07:00 / 22.08.2024
637

Kursk amaliyoti: Ukraina yana bir yo‘nalishda xavf solmoqda

Kursk amaliyoti: Ukraina yana bir yo‘nalishda xavf solmoqda
Foto: EPA
Ukraina qurolli kuchlari dastlabki kunlarda Kursk oblastida egallab olishga muvaffaq bo‘lgan hududning kamchiliklaridan biri shunda ediki, u mohiyatan uch tomoni Rossiya nazoratidagi hududlar bilan o‘ralgan xanjar shaklini hosil qilgandi. Bu esa ukrainlar uchun noqulaylik tug‘dirardi, chunki bu «xanjar» uch tomondan artilleriya o‘qlariga nishon bo‘ladi. BBC rus xizmati sharhlovchisi Pavel Aksenov frontdagi so‘nggi voqealarni tahlil qildi.

Ikki haftalik janglar davomida Ukraina qurolli kuchlari oldinga chuqur kirib borishga intilmadi, balki qanotlarga hujum qilib, egallangan hududlarni ikki yonga kengaytirishga harakat qildi. Endi bu Rossiya hududiga sanchilgan xanjar emas, balki chegara bo‘ylab cho‘zilgan keng hududga aylandi.

Shu bilan birga, ukrainlarning Kursk oblastiga bosqinining ilk kunlariga xos bo‘lgan shiddatli temp ancha past tezlikdagi yurish harakatlari bilan almashdi.

Hozirda Ukraina qurolli kuchlari egallab turgan hudud chegaralarini aniq belgilash qiyin, birinchidan, urush mavhumliklari tufayli — harbiy harakatlar hududidan ma’lumotlar yoki juda kechikib kelmoqda, yoki bunday ma’lumotlarni tasdiqlash juda qiyin bo‘ladi.

Ikkinchidan, doim ham biror qishloqda kichik bir otryad turgani hudud ustidan nazorat o‘rnatilganini anglatmaydi — ukrainlarning razvedka otryadlari Rossiya hududi bo‘ylab ancha ichkari kirishi mumkin, ammo bu mazkur hududlar Ukraina nazoratiga o‘tdi, degani emas.

Ukraina qurolli kuchlari qo‘shni mamlakat hududiga kattagina kuch olib kirganini Rossiya mudofaa vazirligining janglar va otishmalar to‘g‘risidagi bayonotlari ham tasdiqlaydi.

Dushanba tongida vazirlik o‘z hisobotida Kursk oblastining RF armiyasi tomonidan o‘qqa tutilgan aholi yashash manzillarini sanagan: Borki, Bogdanovka, Vishnevka, Viktorovka, Kositsa, Lyubimovka, Melovoy, Snagost.

Ushbu aholi yashash manzillari hududlarida janglar davom etmoqda va ular ayni vaqtda qaysi tomon nazoratida ekanini aniq aytib bo‘lmaydi. Ular Rossiya mudofaa vazirligi svodkasiga kiritilgani fakti ukrain manbalaridagi ma’lumotlarni tasdiqlaydi: Ukraina hozirda nazorat qilayotgan hududlar Borkidan shimoli-g‘arbdagi Korenevo chekkalarigacha (ular orasidagi masofa qariyb 50 kilometr) cho‘ziladi va shimolda Martinovki va Kositsagacha (chegaraning eng yaqin nuqtasigacha masofa 15 kilometr) kirib borgan.

Borki Ukraina nazorati ostidagi hududning o‘ng qanotida, Korenevo — chapda joylashgan.

Rossiya Ukraina bosqini boshlanishi zahoti Kursk oblastiga zaxira kuchlarni yuborishni boshlagandi
Rossiya mudofaa vazirligi svodkasida Vishnevka, Snagost va Viktorovka qishloqlarini ham uchratish mumkin. Ushbu hududlarda ham jang ketayotgani shuni ko‘rsatadiki, Ukraina qurolli kuchlari chegara bo‘ylab g‘arbga — Sudja rayonidan Glushkovo rayoni ichkarisiga qarab intilmoqda.

Chegara bo‘ylab harakatlanish qulayroq, bu ta’minot yo‘li uzayib ketmasligini ta’minlaydi.

Ukraina qo‘shinlarining harakat yo‘nalishi o‘zgarishiga aynan nima sabab bo‘lganini aytish qiyin: bir tomondan, Ukraina qurolli kuchlariga hududni kengaytirib, qanotlar himoyasini yaxshilash foydali, boshqa tomondan — Rossiya zaxira kuchlarni tezda olib kelishga va ukrainlar yorib o‘tgan yo‘nalishda markazdan chuqurroq kirib borishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi.

Masalan, Martinovka atrofida janglar ukrain bosqinining ilk kunidan buyon davom etmoqda. Bu qishloq Sudjadan atigi besh kilometr shimolroqda joylashgan. Ya’ni ukrainlarning Rossiya ichkarisiga harakati juda tez to‘xtatilgan.

Shuning uchun, Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostidagi hududlarni yon tomonga kengaytirish sabablari noma’lumligicha qolmoqda. U rossiyaliklarning harakatlari natijasi bo‘lishi ham, oldindan tayyorlangan rejaning bir qismi bo‘lishi ham mumkin.

Uch ko‘prik

Glushkovo rayoni Ukraina chegarasiga tutash bo‘lib, u allaqachon uch tomondan o‘rab olingani ayon bo‘ldi. G‘arb va janubda Ukraina davlati hududi, sharqda esa — Kursk oblastining Sudja rayonining katta qismini ishg‘ol etgan Ukraina qurolli qismlari joylashgan.

Glushkovo rayonini g‘arbdan sharqqa tomon oquvchi Seym daryosi kesib o‘tgan va hududni ikkita noteng qismga ajratgan — janubdagi katta qism Ukrainaga chegaradosh, kichikroq qismi shimoliy sohilda qolgan.

Glushkovo rayonida mudofaalangan rus qo‘shini ta’minoti Karij, Zvannoye va Glushkovo posyolkalari hududida Seym daryosi orqali o‘tgan uchta ko‘prik orqali olib borilgan. Bu ko‘priklar — Rossiya mudofaasidagi eng zaif nuqtalar edi va ular allaqachon zarbaga uchradi.

Razvedka droni orqali olingan kadr. Unda Glushkovo qishlog‘i hududida Seym daryosi ustidan o‘tgan ko‘prikda aviabomba portlashi aks etgan. Ko‘prikning o‘tish yo‘li yakson etilgan. Ko‘prik o‘rtasidagi oq dog‘lar — portlash tufayli oldinroq GMLRS raketalari zarbasi natijasida hosil bo‘lgan teshiklardan ko‘tarilgan tutun buluti
16 avgust kuni ukrain aviatsiyasi Glushkovoda oldinroq yo‘llangan zarbalardan shikastlangan ko‘prikni butkul qulatdi. Ikki kun o‘tib ukrainlar Zvannoyedagi ikkinchi ko‘prikka ham zarba berishdi. U butkul yakson bo‘lmagan, ammo u og‘ir zirhli texnikalarni o‘tkazib bo‘lmaydigan darajada yaroqsiz holga kelgan.

Dushanba tongida esa uchinchi ko‘prikka ham zarba berilgani haqida xabar paydo bo‘ldi, ammo bu ma’lumot mustaqil manbalar orqali tasdiqlanmagan. Nima bo‘lganda ham ishonch bilan aytish mumkinki, Ukraina qurolli kuchlari bu ko‘prikni ham ishdan chiqarishga harakat qiladi.

Agar bu ko‘prik ham qulatilsa, unda Glushkovo rayonidagi rus qo‘shinlari ta’minoti masalasi haddan tashqari qiyinlashadi — daryo uzra ponton kechuvlar o‘rnatish mumkin, ammo bunday qurilmalar raketa va artilleriya zarbalari qarshisida juda zaifdir.

Shunga qaramay, Rossiya armiyasi allaqachon bunday o‘tish yo‘llarini barpo etishga kirishgan. Glushkovo qishlog‘i hududida shunday kechuv yo‘li 16 avgust kuniyoq, ko‘prik vayron bo‘lishi ortidan paydo bo‘lgan.

Yakshanba kuni sun’iy yo‘ldosh orqali olingan fotosuratlarda ushbu hududdagi ikkinchi kechuv yo‘lini ham ko‘rish mumkin. Seshanba kuniga kelib esa u tasvirlardan yo‘q bo‘lib qolgan. Mazkur ponton kechuv yo‘q qilingani haqida ishonchli dalillar paydo bo‘lmadi, ammo uni shunchaki ruslarning o‘zi olib tashlashida ham ma’no yo‘q.

Shu bilan birga, rossiyaliklarning dronlari Ukraina Rossiya hududidagi ko‘priklar va ponton kechuvlarga zarba berishda foydalanayotgan GMLRS raketalari uchiriladigan qurilmalarni qidirmoqda.

Rossiyalik harbiy mavzuga ixtisoslashgan blogerlar tasdiqlashicha, Rossiya kamida bitta HIMARS qurilmasini yo‘q qilgan. Rossiya va Ukrainaning yo‘qotishlarini ochiq manbalar orqali kuzatib boruvchi Oryx tadqiqot loyihasi ushbu yo‘qotishni yo‘q qilingan va shikastlangan HIMARS tizimlari ro‘yxatiga kiritgan.

Harbiy harakatlar hududini ihotalash

Rossiyalik harbiy muxbir Vladimir Romanovning yozishicha, Ukraina qurolli kuchlari ko‘priklarga zarba berishdan tashqari Ye38 yo‘lida FPV-dronlardan foydalanmoqda.

Bu ma’lumotni boshqa manbalardan tasdiqlashning imkoni yo‘q, ammo Kursk oblastiga bosqin boshlangan ilk kunlardayoq turli sharhlovchilar ukrainlar ushbu yo‘lni olov nazoratiga olishga intilishini taxmin qilishgandi. Bu haqda, xususan, rossiyaliklarning «MIG Rossii» nomli harbiylashgan kanali 8 avgust kuniyoq yozgan.

Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti 14 avgust kungi hisobotida rossiyaliklar shoshilinch tarzda Ye38 shossesi bo‘ylab mudofaa inshootlari qurishga kirishgani haqida xabar qilgan. Unda aytilishicha, rossiyalik harbiylar 12 avgust kuni xandaq va tanklarga qarshi o‘ralar qaziy boshlagan.

«Zvezda» telekanal kadrida Ye38 shossesi orqali olib o‘tilayotgan harbiy texnika aks etgan
Bu shosse Rossiya front ortida joylashgan Rilsk va Lgov shaharlariga olib boradi. Yo‘l to‘qnashuv chizig‘idan ancha uzoqda bo‘lsa ham (masalan, asosiy janglar ketayotgan Martinovka qishlog‘igacha ushbu yo‘ldan masofa 42 km chiqadi), bu uchastkada amalda chegara chegara chizig‘iga parallel o‘tgan va uni rokada yo‘l deyish mumkin, ya’ni front chizig‘i bo‘ylab o‘tgan va qo‘shimcha kuchlarni olib kelishda foydalanishga qulay bo‘lgan yo‘l.

Rossiya tezda zaxira kuchlarni tortib kelib, ukrain qo‘shinining Kursk oblasti ichkarisiga harakatini to‘xatgani tufayli ukrainlar bu yo‘lni nazoratiga ololmadi.

Ammo ushbu yo‘lni kesib qo‘yishga yoki olov nazoratiga olishga urinishlarning o‘zi (shuningdek, Seymdagi ko‘priklarga zarbalar berilishi) g‘arb harbiy nazariyasida «harbiy harakatlar hududini ihotalash» deb ataladigan narsaga juda o‘xshab ketmoqda.

Bu atama raqib guruhi ta’minotini izdan chiqarish uchun kompleks choralarni nazarda tutadi. Bu orqali raqibning jangovar samaradorligini sezilarli darajada pasaytirish mumkin.

Ukraina qurolli kuchlari 2022 yil kuzida Xersonda shunday yo‘l tutgandi, o‘shanda frontorti hududlardagi ko‘priklar ishdan chiqarilgach, Rossiya qo‘shinlarini Dnipro daryosining o‘ng sohilidan chap sohilga olib o‘tishga majbur bo‘lgandi.

Ukrainlarning Germaniyadan qabul qilib olgan «Marder» jangovar piyodalar mashinasi Kursk oblastida
Shu tariqa, Seym ustidan o‘tgan ko‘priklarga zarbalar yo‘llanishi shundan guvohlik bermoqdaki, Ukraina qurolli kuchlari, katta ehtimol bilan, Glushkovo rayoniga ham harbiy harakatlar maydoni sifatida qaramoqda.

Ammo ukrain kuchlarining Kursk oblastida bosib olingan hududlarni kengaytirishga qaratilgan umumiy harakatlari Glushkovo rayonida ham kechayotganiga qaramay, Ukraina qurolli kuchlarining ushbu hududni ham egallab olish niyati qanchalik jiddiy ekanini aytib bo‘lmaydi.

Nima bo‘lganda ham, Rossiyadagilar voqealarning shunday rivoji xavfini tushunib turibdi va rasmiylar ushbu rayondan ham aholini evakuatsiya qilmoqda.

Qarama-qarshilik

Ukraina qurolli kuchlari yaxshi tayyorlangan tuzilmalar bilan Kursk oblastida kutilmagan hujumni amalga oshirish orqali taktik muvaffaqiyatga erishdi.

Endi, dastlabki zarbadan keyingi shok holati o‘tib ketganida, Rossiya Kursk oblastida mudofaani qurishga harakat qilmoqda.

Hozirda Ukraina qurolli kuchlari qismlarini bir hamlada ortga chekintirish haqida gap ketmayapti, buning uchun frontning boshqa uchastkalaridagi kuchlarni qaytarib kelish talab etilishi tayin.

Rossiya Kursk oblasti mudofaasi uchun qo‘shin yig‘ayotganiga qaraganda, qo‘mondonlik Ukrainadagi front bo‘linmalarini zaiflashtirishni istamayapti.

Rossiya shoshilinch tarzda turli hududlardan kuch yig‘moqda, frontning oldingi chizig‘idagilarga tegmayapti
Shu tufayli Kursk oblastiga yirik kuchlar emas, frontning turli joylaridan olingan kichik qismlar tashlanmoqda.

Rossiyadagi mustaqil nashrlar xabar qilishicha, Kursk oblastiga shoshilinchda hatto Havo-kosmik kuchlarining motoo‘qchi polki kabi ekzotik bo‘linmalar ham olib kelingan. Ular orasida doimiy joylashuv manzili Belgorod oblastida (geografik jihatdan Kurskka eng yaqin joy) bo‘lgan «Sever» qo‘shinlar guruhiga mansub bo‘linmalar ko‘pchilikni tashkil etadi.

Ukrainalik harbiy bloger Konstantin Mashovetsning yozishicha, Rossiya Kursk oblastidagi frontga 14-armiya korpusi tarkibidan «besh-olti batalyon» yuborgan.

Shuningdek, OAVda Kursk atrofiga Xerson yo‘nalishidagi 810-va 155-dengiz piyodalari brigadalari bo‘linmalari tashlangani haqida xabarlar chiqqandi.

«18 yoshli erkaklar»

Bundan tashqari, Rossiyadagi ijtimoiy tarmoqlarda va mustaqil OAVda Kursk atrofiga muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askarlar ham joylashtirilayotgani haqida xabarlar berilmoqda.

Yosh askarlar chegara hududlardagi janglarga ham jalb etilgan, ularning ko‘pchiligi asir tushgan, qurbonlar ham bor, ammo hozircha ularning soni aniq emas.

Bu vaziyat allaqachon rezonans keltirib chiqarib, Rossiya qurolli kuchlari Bosh harbiy-siyosiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari (bir vaqtning o‘zida chechenlarning «Axmat» otryadi komandiri) Apti Alaudinov bunga munosabat bildirdi.

Lekin u yosh askarlar taqdiridan tashvishlanayotganlarni xotirjam qiladigan so‘zlar aytmadi va «18 yoshli erkak askarlarni bolalar sifatida ko‘rmaslik kerakligi […] — ular ham barcha qatorida vatan himoyachilari» ekanini bildirdi.

Muddatli harbiy xizmatga chaqirilganlar jangga yuborilishi noma’lum, ammo Kursk oblastida safarbar qilinganlar va shartnoma asosida xizmat qiluvchilar bilan to‘ldirilgan qismlarda ham muammolar yetarlicha.

Turli nuqtalardan parcha-parcha holatda yig‘ilgan guruh darhol to‘la jangovar holatga kela olmaydi — bunday bo‘linmalar izchillikda harakatlanishi uchun ma’lum vaqt o‘tishi kerak bo‘ladi.

Moskvadagilar guruh ichkarisida yaxshi yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik yo‘qligi qanchalik katta muammoga aylanishi mumkinligini tushunadi, shu tufayli mudofaa vaziri o‘rinbosarlari, harbiy boshqaruv organlari rahbarlari hamda Bosh shtab vakillari darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi. Lekin u faqat haftada bir marta yig‘iladi.

Ukraina ham Kursk oblastiga zaxira kuchlarini olib kelmoqda. Avvalroq Rossiya hududidagi amaliyotda Ukraina qurolli kuchlarining 22-mexanizatsiyalashgan brigadasi hamda 82-desant-shturm brigadasi bo‘linmalari, shuningdek boshqa qismlar ishtirok etayotgani haqida gaplar chiqqandi.

Ukraina va Rossiya guruhlari miqdori ma’lum emas — bu ma’lumot urush tumani ichida qolgan.

Ammo nima bo‘lganda ham Kursk oblastidagi frontning yangi uchastkasiga qo‘shimcha kuchlarni olib o‘tish Ukraina qurolli kuchlari uchun osonroq — Ukrainadagi front chizig‘i katta yoy shaklini olgan va Rossiya uning tashqi tomonida, ukrainlarning barcha logistik yo‘nalishlari esa ichkarida, bu esa rossiyaliklar yo‘lini uzun, ukrainlarniki qisqa bo‘lishini ta’minlaydi.

Ukraina qurolli kuchlari yurish sur’atini pasaytirgan bo‘lsa-da, ko‘priklarni vayron qilishga bo‘lgan urinishlar Glushkovo rayonida yurish boshlashga tayyorgarlik bo‘lib ko‘rinmoqda.

Ularda buning uchun kuchlar qanchalik yetarli ekanini aytish qiyin, ammo nima bo‘lganda ham mazkur hududda ukrainlarga qarshi turgan rus qo‘shini boshqa uchastkalardagi kabi jangovar kuch bo‘lib ko‘rinmayapti. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kursk amaliyoti: Ukraina yana bir yo‘nalishda xavf solmoqda