘yishdi.

Uchinchidan, Yevropada ultra-o‘nglar, ekstremal millatchilar hokimiyatga kelishda davom etmoqda. Misol uchun, Niderlandiyada Gerd Vildersning partiyasi jiddiy g‘alabaga erishdi. Niderlandiya Ukrainaga F-16 rusumli qiruvchi samolyotlarni yetkazib berishga va’da bergan edi. Endi bu va’da bajarilishi shubha ostida. Chunki bu qarorni parlament tasdiqlashi shart. Gert Vilders va uning partiyasi esa Ukrainaga bu qiruvchi samolyotlarning berilishiga qarshi.

To‘rtinchi va asosiy omil – bu Ukrainaning Rossiyaga qarshi qarshi hujum operatsiyasi barbod bo‘lganida. Qarshi hujum shu yilning bahorida boshlanishi kerak edi, lekin yozning o‘rtalariga boribgina boshlandi. Asosiy sabab – kollektiv g‘arb davlatlari Ukraina so‘ragan qurol-aslahalarni juda kech yetkazib berdi. Qish chiqishi va kunlar ilishi bilan Rossiya bosib olingan hududlarda handaqlar qazish, minalashtirish ishlarini juda puxta amalga oshirdi. Shuning uchun Ukraina qarshi hujum orqali sezilarli muvaffaqiyatga erisha olmadi.

AQSH ekspertlari bu muvaffaqiyatsizlikda Ukrainani ayblaydi. Ukraina siyosatchilari esa, AQSH va g‘arb davlatlarini ayblaydi. Jumladan, Zelenskiy atrofidagi siyosatchilarning xorijiy OAVdagi intervyularida “g‘arb Ukrainaning tezda g‘alaba qozonishini istamaydi” degan qarash oshib bordi.

Haqiqatda ham, AQSHning Ukrainaga yordami “vazminlik”, “bosqichma-bosqichlik” tamoyillari asosiga qurilgan. Chunki agar g‘arb davlatlari, eng avvalo AQSH Ukrainaga tez, ko‘p va sifatli qurollar beradigan bo‘lsa, bu Rossiyaning tezda yengilishiga, natijada Rossiya tomonidan global eskalatsiyaga, kutilmagan global provokatsiyalarga sabab bo‘lishi mumkin degan qarash o‘sib bormoqda.

Ukrainaning qarshi hujum operatsiyasi muvaffaqiyatga uchramagani, AQSH va g‘arb davlatlarining e’tibori Yaqin Sharqqa qaratilgani bois, bugun Moskvada yana ko‘tarinki kayfiyat. Putin “Biz Ukraina bilan muzokaralarga tayyormiz, lekin muzokaralarda yangi hududiy reallik inobatga olinishi shart” deydi. Ya’ni Putin, bosib olingan 20 foizga yaqin Ukraina hududini olib qolmoqchi.

G‘arb ekspertlarida ham, Ukraina urushining maqsad-vazifalari borasidagi tasavvurlar o‘zgarmoqda. Ularga ko‘ra, urush orqali yo‘qotilgan ukrain hududlarini qaytarib olish – imkonsiz, tarixiy g‘alabaga erishishi uchun esa Ukraina davlat sifatida saqlanib qolishi kerak. Nafaqat saqlanib qolishi, balki rivojlanish ko‘rsatishi, yo‘qotilgan hududlarsiz bo‘lsa-da, Yevropa Ittifoqi va NATOga a’zo bo‘lishi kerak. Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi ekspertlar “post-Putin davrini kutish kerak, ana shundagina yo‘qotilgan hududlarni siyosiy kelishuvlar orqali qaytarib olish mumkin bo‘lar, bugun bu imkonsiz”, deyishadi.

Ukraina urushi Markaziy Osiyo taqdiri uchun ham juda muhim. Post-sovet hududidagi eng yirik va tajovuzkor bo‘lgan davlatning o‘z atrofidagi nisbatan kichik va zaif davlatlarga hujum qilishi – xavotirli holat. Lekin aynan Rossiya-Ukraina urushi sabab, Moskvaning postsovet davlatlariga ta’siri so‘ndi, uning obro‘yi keskin pasaydi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosiy tahlilchi


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo