date

BAA kompaniyasi 700 nafar o‘zbekistonlik haydovchini ish bilan ta’minlamoqchi

BAA kompaniyasi 700 nafar o‘zbekistonlik haydovchini ish bilan ta’minlamoqchi

Birlashgan Arab Amirliklarida mehnat migratsiyasi sohasida muhim qadam tashlandi — O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Dubaydagi “Dubai Taxi Company PJSC” rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuv chog‘ida ikki tomon ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va o‘zbekistonlik haydovchilarni BAAda qonuniy hamda munosib mehnat sharoitlari bilan ta’minlash masalalarini muhokama qildi, deb xabar berdi dunyo.unfo.

Muzokaralarda “Dubai Taxi Company PJSC” kompaniyasi rahbari Sayid Amin Abdulrahman ishtirok etib, O‘zbekistondan malakali haydovchilarni ishga jalb etish masalasiga yuqori qiziqish bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya o‘z faoliyatini kengaytirish va xizmat sifatini oshirish maqsadida turli mamlakatlardan tajribali mutaxassislarni jalb etmoqda. Shu jumladan, O‘zbekiston haydovchilari haqidagi ijobiy fikrlar ham bu yo‘nalishdagi hamkorlikni rivojlantirishga turtki bergan.

«Biz O‘zbekistondan tajribali va mas’uliyatli haydovchilarni ishga qabul qilishga tayyormiz. Dastlabki bosqichda 200 nafar o‘zbekistonlik fuqaroni taksi haydovchisi sifatida ishga joylashtirish imkoniyati mavjud. Agar ular o‘zlarini yaxshi tomondan ko‘rsata olishsa, keyingi bosqichda yana 500 nafar atrofidagi haydovchilarni ham jalb qilishni rejalashtiryapmiz», — dedi Abdulrahman.

Uchrashuvda shuningdek, O‘zbekistondan haydovchilarni tanlash, hujjatlar rasmiylashtirish va ularning mehnat faoliyatini qonuniy asosda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy choralar muhokama qilindi. Kompaniya rahbariyati ishchi kuchini jalb qilish jarayonida barcha huquqiy talablar va mehnat muhofazasi standartlariga qat’iy rioya etilishini ta’kidladi.

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi vakili o‘z navbatida, mamlakatda taksi haydovchilari uchun maxsus o‘quv dasturlari, til tayyorgarligi va transport etikasi bo‘yicha kurslar tashkil etilayotganini ma’lum qildi. Bu, o‘z navbatida, yurtdoshlarimizga xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lish imkonini beradi.

Muzokaralar yakunida O‘zbekiston Mehnat agentligi va “Dubai Taxi Company PJSC” rahbariyati hamkorlikning keyingi bosqichlarini muhokama qilish, haydovchilarni tanlov orqali saralash hamda ularni BAAga jo‘natish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanishi haqida kelishib oldi.

Tomonlar bu tashabbus nafaqat ish o‘rinlarini yaratish, balki ikki davlat o‘rtasidagi mehnat va iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi.

Shu tariqa, BAAda o‘zbekistonlik haydovchilar uchun yangi ish imkoniyatlari ochilishi kutilmoqda — bu nafaqat yurtdoshlarimizga barqaror daromad manbai, balki milliy mehnat salohiyatini xalqaro maydonda namoyon etish imkonini ham yaratadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » BAA kompaniyasi 700 nafar o‘zbekistonlik haydovchini ish bilan ta’minlamoqchi