11:21 / 09.07.2024
212

Falastin tarafdorlarining g‘alabasi: Fransiyadagi saylovlar qanday o‘tdi?

Falastin tarafdorlarining g‘alabasi: Fransiyadagi saylovlar qanday o‘tdi?
Fransiyadagi saylovlarda so‘l partiyalar koalitsiyasi g‘alaba qozondi. Koalitsiyaning saylovoldi dasturida Falastin davlatini tan olish va Isroilga qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatish haqida bandlar bor. Kun.uz fransuz parlamentidagi o‘zgarishlar haqidagi savollar bilan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga yuzlandi.

— Fransiyadagi bugungi siyosiy ob-havo qanday?

— Yaqinda YEI davlatlarida Yevroparlamentga saylovlar bo‘ldi. Kutilmaganda Makron partiyasi ultra millatchi bo‘lgan Marin Le Penning “Milliy birlik” partiyasiga 2 barobar kam ovoz bilan yutqazdi. Makron partiyasi 15 foiz, Marin Le Pen partiyasi esa 30 foizdan ko‘proq ovoz oldi. Natijada Makron favqulodda parlament saylovlarini e’lon qildi. Buni hech kim kutmagandi. Germaniyada ham millatchi partiya ko‘proq ovoz oldi, lekin u yerda favqulodda parlament saylovlari bo‘lmadi.

Makronning bu tashabbusini ko‘pchilik ehtirosga berilish, uzoqni ko‘rmasdan qilingan ish deyildi. Birinchi bosqichda Marin Le Penning partiyasi ko‘proq ovoz oldi. Fransiyada saylovlar mojaritor, birinchi turda 50 foizdan ko‘p ovoz olsa, birinchi turdayoq deputat bo‘ladi, lekin 50 foizdan ko‘p ololmasa, 12 foizdan ko‘proq ovoz olgan bir nechta nomzod o‘tadi. O‘zbekistonda xam parlament saylovlari mojaritor, lekin bizda ikkinchi turga faqat ko‘proq ovoz olgan 2 ta nomzod o‘tadi. Fransiyada 12 foizdan oshganlarning barchasi 2 turga o‘tishi ultra o‘nglar hokimiyatga kelishining oldini olish uchun bo‘lgan.

Fransiya parlamenti 2 ta palatadan iborat: Senat va Qonunchilik palatasi. Tashabbuslar, qonunlarni qabul qilish Qonunchilik palatasida bo‘ladi, 500 dan ortiq deputat bor.

Bu galgi saylovlarda aksariyat saylov uchastkalarida 2-tur bo‘lib o‘tdi. Birinchi katta o‘rinni “Yangi xalq fronti” partiyalar koalitsiyasi oldi, ular so‘llar, ya’ni bir nechta sotsialist, kommunist partiyalar birgalikda koalitsiya tuzgan edi. Fransiyadagi etnik va diniy kamchiliklar doim so‘llarga ovoz beradi. Ultra so‘llar uchun eng katta qadriyat — tenglik, ultra o‘nglar uchun esa — o‘zlik, millatchilik. Ultra o‘nglarda fransuz o‘zligi, yevroxristian qadriyatlari, YEIga nisbatan salbiy qarashlar bor. Ular fransuz deganda aynan tarixan etnik fransuz bo‘lgan oq tanlilarga e’tibor beradi.

Keyingi 30 yilda Marin Le Penning partiyasi imiji ancha o‘zgardi. Partiyaga uning otasi Jon Mari Le Pen asos solgan. Marin Le Pen esa partiya reputatsiyasini oshirdi. Otasi ko‘proq yahudiylarni tanqid qilardi, antisemitizm bor edi. Marin Le Pen esa antisemitizmni yo‘qotib, ko‘proq musulmonlarga qarshi qaratdi fokusni. Bir paytlar bu partiya to‘la oilaviy partiya edi. Lekin Marin Le Pen oilasiga mansub bo‘lmagan Jordan Bardellani partiya yetakchiligiga olib keldi. Bardellaning onasi italyan, otasi italyan. Qizig‘i, u oliy ma’lumotli emas. Uning siyosiy qarashlarida migratsiya va immigratsiyaga tanqidiy qarash kuchli.

Makron hokimiyatga kelgandan beri Fransiyadagi kayfiyat borgan sari qutblashib bormoqda. U birinchi kelganida sariq nimchalilar namoyishlari 2 yil davom etdi deyarli. Sovuq qish oylarida ham namoyishlar bo‘lgandi. Makron hokimiyatga kelguncha o‘zini markazchi sifatida ko‘rsatgan, ammo hokimiyatga kelgach, o‘ng ekanini ko‘rsatdi.

Makronni kapitalistlarning do‘sti deb ham ta’riflashadi. Ijtimoiy himoya paketlarini kamaytirib, katta ishlab chiqaruvchilarni qo‘lladi va natijada so‘l Fransiya uni yoqtirmadi, bu hozirgacha davom etyapti.

Ikkinchi turda ultra so‘llar va so‘llar kattagina joyni egalladi, ikkinchi o‘rinda Makron partiyasi va uning tarafdorlari. Makron atrofida partiyalar koalitsiya bo‘ldi, lekin Marin Le Pen partiyasi koalitsiya bo‘lmay turib o‘zi ko‘p ovoz oldi. Lekin siyosiy mas’uliyatni oladigan darajada ko‘p o‘rin olgani yo‘q. Balki Makronning rejasi, Marin Le Pen partiyasiga siyosiy mas’uliyat yuklab, o‘zining prezidentlik davrida (2027 yilgacha) bu partiyani obro‘sizlantirmoqchi bo‘lgandir, chunki 3 yillik qisqa muddatda nimagadir erishish qiyin. Hozir esa Makron atrofidagi partiyalar hukumatni shakllantiradi, mas’uliyat o‘ziga qoldi. Endi Marin Le Pen partiyasi katta partiya sifatida 2027 yilgacha qattiq tanqid qiladi. 2027 yilda prezident bo‘lish uchun Marin Le Penda imkoniyat paydo bo‘ldi.

— “Yangi xalq fronti”ning Fransiya jamiyatidagi siyosiy o‘rni qay darajada?

— 20 yil oldin “Yangi Xalq fronti” yetakchisi Jan Lyuk Melanshon o‘ta morginal siyosatchi sifatida ko‘rilardi. Umuman, G‘arbda siyosiy maydon qutblashib, ultra o‘ng va ultra so‘l bo‘lib bormoqda. Keyingi 15 yildagi saylovlarda 4-siyosiy kuch birinchi raqamga aylandi. Melanshon Fransiyada mashhur, uning tarafdorlari ham, opponentlari ham ehtirosli. So‘l partiya sifatida Melanshon Isroilni ko‘p tanqid qiladi. Fransiyadagi barcha etnik, diniy kamchiliklar birinchi o‘rinda Melanshonga yo‘nalish oladi, ikkinchi o‘rinda esa Fransiya sotsialistlariga. Melanshon partiyasi ultra so‘l, markazga yaqin emas.

30-40 yil oldin ikkita katta partiya bor edi: respublikachilar va sotsialistlar partiyasi, biri markazga yaqin o‘ng, biri markazga yaqin so‘l. Endi boshqacha tus olyapti: “Yangi xalq fronti” ultra so‘l, Marin Le Penning partiyasi esa ultra o‘ng.

— Fransiyaning Isroilga bosimlari reallikka aylanishi mumkinmi?

— Tashqi siyosatni amalga oshiruvchi kuch prezident baribir. Lekin prezidentga bosim qilish imkoni bor, tashqi siyosatni ishlab chiqishda parlament o‘rni katta. Bu Makronga qulay bo‘lishi ham mumkin, chunki ko‘plab davlatlar Falastinni tan olgan, G‘arbda kam sonli katta davlatlar qolyapti faqat. Parlament saylovlaridan keyin Fransiya ko‘proq Isroilni tanqid qilib, Falastinni tan olish tomon yuradi, deb o‘ylayman, ehtimoli katta buning. Bu talab qo‘yilib, kun tartibiga chiqadi ushbu masala.

— Saylov arafasida o‘ng qanot “Milliy birlashuv” partiyasining imkoniyati yuqori baholanayotgan edi, lekin yakunda nega 3-pog‘onaga tushdi?

— Fransiyalik siyosatshunoslar saylov tizimiga e’tibor berdi birinchi navbatda. 70 foizga yaqin saylov uchastkalarida 2-tur bo‘ldi, 12 foizdan yuqori ovoz olgan 3-4 ta nomzod o‘tdi. Shu vaziyatda saylov uchastkalarida Marin Le Pen partiyasining nomzodiga qarshi bitta nomzod qoldirilib, o‘sha nomzodga ovoz berildi. Ya’ni partiyalar koalitsiya tuzib, kelishgan holda Marin Le Pen partiyasiga qarshi turdi.

Bundan tashqari, “Milliy birlik” partiyasi yetakchisi Bordella kimda ikkita davlat fuqaroligi bo‘lsa, bu Fransiya manfaati uchun ijobiy emas, degan kabi jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ydi. Fransiyada esa ikkita fuqaroligi bo‘lganlar ko‘p, millionlab bor. Shu narsa ham partiya zarariga ishladi.

Qolaversa, Angliyada parlament saylovlari bo‘ldi va 15 yil ichida birinchi marta Leyboristlar katta o‘rin egalladi. Fransiya tarixan Angliya, Ispaniya, Germaniya kabi davlatlardagi saylovlarga e’tibor beradi va Fransiyadagi ijtimoiy kayfiyatga ta’sir qiladi. Angliyadagi Leyboristlar – so‘llar, Fransiyada ham Melanshon shunga e’tibor berib, misol qilib ko‘rsatdi Angliyani. Bu siyosiy kayfiyatga ta’sir qildi.

Umuman, Bordellaning noto‘g‘ri bayonotlari, boshqa kuchlar birlashib Le Penga qarshi turishi kabi sabablar tufayli Milliy birlik partiyasi 3-o‘ringa tushib ketdi.

— Endi Fransiyada hukumat qanday shakllanadi va kutilmalar haqida nima deysiz?

— Fransiyada koalitsion hukumatlar juda kam tuzilgan, chunki odatda kim prezident etib saylansa, uning partiyasiga ham ko‘proq ovoz berilardi parlamentda. O‘tgan saylovlarda ham xuddi shunday bo‘lib, Makron partiyasi katta o‘rin olgandi.

Makron Melanshon bilan koalitsiya tuzmasligini aytdi, chunki ular ultra so‘llar. Makron uchun dushmanlik iyerarxiyasi bor: yuqorida Marin Le Pen, chunki Le Pen hokimiyatga kelsa, YEIdan chiqishni yoki YEI ta’sirini minimallashtirishni xohlaydi. Bu vaziyatda Makron o‘zi hukumat shakllantirolmaydi, shu sabab Le Pen va Melanshondan tashqari qolganlar bilan kelishadi. Endi Le Pen ashaddiy muxolifat roligi o‘ynaydi 2027 saylovlarda prezident bo‘lish uchun. Endi Makron Respublikachilar bilan koalitsiya tuzishiga to‘g‘ri keladi. Uzog‘i 2 oy ichida muzokaralar bo‘lib, birgalikda hukumat tuzishga harakat qiladi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Falastin tarafdorlarining g‘alabasi: Fransiyadagi saylovlar qanday o‘tdi?