22:15 / 15.07.2024
123

Trampga suiqasd Amerika va prezidentlik saylovlari uchun nimani anglatadi?

Trampga suiqasd Amerika va prezidentlik saylovlari uchun nimani anglatadi?
Shanba kungi voqealar Amerikaga va uning siyosiy jarayonlariga qanday ta’sir ko‘rsatishini oldindan aytish qiyin. BBC sharhlovchisi Mixail Smotryayev bu boradagi mulohazalarini bayon etdi.

1981 yil kichik Jon Hinkli tomonidan otilgan Ronald Reygan davridan buyon AQSHda prezident yoki prezidentlikka nomzodga nisbatan bu turdagi suiqasd sodir etilmagandi.

Sharhlovchilar mamlakatning yaqin o‘tmishida aka-uka Kennedilar — biri prezident Jon, boshqasi prezidentlik poygasidagi favorit Robert — otib o‘ldirilganini eslashmoqda. O‘sha vaqtlarda, 1960-yillarda, inson huquqlari uchun kurashgan faollar — Medgar Evers, kichik Martin Lyuter King va Malkolm Iks kabilar ham qotil o‘qidan halok bo‘lishgan.

O‘sha notinch davrlardan keyin ham AQSHda siyosatchilar o‘qqa tutilishi holatlari kuzatilgan. 2011 yilda Kongress a’zosi, demokrat Gabriel Giffords partiya tadbiri vaqtida boshidan o‘q yeb, og‘ir yaralangandi. O‘shanda yana olti kishi hujum qurboni bo‘lgan.

2017 yilda respublikachi kongressmenlarning beysbol mashg‘uloti chog‘ida otishma ro‘y berishi oqibatida Vakillar palatasida ko‘pchilikni tashkil etgan respublikachilar kotibi Stiv Skaliz hamda yana uch kishi yaralangan.

1960-yillarda bo‘lgani kabi bugun ham Amerika maksimal darajada qutblashgan. O‘shanda bo‘lgani kabi hozir ham miltiq ko‘targan va undan foydalanishga tayyor bo‘lgan kishi tarixning borishini o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Batlerda uchgan o‘qlar, tarixning borishini o‘zgartirmagan taqdirda ham, hech bo‘lmaganda 5 noyabr kungi saylov natijalariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu voqeagacha prezidentlikka nomzodlarning har ikkisi ham bir xil darajada qo‘llab-quvvatlovga ega edi.

«Trampga otilgan o‘q — Baydenga tegdi»

Rossiyalik siyosatshunos Boris Pastuxov bu voqeaga shunday izoh berdi. Bu bayonotga qo‘shilish mumkin.

Hodisadan bir necha soat o‘tganida amaldagi prezident Jo Bayden — Trampning noyabrdagi raqibi — matbuot uchun bayonot berish maqsadida kameralar qarshisida paydo bo‘ldi: «Amerikada bunday zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q. Bu jirkanchli. Biz buni qabul qila olmaymiz».

Boshqa nufuzli demokratlar, jumladan sobiq prezident Barak Obama ham bu hujumni qoraladi. Lekin bu vaziyatni sovita olmadi.

Respublikachilar lagerida bu suiqasd uchun javobgarlikni demokratlarga va shaxsan Jo Baydenga yuklovchilar ham topildi, ular amaldagi prezident o‘tgan hafta boshida Trampni «nishon markaziga qo‘yish» vaqti kelgani haqida gapirganini eslab qolishdi.

«Baydenning kampaniyasi prezident Donald Trampni — har qanday yo‘l bilan bo‘lsa ham to‘xtatish kerak bo‘lgan avtoritar fashist sifatida ko‘rsatishga qaratilgan, — deya yozadi ohayolik senator, ayrim manbalarga ko‘ra Tramp saylansa, uning vitse-prezidenti bo‘lishga nomzodlardan biri Jey Di Vens. — Bunday ritorika bevosita prezident Trampga suiqasd uyushtirilishiga olib keldi».

Trampning saylovoldi kampaniyasi mas’ullaridan biri Kris LaSivita X (sobiq tvitter) ijtimoiy tarmog‘ida «ko‘p yillar mobaynida va bugungi kunda ham so‘l aktivistlar, demokratlarning donorlari, endi esa hatto Jo Bayden ham jirkanchli bayonotlar qilgani va Donald Trampni otishni tasvirlab bergani......ularni buning uchun javobgarlikka tortish vaqti kelgani… buning eng yaxshi yo‘li — saylov qutisi orqali bo‘lishi» haqida yozdi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi shovqin

LaSivita saylov qutisi haqida gapirgan — bu bir tomondan yomon, boshqa tomondan yaxshi belgi.

Dezinformatsiyalar bo‘yicha tadqiqotchi, Century Foundation tahlil markazi katta ilmiy xodimi Amanda Rojers Donald Tramp otilishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda yuzaga kelgan qutblangan, nosog‘lom va konspirologik shovqinni «spiral bo‘lib rivojlanuvchi ahmoqlik» deb atagan.

Bunaqasi avval ham bo‘lgan, ammo bunday ko‘lamda emas, deydi u. Ijtimoiy tarmoqlardagi va jiddiy nashrlardagi gaplar — asosan o‘qotarning motivlari va bu saylovga qanday ta’sir ko‘rsatishi haqida. Ammo fursatdan foydalanib, suiqasdga reaksiyani kattaroq zo‘ravonlik chaqirig‘iga aylantirish istagidagilar ham kam emas. Va ular bunga erishish uchun yolg‘on tarqatishadi, deb hisoblaydi u.

«Bu siyosiy spektrning barcha nuqtalaridan dezinformatsiya tarqalishi uchun ideal muhit ekani fakti meni qattiq tashvishga soladi, — deydi Rojers. — Chunki bu akseleratsionistning shirin orzusi… Ammo bizga OAVda kritik vaziyatda ekanimizni eslatib turuvchi ovozlar kerak. Odamlar spekulyatsiyaga uchmasligi lozim».

AQSHda akseleratsionistlar deb xoh o‘ng, xoh so‘l bo‘lsin, mamlakatni butkul yakson etib, xarobalar ustida yangi davlat barpo etish uchun fuqarolik urushini istovchilarga aytiladi. E’tiborli jihati, Trampga suiqasddan keyin ijtimoiy tarmoqlarda «fuqarolik iborasi» trendga chiqdi.

Rojersni Batlerdagi voqeadan keyingi daqiqalarda uning o‘zi kuzatib boradigan ultrao‘nglarning telegram-kanallarida xabarlar yoppasiga o‘chirib yuborilgani hammasidan ko‘ra ko‘proq tashvishga solgan. Uning aytishicha, bu o‘qotar (uning motivlari haqida hozircha hech narsa ma’lummas) ulardan biri bo‘lib chiqqan taqdirda tozalash uchun qilingan.

Sun’iy intellekt ham dezinformatorlar xizmatida, uning yordamida «feyklar» yaratish mumkin. Vaziyatning hissiy, tarixiy xarakteri esa allaqachon mavjud bo‘lgan noto‘g‘ri qarashlarni kuchaytirib, manipulyatsiya uchun imkoniyatlarni ochib beradi, deya qayd etadi dezinformatsiya bo‘yicha tadqiqotchi, Massachusets universitetining kommunikatsiyalar bo‘yicha professori Jonatan Ong. «O‘ylaymanki, bu biz e’tibor qaratishimiz lozim bo‘lgan narsa. Va ehtiyotkor bo‘lishimiz lozim bo‘lgan» — deydi u.

«Jabrdiyda» Tramp

2021 yil yanvarida, Trampning ro‘y bermagan «g‘alabasi»ni himoya qilib, Kapitoliyni shturm qilishga qancha odam kelganini yodga olishning o‘zi kifoya — holbuki o‘sha vaqtda unda hozir ayrim tarafdorlari aytayotganidek «jabrdiyda» maqomi ham yo‘q edi.

«Bugungi dunyoviy hayotning g‘alati xususiyatlaridan biri qurbon va omon qolgan shaxsga sig‘inib yuborgudek bo‘lamiz — jabrdiydaga fozil va yuksak axloqli shaxs maqomini yopishtiramiz», — deya qayd etadi taniqli tarixchi Sebag Montefiore Trampga suiqasd munosabati bilan X ijtimoiy tarmog‘ida qoldirgan postida.

Trampning praymerizdagi sobiq raqibi Vivek Ramasvami X ijtimoiy tarmog‘ida shunday yozadi: «Avvaliga ular uni sudga berishdi. Keyin unga qarshi jinoiy ishlar ochishdi. Keyin esa ular uni saylov byulletenidan chiqarib tashlashga urinishdi. Bo‘lib o‘tgan ishdan ko‘ra fojialiroq narsa shuki, — ochig‘ini aytsam, bu voqea ham butunlay shokka tushira olmagani».

Tramp sobiq prezident ekaniga qaramay, u o‘z kampaniyasini isyonchi autsayder kabi olib borib, hokimiyatga qaytishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun uni anchadan buyon federallar va Bayden ma’muriyati ta’qib ostiga olganidan shikoyat qildi.

Uning chiqishlaridagi ohang ham shunga mos edi — sobiq prezident agar uni saylashmasa, «qon to‘kilishi»dan ogohlantirib, noqonuniy muhojirlarni «mamlakat qonini zaharlovchilar» va hokazo deb atadi.

Shu ma’noda, suiqasd muvaffaqiyatsiz chiqqani Trampning foydasiga xizmat qiladi, chunki bu mamlakat noto‘g‘ri yo‘nalishda ketayotganini ko‘rsatadi. Va sobiq prezident yuzi qonga belangan holda mushtini yuqori ko‘tarib turgani aks etgan, allaqachon ijtimoiy tarmoqlarda kultga aylangan fotosurat esa o‘z-o‘zidan ajoyib saylovoldi plakatdir.

Trampning tarafdorlari oldin ham uni yengilmas qahramon sifatida qabul qilishgan, mitinglarda esa unga deyarli g‘ayritabiiy hurmat bilan munosabatda bo‘lishgan, deya qayd etadi CNN sharhlovchisi Stiven Kollinson. Endi uning muntazam ravishda dushmanlar hujumiga yo‘liqadigan jangchi obrazi yanada mustahkamlandi. Batlerdagi sahnada olingan kadrlar tarixga kiradi va Trampning mifologiyasini xuddi Atlantadagi politsiya uchastkasida tushgan fotosurati yoki 2020 yilda koviddan tuzalib Oq uyga qaytishdagi kadrlari kabi boyitadi.

Bugun Miluokida Respublikachilar partiyasining saylovoldi qurultoyi boshlanadi va amalga oshmagan suiqasd undagi asosiy mavzu bo‘lishi hamda Tramp tarafdorlarining mamlakat siyosiy sinfiga nisbatan norozilik va begonalashish hissini kuchaytirishiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.

Trampga suiqasd — quroldan foydalanish qonuniy va oson bo‘lgan mamllakatda siyosiy ritorika va qutblashish kuchayishi nimaga olib kelishiga yaqqol dalildir.

«Agar mamlakat porox bochkasi bo‘lmagan bo‘lsa, endi bo‘ldi», — deya vaziyatni tasvirlaydi Janubiy Karolinadan bo‘lgan respublikachi aktivist Chip Felkel.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Trampga suiqasd Amerika va prezidentlik saylovlari uchun nimani anglatadi?