date
views 585

Belgorod ikkinchi haftadirki o‘qqa tutilmoqda. Rossiya bunga qanday chora topishi mumkin?

Belgorod ikkinchi haftadirki o‘qqa tutilmoqda. Rossiya bunga qanday chora topishi mumkin?
Belgorod shahri va Belgorod oblasti o‘tgan hafta boshidan buyon har kuni baravar o‘t ochish reaktiv qurilmalaridan o‘qqa tutilmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, hozirgacha jami 19 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ortiq kishi yaralangan. Seshanba kuni gubernator 9 ming bola evakuatsiya qilinishini, chorshanba kuni — maktablar muddatidan oldin ta’tilga chiqarilishini ma’lum qildi. Uchinchi yildirki Ukrainaga qarshi urush olib borayotgan Rossiya bunday vaziyatda yana nima qila oladi?

Foto: Reuters
Belgorod shahri va Belgorod oblasti o‘tgan hafta boshidan buyon har kuni baravar o‘t ochish reaktiv qurilmalaridan o‘qqa tutilmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, jami 19 kishi halok bo‘lgan. Seshanba kuni gubernator 9 ming bola evakuatsiya qilinishini, chorshanba kuni — maktablar muddatidan oldin ta’tilga chiqarilishini ma’lum qildi.

Belgorod shahri va oblast hududlarida kuniga bir necha bor havo hujumi haqida ogohlantirish beriladi va havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushadi. Rossiya mudofaa vazirligi kuniga bir necha bor Ukraina tomonidan yo‘llangan raketa hujumlari qaytarilgani haqida ma’lumot tarqatadi, ammo ularning barchasi ham muvaffaqiyatli urib tushirilmayapti.

Hammayoqda snaryadlar portlamoqda, hududiy rasmiylar har kuni qurbonlar va vayrongarchiliklar to‘g‘risida xabar beradi, ijtimoiy tarmoqlarda yonib ketgan avtomashinalar, yong‘inlar, vayron bo‘lgan binolarning yangidan yangi suratlari va videolari tarqaladi.

Seshanba kuni Belgorod oblasti rahbariyati muntazam ravishda zarbaga uchrayotgan hududlardan 9 mingga yaqin bolani evakuatsiya qilish to‘g‘risida qarorga keldi. «Yedinaya Rossiya» partiyasining shahar kengashi prezidiumida region rahbari Vyacheslav Gladkov Belgorod oblastida bir hafta davomidagi zarbalar oqibatida 16 kishi halok bo‘lib, 98 kishi jarohatlanganini ma’lum qilgan.

Chorshanba kungi zarbalar oqibatida Belgorod shahrida bir kishi halok bo‘lib, ikki kishi yaralandi, chegaradagi Grayvoron shahri okrugida esa ikki kishi halok bo‘lib, ikki kishi yaralangan.

Belgorod shahri va oblastdagi vaziyat Rossiya pabliklaridagi asosiy mavzulardan biriga aylangan — bu resurslarda asosan norozilik so‘zlari bildirilmoqda va muammolarni hal qilish bo‘yicha takliflar deyarli yo‘q. «Belgorod, kun davomida to‘rtinchi bor o‘qqa tutilishi… Moskvadagilar raqs tushib bo‘lishi va ularga e’tibor qaratilishini kutishmoqda», — deya yozadi «Trinadsatiy» kanali muallifi, z-bloger Yegor Kuzenko.

«Hammasidan ham Belgorod o‘qqa tutilishi haqidagi „Donetsk esa 10 yildan buyon shunday yashaydi va hech narsa bo‘lgani yo‘q!“ qabilidagi munosabatlar hayron qiladi. Kechirib qo‘yasiz, maxsus harbiy amaliyotdan maqsad imkon qadar ko‘proq rus shaharlari xuddi Donetsk kabi yashashi edimi?» — deya savol qo‘yadi boshqa bir z-bloger «Pod led» (Rossiya hukumati Ukrainaga qarshi urushni maxsus harbiy amaliyot deb ataydi).

18 mart kuni Vladimir Putin chegara hududlari o‘qqa tutilishi borasida o‘z g‘oyasi bilan o‘rtoqlashgandi — «bugungi fojiali voqealar» tufayli Rossiya Ukraina bilan chegarada «sanitar zona» yaratishi mumkinligini aytgandi. «Buni maqsadga muvofiq deb bilganimizda», — degandi u.

Putinning g‘oyasi reallikka qanchalik mos keladi va Rossiya hukumati chegaradagi aholi yashash manzillarini himoya qilish uchun nimalar qilishi mumkin?

Belgoroddagi vayrongarchilik. Foto: Reuters
«Vampir» Belgorodga qarshi

Belgorod Ukraina chegarasidan 30-35 km masofada joylashgan yo‘ldosh posyolkalari bilan qo‘shib hisoblaganda bir yarim million aholiga ega shahar. Chegaradan taxminan shunday masofada joylashgan Ukrainaning Xarkiv shahri raketa zarbalaridan Belgorodga qaraganda ancha ko‘proq zarar ko‘rgan — bu yerda butun bir aholi yashash kvartallari vayron bo‘lgan, qurbonlar esa yuzlab kishilarni tashkil etadi.

Urushning oldingi yillarida ham Belgorod o‘qqa tutilardi, ammo o‘shanda ham yetib borish imkoniyatiga ega bo‘lsa-da, artilleriya u qadar keng ko‘llanmasdi. Asosan shahar ustidan kichik dronlar uchib o‘tar va ko‘p hollarda urib tushirilardi.

Belgorod o‘qqa tutilishi kuchayishi Rossiyaning Ukraina bo‘ylab navbatdagi yopirilma zarbalari hamda Ukraina qurolli kuchlarining yangi bosh qo‘mondoni general Oleksandr Sirskiy lavozimga kirishishi bilan bir vaqtga to‘g‘ri keldi.

Ukraina tomoni odatga ko‘ra, Rossiya hududi bo‘ylab zarbalar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmaydi.

Rossiyalik harbiylar Belgorod Ukraina qurolli kuchlariga Chexiya tomonidan yetkazib berilgan RM-70 Vampire baravar o‘t ochish raketa tizimidan o‘qqa tutilayotganini ma’lum qilgan. Bunga shubha qilish uchun asos yo‘q — oskolkalar va zarba natijalari ushbu turdagi qurolga xosdir.

«Grad»ni turli platformalarga o‘rnatish mumkin, Chexiyada bunday jangovar mashina «Tatra» bazasida yaratilgan — Vampire hosil bo‘lgan. Foto: Getty Images
Vampire — sovetlarning BM-21 «Grad» baravar o‘t ochish reaktiv tizimining chexcha versiyasi bo‘lib, Tatra yuk mashinasi platformasiga o‘rnatilgan va asosiy varianti bilan solishtirganda har qanday yo‘l sharoitida harakatlanishi bilan ustunlik qiladi.

Uchirish qurilmasida esa «Grad»niki bilan farqi yo‘q, bu ham 40 yo‘naltirgich va yuqori tezlikka ega tizim — barcha yo‘naltirgichlar to‘ldirilgan holatda har 20 soniyada o‘q otadi. Uchish masofasi reaktiv snaryad turiga bog‘liq, maksimal masofa — 42 km, bu esa Belgorodni o‘qqa tutish uchun yetarli.

«Grad»ning armiya tilida «Karandash» deb ataluvchi reaktiv snaryadi qimmat turmaydi va uni minglab ishlab chiqarishadi. U boshqariladigan snaryad emas va yuqori darajadagi aniqligi bilan ajralib turmaydi, ammo kuchli jangovar qismga ega va baravar o‘t ochilganda katta maydonni qamrab oladi. BM-21 tipidagi tizimlar o‘t ochish tezligi yuqoriligi va tezda ko‘chish qobiliyati tufayli aksilbatareya kurashida yutqazmaydi — javob zarbasi kelganida tizim bu joyni tark etgan bo‘ladi.

Rossiyaning «Pansir-S1» kabi zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari «Grad»dan uchirilgan snaryadlarni urib tushira oladi. Ammo «Grad»ning oddiy snaryadlari bilan solishtirganda unga qarshi «Pansir»dan uchiriladigan raketa juda qimmat turadi. Qolaversa, uning samaradorligi — 70 foiz (bu yaxshi ko‘rsatkich sanaladi), bu esa nishon yo‘q qilinishini kafolatlash uchun unga qarshi bir necha raketa uchirishni talab etadi.

Snaryadlarning barchasi ham urib tushirilmayapti. Foto: Reuters
Raqib bir vaqtning o‘zida to‘rt-beshta emas, Belgorod yo‘nalishida bo‘layotgani kabi birdaniga o‘nlab raketalar bilan hujum qilganida o‘q-dorilar tezda sarf bo‘lishi bilan bir qatorda havo hujumidan mudofaa tizimi ortiqcha yuklamaga duchor bo‘ladi.

Bu holatda havo hujumidan mudofaa kuchlari salohiyati yetmay qolishi, raketalarni tejashga to‘g‘ri kelishi mumkin. Va «Grad» snaryadlarining bir qismi nishonlarga yetib boradi.

O‘q otish masofasi qisqaligi va «Grad» o‘q otish tezligi yuqoriligi tufayli, rossiyaliklarning Belgorod hududida joylashtirilgan havo hujumidan mudofaa tizimlari hujumlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri shahar ustidagi havo kengligida qaytarishga majbur bo‘lmoqda.

Birinchidan, bu parchalar tushishi xavfini oshiradi, ikkinchidan, raqib havo hujumidan mudofaa tizimi himoyasini yorib o‘tishi va keyingi zarbalarni yo‘naltirishiga imkon beradi.

Bir hafta oldin, 12 mart kuni, Rossiyaning havo hujumini qaytarish vositalari reaktiv snaryadlarga qarshi ishlaganidan keyin, kichik kamikadze dron hech qanday to‘sqinlikka uchramasdan Belgorod markaziga yetib bordi va shahar meriyasi fasadiga borib urildi.

Front yoqasidagi shahar holati

Vampire baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari bitta otishda qurilmaga joylangan jami o‘q-dorining to‘rtdan bir qismini uchira oladi — ya’ni 10 ta raketa snaryadini. Ya’ni ular zarbalar intensivligini sezilarli darajada oshirish imkoniyatiga ega.

Katta ehtimol bilan, hozirgi bosqichda jangovar raschot oldiga Belgorod bo‘ylab yopirilma zarbalar yo‘llash vazifasi qo‘yilmagan, ularning maqsadi — shahar himoyasidagi havo hujumidan mudofaa tizimlariga maksimal darajada yuklama berish va ularning pozitsiyalarini aniqlashdir.

Ammo Belgorod shahri va oblastiga shunday raketa hujumlari ham muntazam tus olgan. Bu hujumlarni qaytarish tobora qiyinlashmoqda, «zarbalar kelib tushishi» tobora ko‘proq ro‘y bermoqda. Havo hujumidan mudofaa tizimlari haddan tashqari band qilingani fonida jangovar dronlar shahar ustida tobora erkin parvoz qilmoqda.

Dushanba kuni «Elektromash» zavodiga dronlar hujum qilgani ma’lum bo‘ldi. Gubernator Gladkov «parchalar qulashi oqibatida» ikkita ishlab chiqarish binosining tom qismi shikastlangani haqida ma’lum qildi, ijtimoiy tarmoqlarda sexga zarba berilishi kadrlari paydo bo‘ldi.

Chegaraning narigi tomonida «daydib yuruvchi» va Rossiya hududiga kutilmaganda o‘t ochayotgan baravar o‘t ochish tizimlariga qarshi aksilbatareya kurashini olib borish samarasiz. Ulardan birini aniq nishonga olgan taqdirda ham, raqib uning o‘rniga boshqasini topadi.

Kreml esa Belgorod oblasti bo‘ylab zarbalarga haddan tashqari vazminlik bilan qaramoqda. Bir tomondan, keng ko‘lamli urush sharoitida front chizig‘iga yaqin joylashgan aholi yashash manzillari (bu uchastkada zarbaga uchrayotgan qishloqlar amalda davlat chegarasi bo‘ylab joylashgan) o‘qqa tutilishi oddiy holat hisoblanadi. Rossiya armiyasi ham xuddi shu ishni qilmoqda.

Boshqa tomondan — Rossiya hududi bo‘ylab jiddiy zarbalar bilan bog‘liq vaziyat, albatta, Moskva uchun yoqimsizdir. Va buni qanday o‘zgartirish mumkinligi aniq emas.

Belgorodda ko‘p qavatli uylar ham, xususiy uylar ham zarbaga uchramoqda. Foto: Reuters
250, 400 — yana kim ko‘proq aytadi?

18 mart kuni, prezidentlik saylovlari yakunlangan kunda Putinning saylovoldi shtabida yig‘ilgan «harbiy muxbirlar» unga ukrainlarning Rossiya chegara hududlariga hudumlarining oldini olish uchun Xarkiv oblastini qo‘shib olish taklifini bildirishdi.

«Bugun ro‘y berayotgan fojiali voqealarni inobatga olgan holda, biz qaysidir pallada, buni maqsadga muvofiq deb hisoblaganimizda, bugungi kunda Kiyev rejimiga bo‘ysunuvchi hududlarda ma’lum bir sanitariya zonasini yaratishga majbur bo‘lishimizni istisno etmayman», — deya javob bergan Putin.

Kremlparast ekspertlar, blogerlar va boshqa arboblar bu masalani xuddi u hal qilingandek muhokama qila boshlashdi — go‘yoki faqat shunday «sanitar zona» chuqurligini aniqlash qolgandek. Masalan, Donetsk oblastining bosib olingan qismida tashkil etilgan «Donetsk xalq respublikasi» rahbari maslahatchisi Yan Gagin bu hudud Rossiya chegarasidan raqib hududi bo‘ylab 250 km masofaga cho‘zilishi kerakligini aytgan.

«Rossiya Federatsiyasi hududlari xavfsizligini ta’minlaydigan sanitar zona — 400 kilometrni tashkil etadi, — deya maydalashib o‘tirmagan davlat dumasining MDH mamlakatlari ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Viktor Vodolatskiy. — Bu nafaqat Xarkiv, balki Dnepropetrovsk, Odessa, Nikolayev va boshqa ko‘plab aholi yashash punktlari hamdir. Bu hududlarda Ukraina qurolli kuchlari jangchilari, ularning qurollari, raketa qurilmalari bo‘lmasligi muhim».

Boshqa sharhlovchilar esa Putin o‘tgan yil yozida ham shu gaplarni aytganini eslashgan.

«Vilkaga ilingan chuvalchang»

Belgorod oblasti va boshqa regionlarga qilinayotgan hujumlar muammosi u yoki bu tarzda hal etiladi, degandi Putin «harbiy muxbirlar» bilan 2023 yil iyunida o‘tkazilgan uchrashuvda: «Aftidan, biz bu masalani ko‘rib chiqishimiz kerak — men buni juda silliq qilib aytyapman — bizning hududlarga yeta olmasliklari uchun Ukraina hududida ma’lum masofada qandaydir sanitar zona tashkil etish uchun».

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday zonani yaratish jarayoni ustida bir yarim yildan buyon ish olib borilayotganini aytgandi.

O‘tgan yili Rossiyada qamalgan FSBning sobiq zobiti, donbasslik dala qo‘mondoni Igor Girkin (Strelkov) bu g‘oyaga shubha bilan yondashgan.

«Belgorod oblastidagi yoppasiga zarbalar va janglar tufayli Rossiya hukumati o‘zini „vilkaga ilingan chuvalchang“ holatiga keltirdi. Raqib aholi zich va ancha farovon yashaydigan (Rossiya mezonlari bo‘yicha) oblastda tang holatni yuzaga keltirdi, Kreml esa Belgorodimiz to‘qqiz yildan buyon doimiy janglar maydoniga aylangan Donbass avholiga tushishiga qarshi hech narsa qila olmaydi», — degandi 2023 yil iyunida Girkin.

«Axir agar zaxiralar qoqishtirilib (juda ko‘p talab etiladi) zarbdor kuch to‘plansa va Xarkiv oblasti hududida „xavfsizlik zonasi“ (30-40 kilometr ichkariga) tashkil etishga harakat qilinsa — birinchidan, bunga erishish fakt emas (hududlarni boy berish doim olishdan ko‘ra ancha oson), ikkinchidan — barcha yig‘ilgan guruh yakunda (natija qanday bo‘lishidan qat’i nazar — muvaffaqiyatli yoki yo‘q) frontning ushbu uchastkasiga bog‘lanib qoladi va undan zaxira sifatida „umuman“ foydalanib bo‘lmaydi», — deya yozgan Girkin.

Ukraina Girkinni 2014 yil Donbassda urush qo‘zg‘aganlar qatoridagi harbiy jinoyatchi deb biladi, Haaga sudi esa Donetsk oblastida yo‘lovchi samolyoti urib tushirilishi ishida ayblab, sirtdan umrbod qamoq jazosiga hukm qilgan. Rossiyada esa uni ekstremizmga chorlashda ayblab, to‘rt yilga qamashgan.

Belgorod o‘qqa tutilishi vaqtida shikastlangan avtomashinalar. Foto: Getty Images
«Bu zona talablarga javob berishi qiyin»

Quruqlik qo‘shinlari bir necha yuz metrga ilgarilashi va kichik posyolkani egallashining o‘zi yutuq sanaladigan bugungi Rossiya-Ukraina urushi sharoitida o‘nlab yoki yuzlab kilometr ichkariga yurib «sanitar zona» tashkil etish haqidagi bayonotlar aql bovar qilmaydigan so‘zlar bo‘lib ko‘rinadi.

Ochiq manbalarda Rossiyaning Belgorod oblastidagi guruhi va qurol-yarog‘lari shu yo‘nalishda turgan Ukraina qurolli kuchlari miqdoriga taxminan teng ekani aytiladi.

Rossiya havo-desant kuchlari qo‘mondonining sobiq birinchi o‘rinbosari, iste’fodagi general-leytenant Nikolay Staskov NSN nashri bilan suhbatda Putinning so‘nggi bayonotiga munosabat bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bufer zona artilleriyaning zarba berish masofasini — 70 kilometrgacha — hisobga olib shakllantirilishi kerak.

U bunday katta hududni egallash va to‘liq nazoratga olish imkoniyatini ko‘rib chiqmaydi.

«Sanitar zonani bir tomonning o‘zi yoki ikki tomon kelishuvi bilan tashkil etish mumkin. Odatda bunday sanitar zonadan artilleriya tizimlari olib chiqiladi, — deydi Staskov. — Ammo agar bu ish bir tomonlama tartibda amalga oshirilsa, unda havo hujumidan mudofaa vositalari samarali ishlashini ta’minlash uchun sanitar zona biz tomondan belgilanishi mumkin. Dushman tomonida esa, hududlarimiz va hududlarimizdagi obyektlarimizga zarba berilmasligi uchun biz ularning ushbu zonada joylashgan vositalariga ishonchli zarbalar bera olishimiz lozim».

«Bunday zonani belgilab olish mumkin, ammo bu zona talablarga javob berishi qiyin, — deb hisoblaydi Staskov. — Artilleriya o‘zi harakatlanishi, zarur masofada yaqinlashi, o‘t ochishi va yana sanitar zona tashqarisiga qaytib ketishi mumkin. Bu juda nisbiy narsa».
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Belgorod ikkinchi haftadirki o‘qqa tutilmoqda. Rossiya bunga qanday chora topishi mumkin?