Ukraina-Rossiya urushi cho‘zilib ketdi. Jamoatchilik ham bu urushdan zerikdi. Hech kim oldingidek jiddiy kuzatmay qo‘ydi. Ayniqsa, 7-oktyabrda HAMASning Isroilga xujumidan keyin, dunyo hamjamiyatining diqqati Yaqin Sharqqa ko‘chdi. Ukraina urushi “modadan qoldi”. Lekin, bu urush aslida O‘zbekiston va o‘zbeklar uchun juda muhim voqea hisoblanadi.
Sabablari ko‘p. Agar bu urushda Ukraina yutsa – post-sovet hududidagi “imperiyachilik urushlari” tugaydi yoki qadrsizlanadi. Post-sovet hududidagi davlatlarda nafaqat siyosiy, balki geosiyosiy ham mustaqil bo‘lish imkoniyati kuchayadi. Post-sovet hududidagi “dedovshina” barham topadi. Rossiyaning imperiyachilikdan normal davlat bo‘lish tomon yurishdan boshqa yo‘li qolmaydi.
Lekin, hozircha, jarayonlar Ukraina foydasi tomon ketmayapti. Isroil-Falastin urushi boshlanib, kollektiv g‘arbning Ukrainaga yordami keskin kamayib ketdi. Aslida, kollektiv g‘arb Ukrainadan o‘ta charchab turgan edi. Bu charchoqni bildirish uchun, qulay bahona kerak edi. Isroil-Falastin urushi – shunday voqea bo‘ldi.
Ukrainani eng ko‘p qo‘llab kelayotgan davlat, bu – AQSH. Yevropaning iqtisodiy va harbiy yordam berish imkoniyatlari ancha pasaydi. Yevropaning yordam rezervlari tugab bormoqda. Hatto eng boy bo‘lgan Germaniyada ham “Yetar, Ukrainaga ortiq yordam bera olmaymiz!” degan kayfiyat juda kuchaydi.
Amerikaning eng kuchli tomoni ham, eng muammoli tomoni ham – uning ikki partiyali siyosiy tizimi. Kelasi 2024 yil – prezidentlik saylovlar yili. Shu paytgacha Ukrainani qo‘llab kelgan respublikachilar, bugun to‘nini teskari kiyib olishgan. Ular demokrat Baydenning Ukraina va Isroilga yordam paketini rad qilishdi. Bayden respublikachilarni ayblab “siz Putinni qo‘llab-quvvatlayapsiz” dedi. Lekin, bu respublikachilarning fikrini o‘zgartirmayapti.
Respublikachilar “o‘zimizning chegaralarda muammo turganda, Ukraina chegaralarini mustahkamlash – kulguli ish!” deya, amerikaliklarning millatchilik va izolyatsion kayfiyatlarini kuchaytirmoqda.
Respublikachilar Baydenning Ukrainaga yordam loyihasini qo‘llash uchun, bir qancha katta shartlar qo‘ymoqda. Jumladan, Meksika bilan chegarani yopish va shu yo‘l bilan migrantlar kirishiga imkoniyat bermaslik. Lekin hozircha demokratlar bunday qilish niyatida emas. Sababi, demokratlarning mafkurasiga ko‘ra, Amerika migratsiya va emigratsiyaga, qochqinlik maqomini olishga ochiq davlat bo‘lishi kerak.
Shunday qilib, Bayden ma’muriyati og‘ir tanlov oldida qolgan: Ukrainaga yordam berish maqsadida respublikachilarning shartini bajarish bo‘yicha o‘ylanmoqda – bu ham bo‘lsa, Meksika chegarasini yopish.
Shu paytga qadar o‘zbekistonliklar, ba’zilari Rossiya, ba’zilari Ukraina tarafida turib, urushga borishdi va ko‘plari halok ham bo‘lishdi. Ukraina-Rossiya urushi O‘zbekiston halqini ikki qutbga bo‘ldi. Millionlab muhojirlarning daromadlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qildi. Mana endi Rossiya boshlagan bu urush sabab o‘zbekistonliklar uchun Meksika orqali AQSHga kirish eshiklari ham to‘liq va batamom yopilish ehtimoli o‘rtaga chiqmoqda.
Kamoliddin Rabbbimov,
siyosiy tahlilchi