Dunyo hamjamiyati Janubiy Afrika Respublikasining Isroilni sudga berganini hayrat bilan kuzatmoqda. Sud BMTning Haagadagi Halqaro sudida ko‘rilyapti. Ikki tomondan ham 6 nafardan advokat ishtirok etmoqda. Tomonlarga o‘z vajlarini bildirish uchun yarim soatdan vaqt berildi. JAR Isroilni Falastin xalqining genotsidida ayblayapti.
JARning asosiy maqsadi – Isroilni genotsidda ayblab, natijalarni qancha kerak bo‘lsa, shuncha vaqt kutish emas. JARning maqsadi – “Genotsid to‘g‘risida”gi konvensiyaga ko‘ra, Isroilga nisbatan “vaqtinchalik choralar”ni joriy qilish. Vaqtinchalik chora tamoyiliga ko‘ra, “Genotsid to‘g‘risida”gi konvensiyaga binoan, genotsidda ayblanayotgan davlat yoki tomon urush amaliyotlaridan, harbiy amaliyotlardan to‘xtashi kerak bo‘ladi. Buning uchun Xalqaro sud ishni qabul qilishi kifoya.
“Vaqtinchalik chora” shartlariga ko‘ra, Isroilning geotsid qilgani yoki qilayotgani isbotlanishi, o‘z tasdig‘ini topishi shart emas. Buning uchun JAR Isroilning harakatlari tufayli Falastinda insoniy talafotlar nihoyatda katta ekani, oddiy fuqarolar, oddiy insonlarning o‘limi juda ko‘p ekanini isbotlashi yetarli.
Ya’ni Isroil genotsidda ayblanar ekan va bu ishni Xalqaro sud ko‘rib chiqishga rozi bo‘lar ekan, avtomatik ravishda vaqtinchalik chora kuchga kiradi va Isroilga sud tomonidan barcha urush va harbiy harakatlarni so‘ssiz to‘xtatish talabi qo‘llanishi kerak bo‘ladi. Vaqtinchalik chora joriy qilinishi uchun Isroilning aybi tasdiqlanishi shart emas. Sud shu ishni ko‘rib chiqishga rozilik bildirishining o‘zi kifoya qiladi. Chunki yakuniy qaror qabul qilinishiga yillar kerak bo‘lishi mumkin. Ma’lumot uchun, hozirgi jarayonlar – ishni ko‘rib chiqishga qabul qilishdan oldingi muhokamalardir.
Xalqaro sud ishni ko‘rib chiqishga qabul qilishi uchun JAR ikki narsani isbotlab berishi kerak. Birinchisi – agar qo‘shimcha choralar joriy qilinmasa, Falastin xalqiga yetkazilayotgan zarar, talafot va o‘limlar salmog‘i yanada kattarib boraveradi, degan dalil. Ikkinchisi – agar vaqtinchalik chora joriy qilinmasa, Isroil o‘zi bilib, urush va harbiy amaliyotlardan to‘xtamaydi, oddiy falastinliklarni qirg‘in qilishda davom etaveradi, degan dalilni isbotlab berishi kerak.
Isroilning himoya taktikasi ham ma’lum. Isroil advokatlarining birinchi argumenti quyidagicha: “Agar G‘azoni bombalash to‘xtatilsa, bu Isroilning yo‘q qilinishiga olib keladi”. Aslida esa, Isroil mana 75 yildan beri falastinliklar va ular tomonidan tuzilgan qarshilik ko‘rsatish tashkilotlari bilan kurashib kelmoqda. Lekin, hozircha, Isroil davlati Falastin hududlari hisobiga faqat kengayib bormoqda.
Isroilning ikkinchi himoya taktikasi, bu – “Genotsid to‘g‘risida”gi konvensiyaning texnik talablariga asoslangan manipulyatsiyalar hisoblanadi. Konvensiya talabiga ko‘ra, tomonlar, Xalqaro sudga chiqishdan oldin, o‘zaro “boshlang‘ich bahslar”, “sudga qadar boshlang‘ich debatlar” o‘tkazishi, o‘z da’volarini advokatlar orqali bir-biriga birdirishi, halqaro huquq doirasida bahslashishi talab etiladi. Bunday talabdan maqsad – davlatlar yoki tomonlar Xalqaro sudga chiqishdan oldin boshqa instansiyalarda yoki o‘zaro advokatlar orqali bahslashib olishlari, agar imkoni bo‘lsa, shu yo‘l bilan kelishib olishlari talab etiladi.
Isroilning manipulyatsiyasi shuki, “Falastin davlati biron marta Isroilni sudga bergani yo‘q” deydi. Bu – kulguli pozitsiya. Chunki butun dunyo davlatlari tomonidan tan olinadigan Falastin davlati mavjud emas. Falastin davlatining to‘la tashkil topishiga Isroilning o‘zi yo‘l qo‘ymaydi.
Yana Isroil: “Biz genotsidni qasd qilganimiz yo‘q”, “Genotsid niyatimiz yo‘q va bo‘lmagan” deydi. Bunga javoban, JAR isroillik siyosatchilarning ko‘plab chiqishlari, banotlarini hamda harbiylarning ayovsiz qirg‘inlarini hujjatlashtirib, e’tiroz bildiradi.
Lekin, Isroilning bu argumenti BMT Xalqaro sudi sudyalarining boshini og‘ritishi aniq. Chunki bu – jiddiy talab.
Demak, shunday qilib, BMT Xalqaro sudi oldida ikkita qarama-qarshi dalil turibdi va sud ikkita pozitsiyadan birini tanlashi kerak bo‘ladi. JARning pozitsiyasi – Isroil Falastinda misli ko‘rilmagan genotsid qilmoqda va shuning uchun ham, vaqtinchalik chora sifatida, urush hoziroq to‘xtatilishi kerak.
Isroil esa, “biz o‘zimizni himoya qilmoqdamiz, genotsid niyatimiz yo‘q. Falastin bizga nisbatan hech qachon da’vo kiritmagan, shuning uchun bu ish inkor etilishi kerak”, deydi.
BMT Xalqaro sudi nafat 17 sudyadan iborat bo‘lib, ular 9 yilga saylanadi. Sudyalar o‘z hukumatlarining pozitsiyalariga qarash hollari ko‘p kuzatilgan. Qolaversa, davlatlar o‘z munosabatlaridan kelib chiqib, geosiyosiy klasterlarga uyushish hollari ham ko‘p kuzatilgan. Lekin, xalqaro huquq talabiga ko‘ra, sudyalar mustaqil va adolatli qaror qabul qilishlari kerak.
Xalqaro sud qanday qaror qabul qilishidan qatiy nazar, Isroil tarixan yutqazdi. Sababi, endi bu sud va undagi o‘ta jiddiy ayblovlar Isroil davlatini doimiy ta’qib qiladi. Bildirilgan ayblovlarni milliardlab insonlar ongida rad qilish imkonsiz bo‘ladi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos