Misrda arxeologlar jahon ilmiy jamoatchiligini hayratga solgan topilma haqida ma’lum qildi. Ular qadimiy, suv ostida qolgan port izlarini ochishdi va bu kashfiyot Kleopatra qabrini topish yo‘lida muhim kalit bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda. Bu haqda mamlakat Turizm va arxeologiya ishlari vazirligi xabar berdi.
Dominikan arxeologik ekspeditsiyasi Taposiris Magna ibodatxonasi yaqinida tosh va metalldan yasalgan langarlar, amforalar hamda ichki port qoldiqlarini qazib oldi. Shuningdek, ibodatxonani dengiz bilan bog‘laydigan qadimiy tunnel ham topildi. Ekspeditsiya rahbari doktor Ketlin Martinesning so‘zlariga ko‘ra, bu topilmalar Kleopatra va uning mashhur sevgilisi Mark Antoniy aynan shu yerda dafn etilgan bo‘lishi ehtimolini yanada kuchaytiradi.
Kleopatraning qabrini qidirish ishlari bir necha yillardan buyon davom etmoqda va turli taxminlarga boy. Agar bu nazariya isbotlansa, u so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik arxeologik sensatsiya bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kleopatra miloddan avvalgi 51 yilda 18 yoshida Misr taxtiga chiqib, akasi Ptolemey XIII bilan birgalikda hukmronlik qilgan. Keyinchalik u Yuliy Sezarning himoyasiga ega bo‘ldi, uning vafotidan so‘ng esa Mark Antoniy bilan yaqin munosabat o‘rnatdi.
Biroq qirolichaning hayoti fojeali tugadi: Rim qo‘shinlari Misrni bosib olgach, u o‘z joniga qasd qildi. Kleopatra Mark Antoniy yonida dafn etilgan, degan qarashlar mavjud, ammo ularning qabri hanuz sirli bo‘lib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!